Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 261785 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 76 ... 78 B


shoir  10 Yanvar 2008, 19:48:07

Mushoiraning nozik qoidalariga moslab birpasda yaratilgan bu badiha Hindubekning zavqini keltirdi. U devorga sovuq gap yozib ketgan Xo‘ja Kalonbekning basharasi ham Boburga nechog‘liq sovuq ko‘ringanini o‘zicha tasavvur etib, beixtiyor kulib yubordi. Bobur ot-gan o‘qining nishonga tekkanini shu zavqli kulgidan sezdi-yu, yengil bir so‘lish olib, munshiga buyurdi.
— Badihani uch nusxa ko‘chiring. Bir nusxasini Xo‘ja Kalonbekning ketidan jo‘natsinlar. Hindubek, bir nusxasini siz olib, Kalonbekning baytini o‘qigan beku navkarlarga bering. Ko‘rsinlar-chi, mushoirada kim g‘olib?
Bu badihani o‘qigan ko‘pchilik bek va mulozimlar Xo‘ja Kalonbekni kulgi qilishib, «Sovuq yuzin ko‘ray desang G‘azni bor!» deydigan bo‘lishdi. Issiqdan toqatsizlanib noliydiganlarga ham: «Sovuq yuzin ko‘ray desang G‘azni bor!» deb istehzo qilish rasm bo‘ldi.

________________
* L i m u — limon.
* Q u r u r — yuz lak, ya’ni o‘n million.
* A r b — milliard.
* N i l — trillion.
* P a d a m — kvardillion.
* Aslida odam odamdan kam emas, chunki hamma ham Odam Ato farzandidir.
* Q a d a g‘ a — chaqiriq xat.
* Yaxshilik va salomatlik bilan Sind daryosidan o‘tib olganimdan keyin agar yana Hindni havas qilsam yuzim qaro bo‘lsin.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:49:27

3

Panipatda og‘ir yarador bo‘lgan Tohir uch oygacha o‘rnidan turolmay yotdi. Saroydan yuborilgan tabib uning etidagi yaralarni durust muolaja qildi-yu, lekin qovurg‘a va qo‘l suyaklarining mayda-mayda bo‘lib singan joylarini epaqaga keltirolmadi. Singan suyaklarning og‘rig‘i tunu kun tinchlik bermas edi. Tohir Agrada o‘sha eski qadrdoni Mamat bilan kichik bir hovlichada turar, «endi bu yerdan o‘ligim chiqsa kerak», deb o‘ylar edi.
Shuning ustiga Kobuldan mavlono Fazliddin Tohirning muhandis o‘g‘li Safarbekni boshlab kelib qoldi. Ular qurilishda birga ishlaydigan hind sangtaroshlaridan so‘rab-surishtirib, agralik bir jarrohni topib keldilar. Jarroh kambag‘alparvar odam ekanini eshitgan mavlono Fazliddin jiyanini unga tanishtirar ekan:
— Sohib Bayju, — dedi. — Tohir ham aslida zahmatkash bir dehqon edi. Men buning navkar bo‘lishiga qarshi edim...
— O‘shda siz haq gapni aytgan ekansiz, mulla tog‘a,— dedi Tohir. — Men berahmlar orasida yurib berahm bo‘lib ketgan ekanmen... Bo‘lmasa, yigirma yillik qadrdonim Mamatga shunchalik shafqatsizlik qilarmidim? Mana, hammasining qasosi qaytdi. Hali ham Mamat odamgarchilik qildi. Bo‘lmasa otlarning oyog‘i tagida qolib majaqlanib ketardim!

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:51:01

Mavlono Fazliddin Mamatning bu yaxshiligini kelgan kunlari eshitgan va uni bog‘ qurilishiga ishga olgan edi. Mavlono buni tabibga forscha aralash urducha tilida hikoya qilib berdi-da:
— Jiyanim ham endi bekligu navkarlikni tashlamoqchi, — dedi. — Sizu bizdek tinch mehnat bilan kun ko‘rmoqchi. Bunga yordam beraylik!
— Bilaman, siz bizning yurtimizga obodonchilik qilish uchun kelgansiz, sohib, — dedi Bayju, — Siz iltimos qilganingiz uchun jiyaningizga qo‘limdan kelganicha yordam beraman!
Tabib aytganini qilib Tohirni bir oy astoydil davoladi. Bayjuning sezgir qo‘llari qaysi suyak qayeridan qanday singanini bexato aniqlab, hammasini mohirlik bilan joy-joyiga qo‘yib chiqdi. Bir oy davomida Tohir uning kafti oqish-ko‘kimtir, usti qora mayin panjalariga xuddi o‘z qo‘llariga o‘rganganday o‘rganib ketdi. Keyin tuzalib o‘rnidan turgan kuni Bayjuning shu panjalarini qo‘llariga olib, ko‘ziga surdi:
— Ayting, sohib, men bu yaxshiligingizni qanday qaytaray?
— Jarrohning qo‘lini shunchalik e’zozlab ko‘zga surganingiz — yaxshiligimning qaytgani emasmi?
— Yo‘q, men sizdan umrbod qarzdormen!
— Kim bilsin, balki men o‘zim hozir bir qarzimni uzgandirman?
Mavlono Fazliddin ham shu yerda turgan edi. U tabibning allanimani «Aytaymi, aytmaymi?» — deb ikkilanayotganini ko‘rdi-yu:
— Sohib Bayju, siz nechun o‘zingizni qarzdor sezdingiz? — dedi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:53:15

— Buning tarixi uzoq... Faqat iltimos qilaman, boshqa hech kimga aytmangizlar.
— Iltimosingizni bajonidil qabul qildik!
— Mening bir filbon akam bor. Ibrohim Lodi zamonida akam Agradan ish topolmay Panjobga ketgan edi. O‘sha yerda qo‘shinlaringiz qancha odamlarimizni qirganini eshitipti. «Bularni vatanimga kirgizmayman», debdi-yu, qo‘shinlaringizni adashtirib, changalzor botqoqlikka boshlabdi.
— E, bo‘ldi, bo‘ldi! — dedi Tohir filbon rahnamo La’l Chandni eslab. — Bizning ikkita navkarimizni filiga urdirib, mayib qilib ketgan edi... Ammo men o‘shanda uning dovyurakligiga qoyil bo‘lgan edim. Bir o‘zi bir qo‘shindan qo‘rqmay olishgan edi-ya!.. Biz uni changalzor botqoqlikdan chiqolmaydi, deb o‘ylagan edik. Chiqibdimi-a? Hozir tirikmi?
— Tirik, lekin endi Agraga kelishdan qo‘rqadi... Akam o‘sha navkarlaringni mayib qilgani... yaxshi bo‘lmagan... Ehtimol, men sohib Tohirni davolaganim— o‘sha gunohimizni yuvib ketgandir?
— Siz akangiz qilgan ishni gunoh deb atamang, sohib Bayju! — e’tiroz qildi mavlono Fazliddin.— Vatanni bunday bahodirona himoya qilish gunoh emas, balki sharafdir!
— Yaxshi so‘zlaringiz uchun rahmat, sohib! Ammo o‘sha ishi tufayli akam hamon ishsiz. O‘z vatanida bekinib qochib yuribdi. Bola-chaqasi och-yalang‘och.
— Akangiz qurilishda ishlaganmi?
— Ha, fil bilan doim qurilishda ishlar edi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:58:25

— Bo‘lmasa menga uchrasin, ish topib beray. Biz hatto harbiy fillarni mehnatga o‘rgatmoqdamiz-ku!
— Akam buning hammasini eshitgan. Ibrohim Lodi bekitib yotgan oltinlarni sizlar endi qurilishga sarflayotganlaringizdan mamnun. Ammo qo‘lga tushib qolishdan qo‘rqadi.
— Balki akangizning Agraga kelmagani to‘g‘ridir. Bu yerda beku mulozimlar ko‘p, tanib qolib, bir balo qilishlari mumkin. Akangiz a’yonlar kam boradigan chet joydagi qurilishga kelsin. Men juma kuni Dehalpurga boraman. Istasa, o‘sha joyga borsin.
— Sohib, sizni podsholaringiz hurmat qilar emishlar, eng katta qurilishlarning sarkori ekansiz. Podshohdan akamning gunohini so‘rab, shafoat olib berolmaysizmi?— O‘shanda biz bexavotir yurar edik.
Mavlono Fazliddin o‘ylanib turdi-yu:
— Sizni bunga ishontirolmayman Bayju, — dedi.— Chunki podshohning joniga qasd qilgan odamlarni ayovsiz jazolash haqida farmon chiqarilgan. Bobur mirzo shu farmonga imzo chekkanlar. O‘zlari sohibdil shoir, ma’rifatlik inson bo‘lsalar ham podshohlik bilan fotihlik u kishini murakkab ziddiyatlarga duchor qilgan. O‘shanda La’l Chand uni askarlari bilan adashtirib, yo‘q qilib yubormoqchi bo‘lgani esiga tushsa, qahr ustida qatl ettirib yuborishi mumkin.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:59:32

4

Agrada sershamol yomg‘ir fasli boshlangan saraton kunlarining birida Tohir saroyga — Boburning huzuriga keldi.
Devoni xosning marmar ayvonida o‘tirgan Bobur uni zo‘rg‘a tanidi — Tohirning soch-soqoli oqarib ketgan. Yuzidagi chandiqdan tashqari, engagi aralash bo‘yniga go‘yo katta bir yamoq tushgan.
— Xayriyat, tuzalib ketibsiz, — deb Bobur uning ko‘nglini ko‘taradigan gap izladi.
— Ha, mulla tog‘am jonimga ora kirdilar...
— Endi qalay, avvalgi xizmatga qaytmoqchimisiz?
Tohirning o‘ng qo‘li zaif, bo‘yni ham durust qayrilmaydigan bo‘lib qolgan, yon-veriga qaramoqchi bo‘lsa, butun gavdasini burib qarar edi.
— Men endi qo‘rchilikka yaramasmen.
— Bo‘lmasa ichki beklar qatorida yuravering.
— Lekin men beklikni eplolmadim... Panipatda o‘zimdan o‘tdi.
— Nechun?
Tohir jang bo‘ladigan kuni azonda qanday sabuhiy qilganini, otdan qanday yiqilganini va qadrdon navkarini qanday shafqatsizlarcha urganini bir-bir aytib ber-di.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 20:00:01

— Bek bo‘ldim, deb mag‘rurlanib zolim bo‘lib ketgan ekanmen. O‘lim to‘shagida yotib o‘zimni tanidim. Menga beklik... to‘g‘ri kelmas ekan, hazratim. O‘zim ham endi mayib odammen. Ijozat bering, mulla tog‘am tarhini chizgan bog‘da suvchimi, gulchimi bo‘lib qolay... Bir vaqtlar Quvada kichkina bog‘chamizdagi dov-daraxtlarni sug‘orishni yaxshi ko‘rar edim...
Bobur ayvonning jimjimalik marmar ustunlari ortidan suzib o‘tayotgan yomg‘ir bulutlariga tikilib og‘ir xo‘rsindi. U Tohirga yaxshilik qilmoqchi bo‘lib beklik unvonini bergani oxir-oqibatda yomonlik bo‘lib chiqqan edi.
— Siz-ku, beklarning kasofat muhitidan suvchi bo‘lib qutulmoqchisiz. Lekin men qandoq qutulgaymen?
Bu savol Tohirni shoshirib qo‘ydi.
— Siz... podshohsiz, hazratim. Beklar sizning itoa-tingizdalar.
— Itoatimda bo‘lib itoat etdirurlar... Bularning shunday girdoblari borki, sal bexabar qolsangiz g‘arq qilib yuborurlar... Men So‘xda sizga aytgan gaplarim esingizdami?
— Men u so‘zlaringizni hech vaqt unutmasam kerak...
— O‘shanda, siz, umrbod huzuringizdan ketmasmen, degan edingiz-ku!
— Hazratim, men u vaqtda sog‘lom yigit edim... Hozir ahvolim bu...
— Saroyda mening xilvatxonamga qaraydigan durust odam yo‘q. Shu ishni siz olsangiz.
Xilvatxona — Boburning yolg‘iz o‘tirib ijod qiladigan joyi ekanini Tohir bilar, Bobur hayotining eng dilkash tomoni uning ijodida ekanini sezardi. Lekin saroyning murakkab, bo‘g‘iq muhitidan ko‘ngli qolgan Tohir bog‘da, tog‘asining yonida ishlashni istardi.
— Hazratim, qulingizni ma’zur tuting. Men bog‘da ishlaymen, deb ahd qilgan edim...
— Bog‘da ham xilvatxona bo‘lur, — dedi Bobur. — Qurib bitirilsa unga ham siz qaragaysiz. Ma’qulmi?
Endi «yo‘q» deyishning iloji qolmadi. Boburning so‘zini ikki qilib o‘rganmagan Tohir qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi-yu, rozilik berdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:05:13

*  *  *

Agra qal’asidagi xilvatxona devoni xos bilan podshoh oshxonasining oralig‘ida edi. Bir oydan beri davom etayotgan yomg‘ir fasli hali-beri tugaydiganga o‘xshamas, ba’zi kunlari besh-o‘n martadan jala quyib o‘tardi. Yog‘in-sochinli kunlarda Bobur ko‘proq Agrada ishlaydi. Xilvatxona — ichma-ich qurilgan uch xonadan iborat. Bu xonalarning mayda-chuyda ishlarini to‘rtta savdar qiladi, lavozimi «oftobachi» deb ataladigan Tohir ularga boshliq. Eng ichki xonada qog‘oz, qalam va Bobur tayinlagan kitoblar turadi. Berigi xonaga dasturxon solinib, Bobur xush ko‘radigan gulob, norinj sharbati, anba mevasi* qayla*, tanbul bargi* va mag‘zi qizil fufal yong‘og‘i qo‘yilgan.
Bir kuni Tohir dasturxonga eng toza G‘azni chog‘iridan ham bir ko‘zacha qo‘ydirgan edi, Bobur:
— Chog‘ir majlisi xirgohda bo‘ldi, bas, — dedi.
Shundan keyin Tohir xilvatxonaga ichkilikni yo‘latmaydigan bo‘ldi.
Bobur ichki uyda tuni bilan ishlasa Tohir ham tong otguncha uxlamay, uning tinchini qo‘riqlab chiqar edi. Uning tashqi xonada uyg‘oq o‘tirishini biladigan Bobur goho ichkaridan chiqib kelib, g‘alati savollar berardi:
— Badaxshonda archazorlarda nafis bir o‘t bo‘lur edi, esingizdami? Dahkat atrofida, Osmon Yaylovda ham mo‘l edi. Rangi havorang. Men bir daftarga yozib qo‘ygan edim... Kobulda qolganmi? Yo‘q.
— Ot yeydimi?
— Ha, yaxshi yeydi. Bo‘yi past-past, yerdan to‘p-to‘p bo‘lib chiqur.
— Betakamikin?

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:05:34

— Ha, ha, betaka ham derlar, lekin asli butaka! Buttalab o‘sgani uchun butaka der ekanlar. Men buning vajhi tasmiyasini* Badaxshonda eshitgan edim.
Bobur qidirgan so‘zini topganidan mamnun bo‘lib ichkariga kirib ketdi. U Tohir bilan birga ko‘rgan joylari, birga boshdan kechirgan voqealarining mana shunaqa tafsilotlarini so‘rab, aniqlab olgan kunlari Tohirning ham ko‘ngli ko‘tarilib yurardi. U Boburning o‘z ko‘rgan kechirganlari haqida katta kitob yozayotganini eshitgan edi. Endi Tohir ham shu kitobning yozilishiga bir qadar ishtirok etayotgani uchun «har qalay, bu yerda o‘tgan kunlarim zoe ketmaydiganga o‘xshaydi», deb qo‘yardi. Bir kun tun yarimlaganda Bobur xilvatxonadan xomush bo‘lib chiqdi-yu, hazin tovush bilan bir to‘rtlik o‘qib berdi:
Ko‘pdan berikim yoru diyorim yo‘qdir,
Bir lahzau bir nafas qarorim yo‘qdir,
Keldim bul sori o‘z ixtiyorim birla,
Lekin borurimda ixtiyorim yo‘qdir.
Bu satrlar Tohirning sog‘inch tuyg‘ularini shunday qo‘zg‘atdiki, ko‘pdan beri ko‘rmagan Robiyasini qo‘msab, o‘pkasi to‘ldi.
— Bolalar bilan qachon diydor ko‘risharkinmiz-a, hazratim?
— Yo‘llar hali notinch. Haram uchun xatar ko‘p. Bu yoqda Rano Sango bizdan norizolarni atrofiga to‘plab, kuch yig‘moqda emish...
«Bizdan norizolar» degan so‘zlar Tohirga mana shu qal’a hovlisida o‘tgan kuni yuz bergan bir fojiani eslatdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:05:50

Hind ustalari, pashkol paytida yer qazib bo‘lmaydi, ishni to‘xtaylik, deyishdi. Lekin sarkor bunga ko‘nmadi: «Biz voyinni olti oyda qurib bitirishga so‘z berganmiz, yomg‘ir fasli  ikki oy davom etsa, keyin qachon ulgurgaymiz? Podsho hazratlari bizni yolg‘onchi demaslarmi? Yomg‘ir pisandmas! Qaytaga salqin bo‘ldi! Ishlayveringlar!» Xullas, sarkor yer qazuvchilarni majbur qilib ishlata boshladi.
Muttasil yog‘ib turgan yomg‘irlar yerni ivitib, hilvirlatib qo‘ygan edi. O‘tgan kuni yer qazuvchilar o‘n quloch chuqurlikdagi chohning tubida ishlayotganlarida jarday chuqur havzaning bir tomoni o‘pirilib tushdi-yu, to‘rt odamni bosib qoldi. Ularni loy aralash tuproq tagidan kavlab olgunlaricha uchtasi allaqachon jon bergan, to‘rtinchisi tirik bo‘lsa ham beli sinib, mayib bo‘lgan edi.

________________
* A n b a — ananasning bir turi.
* Q a y l a — banan.
* T a n b u l  b a r g i — apelsin bargiga o‘xshab ketadi. Fufal yong‘og‘i bilan birga og‘izga solib chaynalsa kayf beradi, tishni mustahkamlaydi.
* V a j h i  t a s m i ya s i — shunday deb atalish sababi, etimologiyasi.

Qayd etilgan