Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 264975 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 67 68 69 70 71 72 73 74 75 76 77 78 B


shoir  10 Yanvar 2008, 22:06:08

5

Xilvatxonadan sal narida — saroy oshxonasida ovqat pishirib yurgan Bahlul ismli o‘rta yashar bir oshpaz ham voyinning chohi tagida jon bergan yer qazuvchilarni ko‘rgan edi. Bu fojia oshpazga Panipat jangida fotihlarning qilichidan halok bo‘lgan yigirma yashar suyukli inisini eslatgan va qalbidagi intiqom tuyg‘usini yana junbishga keltirgan edi.
Ahmad choshnagir malika Baydaning kanizlaridan birini oraga qo‘yib, zaharni shu Bahlulga yetkazib bergan edi. Malika Baydaning yana bir kanizi kelib, rejani hozirgi pashkol kunlarda — Bobur biron yoqqa yurishga ketib qolmasidan oldin amalga oshirish kerakligini aytgan edi.
To‘rt buklangan oq qog‘oz ichida ziravorga o‘xshab turgan zahar ikki misqolgina bo‘lsa ham Bahlulga zo‘r bir po‘lat quroldek og‘ir tuyulardi. U jangda vatanini himoya qilib jon bergan inisining o‘chini shu qurol yordamida olishni va fotihlarni bu yerdan tezroq quvishni istar edi. Agar Bobur o‘ldirilsa, fotihlar Hindistonda turolmay ketib qolishlariga Ahmad choshnagir Bahlulni ishontirgan edi.
Podshoh oshxonasida har bir taomni tekshirib tatib ko‘radigan maxsus bakovullar bo‘lar edi. Qattiq yomg‘ir yog‘ayotgan kuni kechqurun shu bakovullar aroq ichib, mast bo‘lib qolishdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:06:28

Qozonda karundi daraxtining nordon mevasidan qo‘shib tayyorlangan mazali qayla pishib turibdi. Bobur bu qaylani yaxshi ko‘rishini Bahlul bilar edi. U sekin qo‘yin cho‘ntagiga qo‘l solib, to‘rt buklog‘liq qog‘ozni oldi. Oshxonada hech kim yo‘q. Bakovullar narigi xonada mast bo‘lib ashula aytishyapti, shamol aralash yomg‘ir yog‘yapti.
Bahlul zaharni qozonga solmadi — bakovullarning aroqqa qaylani gazak qilish odatlari bor, yeb ko‘rishsa, zaharlanib, bildirib qo‘yishlari mumkin. Shuning uchun oshpaz zaharni Bobur ovqat yeydigan chinni laganga yupqa lochira non ustiga sepa boshladi. Birdan shamol tashqi eshikni qarsillatib yopti. Bahlulga kimdir kelayotganday tuyuldi-yu, zaharning qolganini qozon tagida yonib turgan olovga otdi. Keyin chinni lagandagi zahar sepilgan lochira ustiga tez-tez qaylani soldi.
Oradan sal vaqt o‘tgach, savdar kirdi, quyon go‘shtidan qilingan qovurdoqni va qayla solingan chinni laganni Bobur ovqat yeb o‘tirgan xo‘rakxonaga olib chiqib ketdi.
Ahmad choshnagir bu zaharni ta’midan bilib bo‘lmasligini, uning ta’siri asta-sekin bilinishini aytgan edi. Bahlul sir ochilguncha qo‘rg‘on darvozasidan chiqib ketish umidida edi. Ammo u oshxona eshigidan chiqayotganda shirakayf bakovullardan biriga duch keldi.
— Qani, quyon go‘shtidan bizga ham qoldirdingmi?
— Qayla bor, sohib.
— Yo‘q, quyon qovurdog‘i kerak!
— Qovurdoq oz edi, hammasini hazratga berib yubordim. Qayla yey qoling, gazakka yaxshi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:06:45

— Yo‘q! Quyon ko‘p edi-ku! Nega bizga qoldirmading?
— Hammasini qovurganim yo‘q edi...
— Bo‘lmasa hozir bizga quyon go‘shtidan qovurib ber! Tez!
Bakovulning yo‘g‘on gavdasi eshikni to‘sib turardi.
Oshpaz orqaga qaytdi va sarosima harakatlar bilan yog‘ dog‘lab, quyon go‘shtini qovurishga tayyorlay boshladi.
Yomg‘irli tun saroyni chulg‘ab olgan. Shu payt birdan xos navkarlar tabibga yugurib, bakovullar bir-birini chaqirib, oshxonaning ich-tashi to‘polon bo‘lib ketdi. Xilvatgohda o‘tirgan Tohir ham xo‘rakxonaga chopib keldi.
Bobur ustma-ust qayt qilib, yuzi ko‘karib ketgan. U nafasi qaytib, tashqariga intildi, ammo ikki qadam qo‘yguncha bo‘lmay gandiraklab yiqila boshladi. Tohir chopib borib, uni qo‘ltig‘idan suyab oldi. Tabib Yusufiy Boburning narigi qo‘ltig‘iga kirdi. Jonsarak bo‘lib qolgan savdarlarga buyurdi.
— Ichkariga joy qiling!
— Ravonga! — dedi Bobur yutoqib.
Uning ko‘ngli behud, boshi gir-gir aylanar, nuqul havo yetishmayotganday bo‘lar edi.
Boburni ravonga suyab chiqarib yotqizdilar. Tabib yurakka quvvat beradigan doridan hidlatdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:07:20

— Sizga ne bo‘ldi, hazratim? Mayni ko‘p ichdingizmi? Yo ma’jun aralashdimi?
— Ovqatda bir sir bor! — dedi Bobur va yana ko‘ngli aynib, chinni toz ustiga engashdi. — Oshpaz taftish qilinsin!
Shu payt qayladan yegan yana ikki mulozim Boburga o‘xshab qayt qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bakovullar qayla pishirgan Bahlulni tutib, saroyning eng qattiqqo‘l tergovchisiga topshirdilar. Tergovchi uni turli qiynoqlarga solib so‘roq qilishga kirishdi.
Bobur tuni bo‘yi o‘lim bilan olishib chiqdi. Har qayt qilganda yurak-bag‘ri uzilib, parchalanib chiqayotganday og‘rir, goho nafasi ichiga tushib ketar edi. Tabib uning tepasidan ketmay:
— Shifo topasiz, bardam bo‘ling! — deb tasalli berar edi.
Tohir ham tabibga qarashib, tuni bo‘yi mijja qoqmay chiqdi. U Boburning boshini tutar, ter bosgan yuzini, bo‘yinlarini yelpir edi. Boburning zahar azobidan to‘lg‘anayotganini ko‘rgan sari, o‘zi ham zahar ichganday qiynalar edi. Tong payti Bobur alahsiraganday bo‘lib, Humoyun bilan Mohim begimni yo‘qlay boshladi.
Shimoliy chegaralar yana notinch bo‘lib qolgani uchun Bobur Humoyunni o‘tgan oyda Badaxshonga qaytarib yuborgan edi. Mohim begim hamon Kobulda edi.
— Humoyun mirzoga chopar yuboraylikmi? — deb so‘radi Tohir.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:07:58

Bobur ko‘zini ochib, xiyol o‘ziga kelgandek bo‘ldi. Chopar Kobul va Badaxshonga yetib borguncha kamida bir oy vaqt o‘tadi. Bu orada biron korihol bo‘lsa na Humoyun, na Mohim begim yetib kelolmasliklari aniq. Bobur g‘amgin bosh chayqab:
— Foydasi yo‘q, — dedi.
Uning ahvoli tobora tang bo‘layotganini ko‘rgan Tohir:
— Hazratim, bardam bo‘ling! — deb iltijo qildi.— Biz siz bilan necha o‘limlardan qolganmiz! Dardga bo‘y bermang, yengasiz!
— Lekin... bunday falokat... birinchi uchrashi!..
Bobur behol qo‘zg‘alib yana toz ustiga engashdi, og‘riq zarbidan ko‘zlariga duv-duv yosh keldi. So‘ng boshini yana yostiqqa qo‘yib ko‘zini yumib yotganda ravonga tergovchi kirdi.
Yusufiy unga:
— Qisqa so‘zlang, faqat axborot! — deb shipshidi.
 Tergovchi Baydani ham so‘roq qilganini, narigi uchoviga shu badbaxt malika bosh bo‘lganini, lekin tash-qi dushmanlar bilan, jumladan, Rano Sangram Sinx bilan aloqasi borligini rad etganini, boshqa savollarga javob berishdan bosh tortganini aytib berdi.
— Mal’unlar!.. dedi Bobur yotgan joyida g‘azabdan ovozi qaltirab. — Men ularga shunchalik ishonib... ilkidin taom yesam... izzat-ikrom qilsam!..
— Hazratim, bu iblislarni ming qiynoqqa solib o‘ldirmoq kerak!
— Narigi uchovini... qoidaga binoan qatl ettiring! Bayda... keyin!
— Bosh ustiga! — deb tergovchi chiqib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:08:18

Qoidaga binoan, podshohning joniga qasd qilganlar eng og‘ir qiynoqlarga solib o‘ldirilardi. Oshpaz Bahlulning terisi tiriklay shilinib olindi. Jallodlar Ahmad choshnagirning avval qo‘l-oyoqlarini kesib, keyin boshini tanasidan uzib, vujudini parcha-parcha qilib tashladilar. Ikki orada vositachi turgan va ustalik bilan saroyga zahar olib kirib, oshpazga bergan kanizak quturgan filning oyog‘i tagiga tashlab o‘ldirildi.
Malika Bayda eng qattiq hibsda saqlanar, endi odamlar uning qanday qatl etilishini kutar edi.
Tabib Yusufiy Boburning hayoti uchun ikki kechayu kunduz tinmay kurashdi. Tohir ham ikki kechayu kunduz bemorning yonidan jilmay, xizmatini qildi. Nihoyat, uchinchi kun tabib:
— Xudoga ming qatla shukr, hazratim, bir o‘limdan qoldingiz! — dedi. — Onadan qayta tug‘ilganday bo‘ldingiz. Endi ozgina qatiq iching. So‘ngra uxlang!
Bobur bir piyola qatiq ichgach, ko‘zini yumib, yostiqqa bosh qo‘ydi. Lekin boshidan o‘tgan o‘lim dahshati hamon xayolidan nari ketmasdi. Uning joni shuncha vaqt qil uchida osilib turganini o‘ylasa, beixtiyor vahmi kelardi. Shu qil uzilsa o‘lim deb ataladigan zulmat qa’riga qulab tushishini ikki kun davomida muttasil his qilish unda yashash istagini kuchaytirib yuborgan edi. Hayotning bir lahzasi, bir uchquni dunyoning barcha boyliklariyu toju taxtlaridan ham aziz ekanligi unga endi astoydil sezildi. Uning azobdan toliqqan vujudi hamon behol bo‘lsa ham ruhida nimadir o‘zgargandek va dunyo ko‘ziga boshqacharoq ko‘ringandek bo‘lardi. Har bir kishining faqat bittagina umri bor ekan va umrning har lahzasi shu qadar shirin ekan, Boburning yoshiga yetmay o‘lib ketganlarga oson tutib bo‘ladimi? Ibrohim Lodi undan to‘rt yosh kichik edi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:08:37

Malika Bayda buni unutishi va Bobur yaxshi muomala qilgani uchungina uni kechirib, farzandi o‘rnida e’zozlashi mumkinmidi? Jangda erishgan g‘alabalari unga eng mushkul ishlarni ham oson ko‘rsatib qo‘ygani uchun bo‘lsa kerakki, Bobur Ibrohim Lodining onasiga shunchalik ishongan va uning amrida bo‘lgan oshpazlarni ishga olgan ekan-da! Bu oshpazlar tayyorlagan hindcha taomlarni yeyish bilan el-ulusning ko‘nglini olmoqchi bo‘lgani ham, uning o‘z kuchiga ortiq darajada ishonganidan kelib chiqmaganmikin? Holbuki, kechagi dushmanlarni bugun darhol do‘stga aylantirish osonmi? Xususan, Baydadek farzand dog‘ida kuyib yurganlar yoki oshpaz Bahluldek inisining qasdini olmoqchi bo‘lganlar bilan muomalada ehtiyotkorroq bo‘lishi kerak emasmidi? Kobulda Mohim begim aytgan iztirobli gaplar yana uning yodiga tushdi. Begona yurtdan borgan fotihni osonlikcha kechirmasliklari, uning qilichidan paydo bo‘lgan yaralar asrlar davomida bitmasligi rost bo‘lsa... Bobur bu mamlakat xalqining ko‘nglini olishi uchun qancha ko‘p yillar kerak bo‘ladi? Bunga uning umri yetarmikin? Umuman, bu o‘zi erishish mumkin bo‘lgan maqsadmi yoki sarob?..
Bu o‘ylardan Bobur yana boshi berk ko‘chaga kirib qolganday bo‘ldi, kelajak ko‘ziga qorong‘i ko‘rinib ketdi.
Faqat tanasiga asta-sekin qaytib kelayotgan hayotiy kuchlar shu zulmatni yorib o‘tib kelayotgan  yog‘dularday iliq tuyulardi. O‘sha kecha Bobur yaxshi uxladi. Ertasi kuni tabib uning tomiridan ko‘proq qon olmoqchi bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:09:27

— Zaharlangan harom qonni chiqarib yuborgaymiz, hazratim. Yana biror hafta qimirlamay yotmog‘ingiz kerak.
Bobur bunga e’tiroz qildi. Busiz ham uning darmoni ketib qolgan edi. Agar tabib ko‘p qon olsa uzoq yotishi aniq. Holbuki, «Podshoh o‘lim to‘shagida yotgan emish!», «Umid yo‘q emish!» degan ovozalar tarqalgan, qulay fursat kutayotgan g‘animlar jonlanib qolgan edi. Beklar ham Boburning tezroq ko‘pchilikka ko‘rinishini istar edilar.
Oradan yana ikki kun o‘tgach, Bobur tantanali marosimlarda kiyadigan kiyimlarda devoniomga chiqdi. Baland taxtning ikki tomonida tizilib turgan yuzdan ortiq amirlar, sarkardalar, viloyat hokimlari ta’zim bajo keltirib bo‘y egdilar. Bobur taxtga shoshilmay chiqib o‘tirgach, ikkita navkar malika Baydani poygahdagi eshikdan olib kirdi.
Kampir hali ham boshdan-oyoq oq kiyib, o‘g‘li Ibrohimga aza tutib yurar edi. Faqat qaddi avvalgidan bir oz bukchayganroq. Lekin ko‘zlari Boburning yuziga tushganda uning og‘ir kasalga o‘xshab sarg‘ayib qolganidan qanoat hosil qilganday mamnun yiltiradi.
Eshik og‘a Muhammad Do‘lday malikani so‘roqqa tutib, suiqasdga yana kimlar ishtirok etganini surishtira boshladi.
— Suiqasd emas, bu intiqom! — dedi malika. — Podshoingiz to‘kkan qonlarning qasosi bu! Menga yordam bergan oshpaz ham, Ahmad Choshnagir ham, kaniz ham botir qasoskorlar edi. Hammasi mardlarcha jon berdi. Endi navbat meniki. Men o‘g‘limning dog‘ida kuyib kul bo‘lganman. Endi qo‘llaringdan kelsa kulimni ko‘kka sovuringlar!
Malika saroyda hamma tushunadigan forsiy tilda gapirmoqda edi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:09:49

A’yonlar nafaslarini ichlariga olib, yerga qarashdi. Malika bir o‘limni bo‘yniga olib kelgan endi har bir so‘zni o‘qqa aylantirib yoviga dadil otar, Boburning g‘azabga to‘lib, jallod chaqirishini, qurolsiz onaga qarshi barcha qurollarini ishga solishini istardi. O‘shanda ma’naviy g‘alaba malika tomonida bo‘lar, uning dovyurakligi og‘izdan-og‘izga o‘tib, odamlarning ehtiromini qozonar edi. Buni Bobur ham sezdi-yu, o‘zini bosib, Malikdod Koroniyga qaradi.
— Bu qanday yosumanlik! — dedi Malikdod Koroniy Baydaga. — Shunchalik o‘ch olish niyatingiz bor ekan, a’lohazratning inoyatlarini nega qabul qildingiz?
— Niyatimga yetishim uchun shunday qilishim kerak edi!
— A’lohazrat sizni «Mo‘’tabar onamizdek e’zozlang!» deganlarida yig‘lab minnatdorchilik bildirganingiz bizning yodimizdan chiqqan emas!
— Men u paytda nafratim zo‘ridan yig‘lagan edim! O‘g‘limning kushandasiga ona bo‘lishdan qiynalib ko‘zim yoshlangan edi!
— Yo alhazar! Axir siz ham Muhammad ummatisiz, muslimasiz-ku! O‘g‘lingiz bularga qarshi necha barobar katta kuch bilan chiqqanini bilmasmisiz? Bular mag‘lub bo‘lsa o‘g‘lingiz yovlarining ming jonlaridan birini ham tirik qo‘ymas edi. Siz sulton Ibrohimning qanchalik shafqatsiz bo‘lganini bilar edingiz. Agar sizda insofu imon bo‘lsa, qo‘lida qilichi bilan ochiqchasiga jang qilgan sarkardaga yashiriqcha zahar bermas edingiz!

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:10:10

— Men ayol kishiman, qilich ko‘tarib jang qilolmayman! Ana o‘sha zahar — mening qilichim edi. Fotihlar Panipatda ming-ming odamlarning o‘limiga sabab bo‘ldi! Bu mamlakatning yana ko‘p joylariga ajal urug‘ini ekdi! Men kabi minglab onalar hozir motam tutib, ko‘z yoshi to‘kib yuribdi. Qancha-qancha kelinchaklar beva qolib, o‘zlarini erlarining jasadlari bilan birga olovda yondiryapti! Men bergan zahar ana o‘sha ajalning urug‘idan tayyorlangan edi! Unga beva-bechoralarning achchiq ko‘z yoshlari ham qo‘shilgan edi!
Malikaning so‘nggi so‘zlari fotih beklarga ham tegib ketdi. Sersoqol bir bek o‘rnidan sakrab turib, Boburga ta’zim bilan murojaat qildi:
— Hazratim, bu yalmog‘izning tilini og‘zidan sug‘urib olmoq kerak! Shunday mal’unligi ustiga yana buncha gap!
— Mayli, meni qiymalab tashlasinlar! — deb qichqirdi Bayda. — Men qo‘rqmayman!
Bobur Baydani beklar istagandek qiynoqlarga solib o‘ldirtirsa el-ulus nima deyishini o‘ylar ekan, «lop» etib Hirotdagi Xadicha begim esiga tushdi. Makkorlikda u ham Baydadan qolishmas edi, nevarasi Mo‘min mirzoning o‘limiga sabab bo‘lgani ko‘pchilikka ma’lum edi. Shunga qaramay, Shayboniyxon uni Mansur baxshining ixtiyoriga topshirib, dahshatli qiynoqlarga solgani juda ko‘p odamlarning nafratini keltirgan edi. Boburning o‘zi bundan bir haftagina oldin xilvatxonada xotira yozib o‘tirganda Shayboniyxonning bu ishini jirkanib qalamga olgan edi. «...Besh kunlik o‘tar dunyoda Shayboniyxon mundoq ablahono ishlari bilan yomon ot qozondi» — degan satrlarni o‘z umr kitobiga bitgan Bobur endi mana bu qurolsiz onaga qanday chora ko‘rishi kerak? Qanday qilsa odamlarning nafratiga emas, hurmatiga sazovor bo‘ladi?

Qayd etilgan