Holbuki Bobur Kobulda ekanida Rano Sangram bir necha marta elchilar yuborib, uni Hindistonga taklif qilgan va Ibrohim Lodiga qarshi kurashga chorlagan edi. Rano Sangram o‘g‘li Bikramaditni oraga qo‘yib tuzgan shartnomada «agar Bobur hazratlari bizni Ibrohim Lodi zulmidan xalos qilsalar, uni oliy hukmdorimiz deb tan olurmiz» deyilgan joyi ham bor edi.
Ehtimol, u paytda Rano Sangram Boburni «Hindis-ton issiqlariga bardosh berolmas, oladiganini olib qaytib ketsa, mamlakat o‘zimizga qolar», deb o‘ylagandir. Ammo Bobur Hindistonda mahkam o‘rnashib, ikki yildan buyon katta qurilishlar qilayotgani va ulkan bog‘lar, toshhovuzlar, qasrlar bunyod etayotgani Rano Sangramning avvalgi umidini puchga chiqardi. Surishtirib qarasa, Boburning qo‘shini hali ham o‘n besh mingdan ortiq emas. Rano Sangram esa barcha rajput roa va ranolari bilan til biriktirib, bundan olti barobar ortiq qo‘shin to‘pladi. Yana Ibrohim Lodining ukasi Mahmud Lodi ham yigirma ming suvoriy bilan unga yordamga keldi. Rano Sangram mingdan ortiq jangovar filni oldinga chiqarib, yo‘lida uchragan to‘siqlarni parchalab, yanchib, Bobur tomonga bostirib kela boshladi. Ichkarida fitna, xiyonat. Bobur laxo‘rlik Olamxonni ikki ming qo‘shin bilan Gvalior himoyasiga yuborgan edi, u odam yo‘lini bexatar tomonga burib, askari bilan Panjobga qochdi. Hasanxon degan yana bir afg‘on sarkardasi olti yuz navkari bilan Bobur qarorgohidan yashiriqcha chiqib, tunda dushmanga borib qo‘shildi.
Shuning ustiga Muhammad Sharif degan munajjim:
«Mirrix g‘arb tomonidadir, osmondagi yulduzlar bizning mag‘lubiyatimizdan darak bermoqda», deb ovoza tarqatdi. Beku navkarlarni vahima bosganini sezgan Bobur Sekri ko‘li yaqinidagi qarorgohga besh yuzdan ortiq odamlarini yig‘di.