— Siyosat uchun maydonda yasoqqa yetkazish kerak, toki boshqalarga ibrat bo‘lsin! — dedi Uzun Hasan.
«Yasoqqa yetkazish» — xaloyiq oldida boshini kesish degan gap edi.
Darvesh govning yuziga o‘lim sharpasi soya solib o‘tganday bo‘ldi. U tizzasi bilan yurib Boburga yaqinlashar ekan, yig‘lab iltijo qildi:
— Amirzodam, men ig‘vogar emasmen! Men ig‘vogarlarning qurbonimen! Menga rahm qiling! Beshta yosh bolam bor! Noumid qilmang, amirzodam!
Darvesh gov, yo‘g‘on gavdasi silkinib, o‘kirib yig‘lar ekan, qo‘li bog‘liq bo‘lgani uchun yuzini yashirolmas, ko‘z yoshlari mosh-guruch soqoliga tomchilab oqib tushar edi.
Shunday katta yoshli odamning bunchalik kuyunib yig‘lagani Boburning qalbida ko‘pirib turgan g‘azabni birdan bosdi. Uning Darvesh govga rahmi keldi-yu, ustozi Xo‘ja Abdulladan «shu bechoraning qonidan keching!»— degan bir gapni kutdi.
Biroq Xo‘ja Abdulla og‘iz ochguncha bo‘lmay, yana Yoqubbek gapirdi:
— Beshta bolasi bor odam tilini tiyib yursa bo‘lmasmidi!
— E, bu gov o‘zi haddidan oshgan! — dedi Uzun Hasan. — Bo‘lmasa, podshoh haqida ig‘vo qilganlarning gapini eshitgan hamono og‘ziga urmasmidi! Yoki u haromnamaklarni bizga tutib bermasmidi!
Bir-birini inkor qiluvchi bu gaplar Boburning xayollarini chalkashtirib yubordi. Vujudini o‘rtayotgan tashnalik yangi bir kuch bilan qaytib keldi. Yuzlar, devorlar, gilamlar bir-biriga qo‘shilib, chaplashib, chir-chir aylana boshladi. Darvesh govning yig‘lab gapirgan so‘zlari go‘yo uzoqdan eshitildi:
— Amirzodam! Adolat qiling! Men otangizning sodiq raiyyatlaridanmen! Siz yoshsiz, beg‘uborsiz. Siz hali bu beklarni bilmaysiz! Bularning menda keki bor! Beklarga ishonmang, amirzodam! Xalqdan so‘rang! Meni el ulus biladi! Raiyyat biladi!