Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 261786 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 71 72 73 74 75 76 77 78 B


shoir  10 Yanvar 2008, 22:23:32

AGRA
YULDUZLAR GIRDOBI

1


Yana yozning jazirama issiqlari boshlandi. Bobur goh devoniomda, goh kutubxonada ishlar, mudom ichi kuyib, sovitilgan norinj sharbati va yaxna choy ichar, lekin chanqog‘i hech bosilmas edi.
Bir kun peshin kechroq Tohir xilvatxonaga uch-to‘rt bosh oq kishmish uzum olib kirdi. Hozirgina uzib yuvilgan oltin rang kishmish donalari ustida suv zarralari yiltirab turadi. Ko‘pdan beri bunday uzumni ko‘rmagan Bobur taajjub bilan:
— Qaydan oldingiz? — dedi.
— O‘zimizning Hasht Bihisht bog‘imizdan. Samar-qanddan keltirilgan kishmish ko‘chatini o‘z ilkingiz bilan ekkaningiz yodingizdami, hazratim?
Bobur quvonib uzumdan bir boshini qo‘liga oldi. Bu yerlarning tarixida birinchi marta yetishtirilgan oq kishmish sal sersuvroq bo‘lsa ham, lekin uning ta’mi Boburga Samarqandni eslatdi. Uzum yegan sari chanqog‘i bosilib, o‘zini birdan tetik sezdi.
— Buni Mohimga ko‘rsatmoq kerak! — deb o‘rnidan turdi.
Bultur kuzda Kobuldan Agraga ko‘chib kelgan Mohim begim bu bog‘ning to‘ridagi marmar ko‘shkda edi. Bobur barkashdagi uzumni Tohirga ko‘tartirib, gulzor yo‘lkalardan ko‘shkka qarab ketdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:24:13

Havo dim va rutubatli. Yana pashkol fasli boshlanib, osmondan bulut arimay qolgan. Barkashdagi oltinrang kishmish Boburga shu bulutlarni yorib o‘tib, uzoq Samarqanddan yetib kelgan yorug‘ bir nurdek ko‘rinardi.
Mohim begim ko‘shkning ayvonida miz ustiga engashib allanarsa yozmoqda edi.
Ayvonga Tohirni ergashtirib kirgan Bobur:
— Uzumimiz pishibdi, Mohim! — dedi. — Bir tatib ko‘ring.
Mohim begim o‘rnidan turib, Boburni odatdagiday ta’zim bilan qarshi oldi, lekin o‘pkasi to‘lib, durust gapirolmadi.
So‘nggi ikki yil ichida yarasidan qolgan asoratlar tuzalib, qo‘llari avvalgiday ishlaydigan bo‘lib ketgan Tohir uzumni ta’zim bilan Mohim begimga tutdi.
Mohim begim barkashni uning qo‘lidan olib, miz ustiga qo‘ydi. Uning qovoqlari shishib, ko‘zlari yig‘idan qizarganini payqagan Tohir sekin orqasi bilan yurib chiqib ketdi.
Er-xotin yolg‘iz qolganlarida Bobur:
— Sizga ne bo‘ldi?  — dedi. — Yig‘labsizmi?
— Nafasim qisildi...
Mohim begim qirq yoshga borgandan beri yuzlari to‘lishib, anchagina semirib qolgan edi. Kobulning yengil va quruq tog‘ havosiga o‘rgangan begim Jamna bo‘yidagi issiq kunlarda sernam dim havodan nafas olish qanchalik qiyin bo‘lishini avval ham eshitgan, bir chekkasi shu sababdan to‘rt yilgacha Agraga kelmay yurgan, axiri Boburning yuzidan o‘tolmay bultur kelgan edi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:26:28

— Pashkol faslida men ham juda qiynalib, nafas olurmen, — dedi Bobur. — Tashvish chekmang, o‘rganib ketursiz. Qani, uzumdan oling!
Mohim begimning hech narsa yegisi kelmas edi. Shunday bo‘lsa ham kishmishdan ikki dona olib og‘ziga soldiyu, Boburning ko‘ngliga bo‘la:
— Yaxshi pishibdir, — dedi.
— Maktub yozmoqchi edingizmi?
— Ha, Humoyunga... Mening nafasimni pashkol emas, sog‘inch qisadir!
To‘lib o‘tirgan Mohim begim birdan yig‘lab yubordi:
— Men hamisha Humoyunning diydoriga zormen. Siz mudom o‘g‘limni mendan uzoqlarga yuborursiz! Kobulda ekanimda Humoyun Jamnayu Ganga bo‘ylaridan bo‘shamadi. Men Agraga keldim, Humoyun Badaxshonga jo‘nab ketdi. Badaxshonni tinchitib qaytdi hamki, uni yana uzoq Sambxalga yubordingiz. Qayerda bir xatar bo‘lsa, o‘shanga Humoyun ro‘baro‘! Qaysi uzoq yurtda mushkul ish bo‘lsa — yana Xumoyun! Men bu yerda xavotirlikda qon yutib iztirob chekurmen!
— Bunchalik xavotirlanishning ne hojati bor, Mohim!
— Siz xavotirlanmaysiz, hazratim, sizning farzandlaringiz ko‘p! Mening yolg‘iz farzandim qolgan! Uchtasini tuproqqa topshirib, shu birgina Humoyun bilan qolganmen!

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:29:55

Gulbadan ota-onasini hech qachon bunday mushkul va noqulay ahvolda ko‘rmagan edi. U ko‘zlari javdirab, nima gap bo‘layotganini tushunolmay lol bo‘lib turardi. Axir hazrat onasi podshoh otasiga nihoyatda mehribon edi-ku. Kobuldan ikki oy yo‘l yurib, kela-kelguncha uning nomini tildan qo‘ymay e’zozlab gapirar edi-ku! Hazrat otasi ham ularga Agradan peshvoz chiqib, Jaloli ko‘li yaqinida kutib olmaganmidi? Charchagan otidan tushib, boshqa ot keltirgunlaricha sabri chidamagan Bobur Mohim begimning oldiga piyoda kelgan emasmidi? So‘ng suyukli xotinini e’zozlab, uni otdan tushishga qo‘ymagan, o‘zi esa Mohim begimning oti yonida uch chaqirimcha joyga piyoda borgan edi-ku. Buni ko‘rgan odamlar: «Podshohning o‘z xotinini bu darajada yuksak izzat-ikrom bilan kutib olganini umrimizda ko‘rgan emasmiz!» deganlarini Gulbadan o‘z qulog‘i bilan eshitgan edi-ku. Hozir bularga nima bo‘ldi?
Bobur qizchasining hang-mang bo‘lib turganini sezib, tez o‘rnidan turdi, barkashdagi uzumdan bir boshini qo‘liga berdi:
— Ma, qizim, ye!— deb unga muloyim gapirib, eshikdan tashqariga yetaklab chiqdi. — Bor, endi bog‘da o‘yna.
U ko‘z yoshlarini hamon to‘xtatolmayotgan Mohimning qarshisiga qaytib kelib o‘ltirdi va hazin tovush bilan dedi:
— Mohim, siz mendan har qancha ranjisangiz haqqingiz bor. Shariat ruxsat bergani bilan har bir musulmon uch xotin olishi shart emas edi... Mendek sayyohtabiat odam...

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:33:30

umrining yarmidan ko‘pini safarlarda, janglarda o‘tkazishini bila turib, uch xotin olishi... kechirilmaydigan bir xatolik bo‘ldi. Bu xotinlarning hech biri men orzu qilgandek baxtiyor bo‘lolmaganini... bugun sizga qarab ko‘rib turibmen... Kundoshlik alamlari... Bir-biriga o‘gay bolalarning raqobati... Ota-bobolarimizni o‘rtagan bu jahannamlar bizga daxl qilmas deb o‘ylagan edim... Yo‘q, mana, hatto sizdek suyukli yorim ham... shu jahannam azobidan ko‘zyosh to‘kmoqdasiz. Majruh dilim sizni ko‘rib, battar xastalandi.
Mohim begim Boburning sarg‘ayib qolgan kasalmand yuziga qaradi-yu, ko‘z yoshini apil-tapil arta boshladi.
— Hazratim, mendan ozorlanmang. Men bir munglik ayolmen. Siz podshohsiz. Arzimni sizga aytmasam, kimga aytamen?
— Ha, men podshohmen — butun balo shunda. Neki xatolik, neki gunoh qilgan bo‘lsam, hammasining birlamchi sababi mening podshohligimdir. Yoshligimda podshohlik zanjiridan qutulib ketmoqchi bo‘ldim. Lekin meni bu zanjirdan xalos qiladigan najotkor topilmadi. Endi umidim borki, mening najotkorim Humoyun bo‘lg‘usidir.
Mohim begim Boburning bu so‘zlariga ishonib-ishonmaganday unga termilib qaradi.
— Mohim, maktubingizni davom ettiring. Mening nomimdan ham yozing, Humoyun Agraga tezroq qaytsin. Ko‘zim tirikligida toju taxtni egallasin. Yozing, men imzo chekurmen!

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:34:03

— Hazratim, Siz Humoyunni toju taxtga bunchalik intiq deb o‘ylamang! Hech unday emas! Men faqat o‘g‘limiz yonimizda bo‘lsin demoqchi edim, xolos!
— Yozing, kelsin!.. Faqat podshoh bo‘lish sharti bilan kelsin. Bu maxfiy gapni hozircha boshqa hech kim bilmasin.
Boburning niyati jiddiyligiga endi ishongan Mohim begim:
— Siz... Kobulga qaytmoqchimisiz? — deb so‘radi.
— Mabodo, olamdan ko‘z yumsam, Kobulda dafn etinglar.
— Nechun bunday deysiz?
— Sizdan yashiradigan sirim yo‘q, Mohim. Siz Kobulda «fotihlikning qasosi qaytsa yomon bo‘lur» degan edingiz. Shu gapingiz rost chiqdi. Podshohligu fotihlik balolari malika Bayda bergan zahar shakliga kirib, mening umrimni kemirdi. Agar men ham bor ku-chimni faqat ilmu ijodga bersam, balki Beruniydek yetmishdan osharmidim? Yoki Alisher Navoiydek oltmishga kirarmidim? Biroq mana qirq yetti yoshimda umrimning oxiri ko‘rinib qoldi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:35:51

2

Otasining maxfiy maktubi borganda Humoyun Sambxalda og‘ir kasalga chalinib to‘shakda yotgan edi. Maktubni o‘qigach odamlariga:
— Meni tezroq Agraga yetkazinglar!— deb buyurdi.
Dehliga kelguncha Humoyunning isitmasi yana oshib, kasali battar og‘irlashdi. Uni olib kelayotgan Hindubek yo‘lda biror kor-hol bo‘lishidan qo‘rqib, darhol Agraga xabar yubordi-yu, o‘zi Dehlida qolib Humoyunni eng yaxshi tabiblarga davolata boshladi.
Lekin doru darmon kor qilmas, qora bezgakka o‘xshash bir dard Humoyunni kechayu kunduz kuydirib, go‘yo jingak qilib tashlamoqda edi.
Agradan ikki kechayu kunduz otliq yo‘l yurib, Mohim begim yetib keldi. Daryo yo‘li tinchroq va salqinroq deyishib, Humoyunni Dehlida kemaga solishdi-da, oqim bo‘ylab Agraga olib kelishdi.
Humoyunni  taxtiravonga yotqizib, sakkiz yigit Zarafshon bog‘iga ko‘tarib kirdi. Bobur rangi yerday o‘ngib ketgan Mohim begimni ko‘rgandayoq, yuragi «shuv» etib ketdi. Yigitlar ko‘tarib kelayotgan taxtiravon uning ko‘ziga tobutday sovuq ko‘rindi.
Humoyun tuni bo‘yi alahlab behush yotdi. Faqat sahar palla ko‘zini xiyol ochib, tepasida turgan otasini tanidi, o‘rnidan turgisi kelib qimirladi, lekin boshini ko‘tarishga ham madori yetmadi. Otasining maxfiy maktubida yozilgan gapga rozi bo‘lolmasligini aytmoqchi bo‘lib:
— Biz... xizmatda... sizsiz... — «Mumkin emas!» deganday bosh chayqadi-yu, keyin yana allahlay boshladi. — G‘ulga uring... uring! Ketdi!.. To‘xta!..

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:40:25

Humoyun nafasi qaytganday talvasa qilib, o‘zini u yoqdan-bu yoqqa bir-ikki otdi-yu, yana hushidan ketdi.
Saroy tabiblari bu og‘ir dardga hech bir davo topolmadilar. Mohim begim yum-yum yig‘laydi. Bobur suyukli o‘g‘lini hadeb o‘tga-suvga solib, shu kasallikka o‘zi ham sababchi bo‘lganday o‘rtanardi. Og‘ir paytlarda Bobur suyanib o‘rgangan odamlar biron chora topishni undan kutadilar. Lekin hozir u ham chorasizlikdan o‘zini qo‘yadigan joy topolmay qiynaldi. Keksayib munkillab qolgan shayxulislom Boburning yoniga keldi:
— Hazrati oliylari, ko‘p g‘am chekmang, parvardigor g‘oyibdan shifo yuborgusidir, — dedi. — Tabiblardanki ish chiqmadi, endi xudo yo‘liga dunyo molidan tasaddiq qilmoq kerak.
Bobur shayxulislomning  niyatiga tushunolmay:
— Qaysi moldan? — deb so‘radi.
— Jon omon bo‘lsa javohir topilur. O‘shal... ashxas olmos yaxshi tasaddiq bo‘lg‘ay.
Bobur Jamna ustida kemada o‘ltirganda Humoyun keltirib ko‘rsatgan olmosni esladi.
— Ko‘hinurnimi?
Shayxulislom tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi. Bobur hushini bir joyga yig‘ib:
— Taqsir, kimga tasaddiq qilaylik?— deb so‘radi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:42:55

Qiymati ulkan oltin xazinalariga barobar keladigan bu olmosni o‘g‘rilardan qo‘riqlab turish uchun ham juda ko‘p navkar kerak edi. Shuni biladigan shayxulislom «menga» deyishga tili bormadi.
— Murtazo Ali mozoriga, — dedi. — Din yo‘liga.
Mozor va Ko‘hinur olmosi bir-biriga mutlaqo qovushmaydigan narsalar edi. Dindorlarning kattasi shayxulislom bo‘lganligi uchun olamni bezaydigan bu go‘zal olmos aylanib kelib uning sandig‘iga tushishi aniq. Bobur hozir molu dunyoni o‘ylaydigan ahvolda bo‘lmasa ham Humoyunga taqdim etilgan bu noyob gavharga munkaygan shayxulislom ko‘z tikkani uni sergaklantirdi. Ruhoniylar ilojini topsa podshohdan ham baland turishga va ularning boshiga og‘ir kun tushganidan foydalanib o‘z hukmlarini o‘tkazishga intilishlari ko‘pdan ma’lum edi.
— Taqsir, nazaringizda, o‘shal olmos azizmi yoki mening jonim aziz?
Shayxulislom hang-mang bo‘lib:
— Nechun unday deysiz, hazratim! — dedi. Undoq olmoslarning yuztasidan sizning bir mo‘yingiz azizroqdir!
— Minnatdormen! Undoq bo‘lsa, men Humoyunga jahondagi barcha olmoslardan ham aziz-roq bir narsamni qurbon qilmoqchimen. Faqat bu qurbonni sizu bizga o‘xshagan bandalari emas, zarur bo‘lsa parvardigorning o‘zi olsin!
Bobur o‘ziga umid bilan qarab turgan odamlarning orasidan o‘tib, Humoyunning to‘shagi yoniga keldi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:43:33

— Humoyun, jigarbandim! — dedi u hamma eshitadigan tovush bilan. — Sening betoqatlig‘ingga men toqat keltiray. Sening shu og‘ir dardingni xudo sendan olib menga bersin!
Behush yotgan Humoyun bu gaplarni eshitmas, lekin bemorning xobgohidagi ayollar, mulozimlar, tabiblar, ruhoniylar — hammasi Boburga quloqlarini ding qilib qarab turardilar.
Bobur umumiy jimlikda Humoyunning boshidan uch marta aylandi-yu:
— Yo, parvardigor! — deb iltijo qildi. — Menki Boburmen, agar jon berish mumkin bo‘lsa, umru jonimni Humoyunga qurbon qildim! Azroyil mening jonimni olsinu xudo Humoyunga shifo bersin!
Mohim begim yig‘idan to‘xtab, Boburga qo‘rquv aralash hayrat bilan tikilib turardi. Keksa shayxulislom esa hozirning o‘zidayoq Humoyuning sog‘ayib ketishini va Boburning holsizlanib yiqilishini kutganday ancha vaqt ota-bolaga baqrayib qarab turdi. Lekin kutilgan mo‘’jiza yuz bermadi. Behush Humoyun alahlab bir nima dedi-da, yana jim bo‘ldi.
Boburning badanidan «lop» etib olov chiqqanday bo‘ldi, vujudi qizib ketdi. U hamon behush yotgan Humoyunga qarab:
— Ko‘tardim dardingni! — dedi-da, yelkasiga og‘ir yuk olgan odamday qaddi xiyol egilib xobgohdan chiqib ketdi...

Qayd etilgan