Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 272620 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 73 74 75 76 77 78 B


shoir  10 Yanvar 2008, 22:52:56

Agraning kech kuzi xuddi Andijonning bahor payt-laridek salqin va mayin tuyular edi. Qop-qora osmonda yulduzlar charaqlab turibdi. Isitmasi baland Boburga yulduzlar yana girdobga tushib aylanayotganday va bir-birlariga urilib ketayotganday ko‘rindi. Bobur ko‘zini yumdi:
— Badanimda... qon uyushib qolayotganday... — dedi Tohirga.
Tohir uning yelkalarini, qo‘llarini, keyin oyoqlarini sekin-sekin uqalay boshladi. Bobur bundan sal yengil tortganday bo‘ldi-yu, ko‘zini ochib yana osmonga qaradi.
Yulduzlar endi joy-joyida to‘xtab, sokin nur socha boshladi. Ana Oltin Qoziq. Uning g‘arb tomonidagi Yetti Og‘ayni yulduzlari ufqqa og‘ib tushib ketyapti. Sharqdan esa bir to‘p bo‘lib Hulkar yulduzlar ko‘tarilib kelyapti.
— Bizning Quvada ham Hulkar xuddi mana shunaqa bo‘lib chiqar edi, — dedi Tohir.
Bobur ham bolaligi o‘tgan Andijon osmonini esladi. Mana shu Yetti Og‘ayni yulduzlari o‘sha yerda ham Oltin Qoziqni aylanib o‘tib, g‘arbga botib ketardi. O‘sha yerda ham Yetti Og‘ayni ufqqa bosh qo‘ygan sari Hulkar yulduzlari osmonning baland joylariga chiqib borardi. Bobur o‘smirligida Hulkar yulduzlarini olmosdan yasalgan varrakka o‘xshatar edi. Dumini quvnoq silkitib uchadigan olmos varrak uning xayolini yana musaffo bolalik yillariga olib ketdi. Osmon dunyoning hamma joyida bir ekani, umrining boshlanishida Andijonda ko‘rgan yulduzlari umrining oxirida Agrada ham chaqnab turgani unga so‘nggi bir tasallidek tuyuldi. Bobur osmonga qarab yotganda yana yosh, sog‘lom yigitga aylanib, Andijon chorbog‘ining supasida yotganday bo‘ldi.
Bir lahzalik bu shirin his ketidan yana shafqatsiz bir qaltiroq bosib keldi-yu, yulduzli osmonni girdobiga olib, gir-gir aylantira boshladi...
Tun yarmidan oshganda Tohirning o‘kirib yig‘lagani qorong‘i bog‘ni zir titratdi...

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:54:18

* * *

Mavlono Fazliddin Kobulda Boburga anvoyi rangli marmarlar bilan ziynatlangan serfayz bir maqbara qurishga ulgurdi, lekin Xonzoda begim nomiga madrasa qurish unga nasib bo‘lmadi, uning bu orzusini oradan yuz yillar o‘tgandan so‘ng Boburning chevarasi Shoh Jahon qurdirgan mashhur Toj Mahalda ulug‘ hind me’morlari ro‘yobga chiqargan bo‘lsalar ehtimol.
Tohir «Boburnoma»dan ko‘chirilgan nusxalarni adibning Andijondagi, Toshkent va Samarqanddagi muxlislariga eltib topshirgach, o‘zi Robiya bilan birga Quvaga qaytdi. Ular umrlarining qolgan qismini tug‘ilgan yurtlarida o‘tkazdilar. Biroq o‘g‘illari Safarbek mavlono Fazliddinning farzandlari bilan birga Agrada umrbod qoldilar va o‘sha yerda oila qurib, hind xalqiga qo‘shilib ketdilar.
Bobur tuzgan ulkan davlat o‘z qudrati va madaniy yodgorliklari  bilan  jahonga  tanilib,  uch asr umr ko‘rdi-yu, tarixda qoldi. Uning o‘g‘il avlodlari bugungi kunga yetib kelolmadilar — eng oxirgi boburiylar o‘tgan asrlarda ingliz mustamlakachilari davrida mahv etildi.
Faqat Bobur o‘z qo‘li bilan yozgan asarlar haligacha tirik bir qalbning haroratiga to‘lib, odamlarga hamon ma’naviy oziq va zavq beryapti. To‘g‘ri, uning bir umri qorong‘i osmonda olovli iz qoldirib uchgan yulduzdek tez so‘ndi. Lekin o‘lmas asarlari sahifasida salkam besh asrdan beri davom etib kelayotgan ikkinchi umri— bu yulduzning tundan tongga qarab uchganini va o‘z nurini kelajakka yo‘naltirganini aytib turibdi. Bobur qalb o‘tiga yo‘g‘irib yaratgan madaniy meros bugungi sernur avlodlarni bahramand qilgani sari uning ana shu ikkinchi umri ham qorong‘i tunlardan keyingi yorug‘ kunlarda astoydil obod bo‘lyapti.

1969—1999

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Noyabr 2009, 10:15:18

Yulduzli tunlar (roman)



Muallif: Pirimqul Qodirov
Hajmi: 1,02 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan