AROSAT
Birinchi qism
QUVA
QIL USTIDA TURGAN TAQDIRLAR
1
Milodiy 1494-yilning yozi. Saraton issig‘ida Far-g‘ona vodiysining osmoniga chiqqan quyuq bulutlar kuni bo‘yi havoni dim qilib turdi-yu, kechki payt birdan jala quyib berdi. Qizil tuproqli tepaliklar orasidan o‘tib kelayotgan sersuv Quvasoy qon qo‘shib oqizilgandek qip-qizil bo‘lib ketdi.
Soy bo‘yidagi majnuntollar panasida bir yigit bilan qiz shivirlashib gaplashmoqda edi.
— Robiya, inon, men tirik bo‘lsam, senga balo-qazoni yo‘latmasmen!
— Tangrim sizni ham panohida asrasin, Tohir og‘a!.. Yog‘iyning* ming-ming askari bor. Qaysi biriga bas kelursiz? Ana, qochqinlarga qarang!..
Tohir orqasiga o‘girilib, Quvasoyning quyi tomonlariga ko‘z yugurtirdi. Pastda qamishzor botqoqlik va uning ustidan o‘tgan uzun yog‘och ko‘prik bor edi. Ko‘prikdan chumoliday behisob odamlar, otlar, mollar, aravalar tizilib o‘tib kelayotgani yomg‘ir pardasi orasidan elas-elas ko‘zga chalinardi.
Samarqand podshosi Qo‘qonni bosib olib, qo‘shiniga talatgan va Marg‘ilonga hujum qilgan edi. Bosqinchilar shaharu qishloqlarni talash bilan qanoatlanmay, ko‘hlik qizlarni cho‘rilikka olib ketishar edi. Buning hammasini eshitgan odamlar yovdan qochib, tinch joy izlab bormoqda edilar.
— Ulusning sho‘ri qursin! — dedi Tohir. — Kasofat podsholar urushmay turolmasa. Biridan qochsang, boshqasiga tutilsang. Undan ko‘ra qochmaymiz! Tavakkal. Peshonaga bitilgani bo‘lur!