— Obbo! Mulla Fazliddin-ey! — dedi Tohirning otasi uzun oq soqolini o‘ychan ezg‘ilab. — Zap kelibsizda. Shu notinch kunlarda birga bo‘lganimizga ne yetsin!
— Hamma yog‘iydan qochganda biz ajdahoning komiga yaqin kelib qolganimiz g‘alati bo‘ldi, — deb mulla Fazliddin jiyaniga ma’yus ko‘zlari bilan qaradi.
— Biron sabab bilan kelgandirsiz-da, mulla tog‘a?— so‘radi Tohir.
— Sabab shukim, jiyan, urush boshlansa, qurilish to‘xtaydi, me’morning keragi bo‘lmay qoladir...
— Ie, axir, sizni podshoning o‘zi xizmatiga olgan emasmidi?
— Podsho Axsi qo‘rg‘onida mudofaa bilan ovora. Toshkent xoni Mahmudxon ham Xo‘jand tomondan bizga qarshi qo‘shin tortib kelmoqda emish. Qashqar hokimi Abubakir dug‘lat degan yana bir bosqinchi sharqdan O‘zganning ustiga bostirib kelmishdir.
Tohirning keksa otasi qo‘rqib, yoqasini ushladi:
— Yo tavba! Bu yoqda Samarqand qo‘shini... Uch tomonimizdan yog‘iy bostirib kelibdimi, a? Bu ne ko‘rgulik, mulla Fazliddin? Axir bu podsholar sal murosa qilsalar bo‘lmaydimi, a? Hammasi bir-biriga qarindosh emish-ku. Shu rostmi?
— Ha, rost. Toshkent xoniga bizning podshomiz kuyov bo‘ladir. Qo‘qonni talab, bizning ustimizga qo‘shin tortib kelayotgan Samarqand podshosi Sulton Ahmad mirzo esa bizning podshomiz bilan bir otadan bo‘lgan og‘a-inidirlar. Yana bu ikki podsho bir-birlariga quda bo‘lmoqchi edilar. Samarqand podshosining qizi bizning valiahdimiz Bobur mirzoga besh yasharligidan unashtirib qo‘yilgan edi. Shundan bilingki, og‘a iniga, qaynota kuyovga qarshi qilich ko‘tarib chiqmishdirlar!