Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 403940 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 ... 78 B


shoir  10 Yanvar 2008, 19:43:13

*  *  *

Qayiqlarga minib kemaga yetganlarida Bobur Xo‘ja Kalonbekni kemaning tumshuq tomonidagi xonai xosga boshladi. Kema daryo bo‘ylab suzib borar ekan, suvning shamoli eng avval shu xonaga tegar va ajib bir salqinlik berar edi.
Savdarlar daryoda sovitilgan norinj va limu* sharbatidan keltirdilar. Xo‘ja Kalonbek muzday norinj suvidan bir chini kosa sipqardi-yu, nafasini sal rostlab, Boburning yuziga qaradi.
— Hazratim, siz ham qorayib juda ozib ketibsiz,— dedi. — Bizga bildirmaysizu, lekin ne chog‘lik qiynalib yurganingizni boshqalar sezmasa ham men payqaymen.
— Ha, endi... Siz bilan biz o‘ttiz yildan beri birgamiz. Ne ranju ne mashaqqatlarni boshdan kechirmadik! O‘shal g‘amu alamlarga nisbatan hozirgi azoblarimiz — davosini topsa bo‘ladigan dardlar-ku.
Xo‘ja Kalonbekni yana ter bosdi. U qo‘ynidan ipak ro‘molcha olib, peshonasidan ko‘ziga oqib tushgan terlarini artar ekan:
— Afsuski, yoshim ketib qoldi, — dedi. — Yigitlikda issiq-sovuqni farq qilmas edik. Hozir ellikdan oshdik... Sezib turibmenki, Hindning bodi havosidan bir haftada bir yoshga qarimoqdamen. Eski beklardan Qosimbek qavchin bor edi. Bu yil keksayib, dunyodan ko‘z yumdi. Bu ahvolda men ham ko‘pga bormasmen, hazratim!

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:43:21

— Unday demang, janob Kalonbek. Issiqqa ham odatlanurmiz.
— Movarounnahrday salqin o‘lkalardan chiqqan odam hind issig‘iga o‘rganishiga aqlim bovar qilmaydir!
— Nechun! Asli Shahrisabzning lochin urug‘idan bo‘lgan Xisrav Dehlaviy Hindda yetmish yil umr ko‘rmish. Bunisiga ne deysiz?
Xisrav Dehlaviy — Xo‘ja Kalonbekning sevimli shoirlaridan edi. Dehlidan o‘tganlarida Kalonbek ham Bobur bilan birga Xisrav Dehlaviyning Nizomiddin Avliyo maqbarasiga qo‘yilgan qabrini ziyorat qilgan edi. O‘sha yerda Kalonbek Dehlaviyning «Ro‘y ba Hind ovardoni sohibdilon bechiz nest!» degan mashhur satrini eslagan, «biz ham endi Hindga kelgan sohibdillardanmiz» degandek mag‘rurlangan edi. U paytda hali issiqning tafti bunchalik baland emas edi. Xo‘ja Kalonbekning Hindistondan qaytib ketish istagi ham hozirgichalik kuchli emas edi. Bobur Dehlaviyni eslatish bilan Kalonbekning avvalgi ahdida turolmayotganini aytmoqchi edi.
Xo‘ja Kalonbek buni payqab, tomoq qirdi:
— Hazratim, Dehlaviy ulug‘ odam bo‘lgan, — dedi.— Mening ulug‘ odamlarga tenglashadigan qudratim yo‘q ekan...
— Siz  yana avvalgi e’tiqodlaringizga zid gapirmoqdasiz. Maqsad ulug‘ odamlarga tenglashmoq emas, balki ularning nek ishlarini davom etkazmoq edi-ku. Bizni maftun qilgan hodisa — Xisrav Dehlaviyning qalbida turkiy ulusning qudrati bilan hind elining dahosi bir-biriga payvand bo‘lib, ulug‘ natija berganligi emasmidi?

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:43:38

Xo‘ja Kalonbek e’tirozga so‘z topolmay tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi va dasturxonda turgan limu sharbatiga qo‘l cho‘zdi.
Ular Dehlaviy haqida ilgari ham ko‘p so‘zlashgan edilar. Laxo‘r, Dehli va Agrada Dehlaviyning hind tilida bitgan qo‘shiqlarini musulmonlar ham, otashparast va budparastlar ham to‘yu tomoshalarda kuylab yurganlarining guvohi bo‘ldilar. Dehlaviy Boburdan ikki yuz yil oldin o‘tgan bo‘lsa ham uning g‘azallari, kuylari, qo‘shiqlari xuddi bugun bitilganday yangi va ta’sirli edi. Bobur Dehlaviyning Hindistondagi barcha ellarni ahillikka da’vat etib ketganini, agar bu mamlakat dinu millat nizolaridan baland tursa va tarix maydoniga yakdilu yaktan bo‘lib chiqsa, jahonning eng ulug‘ qit’asiga aylanishi mumkinligini ayta boshladi.
Boburning bu gaplarni aytishdan maqsadi — Xo‘ja Kalonbekni Hindistonda olib qolish edi. Lekin Xo‘ja Kalonbek do‘stlari davrasida chog‘ir ichib o‘ltirganda: «Shu bu yil Hinddan ketmasam yuzim qora bo‘lsin!» — deb qasam ichgan edi. Endi u qasamxo‘r bo‘lib qolmaslik uchun ham Hindistondan ketishga intilmoqda edi. U Boburning nutqi va mantiqi juda zo‘rligini yaxshi bilar, Bobur keltirgan kuchli dalillarga jim turib quloq solar, lekin e’tiroz uchun qulay payt poylar edi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:43:58

— Hindning qadimiy madaniyatini Beruniy qanchalik ulug‘lab yozganini bilursiz, — so‘zida davom etdi Bobur. — Bu elda iste’dodu salohiyat konlari hozir ham beadad. Faqat inqirozli davrlar bu konlarni berkitib ketmishdir. Biz bu konlarni qaytadan ochmog‘imiz mumkin. Hunarmandlar behisob. «Ish topib bersangiz qilg‘aymen», deb muntazir turgan qurur-qurur* zahmatkashi bor. Xazinalarini o‘zingiz ko‘rdingiz. Aholisiyu boyligining ulkanligini yana shundan bilsa bo‘lurki, bizda yo‘q raqamlar bularda bor. Yuz qurur — bir arb*. Yuz arbni qarb derlar. Yuz qarbni nil* derlar. Yuz nil — padam*. Birgina Dehli viloyatidan har yili davlat xazinasiga tushadigan daromad uch qururu oltmish to‘qqiz laku ellik ming tangadan ortiq. Bunday viloyatlar Hindistonda ozmi? Siz shu viloyatlardan qaysi birini ma’qul ko‘rsangiz, shunisini beraylik.
— Hazratim, menga G‘aznini inoyat qilsangiz, marhamatingizdan umrbod minnatdor bo‘lur edim.
— Yana G‘azni deysiz-a! G‘aznida nechog‘lik tangdastlik bilan kun kechirganlarimiz esingizdan chiqdimi? Mahmud G‘aznaviyning buzilgan bandini tiklaymiz deb, uddasidan chiqolmagan edik. Odam topsak, mablag‘ topilmas edi, mablag‘ topsak, yana biron narsa yetishmas edi. Bu yerda hammasi bor. Kuchu qudrat ummonday cheksiz!
— Lekin bu ummon mendek... musofirni nom-nishon qoldirmay yutib yuborishidan qo‘rqamen!

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:46:03

Xo‘ja Kalon «mendek musofirni» deb faqat o‘zi haqida gapirayotganday ko‘rinsa ham aslida u Bobur bilan kelgan barcha vatandoshlarini nazarda tutmoqda edi. «Bu ulkan mamlakatga bir urvoq ham bo‘lolmaymiz, katta xalqqa aralashib yo‘q bo‘lib ketamiz, undan ko‘ra oladigan o‘ljamizni olib, shimolga tezroq qaytib ketaylik», deb yurgan beklar yolg‘iz Xo‘ja Kalon emas edi. Bobur shuni o‘yladi-yu:
— Maqsad nom-nishon qoldirish  bo‘lsa, — dedi,— odam shu maqsadga o‘zini fido qila bilishi kerakmi yo‘qmi? Biz o‘rgangan salqin bog‘lar, ravon ariqlar bu yerda yo‘q. Uzum yo‘q, qovun yo‘q, yax yo‘q. Yaxshi ot yo‘q. Sulton Ibrohimdek podshoning saroyida shamu shamdon ishlatilmas ekan. Yuz-ikki yuz charog‘bon davtiylar tirik shamdon bo‘lib xizmat qilar ekanlar. Chap iliklariga sepoya bor chirog‘ni tutib, o‘ng iliklariga yog‘ solingan kaduni ko‘tarib, ulug‘lariga chirog‘ kerak bo‘lganda o‘trularida shamdonga o‘xshab turar ekanlar... Men buyurdimkim, hunarmandlarga bizning shamdonlaru qandillarni ko‘rsatib, shundaylarini yasatsinlar. Bir oy o‘tmay saroyga yetgulik shamdonu qandil tayyorlandi. Shamgarlik ham joriy etildi. Tok ektirdim, nasib qilsa hind uzumini ham yermiz. Bugun ko‘rib kelgan bog‘imizning o‘rni qanchalik besafo yerlar bo‘lganini ko‘rgan edingiz. O‘lmasak, ushbu yerda Samarqandu Hirotning eng mashhur bog‘u chorbog‘laridan ham go‘zalroq bog‘lar, ko‘shklar barpo etilganini ko‘rurmiz. Samarqandu Hirotda inqirozga yuz tutgan madaniyatni biz endi hind madaniyatiga qo‘shib yuksaltira olsak... Shuning hammasi bizdan nomu nishon bo‘lib, avlodlar xotirasida qolmasmi, bek?
— Hazratim, niyatlaringizning ulug‘ligiga tasanno ayturmen. Lekin vatanimizda qilmagan nek ishlarni begona yurtda qilsak, kim buning qadriga yetur? Ne qilsangiz ham biz kelgindi fotihlarmiz. «Bular yigitlarimizni jangda o‘ldirib, kishvarimizni zo‘rlik bilan olgan», deb ta’na qilmaslarmi? Paytini topganda qasos olmaslarmi?

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:46:35

Bobur og‘ir «uf» tortdi-yu:
— Ne qilay? — dedi. — Men shu orzularni vatanimda ro‘yobga chiqaray deb ozmuncha olishdimmi?
— Sizdan oldin Hindistonni fath etgan Mahmud G‘aznaviy katta o‘ljalar olib, kerakli hunarpeshalarni G‘azniga olib ketib ishlatgan. Ana!...
— Nahotki siz mening Mahmud G‘aznaviyga o‘xshashimni istarsiz?
— Gustohligim uchun ma’zur tuting!
— Axir biz mamlakatni talab, boyliklariniyu hunarpeshalarini olib chiqib ketadigan qaroqchilar emasmiz-ku!
— Bir she’ringizda o‘z yerimizni qo‘yib Hind sari yuzlanganimizni yuzi qarolik deb atagan emasmidingiz, hazratim?
— Atagan bo‘lsam, endi yuzimizga tekkan qaroni yuvib tashlash harakatidamen! Agar biz ham Xisrav Dehlaviydek shu mamlakatga farzand bo‘lsak, butun aqlu zakovatimizni unga baxsh etsak, aminmenki, kelajak avlodlar oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lg‘usidir!
Xo‘ja Kalonbek munozara yo‘li bilan Boburga so‘zini o‘tkazolmasligini endi aniq sezdi.
— Hazratim, sizning metin irodangiz bor, — deb endi Boburni maqtab yumshatishga tirisha boshladi. — Sizning boshingizga tushgan kulfatlar boshqa odamning boshiga tushsa, bardosh berolmas edi. Lekin siz hammasiga bardosh beribgina qolmay, yana shunday ulkan ishlar qilmoqchisizki, bunga jahon tahsin o‘qig‘usidir. Yillar o‘tgan sari men sizning ulug‘ bir siymo ekanligingizni tobora aniq sezmoqdamen. Mana hozir ham sizning yoningizda xuddi ulkan tog‘ cho‘qqisining domonasidagi kichik bir tepachadek, o‘zimga-o‘zim ojiz ko‘rinib ketdim.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:46:50

Xo‘ja Kalonbek ovozi hayajondan titrab, ko‘zi alamdanmi, o‘ksinishdanmi chaqnab gapirmoqda edi. Buni ko‘rgan Bobur uning ko‘nglini ko‘targisi kelib, Dehlaviyning bir satrini eslatdi:
— «Asli kas az kas naboshad kam chu jumla az odamand»*.
— Lekin besh qo‘l barobar emas, hazratim... Mening ahvolim o‘zimga ma’lum. Siz ko‘targan ulug‘ yukka yelkamni tutsam, mayib bo‘lurmen. Meni besh-olti yil tirik yursin desangiz, ruxsat bering G‘azniga boray. Mahmud G‘aznaviydan qolgan o‘sha eski bandni tikla-tib, cho‘lni obod qilay. Bu ishning butun savobini sizga bag‘ishlay.
Bobur bu so‘zlarga e’tiroz qilmay, o‘ylanib qoldi. Xo‘ja Kalonbek ko‘zlagan maqsadiga yetkazadigan yo‘lni endi topganini sezdi-yu, shosha-pisha so‘zida davom etdi:
— Hazratim, iltimosimni qabul eting! Umrimning oxirida duoi joningizni qilib orom olay. O‘lsam, jasadimni G‘azniga qo‘ysinlar. Harna vatanimizga yaqinroq bo‘lg‘aymen.
Bobur Xo‘ja Kalonbekning ko‘zi namlanganini ko‘rdi-yu, o‘zining Humoyunga tayinlagan bir gapi esiga tushdi: «Urushda qon kechib yuribmiz, mabodo vafot etsam, meni Kobulga eltib ko‘mgin» degan edi Bobur. Xo‘ja Kalonbek ketsa, ular yana diydor ko‘risha olarmi-kinlar? Shu o‘y ta’sirida Boburning ham ko‘ngli buzilib, ovozi tovlanib eshitildi:
— Ketingizdan boshqa bek-navkarlar ergashsa... men kim bilan qolg‘aymen?
— Hamma beklar bilan o‘zim gaplashurmen, «podshoh G‘aznidagi bandni tiklash uchungina ruxsat berdilar», dermen.  Hech kim menga ergashmaydigan qilib ketgaymen, bunga ishoning!

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:46:57

Bobur Hirotga, Tabrizga, Balxga, Andijonu Toshkentga odamlar yuborgan, «kimda-kim bizga xayrixoh bo‘lsa Hindistonga kelsin, ulufalar berurmiz, ne istaklari bo‘lsa ado eturmiz» degan qadag‘a*lar yo‘llagan edi. Kobuldagi dorug‘alar keluvchilarning sarfu xarajatlari uchun maxsus mablag‘lar olgan edilar.
— Bo‘lmasa, siz ham... qaerdaki qizilboshlar bilan shayboniyzodalardan bezgan olimu hunarmand, beku navkar ko‘rsangiz, bizning nomimizdan ayting, kelsinlar!— dedi u Xo‘ja Kalonbekka.
— Jonim bilan ayturmen, toki mendek ketganlarning biri o‘rniga yuzi kelsin!
Xo‘ja Kalonbek Boburga bu gaplarni chin dildan aytganday ko‘ringan edi. Ammo Hindistondan ketishga ijozat olgandan keyin Boburga o‘zini ayanch ko‘rsatib yalingani uchun alami keldi. U bek do‘stlari oldida ichgan qasamini qoyillatib bajarganini hammaga namoyish qilgisi, Hindda qolayotganlarni kuydirib ketgisi keldi-yu, Agrada yashagan uyining devoriga bir bayt she’r yozib qoldirdi:

Agar bayxayri salomat guzar zi Sind kunam,
Siyoro‘y shavam, gar havoyi Hind kunam*.

Xo‘ja Kalonbekning uyiga ko‘chib o‘tgan Hindubek bir kun kechki payt bu she’rni yozib kelib Boburga ko‘rsatdi va baytni o‘qigan odamlar hamma joyda shov-shuv gap qilib yurganini aytdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:47:12

Bobur Xo‘ja Kalonning «Hech kim menga ergashmaydigan  qilib  ketgaymen!»  degan  so‘zlarini  esladi-yu:
— Bu kudurat nechun? — deb hayron bo‘ldi. — Nahotki, Xo‘ja Kalon boshqa beklarning ham Hinddan ketishini istasa?
— Bilmadim, bu yerda qolgan beklarning fidoyiligi Xo‘ja Kalonbekning alamini keltirganmi?
— Ha, o‘zi shunday fidoyi bo‘lolmaganining alami bu! — dedi Bobur va qarsak chalib munshini chaqirdi.
Munshi kelguncha o‘rnidan turib, xonai xosning u burchagidan-bu burchagiga asabiy bir tarzda borib keldi. Bir ko‘ngli Xo‘ja Kalonning ketidan chopar yuborib, uni G‘azni hokimligidan bekor qilishga moyil edi. Lekin shuncha yillik qadrdonidan ayrilish, keyin G‘aznidagi vayron bo‘lib yotgan bandni tiklash uchun yana boshqa odam izlash tashvishi uni bu fikrdan qaytardi.
Nima qilish kerak? Xo‘ja Kalonning she’ri Hindistondan ketgisi kelib yurgan beku navkarlarni battar qo‘zg‘atib qo‘yishi aniq. Agar bu bayt uchun Xo‘ja Kalon jazolansa, she’rning ta’siri yanada oshishi aniq.
— Bu bayt devorga yozilganicha turibdimi? — so‘radi Bobur Hindubekdan.
— O‘chirtirib tashladim.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:47:40

— Bekor qilibsiz, bek. Siz o‘chirganingizdan so‘ng bu bayt odamlarning xotirasiga yanada mahkamroq o‘rnashur, she’rning ta’sirini faqat she’r bilan kesmoq mumkin.
Qo‘lida qalam-qog‘ozi bilan xipcha bo‘y, o‘rta yashar munshi ta’zim qilib kirdi.
— Yozing! — buyurdi Bobur unga.
Munshi gilam ustiga cho‘kka tushib, juzdonni tizzasiga qo‘ydi, qog‘ozni kafti bilan tekislab, yozishga tayyorlandi.
Bobur badiha ohangida gapirdi:

— Yuz shukr de Boburki, karimu g‘affor,
Berdi senga Sindu Hindu kishvari bisyor.

«Kishvar» so‘zi vaznga tushmay saktalik berganini sezdi-da, ikkinchi satrni boshqacha qilib takrorladi:

Berdi senga Sindu Hindu mulki bisyor.
Issiqlig‘iga gar senda yo‘qdur toqat.
Sovuq yuzin ko‘ray desang G‘azni bor.

Qayd etilgan