— Bek bo‘ldim, deb mag‘rurlanib zolim bo‘lib ketgan ekanmen. O‘lim to‘shagida yotib o‘zimni tanidim. Menga beklik... to‘g‘ri kelmas ekan, hazratim. O‘zim ham endi mayib odammen. Ijozat bering, mulla tog‘am tarhini chizgan bog‘da suvchimi, gulchimi bo‘lib qolay... Bir vaqtlar Quvada kichkina bog‘chamizdagi dov-daraxtlarni sug‘orishni yaxshi ko‘rar edim...
Bobur ayvonning jimjimalik marmar ustunlari ortidan suzib o‘tayotgan yomg‘ir bulutlariga tikilib og‘ir xo‘rsindi. U Tohirga yaxshilik qilmoqchi bo‘lib beklik unvonini bergani oxir-oqibatda yomonlik bo‘lib chiqqan edi.
— Siz-ku, beklarning kasofat muhitidan suvchi bo‘lib qutulmoqchisiz. Lekin men qandoq qutulgaymen?
Bu savol Tohirni shoshirib qo‘ydi.
— Siz... podshohsiz, hazratim. Beklar sizning itoa-tingizdalar.
— Itoatimda bo‘lib itoat etdirurlar... Bularning shunday girdoblari borki, sal bexabar qolsangiz g‘arq qilib yuborurlar... Men So‘xda sizga aytgan gaplarim esingizdami?
— Men u so‘zlaringizni hech vaqt unutmasam kerak...
— O‘shanda, siz, umrbod huzuringizdan ketmasmen, degan edingiz-ku!
— Hazratim, men u vaqtda sog‘lom yigit edim... Hozir ahvolim bu...
— Saroyda mening xilvatxonamga qaraydigan durust odam yo‘q. Shu ishni siz olsangiz.
Xilvatxona — Boburning yolg‘iz o‘tirib ijod qiladigan joyi ekanini Tohir bilar, Bobur hayotining eng dilkash tomoni uning ijodida ekanini sezardi. Lekin saroyning murakkab, bo‘g‘iq muhitidan ko‘ngli qolgan Tohir bog‘da, tog‘asining yonida ishlashni istardi.
— Hazratim, qulingizni ma’zur tuting. Men bog‘da ishlaymen, deb ahd qilgan edim...
— Bog‘da ham xilvatxona bo‘lur, — dedi Bobur. — Qurib bitirilsa unga ham siz qaragaysiz. Ma’qulmi?
Endi «yo‘q» deyishning iloji qolmadi. Boburning so‘zini ikki qilib o‘rganmagan Tohir qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi-yu, rozilik berdi.