Qozonda karundi daraxtining nordon mevasidan qo‘shib tayyorlangan mazali qayla pishib turibdi. Bobur bu qaylani yaxshi ko‘rishini Bahlul bilar edi. U sekin qo‘yin cho‘ntagiga qo‘l solib, to‘rt buklog‘liq qog‘ozni oldi. Oshxonada hech kim yo‘q. Bakovullar narigi xonada mast bo‘lib ashula aytishyapti, shamol aralash yomg‘ir yog‘yapti.
Bahlul zaharni qozonga solmadi — bakovullarning aroqqa qaylani gazak qilish odatlari bor, yeb ko‘rishsa, zaharlanib, bildirib qo‘yishlari mumkin. Shuning uchun oshpaz zaharni Bobur ovqat yeydigan chinni laganga yupqa lochira non ustiga sepa boshladi. Birdan shamol tashqi eshikni qarsillatib yopti. Bahlulga kimdir kelayotganday tuyuldi-yu, zaharning qolganini qozon tagida yonib turgan olovga otdi. Keyin chinni lagandagi zahar sepilgan lochira ustiga tez-tez qaylani soldi.
Oradan sal vaqt o‘tgach, savdar kirdi, quyon go‘shtidan qilingan qovurdoqni va qayla solingan chinni laganni Bobur ovqat yeb o‘tirgan xo‘rakxonaga olib chiqib ketdi.
Ahmad choshnagir bu zaharni ta’midan bilib bo‘lmasligini, uning ta’siri asta-sekin bilinishini aytgan edi. Bahlul sir ochilguncha qo‘rg‘on darvozasidan chiqib ketish umidida edi. Ammo u oshxona eshigidan chiqayotganda shirakayf bakovullardan biriga duch keldi.
— Qani, quyon go‘shtidan bizga ham qoldirdingmi?
— Qayla bor, sohib.
— Yo‘q, quyon qovurdog‘i kerak!
— Qovurdoq oz edi, hammasini hazratga berib yubordim. Qayla yey qoling, gazakka yaxshi.