SEKRI
QAYTA KO‘Z OCHGAN BULOQ
1
Boburning maxsus taklifi bilan Hirotdan Agraga kelayotgan mavlono Xondamir, shoir Shihob Muammiy va mudarris Ibrohim Qonuniy uch oyga yaqin yo‘l yurdilar.
Badvahima Xaybar dovonidan o‘tib, sersuv Sind daryosidan kechib, changalzor o‘rmonlarni oralab borar ekanlar, mavlono Xondamir olamning naqadar ulkanligini endi birinchi marta astoydil his qildi. Haftalar, oylar davomida otliq safar qilib oxiriga yetib bo‘lmaydigan bag‘ri keng o‘lkalar hammasi endi yaxlit bir davlat bo‘lib birlashganligi, Balxdan Kobulgacha, undan Laxo‘r va Dehligacha hamma joyda Boburning muhri bosilgan farmonini beto‘xtov ado etishlaridan sezilar edi. Bu farmonga muvofiq Xuroson va Movarounnahrdan Boburning taklifi bilan kelayotgan ilmu san’at ahlini, hunarpeshalarni barcha viloyat hokimlari, barcha qo‘riqchi askarlar va bekat nazoratchilari qo‘shni davlat elchilariga ko‘rsatiladigan izzat-ikrom bilan kutib olib, kuzatib qo‘yishlari kerak edi. Yo‘llarda hali qaroqchilar tugatilmagan, tartib o‘rnatilmagan notinch shahar va qishloqlar bor edi. Xondamir va uning hamrohlarini bunday joylardan «badraqa» deb ataladigan ikki yuz-uch yuz kishilik qo‘riqchi askarlar o‘tkazib qo‘yishardi.
Karvonsaroylarda ham ularni «podshohning xos mehmonlari» deyishib, eng yaxshi xonalarga joylashtirishar, qo‘llaridagi qog‘ozlariga binoan kundalik taomlari uchun bepul guruch, go‘sht, yog‘ berishar, tag‘in mayda xarajatlari uchun maxsus ulufa ham to‘lashardi. Charchagan ot-ulovlarini almashtirishlari kerak bo‘lib qolsa, yomchilar boquvdagi ot-ulovlaridan ularga birinchi navbatda berishar edi. Kobuldan Dehligacha bo‘lgan minglab chaqirim yo‘l bo‘yidagi karvonsaroylar va yomlar Boburning harakatlari bilan shunchalik obod va shunchalik yaxshi ishlab turar edi.