Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 403778 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 68 69 70 71 72 73 74 75 76 77 78 B


shoir  10 Yanvar 2008, 22:10:24

Beklar hamon Baydaning o‘ldirilishini talab qilmoqda edilar:
— Bu yalmog‘izni quturgan filning oyog‘i tagiga tashlab qatl ettirmoq kerak!
— Yoki oyoq-qo‘lini chirmab bog‘lab, baland minora ustiga yotqizib qo‘ymoq darkor — go‘shtini quzg‘unlar yeb, ko‘zlarini cho‘qib ketsin!
Malikaga zimdan tikilib turgan Bobur so‘nggi takliflardan Baydaning rangi o‘chib, yuzi ko‘kimtir tusga kirganini ko‘rdi. Shunda Muhammad Do‘ldayning ishorasi bilan beklar jim bo‘ldilar. Bobur malika tushunadigan forsiy tilda:
— Janob beklar taklif qilgan jazolar barchasi asosli,— dedi. — Biroq xiyonatchi malikaga bularning hammasidan ham og‘irroq bir jazo bor. Bu xonimning gapiga qaraganda, hamma yetimu yesirlar uchun joni achir emish, zaharni o‘shalarning ko‘z yoshlaridan tayyorlagan emish! Biroq buning o‘g‘li Ibrohim Lodi el-ulusga ozmuncha zulm o‘tkazganmi? Ozmuncha odamni yetimu yesir qilganmi? Ibrohim sababchi bo‘lgan ichki urushlarda har yili qancha odam halok bo‘lgan edi, janob Koroniy? Siz bilsangiz kerak?
— Hazratim, menda hisoboti bor: so‘nggi uch yil davomida sulton Ibrohim boshlagan ichki urushlarda bizdan yuz yigirma ming odam halok bo‘lmishdir.
— Uch yilda bir yuzu yigirma ming! — xitob qildi Bobur. — Ibrohim Lodi esa o‘n yildan ortiq taxtda o‘ltirgan! Hindistonda odam ko‘p. Yuz mingi ichki urushda halok bo‘lsa, Ibrohim yana yuz mingini pulga yollagan. Agar Ibrohimning onasi bo‘lmish bu xonim o‘lgan navkarlargayu ularning yetim-esirlariga astoydil jon kuydirsa, nechun yuz minglab odamlarning behuda o‘lib ketishlariga yo‘l qo‘ygan? Nechun o‘g‘lini bunday nojo‘ya qirg‘inlardan qaytarmagan?!

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:10:41

— Men faqat ona edim, podshoh o‘g‘limga amr-farmon berolmas edim! — deb malika Bayda endi o‘zini himoya qila boshladi.
— Nojo‘ya ichki qirg‘inlarni to‘xtatishga amr-farmon bermoq uchun mana biz bel bog‘ladik! — dedi Bobur. — Tangridan umidimiz borki, bu ulug‘ mamlakat endi yagona markaziy davlat atrofiga jipslashgusidir. Biz Hindni obodu qudratli qilmoq orzusidamiz. Bizga hamkoru hamnafas hind beklari, fuzalolari, hunarpeshalari ko‘p. Bizni zaharlab o‘ldirmoqchi bo‘lgan bu makkor xonim uchun eng og‘ir jazo shuki, biz mana, tirikmiz! Bu xonimning o‘ziyu o‘g‘li qilolmagan ulkan ishlarni biz qilmoqdamiz!
Malikdod Koroniy birdan yengil tortib:
— Hazratim lutf qildilar! — dedi.
— Bu malika, — deb davom etdi Bobur, — shu daraja beva-bechoraga jonkuyar bo‘lsa.. Abdukarimbek!
Baydaga yaqin bir joyda o‘tirgan shig‘ovul sakrab o‘rnidan turdi. Bobur unga buyurdi:
— Bu malikaning barcha molu dunyosini musodara qilib, Jamna bo‘yida bir buq’ai xayr* qurdiring. Barcha xizmatkorlari o‘sha buq’ada xizmat qilsin, malikaning butun boyligi, molu dunyosini yetim-esirga xayr-ehson qilib ulashsinlar.
— Bosh ustiga! — deb Abdukarim bu farmonni ta’zim bilan qabul qildi.
— Malikani to umri yetgunicha tirik saqlash ham sizga topshirilur, janob Abdukarimbek!
— Tirik?! — hayron bo‘lib so‘radi shig‘ovul.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:11:02

Boshqa a’yonlar ham taajjublanayotganini ko‘rgan Bobur ovozini ko‘taribroq gapirdi:
— Malika bizning bundan keyingi zafarlarimizni ham ko‘rsin. Yomonlikka yaxshilik qilish mard kishining qo‘lidan kelishiga amin bo‘lsin. Agar malikada vijdon bo‘lsa, o‘g‘li qilmay ketgan ishlarni biz qilganimizni ko‘rib vijdoni azoblansin. Agar vijdoni bo‘lmasa, ichida faqat baxillik chayonlari bo‘lsa, bu chayonlar o‘zini chaqib yotaversin. Malikaga bundan o‘zga jazo munosib emasdir!
Bek va a’yonlarnnig pichir-pichirlari orasidan allakimning:
— Hazratim tantilik qildilar! — degan quvonchli xitobi eshitildi.
O‘z o‘limini ham o‘tkir bir qurolga aylantirmoqchi bo‘lib kelgan malika Bayda endi bu qurolidan ayrilganini sezdi. Shu paytgacha u ajali yetganiga shubha qilmas edi. Endi birdan yana yashash umidi paydo bo‘ldi. Malikaning o‘lim sovug‘idan muzlagan qalbiga hayotning iliq nafasi tegdi-yu, ko‘nglini bo‘shashtirib yubordi.
Malika yuzini qo‘llari bilan to‘sib, yelkalari silkina-silkina yig‘lay boshladi.

_____________
* B u q ’ a i  x a y r — xayr-ehson uyi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:11:25

SEKRI
QAYTA KO‘Z OCHGAN BULOQ

1


Boburning maxsus taklifi bilan Hirotdan Agraga kelayotgan mavlono Xondamir, shoir Shihob Muammiy va mudarris Ibrohim Qonuniy uch oyga yaqin yo‘l yurdilar.
Badvahima Xaybar dovonidan o‘tib, sersuv Sind daryosidan kechib, changalzor o‘rmonlarni oralab borar ekanlar, mavlono Xondamir olamning naqadar ulkanligini endi birinchi marta astoydil his qildi. Haftalar, oylar davomida otliq safar qilib oxiriga yetib bo‘lmaydigan bag‘ri keng o‘lkalar hammasi endi yaxlit bir davlat bo‘lib birlashganligi, Balxdan Kobulgacha, undan Laxo‘r va Dehligacha hamma joyda Boburning muhri bosilgan farmonini beto‘xtov ado etishlaridan sezilar edi. Bu farmonga muvofiq Xuroson va Movarounnahrdan Boburning taklifi bilan kelayotgan ilmu san’at ahlini, hunarpeshalarni barcha viloyat hokimlari, barcha qo‘riqchi askarlar va bekat nazoratchilari qo‘shni davlat elchilariga ko‘rsatiladigan izzat-ikrom bilan kutib olib, kuzatib qo‘yishlari kerak edi. Yo‘llarda hali qaroqchilar tugatilmagan, tartib o‘rnatilmagan notinch shahar va qishloqlar bor edi. Xondamir va uning hamrohlarini bunday joylardan «badraqa» deb ataladigan ikki yuz-uch yuz kishilik qo‘riqchi askarlar o‘tkazib qo‘yishardi.
Karvonsaroylarda ham ularni «podshohning xos mehmonlari» deyishib, eng yaxshi xonalarga joylashtirishar, qo‘llaridagi qog‘ozlariga binoan kundalik taomlari uchun bepul guruch, go‘sht, yog‘ berishar, tag‘in mayda xarajatlari uchun maxsus ulufa ham to‘lashardi. Charchagan ot-ulovlarini almashtirishlari kerak bo‘lib qolsa, yomchilar boquvdagi ot-ulovlaridan ularga birinchi navbatda berishar edi. Kobuldan Dehligacha bo‘lgan minglab chaqirim yo‘l bo‘yidagi karvonsaroylar va yomlar Boburning harakatlari bilan shunchalik obod va shunchalik yaxshi ishlab turar edi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:11:36

Xondamir yo‘llarda, bekatlarda Hindistonga borib kelayotgan elchilar, sayyohlar va savdogarlarni ko‘p uchratardi. Bultur Agradan ellik chaqirimcha g‘arbdagi Sekri degan joyda Bobur Rano Sango bilan urushib, Panipatdagidan ham ulkanroq g‘alabaga erishgandan keyin uni astoydil tan olib, elchi yubora boshlagan podshohlar ko‘payib qolgan edi. Xondamir Laxo‘rda uchratgan qizilboshlarning elchisi Shoh Taxmasi I* nomidan g‘alati sovg‘alar olib bormoqda edilar. Bu sovg‘alar orasida oq tuyaning zar uqali kajavasida parvarishlab olib ketilayotgan ikkita go‘zal cherkas qizi ham bor edi. Shoh Taxmasi bu qizlarni Boburning haramiga atab yuborgan edi.
Xondamir Dehlidan shimolroqdagi bir bekatda samarqandlik va toshkentlik elchilarni ham uchratdi. Sekridagi g‘alabaning shuhrati atrof mamlakatlarga yoyilganidan keyin Bobur Hindistonda tuzgan yangi davlatni uning ashaddiy dushmanlari bo‘lgan shayboniyzo-dalar ham tan olgan edilar. Hozir Samarqand taxtida o‘ltirgan Ko‘chkinchixonning elchisi Boburga Samarqandning soyaki mayizlaridan, Konibodomning subhoni o‘riklaridan, Buxoroning o‘tkir maylaridan, Movarounnahrning boshqa noyob ne’matlaridan yetti tuyaga sovg‘a-salom yuklab, yoniga ikki yuzta yaxshi otni ham tortiq qilib qo‘shib keltirgan edi. Bobur bu elchini o‘zining Jamna bo‘yida qurdirgan yangi Hasht Bihisht bog‘ida xonlar o‘tiradigan oq kigiz ustiga o‘tqazib, kamoli ehtirom bilan qabul qilgan edi. Boburning qabulidan va sovg‘a-salomlaridan mamnun bo‘lib qaytayotgan xon elchisi Xondamirga maqtandi:

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:12:08

— E, mavlono, biz Hindistonda ko‘rgan xirmon-xirmon oltinlarni hali hech kim ko‘rmagandir. Bobur mirzo quyma oltindan qilingan taxtda o‘ltiribdir. Taxtning pastiga katta gilam to‘shalgan ekan. Viloyat hokimlari har yili beradigan oltinlarini shu gilamning ustiga keltirib to‘kdilar. Birpasda oltindan katta xirmon ko‘tarildi.
Bobur shayboniyzodalarning oltinga suq odamlar ekanini bilgani uchun elchining ko‘zi oldida ataylab shunday xirmon ko‘targanini Xondamir ich-ichidan sezib kuldi:
— Janob elchi bu xirmondan kapsan olmadilarmi?
— Podshoh bizga qimmatbaho sarupolar kiydirdi. Gilam ustidagi oltindan hazrat Ko‘chkinchixonga atab sovg‘a berildi. Oltin tangalarni sanab ham o‘ltirmadilar. Ikki yuz ellik misqolni bir kumush tosh bilan tortib berdilar — qo‘ydilar.
— Ikki orada biron shartnoma tuzildimi?
— Ha, bemalol bordi-keldi qiladigan bo‘ldik. Savdo-sotiq tiklandi. Aloqalar ilgarigidan yaxshiroq ravnaq topg‘usidir. Biz bulardan ipak, ziravor olurmiz. Bularga ho‘lu quruq mevalar, ot-ulovlar soturmiz... Yo‘li uzoq bo‘lsa ham korvonlarimiz ishtiyoq bilan kelib ketadi. Chunki Bobur mirzo butun qalamravida tamg‘a* solig‘ini bekor qilmishlar. O‘zbek, turkman, tojik, hind, arab, ajam, fors — qo‘yingki, hamma bani bashar* bu og‘ir soliqdan xalos bo‘lib, daromadlari oshibdi. Hunarmandu savdogarlar ham shunisidan juda mamnun. Faqat Bobur podshoning bir amri bizga ma’qul kelmadi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:12:35

— Qaysi amri? — qiziqib so‘radi Xondamir.
— Butun mamlakatida may ichish man etilmishdir. Bobur mirzoning o‘zi ham «minba’d ichmaymen», deb butun el oldida tavba qilibdirlar. Bazmlari ichkiliksiz... muzdakkina!
Ko‘chkinchixonning elchisini ko‘ngilsizlantirgan bu yangilik Xondamirning ruhini ko‘tardi. Husayn Boyqaroni va uning o‘g‘illarini ichkilik balosi qay darajada xarob qilgani hali mavlononing esidan chiqqan emas edi. Bundan to‘qqiz yilcha burun Bobur Hirotga ikkinchi marta borganda Xondamir uning ham mayxo‘rlikka ruju qila boshlaganini ko‘rgan, «Nahotki, bu nodir siymo ham boshqa ko‘p temuriylar singari iste’dodini ichkilikka boy bersa!» deb tashvishlangan edi. Elchining hikoyasi uning mana shu tashvishini tarqatib yubordi.
Xondamir bu uzoq va mashaqqatli safarga Boburni orqa qilib chiqqan edi. Yoshi ellikdan oshayotgan olim bu uzoq yurtlardan Hirotga sog‘-salomat qayta oladimi, yo‘qmi, hali o‘zi uchun qorong‘i edi. U Bobur tufayli mana shu qorong‘ilikni bo‘yniga olib kelmoqda edi. Endi yo‘llarda Boburning irodasi va aql-zakovatidan dalolat beradigan nimaiki uchra-sa, hammasi mavlononing qalbidagi mash’um qorong‘ilikni quvayotganday bo‘lar va yorug‘ bir istiqbolga ishonch uyg‘otar edi.
Xondamir Agraga kelib kirganda daryo bo‘yiga qurilgan Hasht Bihisht va Zarafshon bog‘larini, marmarlariga chiroyli gullar solib ishlangan tosh imoratlarni, tomlari maysalar bilan bezangan tillakori tolorlarni*, chaman-chaman gullari ko‘zni qamashtiradigan gulzorlarni ko‘rdi. Bu ulug‘vor go‘zalliklar mavlononing kela-kelguncha ko‘rgan va eshitganlariga qo‘shildi-yu, u Boburni avvalgidan boshqacha favqulodda qudratli bir qiyofaga kiritib tasavvur eta boshladi...

_________________
* T a x m a s i I — Shoh Ismoilning o‘g‘li. 1524-yilda Shoh Ismoil vafot etgach, Taxmasi uning o‘rniga shoh bo‘ladi.
* T a m g‘ a — qo‘shimcha daromad solig‘i.
* B a n i  b a sh a r — odam farzandi.
* T o l o r — shiypon.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:12:55

*  *  *

Lekin Bobur so‘nggi yillarda ko‘p kasal bo‘lib, juda ozib ketgan, jussasi xiyla kichrayib qolgan edi. Xondamir uning o‘zini qanchalik oldirib qo‘yganini Sekri tog‘iga sayrga chiqqanlarida oftob yorug‘ida juda aniq ko‘rdi. Bobur Sekri tog‘ining mo‘’jazligi va tekis joyga tushganligi O‘shdagi Buratog‘ni eslatishi haqida gapirar, tog‘ etagidagi ko‘l ichiga qurilayotgan toshsupani qo‘li bilan ko‘rsatar, pastda qulf urib o‘sgan yam-yashil bog‘ va daraxtlar orasidan ko‘rinib turgan yangi imoratlar qanday barpo bo‘lganini hikoya qilardi.
Xondamir esa uning suyagi bo‘rtib qolgan ozg‘in yuziga, ko‘z atroflari va peshonasidagi qavat-qavat ajinlariga, uyqusizlikdan ichiga botib ketgan qovoqlariga qarab, ich-ichidan unga kuyunar edi.
Tog‘dan ko‘l tomonga tushib borayotganlarida Bobur Xondamirning bu kuyunishini sezganday bo‘lib:
— Mening taqdirim g‘alati, mavlono, — dedi. — Atrofimni obod qilganim sari o‘zim so‘lib bormoqdaman.
— Unchalik emasu... har qalay, o‘zingizga ham ko‘proq g‘amxo‘rlik qilishingiz zarurmikin?
— Zarurlikka zarur. Lekin mamlakat qanchalik ulkan bo‘lsa, uni idora etish shunchalik qiyinlashar ekan. Men zo‘r bir davlat tuzish maqsadini zimmamga olganimda buning qanchalik mushkul ekanini tasavvur qilmagan ekanmen. Tunu kun mehnat, tashvish, o‘t, olov... Xuddi harakatdagi vulqonlar orasiga tushib qolgandekmen. Ko‘zlagan maqsadim amalga oshguncha umrim yetgaymi, yo‘qmi, bilmaymen.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:13:16

— Niyatni butun qilmoq kerak, hazratim. Siz hali yigit yoshidasiz, alhol qirq olti yoshdasiz.
— Ammo Hindga kelganimdan beri har yili besh-o‘n yillik umrim sarf bo‘lgandek tuyulur. Isitma, uyqusizlik...
Xondamir Boburning Hindistonga kelib tuzgan yangi devonini bugun ertalab o‘qigan edi. Shu devondagi bir ruboiy hozir uning esiga tushdi:
Jismimda isitma kunda mahkam bo‘ladur,
Ko‘zdin uchadur uyqu chu oqshom bo‘ladur.
Har ikkalasi g‘amim bila sabrimdek,
Borg‘on sari bu ortadur, ul kam bo‘ladur.
Boburning uyqusiz tunlardan kirtaygan ko‘zlari sal shamol tegsa yoshlanadigan bo‘lib qolgan edi.
— Tabiblar uyqusizlikning davosini bilar edilar-ku?
— Hirotlik xos tabibimiz Yusufiy muolaja qilib ko‘rdi. Bo‘lmadi. «Sizga orom kerak» deydir. «Davlat tashvishlarini unuting», deydir. «Kechalari she’r yozmang», deydir. Ammo... davlat tepasida o‘ltirib, uning tashvishini qanday unutish mumkin? Faqat she’r yozganda, ijod qilganda bu tashvish xayolimdan ko‘tariladir. Lekin Agrada bo‘lsam ijodga ham fursat topolmasmen. Kechasi ham, kunduzi ham davlat tashvishi... Bezor bo‘lib, mana shu Sekriga chiqib keldim. Ijod uchun bu yer tinchroq... Anchadan beri masnaviy yozmoqdamen. Sanasam, bir kecha-kunduzda ellik bayt masnaviy bitibmen.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:13:42

Bobur xastaligi ustiga ko‘p ishlab o‘zini juda toliqtirib qo‘yganini, uyqusizlikning bir sababi shu ekanini, tabib kechalari she’r yozishni man qilishi to‘g‘riligini Xondamir sezib borardi-yu, lekin buni aytishga andisha qilardi. Tabiatan orom nimaligini bilmaydigan Bobur o‘zini ayamay ishlab o‘rganib qolgan edi, u bir kunda shuncha she’r yozganidan mamnun bo‘lib yurganda uni bu mamnuniyatdan ham mahrum qiladigan nasihat gap aytish mavlonoga o‘rinsiz tuyuldi.
— Ishqilib, xudo sizga quvvat bersin, — deb qo‘ya qoldi.
Bobur mavzuni yangilagisi kelib:
— Mavlono, «Habib us-siyar*»ni necha yil yozgansiz?— dedi.
— O‘n bir yil. Lekin hali xatm qilgan emasmen. Xotirjamlik bo‘lganda Hirotda xatm qilmoqchi edim. Lekin yigirma yildan beri sunniyparastlar bilan shiaparastlar Hirotni bir-birlaridan tortib olib, goh o‘tga urdilar, goh suvga...
— Ho‘ o‘shanda... Unsiyaning minorasida turib so‘zlashganimizda «Hirotning tole quyoshi botib ketmasmikin? — deb iztirob chekkan edingiz. Shu iztiroblar bari o‘rinli ekan-da.
— Hirotda tole ketganda Samarqand bizga quchoq ochib tursa ekan! Shia-sunniy adovati Movarounnahr bilan Xurosonu Eronning madaniy aloqalarini uzib tashladi. Bu aloqalardan qancha avlodlar bahra olgan edi, qancha iste’dodlar kamol topgan edi. Johil sultonlar Movarounnahrni biqiq muhitga solib qo‘yib, xurofot bilan bid’atga yem qilmoqdalar. Samarqanddan kelgan bir olim yig‘laguday bo‘lib aytib berdi. Obirahmat bo‘yidagi uch oshiyonlik Ulug‘bek rasadxonasi vayron bo‘lmishdir. Shahar hokimining parvoyiga kelmas emish. Johillar nurab yotgan rasadxonaning g‘ishtlarini olib ketib, o‘z hovlilariga ishlatmoqda emishlar.

Qayd etilgan