Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 403810 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 69 70 71 72 73 74 75 76 77 78 B


shoir  10 Yanvar 2008, 22:14:07

— Biz o‘zga yurtga kelib imoratlar qurganda ular o‘z yurtimizdagi obidalarni buzmoqdalar! Charxning bundan achchiq kinoyasi bo‘lurmi, mavlono? Shuni o‘ylasam, o‘z yerimizni qo‘yib, Hindga ko‘ngil berganim menga xuddi oqibatsizlikdek ko‘rinadir!
— Biroq falakning gardishi shuni taqozo qilsa, odam iloj topolmas ekan-da. Mana, men ham sizdan ibrat olib, Hindga keldim-ku! Muarrix bo‘lganligim uchun tarixiy zarurat bizdan zo‘r bo‘lishini ko‘p sezmishmen.
Bobur Xondamirning so‘nggi gapiga qiziqib, otini uning otiga yaqin yurgiza boshladi.
— Darhaqiqat, tarix alohida shaxslar irodasiga bo‘ysunmas ekan, — dedi Bobur. — Oyog‘ingiz tagidagi tog‘ pastga qarab ko‘chsa, siz yuksakka qanchalik intilmang, tog‘ ko‘chkisi bilan birga pastga qulab ketar ekansiz. Endi o‘ylab ko‘rsam, Movarounnahrdagi ko‘chkilar meni xuddi shu ko‘yga solgan ekan. Biroq siz qadam qo‘ygan tog‘ ichdan ko‘tarilib o‘sib borsa, ko‘zlagan yuksakligingizga qanday ko‘tarilganingizni o‘zingiz sezmay qolur ekansiz. Hindiston menga ichdan ko‘tarilib o‘sib boruvchi tog‘dek tuyuladir, mavlono. Shuning uchun Samarqandu Andijonda qilolmagan ishlarimni bu yerda qilish umididamen!

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:14:30

— Mening nazarimda ham endigi yuksalish asri Hindga ko‘chganga o‘xshaydir. Jaholat quvgan juda ko‘p ilmu san’at ahli sizdan panoh istab Hindga kelishlari bejiz emasdir. Chunki falakning gardishi o‘zgardi. Axir bir vaqtlar Xurosonu Movarounnahr ham ichdan ko‘tarilib o‘sib boruvchi tog‘dek yuksalgan emasmidi? Xorazmda — Beruniy, Buxoroda — Ibn Sino, Tusda — Firdavsiy, Bolasug‘unda — Yusuf Xos Hojib— bular hammasi bir-biriga asrdosh. Shuncha zo‘r siymolar chiqqan asr — bizning ulug‘ bir yuksalish asrimiz edi. Chingizxonning ko‘chmanchi o‘rdalari bosib keldi-yu, madaniy taraqqiyotimiz iplarini bir necha asrga uzib tashladi. Ulug‘bek davrida Samarqandda, Navoiy davrida Hirotda juda ko‘p madaniy daholar yana uyg‘ondi. Yangi yuksalishlar asri boshlandi. Lekin kajraftor falak buni ham bizga ko‘p ko‘rdi! Yana chingiziy sultonlar madaniy taraqqiyot iplarini uzib, chalkashtirib yubordilar... Faqir Hirotda topolmay yurgan kalavaning uchini shu yerda topgandek yengil tortmoqdamen. Musofirlik juda og‘ir bo‘lsa ham, lekin bashariyat yashab turgan shu keng olamda yangi daholari uyg‘ongan, ilmu san’atga astoydil yo‘l ochilgan Hindning borligi qalblarga quvvat beradir... Men endi «Habib us-siyar»ning so‘nggi tahririni shu yerda, qanotingiz ostida tugallash umididamen.
— Bajonidil!.. Bizdan neki ko‘mak zarur bo‘lsa tortinmay ayting.
— Faqir Hazrat Mir Alisherning kutubxonalarida ko‘p yil ishladim. Husayn Boyqaro hazratlarining kutubxonalaridagi nodir qo‘lyozmalardan ham ko‘p foydalandim... Endi... bu kutubxonalar Hirotda qoldi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:14:50

Xondamir Boburning ham ellik kishi ishlaydigan ulkan kutubxonasi borligini bilar, Hirotdan topilmaydigan nodir manbalar bu yerdan topilishi mumkinligiga ishonar edi. Biroq podshohning xos kutubxonasiga ancha-muncha odam yo‘lay olmaydi. Xondamir shuni o‘ylab, gapining davomini aytishga iymandi.
— Siz bizni deb shuncha joydan kelibsizu biz kutubxonamizni sizdan ayagaymizmi, mavlono? — dedi Bobur uning iymanish sababini sezib. — Abdulla kitobdorga buyurgaymen, sizga neki asar zarur bo‘lsa topib bergay. Kutubxonada hindistoniy kitoblar ham ko‘p. Abdulla kitobdorning ixtiyorida sanskritni yaxshi biladigan tarjimon olimlar bor. Shulardan bir-ikkitasini sizning ixtiyoringizga berurmen, neki xizmatingiz bo‘lsa ado eturlar.
— Toabad minnatdormen, hazratim! Gustoxlik sanalmasa, yana bir erkaligim bor...
— Marhamat, mavlono.
— Hirotda o‘zingiz yozgan sarguzashtlaringizdan parcha o‘qib bergan edingiz. Meni maftun etgan edi. Agar shu asaringizning tayyor qismlari bo‘lsa, men uchun... eng aziz, eng nodir manba bo‘lur edi. Chunki siz boshdan kechirib, tadqiq etgan tarixiy voqealarni boshqa hech kim shunday yaxshi tadqiq etgan emas...
Bobur otining chimirilgan quloqlariga tikilib bir oz jim bordi. U ikki yildan beri

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:15:15

«Boburnoma»ni boshidan qaytib ko‘chirib, yaxlit bir asar holiga keltirmoqda edi. Bultur yoz issiqlari tugab, yomg‘ir fasli boshlanganda juda qattiq shamol ko‘tarilgan. Bobur chodirda ishlab o‘ltirganda yomg‘ir aralash kelgan dovul uning chodirini yiqitib, qo‘lyozmalarning o‘nlab varaqlarini uchirib ketgan edi. Butun-butun boblarni yomg‘ir-dovul halok qilgan edi. Ularni tiklash uchun haligacha yaxlit bir vaqt topilmas edi. Qo‘lyozmani shu ahvolda Xondamirga bersa to‘g‘ri bo‘larmikin?
— Men o‘ylab ko‘ray, mavlono.
Bu orada ular Sekri tog‘ining etagidagi buloqqa yaqinlashdilar. Atrofi orasta qilib qo‘yilgan suvi muzday buloq Boburning yaxshi ko‘rgan joylaridan biri edi. Shu yerda Xondamir ikkovlari otdan tushdilar.
Tiniq mavjlarga toza qumlar qo‘shilib qaynab chiqayotgan buloq sokin gulzorlarni oralab, shildirab oqmoqda edi.
— Atrof shunday sokin, — dedi Xondamir. — Ko‘l bo‘yida qurilishlar... Bundan ikki yil burun shu Sekrida Rano Sango bilan dahshatli janglar bo‘lganini tasavvur etish mushkul.
Mana shu atroflarda bo‘lib o‘tgan qirg‘inning eng tahlikali damlari Boburning tasavvurida qaytadan gavdalandi. O‘shanda u naq o‘limni bo‘yniga olib qo‘ygan edi.
Zahar asorati hali ketmagan. Bobur asta-sekin darmonga kirib, sog‘lig‘ini tiklayotgan kunlarda navbatdagi hayot-mamot kurashi boshlandi. Bu gal eng jangovar rajput qo‘shinlarining sarkardasi Rano Sangram Sing to‘qson ming qo‘shin to‘plab, Boburga qarshi jangga otlandi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:16:11

Holbuki Bobur Kobulda ekanida Rano Sangram bir necha marta elchilar yuborib, uni Hindistonga taklif qilgan va Ibrohim Lodiga qarshi kurashga chorlagan edi. Rano Sangram o‘g‘li Bikramaditni oraga qo‘yib tuzgan shartnomada «agar Bobur hazratlari bizni Ibrohim Lodi zulmidan xalos qilsalar, uni oliy hukmdorimiz deb tan olurmiz» deyilgan joyi ham bor edi.
Ehtimol, u paytda Rano Sangram Boburni «Hindis-ton issiqlariga bardosh berolmas, oladiganini olib qaytib ketsa, mamlakat o‘zimizga qolar», deb o‘ylagandir. Ammo Bobur Hindistonda mahkam o‘rnashib, ikki yildan buyon katta qurilishlar qilayotgani va ulkan bog‘lar, toshhovuzlar, qasrlar bunyod etayotgani Rano Sangramning avvalgi umidini puchga chiqardi. Surishtirib qarasa, Boburning qo‘shini hali ham o‘n besh mingdan ortiq emas. Rano Sangram esa barcha rajput roa va ranolari bilan til biriktirib, bundan olti barobar ortiq qo‘shin to‘pladi. Yana Ibrohim Lodining ukasi Mahmud Lodi ham yigirma ming suvoriy bilan unga yordamga keldi. Rano Sangram mingdan ortiq jangovar filni oldinga chiqarib, yo‘lida uchragan to‘siqlarni parchalab, yanchib, Bobur tomonga bostirib kela boshladi. Ichkarida fitna, xiyonat. Bobur laxo‘rlik Olamxonni ikki ming qo‘shin bilan Gvalior himoyasiga yuborgan edi, u odam yo‘lini bexatar tomonga burib, askari bilan Panjobga qochdi. Hasanxon degan yana bir afg‘on sarkardasi olti yuz navkari bilan Bobur qarorgohidan yashiriqcha chiqib, tunda dushmanga borib qo‘shildi.
Shuning ustiga Muhammad Sharif degan munajjim:
«Mirrix g‘arb tomonidadir, osmondagi yulduzlar bizning mag‘lubiyatimizdan darak bermoqda», deb ovoza tarqatdi. Beku navkarlarni vahima bosganini sezgan Bobur Sekri ko‘li yaqinidagi qarorgohga besh yuzdan ortiq odamlarini yig‘di.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:16:33

Doshqozonlarda palov pishmoqda. Dasturxonlarga noz-ne’matlar, oltin-kumush surohiylar qo‘yilgan. Soqiylar xumlarda kuch yig‘ib yotgan maylardan ko‘zachalarini to‘ldirib olishmoqda. Ulardan biri ikkinchisiga shivirlab deydi:
— Ertaga yana qirg‘in urush bo‘larmish. Shunday paytda ichkulik bazmi ko‘ngillariga qanday sig‘arkin?
Ikkinchi soqiy e’tiroz qiladi:
— Ichkulik odamni botir qilgay, g‘am-g‘ussani unutdirgay! Xumda xosiyat ko‘p.
Ba’zi beklar ham: «Jangchilarning kayfiyatini may bilan ko‘tarmoq kerak!» deb, bazmning tezroq boshlanishini sabrsizlik bilan kutmoqda edilar. Hatto shahzodalardan Humoyun bilan Askariy ham xatarli urush oldidan to‘yib kayf qilish umidida edilar. Bobur o‘g‘illarining otadan ibrat olib allaqachon may ichishga o‘tganlarini hozir yana bir og‘rinib his qildi-yu, ko‘pdan beri ko‘ngliga tukkan niyatini shu qirg‘inbarot arafasida amalga oshirmasa bo‘lmasligini o‘yladi.
U savdarlarga buyurib ziyofat bo‘ladigan joydan nariroqqa kattagina chuqur qazdirdi. Chuqur yaqiniga sandiqday-sandiqday ikkita xarsangtoshni yumalatib keltirib o‘rnattirdi.
Beku navkarlar uning nima qilmoqchiligini tushunolmay hayron edilar. Bobur oltin-kumush surohiylarga may qo‘yishni buyurdi. Lekin dasturxon yoniga hech kimni taklif qilmadi. O‘zi ham may to‘la oltin surohiy bilan haligi chuqur yaqinida tikka turibdi. Beklardan biri yonidagi o‘rtog‘iga:
— Bugun tik turib ichgaymiz, chamasi? — deb shivirladi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:16:48

Bobur hamma eshitadigan jarangdor tovush bilan:
— Janob beklar! Yigitlar! — deb gap boshladi.— Taklif bo‘ldiki, jangchilarga may ichiraylik, toki dadil bo‘lib maydonga kirsinlar. Ammo boshimizdan o‘tgan, bilurmizki, may dadilligi — aldamchidir. Mast odam jangda ajal paymonasidan qanday ichganini bilmay qolur. Najot qayda? Ertangi jang biz ko‘rgan qirg‘inlarning eng mushkuliyu eng murakkabi bo‘lg‘usidir. Biz sepoyalar yasadik, arobalarni zanjirlar bilan bog‘ladik, g‘alabaning barcha rejalarini tuzdik. Endi bu rejalarni eng nozik nuqtalarigacha bexato amalga oshirmasak mag‘lub bo‘lgaymiz. Jangda nihoyatda hushyor bo‘lmog‘imiz kerak. Najot mastlikda emas, hushyorlikdadir! May ichib ko‘p gunohlar qildik. Endi men hayot-mamot jangiga halqumimni poklab kirmoqchimen... Bir o‘lim har vaqt boshimizda bor. Agar ertaga kunim bitsa, bu foniy dunyodan boqiy dunyoga may mastligi bilan emas, imon pokligiyu tan halolligi bilan ketmoqchimen!
Bobur o‘sha damda chindan ham bir o‘limni zimmasiga olib, beku navkarlari bilan vi-dolashayotgan odamday hayajonlanib gapirgan edi. Bu ko‘pchilikka juda qattiq ta’sir qildi. Bir lahzalik og‘ir jimlikdan so‘ng, Bobur shu bugun bitgan masnaviy she’ridan to‘rt satrini yoddan aytdi:
Kimki o‘lmak o‘ziga jazm etar,
Ushbu holatta bilursenki netar.
Aritur barcha gunohidan o‘zin...
Tavba qildim chog‘ir ichmaklikdin!

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:17:16

So‘nggi satrini baland ovoz bilan aytgandan so‘ng, surohiydagi mayni oyog‘i ostidagi chuqurga sepib tashladi. So‘ng surohiyni chuqur yonidagi xarsangtoshga qarsillatib urdi. Oltin surohiy xuddi uchqun sachratganday «yalt-yult» etib pachaqlandi-yu, ko‘kat orasiga yumalab tushdi. Bunday hodisani umrlarida birinchi marta ko‘rayotgan beku navkarlar qo‘llaridagi maylarini nima qilishni bilmay sarosima bo‘lib qolishdi. Bobur yana ja-rangdor, ta’sirli tovush bilan she’r aytdi:
Oltinu nuqra surohi-yu, ayoq —
Majlis olotin tamomi bul choq
Hozir aylab borini sindurdum!
Tark etib mayni ko‘ngil tindirdum!
Beku navkarlar hang-mang bo‘lib turishibdi. Kimlardir qo‘llaridagi xushbo‘y mayni chuqurga to‘kishdan qizg‘anadi. Kimlardir oltin-kumush surohiylarni xarsangga urib sindirishga jur’at etolmaydi. Balki Bobur o‘ziga ep ko‘rgan bu ish beku navkarlarga joiz emasdir?
O‘zining ta’sirli nutqlariyu she’rlari bilan ixlosmandlarini sehrlab olishga va ortidan ergashtirishga o‘rgangan Bobur bugun har qachongidan ham ortiq e’tiqod bilan so‘zlamoqda:
— Beklar! Yigitlar! Qachongacha nafsimizga tobe bo‘lurmiz? Tokay umrimizni mayga zoe eturmiz? Ichkulikning harom kayfi kimga vafo qilibdiki, sizu bizga vafo qilgay? Oltinu nuqraga achinmang! Surohiylarning sinig‘ini miskinu  bechoralarga ulashgaymiz.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:17:52

Agar tangrim bizga madad bersa, ertangi jangdan g‘olib chiqgaymiz! May to‘kilgan mana shu chuqur o‘rniga obod bir manzilu marmar voyin qurdirgaymiz. Niyat qilaylikki, voyin zilolday buloq suviga to‘lib tursin. Voyin bo‘yiga xayr-ehson uyi barpo etaylik. Toki bu uyda ichkulik bazmlarining sarfu xarajatini, oltinu nuqra surohiylar pulini muhtojlarga xayru ehson qilib ulashsinlar. Shu ezgu niyat yo‘lida kimki menga hamdamu maslakdosh bo‘lsa mayni to‘ksin, sindirsin mayxo‘rlik olotini!
Bobur Humoyunga bir qarab oldi. Bu qarashning ma’nosini sezgan Humoyun:
— Hazrat otajon, men doim sizdan ibrat olishga o‘rganmishmen, — dedi. — Daf bo‘lsin mayu surohiy!
Humoyun mayni chuqurga sepdi-yu, oltin surohiyni xarsangga urib sindirdi. Undan so‘ng Askariy, Tohir, Hindubek... bir necha soat ichida uch yuzga yaqin beku mulozim qo‘lidagi qadahini xarsangga urib, may ichishdan tavba qildi. Bu hodisa o‘sha kuni qarorgohdagi o‘n ming jangchining hammasiga ma’lum qilindi. Boburning hayot-mamot jangi oldidan chiqargan farmonida:
— O‘z nafsini yenggan odamlar har qanday yog‘iyni yengishga qodirdirlar! — degan so‘zlar maxsus ta’kidlandi va buni isbot etadigan misollar muqaddas kitoblardan ham keltirildi.
Bu hammasi qo‘shin orasida tarqalgan vahimani bosishga va odamlarning ruhini ko‘tarishga yordam berdi. Boshqa muammolar jang maydonida hal bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:18:10

Zambaraklar yovning harbiy fillariga olovli o‘qlar otdilar. Zambarak o‘qlari kigiz parchalariga o‘ralgan edi. Borutdan o‘t olgan kigiz parchalari fillarning ustiga olov bo‘lib yog‘ilardi. Olovdan cho‘chigan yov fillari bo‘kirib orqaga qaytar va izma-iz kelayotgan otlig‘u piyodalarni bosib-yanchib qochib qolardi.
Lekin Rano Sangramning qo‘shini behisob ko‘p edi.
Erta tongdan boshlangan jang kechgacha davom etdi. Boburning o‘zi og‘ir ahvol yuz bergan joylarga ot choptirib borardi. U zaxiradagi kuchlar yordamida yovning eng xatarli hujumlarini bir necha marta qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Humoyun o‘ng qanotdan, Askariy chap qanotdan yov askarlariga ustma-ust zarbalar berdi. Kechki payt Boburning buyrug‘i bilan Turdibek Turkistoniy chopqir otlarda yovning har ikki qanotini aylanib o‘tdi-da, to‘lg‘ama ishlatib, orqadan qaqshatqich zarba berdi.
Olov halqasi ichida qolgan Rano Sangramning ko‘ziga o‘q tegdi, bir ko‘zi ko‘rmay qoldi. Shunda rajput soqchilari uni jang maydonidan olib chiqib qochdilar...
G‘alabadan so‘ng o‘sha chuqur o‘rniga marmar voyin, uning yoniga xayr-ehson uyi qurildi. Xarsangga urib sindirilgan oltin-kumush surohiylar puli bevayu yetimlarga, g‘aribu muhtojlarga ulashildi...
Keyinchalik Bobur Rano Sangram Sinxning bir ko‘zi oqib tushganini, o‘zi mag‘lubiyat alamidan og‘ir kasalga uchrab yotib qolganini eshitdi. Hozir buni Xondamirga so‘zlab bergach:

Qayd etilgan