* * *
Yomg‘ir fasli o‘tib, osmon yana bulutlardan tozalandi, tunlar salqin bo‘lib qoldi. Bobur uyqusiz tunlarda boqqa chiqar va yulduzlarni tomosha qilgisi kelib osmonga qarardi. Lekin tanida isitmaning balandligidan osmondagi yulduzlar joyidan ko‘chib, girdobga tushib aylanib ketayotganday ko‘rinar, ko‘ngli behuzur bo‘lib, osmondan darhol ko‘zini olardi.
Kunduz saroyda davlat ishlarini qilgan paytida goh shayxulislomni, goh nufuzli a’yonlarni uchratur, ular Boburga avvalgidan ham pastroq, egilib ta’zim qilishar, lekin o‘lishi muqarrar bo‘lgan bemorga qaraganday musibatli ko‘zlar bilan qarashar, muomalalaridagi alohida muloyimlik ham shundan dalolat berar edi. Ularning e’tiqodiga binoan, Bobur o‘z hayotini o‘g‘liga qurbon qilgan, shuning uchun Humoyun tuzalib ketgan, endi ko‘zga ko‘rinmas ajal qilichi Boburning boshi ustida osilib turar edi.
Ochiq aytilmaydigan, haddan ortiq mayin gaplar, ta’zimu tavozelar ostiga yashiriladigan bu mash’um ishonch Boburga juda og‘ir ta’sir qilar, goho atrofida aylanib yurgan o‘lim sharpasini uning o‘zi ham sezganday bo‘lardi.
Mezon o‘tib, qavs oyi kirganda Boburning kasalligi battar og‘irlashdi. Biror joyida yara yoki shish yo‘q, nuqul ichi kuyadi, isitmasi ko‘tarilib, uxlay olmaydi, rangi kun sayin so‘lib boradi. Mavlono Yusufiy mamlakatning eng mashhur tabiblaridan uch-to‘rttasini chaqirtirib maslahatlashdi. Bemorning tomiridan qon olib ko‘rishdi. Qonning rangi sog‘lom odamnikidek tiniq emas, allanechuk iriganga o‘xshab qolgan edi.