Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404037 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 72 73 74 75 76 77 78 B


shoir  10 Yanvar 2008, 22:43:54

3

 Yigirma uch yoshlik Humoyunning yigit yuragi otasi ko‘rsatgan ruhiy madaddan kuch olib, og‘ir kasallikni axiyri yengdi. Oradan bir hafta o‘tgach, u kasal ko‘rishga kelganlarni o‘rnidan turib qabul qildi. Yana ikki kundan so‘ng otasini borib ko‘rish uchun xobgohidan chiqdi.
Bobur o‘g‘lini Orombog‘ning to‘ridagi xonayi xosda qabul qildi. Humoyun uning qarshisida tiz cho‘kib, ko‘ziga yosh olib gapirdi:
— Hazratim, men sizning iltijongiz bilan shifo topmishmen. O‘zimga kelganimdan beri xudodan tilaymenki, sizning umringiz uzoq bo‘lsin! Bu ulug‘ davlatni siz barpo etdingiz. Hammamizning pushti panohimiz o‘zingizsiz. Parvardigor bizga rahm qilsin!
Bobur o‘g‘lini yelkasidan olib o‘rnidan turg‘izdi:
— Mana, shukr, yuribmen-ku, o‘g‘lim. Sen ko‘p xavotir bo‘lma.
— Ammo shayxlar: «Hazratim o‘g‘liga kelgan ajalni o‘zlariga oldilar», deb ko‘nglimga g‘ulg‘ula soldilar.
Bobur o‘g‘liga o‘ng yonidan joy ko‘rsatdi.
— Humoyun, o‘g‘lim, mardona bo‘l, eng og‘ir yuklar endi sening yelkangga tushadigan ko‘rinadir. Xayriyat, tuzalib ketding. Agar mutaassib shayxlarning gapiga kirib, Ko‘hinur olmosini tasaddiq qilsam, ular g‘olib chiqmasmidi? «Humoyunni biz o‘shal tasaddiq evaziga qutqarib qoldik, biz podshohdan ham zo‘rmiz!» deb tantana qilmasmidi? Imonu e’tiqod bunday g‘arazlardan baland turmog‘i kerak-ku, axir!

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:44:13

— Ilohim, siz haqqingizdagi karomatlari ham yolg‘on chiqsin!
— Har qalay, sen Ollohu taologa g‘arazli shayxlar orqali emas, bevosita imonu e’tiqoding orqali iltijo qilishga o‘rgangin. Shayxlar mudom podshohning tepasiga chiqib, unga hukmini o‘tkazishga intilurlar. Shundan ehtiyot bo‘lgin.
— Toki tirikmen, bu o‘gitingizga hamisha amal qilgaymen!.. Endi... Hazratim, Sambxal chegarasida yana qonli to‘qnashuvlar bo‘lmoqda emish. Ijozat bersangiz, men borib chegaralarni tinchitsam...
Bobur indamay o‘rnidan turdi-da, xonayi xosning to‘ridagi sandiqni ochdi. Humoyun tik turgan holda otasiga yuzlanib qo‘l qovushtirdi.
Bobur sandiqdan oq ipak matoga o‘ralgan qilichni oldi.
— Humoyun, o‘g‘lim, mening qancha umrim qolgani xudoning o‘ziga ayondir. Sohibqiron bobokalonimizning mana  shu qilichini endi sen taqmog‘ing kerak. Bu qilichga «Kuch — adolatdadir» degan so‘zlar bitilgan. Doim odil bo‘lginu mag‘lub bo‘lmagin!
Bobur qilichni o‘g‘liga ikki qo‘llab uzatdi. Humoyun tabarruk qilichni tiz cho‘kib oldi-da, uning muqaddas yozuv bitilgan joyini ko‘zlariga surib o‘pdi.
— Mayli, — dedi Bobur. — Sambxal notinch bo‘lsa, borib tinchitginu o‘rningga Hindubekni qo‘yib qaytgin. Endi davlat ishini zimmangga olmog‘ing kerak...

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:44:33

*  *  *

Yomg‘ir fasli o‘tib, osmon yana bulutlardan tozalandi, tunlar salqin bo‘lib qoldi. Bobur uyqusiz tunlarda boqqa chiqar va yulduzlarni tomosha qilgisi kelib osmonga qarardi. Lekin tanida isitmaning balandligidan osmondagi yulduzlar joyidan ko‘chib, girdobga tushib aylanib ketayotganday ko‘rinar, ko‘ngli behuzur bo‘lib, osmondan darhol ko‘zini olardi.
Kunduz saroyda davlat ishlarini qilgan paytida goh shayxulislomni, goh nufuzli a’yonlarni uchratur, ular Boburga avvalgidan ham pastroq, egilib ta’zim qilishar, lekin o‘lishi muqarrar bo‘lgan bemorga qaraganday musibatli ko‘zlar bilan qarashar, muomalalaridagi alohida muloyimlik ham shundan dalolat berar edi. Ularning e’tiqodiga binoan, Bobur o‘z hayotini o‘g‘liga qurbon qilgan, shuning uchun Humoyun tuzalib ketgan, endi ko‘zga ko‘rinmas ajal qilichi Boburning boshi ustida osilib turar edi.
Ochiq aytilmaydigan, haddan ortiq mayin gaplar, ta’zimu tavozelar ostiga yashiriladigan bu mash’um ishonch Boburga juda og‘ir ta’sir qilar, goho atrofida aylanib yurgan o‘lim sharpasini uning o‘zi ham sezganday bo‘lardi.
Mezon o‘tib, qavs oyi kirganda Boburning kasalligi battar og‘irlashdi. Biror joyida yara yoki shish yo‘q, nuqul ichi kuyadi, isitmasi ko‘tarilib, uxlay olmaydi, rangi kun sayin so‘lib boradi. Mavlono Yusufiy mamlakatning eng mashhur tabiblaridan uch-to‘rttasini chaqirtirib maslahatlashdi. Bemorning tomiridan qon olib ko‘rishdi. Qonning rangi sog‘lom odamnikidek tiniq emas, allanechuk iriganga o‘xshab qolgan edi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:44:51

Tabiblar o‘zaro kengashib, «Malika Bayda bergan zaharning qonda asorati qolgan» degan xulosaga keldilar va qonni tozalaydigan dorilardan, anor suvidan ko‘proq berishni buyurdilar.
Lekin bu narsalarning hech biri kor qilmadi. Bobur holsizlanib yotib qolgach, Humoyunga chopar yuborishdi.
Humoyun kelsa, otasi o‘z xobgohida baland oq to‘shakda terga botib yotibdi. Rangi sap-sariq bo‘lib ketgan. Boburning bosh tomonida Xonzoda begim pat yelpig‘ich bilan uning yuzini yelpiyapti. Oyoq tomonida Mohim begim g‘am-g‘ussaga botib, haykalday beharakat o‘ltiribdi.
Humoyun tiz cho‘kib, otasining to‘shagini quchoqladi. Boburning ozg‘in qo‘lini o‘pib ko‘rishdi, so‘rashdi. So‘ng otasining bu ahvoliga o‘zi sababchi bo‘lganday yonib gapirdi:
— Nechun bizga bunchalik jon fido qildingiz, hazratim?
Bobur majolsiz tovush bilan:
— Sen buni o‘zingdan ko‘rma, — dedi. — Illat qonda emish. Bilmadim... Har qanday olov ham yonib-yonib axiyri bir kun... — Bobur «o‘chadi» demoqchi bo‘ldi-yu, lekin ayollarni ayadi: — Alangasi pasayadir. Men umr bo‘yi ayovsiz yondim.
— Biz uchun ham kuyib-yongansiz! Endi bu qarzlarni uzishga mening butun umrim yetmagay!

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:45:19

— Qarzingni menga uzolmasang... farzandlaringga uzarsen...
Bobur to‘xtab-to‘xtab so‘zlayotgan bo‘lsa ham ko‘nglidagi gaplarini ravon aytayotgani Humoyunni umidlantirdi. U otasining so‘zini bo‘lmay, jim quloq sola boshladi.
— Temuriylarning ko‘pchiligi... fidoyilikni unutib... yo‘q bo‘lib ketdi. O‘g‘il otani o‘ldirdi. Og‘a iniga xiyonat qildi... Oqibatda... bari razolatning qurboni bo‘ldi... Undan ko‘ra.. yaxshilikning fidosi bo‘lgan afzal emasmi?... Mana ammang Xonzoda begim... Samarqandda meni qutqarib o‘zini asoratga soldi. Bu fidoyilik meni hamisha... shunday bo‘lishga undab keldi... Sen ham endi inilaringu... avlodlaringni mardlikka... fidoyilikka o‘rgatgin.
Bobur to‘shakning orqa tomonidagi harir oq pardaning ortiga boshini burib qaradi. Parda ortida odam borligini Humoyun endi payqadi.
— Tohirbek, juzdonni keltiring, — dedi Bobur.
Shu vaqtgacha qimir etmay o‘tirgan Tohir endi tez o‘rnidan turdi-yu, tokchadagi katta charm juzdonning ichidagi yangi muqovalangan qo‘lyozmasi bilan ikki qo‘llab ko‘tarib keldi.
— Badaxshonda, «Vaqoi’»ni so‘ragan eding, — dedi Bobur Humoyunga. — Mana, yozib tugatdim. Ol.
Tog‘lar orasida Bobur: «Bu kitob bitganda mening umrim ham tugagay!» — degani Humoyunning yodiga tushdi. U juzdon ichidagi kitobni olib peshonasiga surib o‘par ekan, ko‘zidan tirqirab yosh chiqib ketdi. Yirik bir yosh tomchisi zarhal muqova ustiga tomib tushganini Bobur ham ko‘rdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:46:09

— Sendan iltimosim, — deb davom etdi Bobur. — Buni avlodlaring ham o‘qisin.. Xatolarimni takror etmanglar. Yaxshi ishlarim... oz bo‘lsa, ko‘paytiringlar. Bu kitobdan nusxalar ko‘chirtirib, Samarqandga... Toshkentga... Andijonga... munosib odamlarga yuborgin... Men tug‘ilgan yurt bilan aloqani uzmanglar. Shoyad men bitgan kitoblar... ikki oradagi aloqaning rishtalari bo‘lsa...
Bobur o‘g‘liga vasiyat qilayotganini sezib turgan Xonzoda begim o‘zini ortiq tutib turolmadi.
— Boburjon, men egachingiz!.. Men... men sizdan besh yosh kattamen! Bu dunyodan ketish navbati avval meniki! Siz taslim bo‘lmang! Boburjon, inim!
Xonzoda begim uning podsholigini unutib, «Boburjon!» deganda Bobur bolaligini eslab, ko‘ngli bir orziqdi. U beklardan ham, savdarlardan ham, begonalardan ham, hatto suyukli o‘g‘li va xotinidan ham nuqul «hazratim» degan murojaatni eshitar, ko‘p ishlatilaverib siyqa bo‘lib ketgan bu so‘z uning me’dasiga tekkan edi.
Piq-piq yig‘layotgan Mohim begim oldingi og‘ir suhbatlarni eslab:
— Mening xarxashalarim ham sizni xasta qildi, hazratim! — dedi. — Meni kechiring!
— Mohim, siz meni kechirsangiz bo‘ldi... Men sizdan rozimen... faqat endi meni hazratim demang...
Mohim Boburni: «Ko‘z ochib ko‘rgan tanho yorimsiz, jismimdagi jonsiz!» demoqchi bo‘lib og‘iz juftlab ko‘rdi-yu, lekin atrofidagilardan uyaldi. Yig‘i aralash:
— Xo‘p, — deya oldi, xolos.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:46:35

Bobur uning aytilmagan so‘zlarini ovozidan, ko‘zlaridan sezdi. So‘ng o‘g‘liga yuzlandi:
— Humoyun, men sendan ham «ota» degan so‘zni hali eshitganim yo‘q.
«Ota» degan jo‘ngina so‘zga o‘rganmagan Humoyun:
— Padari buzrukvor! — deb ko‘rdi. Bundan otasining ko‘ngli to‘lmaganini sezdi-yu: — Otajon! — dedi. — Siz saltanatni menga bermoqcshi bo‘libsiz. Lekin ishoning, men bu toju taxtdan sizning bir nafaslik umringizni afzal ko‘rurmen!
— Men sendan rozimen... Endi mendan ham rozi bo‘linglar!
Xonzoda begim rozilik so‘rashga tili bormay o‘rtanib yig‘ladi. Uning yig‘isiga Mohim begim qo‘shildi. Bu og‘ir ahvolning ustiga kirib kelgan mavlono Yusufiy Boburning ko‘zlari bejo bo‘layotganini, uni qattiq ter bosganini ko‘rdi.
— Endi hazratim orom olishlari kerak! — deb qo‘liga oq dokani olib, Boburning yuzidan, bo‘yinlaridan terlarini arta boshladi. Qiynalib nafas olayotgan Bobur bosh tomonda turgan Tohirga shivirlab:
— Yelping!.. — dedi.
Yig‘i-sig‘i bilan Boburni qiynab qo‘yganlarini endi sezgan begimlar sekin chiqib ketdilar. Bobur Humoyunga:
— Endi eshik og‘a bilan... a’yonlar kirsin, — dedi.— Ko‘zim tirikligida... hokimiyatni senga topshiray.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:47:45

Tashqarida kutib turgan Muhammad Do‘lday va boshqa nufuzli beklar kirdilar. Bobur ularning oldida podsholik tojini o‘g‘li Humoyunga topshirdi. Rozi-rizolik so‘rash paytida beklardan bir-ikkitasi ko‘ziga yosh olganday bo‘ldi. Lekin chiqib ketayotganlarida hammalari endi Humoyunning atrofida parvonaday aylanib, yangi inoyatlar umidida ko‘zlari tama bilan yonganini Bobur ko‘rib qoldi.
Xonada Tohir bilan ikkovlari qolgandan so‘ng:
— Endi... beku sultonlarga mening keragim yo‘q, — dedi. — Tohirbek, kechga... Mavlono Fazliddinni chaqirtiring.
Tohir Boburga tabib Yusufiy buyurib ketgan suyuq doridan ichirtirdi, uning qiyshayibroq qolgan yostig‘ini to‘g‘rilab qo‘ydi. So‘ng savdarlar xonasiga o‘tib, tog‘asiga odam yubordi.
Aytilgan paytga yetib kelgan mavlono Fazliddin Boburning o‘lim to‘shagida yotganini ko‘rdi-yu, tug‘yon ichida:
— Hazratim, xudo sizga quvvat bersin! — deb qo‘lidan o‘pdi.
— Men... podshohlikni Humoyunga topshirdim... Minba’d hazratim, demang, mavlono. Munosib ko‘rsangiz... meni ham mavlono deng.
— Biz Navoiyni ulug‘ ijodlari uchun «hazrat Alisher» der edik. Siz turkiy adabiyotimizning Navoiydan keyingi eng ulkan siymosidirsiz. Shu sababli sizni shoir va adib sifatida «Bobur hazratlari» deyishga haqlimiz».

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:50:31

— Minnatdormen, mavlono... Siz Agrada, Sekrida, Dehalpurda ajib ko‘shklar, oromgohlar barpo etdingiz... Xudo umr bersa men... Samarqanddagi Bibixonim madrasasidek ulug‘ bir... madrasaning tarhini sizga... chizdirmoqchi edim... Opa-singillarimizning qadrini boshimizga... ko‘tarsak arzigay...
Mavlono Fazliddin Boburning so‘nggi kuchlarini to‘plab, qiynalib so‘zlayotganini  sezdi-yu, uning fikrini o‘zi davom ettirdi:
— Dono so‘zlarni aytdingiz, hazratim! Chindan ham xalqimizda bu odat azaldan mavjud... Samarqandda Bibixonim madrasasidan tashqari Turkan og‘o maqbarasi bor. Hindlarda ham ayol zotiga ehtirom zo‘r ekan, hatto sig‘inadigan xudolari orasida ham ayollar bor... Bizning Hirotu Samarqanddagi eng yaxshi me’morchilik an’analarimizni Hindistonning eng ezgu ajib an’analariga payvand etib, ayol zotini ulug‘lovchi bir madrasa qurish mening ham eng ezgu orzularimdandir!
Bobur mavlono Fazliddinning Xonzoda begimga bo‘lgan yoshlik mehri zamona zayli bilan qanday qurbon bo‘lganini esladi-yu:
— Mavlono, — dedi, — mening egachim Xonzoda begim... insoniylikda tengsizlar!.. Agar siz orzu qilgan... madrasani qurish bizga nasib bo‘lsa... uni «Xonzoda begim madrasasi...» deb atasak arzir edi...
Mavlono Fazliddinning ko‘zlarida yashin kabi bir olov chaqnadi:
— Hazratim, siz hozir mening ko‘zimga muqaddas bir maqsadni ko‘rsatdingiz! Agar bu maqsadni ro‘yobga chiqarishga mening umrim yetmasa, uni farzandlarimizning diliga jo etib ketgaymen. Toki ular hind me’morlari bilan hamkorlikda xalqlarimizning ayol zotiga bo‘lgan ehtiromini ulug‘ bir me’morchilik obidasida ifoda etsinlar!

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:51:52

Boburni ter bosdi. Uning harir oq ko‘ylagi qorayib tanasiga yopishib qolganini ko‘rgan Tohir bezovtalanib o‘rnidan turdi:
— Mulla tog‘a, hazratimni charchatib qo‘ymaylik!.. Tabib «ko‘p hayajonlanmasinlar!» deb tayinlagan edi...
Suhbatning tafti chindan ham baland bo‘layotganini endi sezgan mavlono Fazliddin o‘rnidan ko‘tarildi:
— Hazratim, endi orom oling! Men keyin yana kelurmen!..
Bobur Mavlono Fazliddinga qarab:
— Yana bir o‘tinchim bor,— dedi.— Olamdan ko‘z yumsam... Kobulda o‘zingiz tarhini chizgan bog‘ bor... Tog‘ tepasida... Abadiy oromgohim... o‘sha Guzargohda bo‘lsin... Ortiqcha dab-dabasiz... shoirona bir tarh chizing...
Mavlono Fazliddin o‘pkasi to‘lib gapirolmadi. Tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi-yu, ko‘zidan oppoq soqoliga oqib tushgan yoshni artib eshikdan chiqdi.
Tohir Boburning terdan ho‘l bo‘lgan ichki kiyimlarini almashtirdi. U o‘zini odatdagiday osuda tutib, kundalik xizmatlarini qunt bilan ado etar edi. Bobur chanqasa suv beradigan ham, nafasi qayta boshlasa yelpiydigan ham Tohir edi. U shu yerda bo‘lsa, Bobur sokinroq yotishini mavlono Yusufiy ham bilar, shuning uchun Tohirni tunu kun bemorning oldidan ketkizmas edi.
Bugun kechasi Bobur ichkarida hadeb behalovat bo‘lavergandan keyin Tohir savdarlarni chaqirib, uni to‘shagi bilan hovlidagi usti ochiq marmar supaga chiqartirdi.

Qayd etilgan