Топ рейтинг www.uz Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)

Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 249676 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 47 48 49 50 51 52 B


shoir  10 Yanvar 2008, 22:46:09

— Sendan iltimosim, — deb davom etdi Bobur. — Buni avlodlaring ham o‘qisin.. Xatolarimni takror etmanglar. Yaxshi ishlarim... oz bo‘lsa, ko‘paytiringlar. Bu kitobdan nusxalar ko‘chirtirib, Samarqandga... Toshkentga... Andijonga... munosib odamlarga yuborgin... Men tug‘ilgan yurt bilan aloqani uzmanglar. Shoyad men bitgan kitoblar... ikki oradagi aloqaning rishtalari bo‘lsa...
Bobur o‘g‘liga vasiyat qilayotganini sezib turgan Xonzoda begim o‘zini ortiq tutib turolmadi.
— Boburjon, men egachingiz!.. Men... men sizdan besh yosh kattamen! Bu dunyodan ketish navbati avval meniki! Siz taslim bo‘lmang! Boburjon, inim!
Xonzoda begim uning podsholigini unutib, «Boburjon!» deganda Bobur bolaligini eslab, ko‘ngli bir orziqdi. U beklardan ham, savdarlardan ham, begonalardan ham, hatto suyukli o‘g‘li va xotinidan ham nuqul «hazratim» degan murojaatni eshitar, ko‘p ishlatilaverib siyqa bo‘lib ketgan bu so‘z uning me’dasiga tekkan edi.
Piq-piq yig‘layotgan Mohim begim oldingi og‘ir suhbatlarni eslab:
— Mening xarxashalarim ham sizni xasta qildi, hazratim! — dedi. — Meni kechiring!
— Mohim, siz meni kechirsangiz bo‘ldi... Men sizdan rozimen... faqat endi meni hazratim demang...
Mohim Boburni: «Ko‘z ochib ko‘rgan tanho yorimsiz, jismimdagi jonsiz!» demoqchi bo‘lib og‘iz juftlab ko‘rdi-yu, lekin atrofidagilardan uyaldi. Yig‘i aralash:
— Xo‘p, — deya oldi, xolos.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:46:35

Bobur uning aytilmagan so‘zlarini ovozidan, ko‘zlaridan sezdi. So‘ng o‘g‘liga yuzlandi:
— Humoyun, men sendan ham «ota» degan so‘zni hali eshitganim yo‘q.
«Ota» degan jo‘ngina so‘zga o‘rganmagan Humoyun:
— Padari buzrukvor! — deb ko‘rdi. Bundan otasining ko‘ngli to‘lmaganini sezdi-yu: — Otajon! — dedi. — Siz saltanatni menga bermoqcshi bo‘libsiz. Lekin ishoning, men bu toju taxtdan sizning bir nafaslik umringizni afzal ko‘rurmen!
— Men sendan rozimen... Endi mendan ham rozi bo‘linglar!
Xonzoda begim rozilik so‘rashga tili bormay o‘rtanib yig‘ladi. Uning yig‘isiga Mohim begim qo‘shildi. Bu og‘ir ahvolning ustiga kirib kelgan mavlono Yusufiy Boburning ko‘zlari bejo bo‘layotganini, uni qattiq ter bosganini ko‘rdi.
— Endi hazratim orom olishlari kerak! — deb qo‘liga oq dokani olib, Boburning yuzidan, bo‘yinlaridan terlarini arta boshladi. Qiynalib nafas olayotgan Bobur bosh tomonda turgan Tohirga shivirlab:
— Yelping!.. — dedi.
Yig‘i-sig‘i bilan Boburni qiynab qo‘yganlarini endi sezgan begimlar sekin chiqib ketdilar. Bobur Humoyunga:
— Endi eshik og‘a bilan... a’yonlar kirsin, — dedi.— Ko‘zim tirikligida... hokimiyatni senga topshiray.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:47:45

Tashqarida kutib turgan Muhammad Do‘lday va boshqa nufuzli beklar kirdilar. Bobur ularning oldida podsholik tojini o‘g‘li Humoyunga topshirdi. Rozi-rizolik so‘rash paytida beklardan bir-ikkitasi ko‘ziga yosh olganday bo‘ldi. Lekin chiqib ketayotganlarida hammalari endi Humoyunning atrofida parvonaday aylanib, yangi inoyatlar umidida ko‘zlari tama bilan yonganini Bobur ko‘rib qoldi.
Xonada Tohir bilan ikkovlari qolgandan so‘ng:
— Endi... beku sultonlarga mening keragim yo‘q, — dedi. — Tohirbek, kechga... Mavlono Fazliddinni chaqirtiring.
Tohir Boburga tabib Yusufiy buyurib ketgan suyuq doridan ichirtirdi, uning qiyshayibroq qolgan yostig‘ini to‘g‘rilab qo‘ydi. So‘ng savdarlar xonasiga o‘tib, tog‘asiga odam yubordi.
Aytilgan paytga yetib kelgan mavlono Fazliddin Boburning o‘lim to‘shagida yotganini ko‘rdi-yu, tug‘yon ichida:
— Hazratim, xudo sizga quvvat bersin! — deb qo‘lidan o‘pdi.
— Men... podshohlikni Humoyunga topshirdim... Minba’d hazratim, demang, mavlono. Munosib ko‘rsangiz... meni ham mavlono deng.
— Biz Navoiyni ulug‘ ijodlari uchun «hazrat Alisher» der edik. Siz turkiy adabiyotimizning Navoiydan keyingi eng ulkan siymosidirsiz. Shu sababli sizni shoir va adib sifatida «Bobur hazratlari» deyishga haqlimiz».

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:50:31

— Minnatdormen, mavlono... Siz Agrada, Sekrida, Dehalpurda ajib ko‘shklar, oromgohlar barpo etdingiz... Xudo umr bersa men... Samarqanddagi Bibixonim madrasasidek ulug‘ bir... madrasaning tarhini sizga... chizdirmoqchi edim... Opa-singillarimizning qadrini boshimizga... ko‘tarsak arzigay...
Mavlono Fazliddin Boburning so‘nggi kuchlarini to‘plab, qiynalib so‘zlayotganini  sezdi-yu, uning fikrini o‘zi davom ettirdi:
— Dono so‘zlarni aytdingiz, hazratim! Chindan ham xalqimizda bu odat azaldan mavjud... Samarqandda Bibixonim madrasasidan tashqari Turkan og‘o maqbarasi bor. Hindlarda ham ayol zotiga ehtirom zo‘r ekan, hatto sig‘inadigan xudolari orasida ham ayollar bor... Bizning Hirotu Samarqanddagi eng yaxshi me’morchilik an’analarimizni Hindistonning eng ezgu ajib an’analariga payvand etib, ayol zotini ulug‘lovchi bir madrasa qurish mening ham eng ezgu orzularimdandir!
Bobur mavlono Fazliddinning Xonzoda begimga bo‘lgan yoshlik mehri zamona zayli bilan qanday qurbon bo‘lganini esladi-yu:
— Mavlono, — dedi, — mening egachim Xonzoda begim... insoniylikda tengsizlar!.. Agar siz orzu qilgan... madrasani qurish bizga nasib bo‘lsa... uni «Xonzoda begim madrasasi...» deb atasak arzir edi...
Mavlono Fazliddinning ko‘zlarida yashin kabi bir olov chaqnadi:
— Hazratim, siz hozir mening ko‘zimga muqaddas bir maqsadni ko‘rsatdingiz! Agar bu maqsadni ro‘yobga chiqarishga mening umrim yetmasa, uni farzandlarimizning diliga jo etib ketgaymen. Toki ular hind me’morlari bilan hamkorlikda xalqlarimizning ayol zotiga bo‘lgan ehtiromini ulug‘ bir me’morchilik obidasida ifoda etsinlar!

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:51:52

Boburni ter bosdi. Uning harir oq ko‘ylagi qorayib tanasiga yopishib qolganini ko‘rgan Tohir bezovtalanib o‘rnidan turdi:
— Mulla tog‘a, hazratimni charchatib qo‘ymaylik!.. Tabib «ko‘p hayajonlanmasinlar!» deb tayinlagan edi...
Suhbatning tafti chindan ham baland bo‘layotganini endi sezgan mavlono Fazliddin o‘rnidan ko‘tarildi:
— Hazratim, endi orom oling! Men keyin yana kelurmen!..
Bobur Mavlono Fazliddinga qarab:
— Yana bir o‘tinchim bor,— dedi.— Olamdan ko‘z yumsam... Kobulda o‘zingiz tarhini chizgan bog‘ bor... Tog‘ tepasida... Abadiy oromgohim... o‘sha Guzargohda bo‘lsin... Ortiqcha dab-dabasiz... shoirona bir tarh chizing...
Mavlono Fazliddin o‘pkasi to‘lib gapirolmadi. Tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi-yu, ko‘zidan oppoq soqoliga oqib tushgan yoshni artib eshikdan chiqdi.
Tohir Boburning terdan ho‘l bo‘lgan ichki kiyimlarini almashtirdi. U o‘zini odatdagiday osuda tutib, kundalik xizmatlarini qunt bilan ado etar edi. Bobur chanqasa suv beradigan ham, nafasi qayta boshlasa yelpiydigan ham Tohir edi. U shu yerda bo‘lsa, Bobur sokinroq yotishini mavlono Yusufiy ham bilar, shuning uchun Tohirni tunu kun bemorning oldidan ketkizmas edi.
Bugun kechasi Bobur ichkarida hadeb behalovat bo‘lavergandan keyin Tohir savdarlarni chaqirib, uni to‘shagi bilan hovlidagi usti ochiq marmar supaga chiqartirdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:52:56

Agraning kech kuzi xuddi Andijonning bahor payt-laridek salqin va mayin tuyular edi. Qop-qora osmonda yulduzlar charaqlab turibdi. Isitmasi baland Boburga yulduzlar yana girdobga tushib aylanayotganday va bir-birlariga urilib ketayotganday ko‘rindi. Bobur ko‘zini yumdi:
— Badanimda... qon uyushib qolayotganday... — dedi Tohirga.
Tohir uning yelkalarini, qo‘llarini, keyin oyoqlarini sekin-sekin uqalay boshladi. Bobur bundan sal yengil tortganday bo‘ldi-yu, ko‘zini ochib yana osmonga qaradi.
Yulduzlar endi joy-joyida to‘xtab, sokin nur socha boshladi. Ana Oltin Qoziq. Uning g‘arb tomonidagi Yetti Og‘ayni yulduzlari ufqqa og‘ib tushib ketyapti. Sharqdan esa bir to‘p bo‘lib Hulkar yulduzlar ko‘tarilib kelyapti.
— Bizning Quvada ham Hulkar xuddi mana shunaqa bo‘lib chiqar edi, — dedi Tohir.
Bobur ham bolaligi o‘tgan Andijon osmonini esladi. Mana shu Yetti Og‘ayni yulduzlari o‘sha yerda ham Oltin Qoziqni aylanib o‘tib, g‘arbga botib ketardi. O‘sha yerda ham Yetti Og‘ayni ufqqa bosh qo‘ygan sari Hulkar yulduzlari osmonning baland joylariga chiqib borardi. Bobur o‘smirligida Hulkar yulduzlarini olmosdan yasalgan varrakka o‘xshatar edi. Dumini quvnoq silkitib uchadigan olmos varrak uning xayolini yana musaffo bolalik yillariga olib ketdi. Osmon dunyoning hamma joyida bir ekani, umrining boshlanishida Andijonda ko‘rgan yulduzlari umrining oxirida Agrada ham chaqnab turgani unga so‘nggi bir tasallidek tuyuldi. Bobur osmonga qarab yotganda yana yosh, sog‘lom yigitga aylanib, Andijon chorbog‘ining supasida yotganday bo‘ldi.
Bir lahzalik bu shirin his ketidan yana shafqatsiz bir qaltiroq bosib keldi-yu, yulduzli osmonni girdobiga olib, gir-gir aylantira boshladi...
Tun yarmidan oshganda Tohirning o‘kirib yig‘lagani qorong‘i bog‘ni zir titratdi...

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 22:54:18

* * *

Mavlono Fazliddin Kobulda Boburga anvoyi rangli marmarlar bilan ziynatlangan serfayz bir maqbara qurishga ulgurdi, lekin Xonzoda begim nomiga madrasa qurish unga nasib bo‘lmadi, uning bu orzusini oradan yuz yillar o‘tgandan so‘ng Boburning chevarasi Shoh Jahon qurdirgan mashhur Toj Mahalda ulug‘ hind me’morlari ro‘yobga chiqargan bo‘lsalar ehtimol.
Tohir «Boburnoma»dan ko‘chirilgan nusxalarni adibning Andijondagi, Toshkent va Samarqanddagi muxlislariga eltib topshirgach, o‘zi Robiya bilan birga Quvaga qaytdi. Ular umrlarining qolgan qismini tug‘ilgan yurtlarida o‘tkazdilar. Biroq o‘g‘illari Safarbek mavlono Fazliddinning farzandlari bilan birga Agrada umrbod qoldilar va o‘sha yerda oila qurib, hind xalqiga qo‘shilib ketdilar.
Bobur tuzgan ulkan davlat o‘z qudrati va madaniy yodgorliklari  bilan  jahonga  tanilib,  uch asr umr ko‘rdi-yu, tarixda qoldi. Uning o‘g‘il avlodlari bugungi kunga yetib kelolmadilar — eng oxirgi boburiylar o‘tgan asrlarda ingliz mustamlakachilari davrida mahv etildi.
Faqat Bobur o‘z qo‘li bilan yozgan asarlar haligacha tirik bir qalbning haroratiga to‘lib, odamlarga hamon ma’naviy oziq va zavq beryapti. To‘g‘ri, uning bir umri qorong‘i osmonda olovli iz qoldirib uchgan yulduzdek tez so‘ndi. Lekin o‘lmas asarlari sahifasida salkam besh asrdan beri davom etib kelayotgan ikkinchi umri— bu yulduzning tundan tongga qarab uchganini va o‘z nurini kelajakka yo‘naltirganini aytib turibdi. Bobur qalb o‘tiga yo‘g‘irib yaratgan madaniy meros bugungi sernur avlodlarni bahramand qilgani sari uning ana shu ikkinchi umri ham qorong‘i tunlardan keyingi yorug‘ kunlarda astoydil obod bo‘lyapti.

1969—1999

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Noyabr 2009, 10:15:18

Yulduzli tunlar (roman)



Muallif: Pirimqul Qodirov
Hajmi: 1,02 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan