Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)  ( 162617 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 54 B


AbdulAziz  31 Yanvar 2007, 07:19:03

Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov



Muallif: Pirimqul Qodirov
Hajmi: 1,16 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  22 Noyabr 2009, 15:24:12

Pirimqul Qodirov

HUMOYUN VA AKBAR
(Avlodlar dovoni)

Tarixiy roman




Birinchi qism: HUMOYUN

A G R A
HAMIDA BONU AROSATDA
[/size]

Hijriy 935-yilda* Agraga ko‘chib kelgan Xonzoda begim o‘n yildan beri Hindistonda istiqomat qilayotgan bo‘lsa ham, hanuzgacha bu yerdagi yil fasllari¬ning g‘aroyibligiga o‘rganolmaydi. Uning nazarida, Agra¬ning kuzi va qishi yo‘q, bahori bilan yozi esa yil bo‘yi davom etadi. Kech kuzda, begimning yoshligi o‘tgan Farg‘ona vodiysida, daraxtlar bargini duv to‘kadigan xazonrezlik paytida Agraning yam-yashil xurmozorlari xuddi yozdagidek meva berib turadi. Qishda, Samar¬qandning moviy gumbazlari oppoq qor bilan beza¬nadigan paytda Jamna bo‘ylarida donli ekinlar boshoq tortadi, toklar esa gulga kiradi. Xut oyining oxirida Toshkentda qish qirovlari endi tugaydigan kezda Hin¬distonning janubida ertaki uzumlar pishadi. Navro‘z kirganda esa bozorga yangi qovun chiqadi va hind dalalarida arpa o‘rimi boshlanadi.
Agradagi Zarafshon bog‘ida baland gulmohur daraxtlari bor. Bu daraxtlar navro‘z arafasida butun barglarini birdan to‘kadi-yu, novdalaridagi shig‘il g‘unchalar birvarakayiga ochiladi. Shunda yaproqsiz novdalarning hammasi yirik-yirik qizil gullar bilan qoplanadi. Ulkan gulmohur daraxtlari qip-qizil gul¬xanlarga o‘xshab ko‘zni yondiradi. Shuning uchun bu ajoyib daraxtni olovli mohur ham deyishadi.
Mana shu gulmohurlar yonidagi tillakori tolorda* yoshi oltmishlardan oshgan, sochlari oqarib, jussasi kichik bo‘lib qolgan Xonzoda begim xomush bir qi¬yofa bilan yolg‘iz o‘ltiribdi.
Bog‘ juda orasta, yo‘lkalarga oltinrang qumlar solingan, marmar ariqlardan tiniq suvlar jildirab oqa¬di. Chorchamanlarda mamlakatning eng noyob gullari muattar hid taratib ochilib turibdi. Lekin bu hammasi Xonzoda begimga juda omonat tuyuladi. Inisi Bobur qonli janglarda barpo etib ketgan ulkan davlat hanuzgacha hind yeriga teran ildiz otolgan emas. Fotihlik qilichining yaralari tezda tuzalmas ekan. Mamla¬katning turli o‘lkalarida Humoyun va uning inilariga qarshi ketma-ket isyonlar bo‘lmoqda. Shu xatarli vaziyatda og‘a-inilar inoq bo‘lish o‘rniga bir-birlari bilan chaplashib, hokimiyat talashadilar. Xonzoda begim ularni murosaga keltirolmay qiynaladi. Hozir bog‘da o‘ltirgan paytida ham, butun xayoli og‘a-inilarning nizolaridan beri kelmaydi.
Begimning parishon nazari tushib turgan ko‘ka¬lamzor maydonda esa bir to‘p otliq qizlar chavgon* o‘ynamoqda. Ular Xonzoda begimday mashhur kayvoni o‘yinga qarab turganidan ruhlanib, jon-jahdlari bilan chavgon to‘pini muxoliflar darvozasiga kiritishga intiladilar.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  22 Noyabr 2009, 15:24:33

Bir taraf darvoza bo‘z otliq qizlar himoyasida. Qora otliqlarga ikkinchi darvoza berilgan. O‘yinchilarni farq qilish oson bo‘lishi uchun bo‘z otliq qizlar sariq rangli cholvor va nimcha kiyishgan. Qora otliqlar esa qizil kiyimda.
Hindol mirzoning yoshgina xotini Sultonim begim maydon atrofida saman otini yo‘rttirib, o‘yinga hakamlik qiladi. Uning qo‘lida zargarlar bulbulga o‘xshatib chiroyli qilib yasagan oltin hushtak. Qoidani buzganlar shu hushtak bilan ogohlantiriladi.
Bir payt to‘p bo‘z otliqlarning darvozasiga kiritildi-yu, o‘yinning shiddati oshib ketdi. Xonzoda begim chavgoncho‘plarning bir-biriga shaq-shuq urilayotganini, bo‘z otliqlar juda qattiq hujumga o‘tganini ko‘rganda, «biron kor-hol bo‘lmasin tag‘in», deb beixtiyor xavotirlandi. Bu xavotirlik endi uning e’tiborini o‘yinga tortdi.
Tapir-tupur ot chopayotganlar — bo‘y yetgan xushro‘y qizlar. Ularning orasida Gulbadan begim ham bor. Qizlarning hech biri Xonzoda begimning ko‘zi oldida mag‘lub bo‘lib, uyalib qolishni istamaydi, hammasi to‘pni boshqalardan tortib olishga intiladi. Shunda otlari bir-biriga urilib, ayqashib ketadi, goho biron ot urilish zarbidan gandiraklab yiqilgudek bo‘ladi. Bu qaltis holatlar Xonzoda begimni iztirobga sola boshladi.
Axir bu qizlar eng nufuzli bek-u a’yonlarning oilasidan. Agar birontasining yuz-ko‘ziga chavgoncho‘p tegib yarador qilsa, chandiq qoldirsa yoki birontasi otdan yiqilib, tuyoq tagida ezilsa mutaassib shayxlar yana fisq-u fasodni ko‘paytiradi. Ular qizlarning doim parda ichida — uy asirasi bo‘lib o‘ltirishini talab qiladilar. Lekin parda ichida xonanishin bo‘lib beha¬rakat yashaydigan ayollar notavon va mo‘rt bo‘lishini, baquvvat nasl berolmasligini Xonzoda begim yaxshi biladi. Begim bilan birga bu yerlarga kelgan el-ulusning qizlari esa qadimdan otliq yurib o‘rganganlar. Hozir ham Xonzoda begim biladigan ayollarning bir yerda muqim turadiganlari oz. Erlar qatori ayollar ham hali Xurosonda, hali Kobulda yashaydilar, hali Badax¬shonga ketib, hali Agraga keladilar. Bu uzoq o‘lkalar orasida ikki-uch oylik yo‘llarni ko‘pgina qizlar otliq bosib o‘tadi. Taqdir taqozosi shundoq bo‘lgach, ota-bobolar udumi bo‘yicha qizlarni ham yoshligidan chavandozlikka o‘rgatish, ular orasida ham poygalar, musobaqalar o‘tkazish joiz emasmi? Albatta, qizlarni otdan yiqilish-u mayib bo‘lishdan ham ehtiyot qilish kerak!
Xonzoda begim shuni o‘ylab, o‘yinni hayajon bilan kuzatgani sari qizlar xavf-xatarni unutib, to‘daga dadil tashlanishar, qamchi o‘rniga chavgoncho‘p bilan ot¬la¬ri sag‘risiga urib, muxolif tomonga hamla qilishardi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  22 Noyabr 2009, 15:24:46

Bo‘z otliq qizlardan Hamida degani o‘yinchilar g‘ij-bij bo‘lib turgan to‘daga o‘qday yorib kirdi-yu jilovni qo‘yib yubordi. Chavgoncho‘pni ikki qo‘llab tutganicha, uzangiga oyog‘ini tiradi-da, uloqchilardek pastga engashdi. Bu qiz qoplon kabi chaqqonlik bilan to‘pni chavgoncho‘pga ilintirib to‘dadan olib chiq¬qanda, Xonzoda begimning zavqi kelib «o!» deb yubordi. Narigi darvoza himoyasiz qolgan edi. Hami¬da «go‘y» deb ataladigan to‘pni o‘sha tomonga chir-pirak qilib olib o‘tdi. Uning oti ham shamolday uchmoqda edi. Qora otliqlar quvib yetganicha bo‘lmay, Hamida bonu to‘pni darvozaga shunday chapdastlik bilan urib kiritdiki, buni ko‘rgan Xonzoda begim:
— Balli, sherqiz! — deb qarsak chaldi.
Otini burib orqaga qaytayotgan Hamida bonu Xonzoda begimning so‘zini eshitmagan bo‘lsa ham, uning qarsak chalganini ko‘rib, o‘zida yo‘q suyundi.
Tillakori tolorda o‘ltirgan begimning jussasi kich¬kina ko‘rinsa ham, Hamida bonu uchun ayol zoti orasida undan salobatlisi va qudratlisi yo‘q. Sultonim begim Hamidaga yaqin kelib:
— Eshitdingizmi? — dedi. — Hazrat onam sizga «sherqiz!» deb tahsin aytdilar.
— Chindanmi, a?
— Men ham eshitdim! — dedi bo‘z otliq Gulbadan begim.
Hamida bonu hayajon ichida otini tolor tomonga burdi-da, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, Xonzoda begimga qulluq qildi.
Bu kayvoni begimning boshidan qanday dahshatli fojialar kechganini Hamida yaxshi biladi. O‘ttiz to‘rt yoshida beva qolgan va yolg‘iz o‘g‘li Xurramshohdan judo bo‘lgan Xonzoda begim keyinchalik Sultonimni farzandlikka olgan. Sultonim aslida andijonlik me’mor, mavlono Fazliddinning jiyan avlodidan edi. Qizcha ikki yasharligida ota-onasi vaboga uchrab o‘lib ketishgan, mavlono ularga juda qattiq kuygan edi. Voqeadan xabar topgan Xonzoda begim mav¬lononing hurmati uchun ikki yashar Sultonimni o‘ziga qiz qilib oldi, unga butun mehrini berib, o‘n to‘rt yil tarbiyaladi. Bultur jiyani Hindol mirzoning Sultonimga ko‘ngli borligini sezib, Humoyunning maslahati bilan ularning to‘ylarini o‘tkazdi. Bu to‘y shunchalik katta bo‘ldiki, unga borgan mo‘tabar begimlarga obu oshdan tashqari kumush barkashlarda bir siqimdan oltin tangalar tortildi. Har bir begim siqimiga siqqanicha oltin olganini, boshqa yoshroq qizlar orasiga oltin-kumush tangalar sochqi tarzida sochilganini Hamida bonu o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Oyog‘i tagiga kelib tushgan bitta oltin tangani u ham yaxshi niyat bilan esdalikka olib qo‘ygan.
Uni to‘yda eng hayron qoldirgan narsa shu ediki, davlat boshlig‘i bo‘lgan Mirzo Humoyun o‘sha kuni to‘yxonaning baland joyiga qo‘yilgan hashamatli shohsupada Xonzoda begimni o‘z yoniga o‘tqazib, uni podshoga tenglashtirib e’zozladi. Bu voqeani ko‘rgan keksalar: «Musulmon podsholarining kamdan kami ayol zotining hurmatini bu darajada baland ko‘targan», deb hali ham aytib yuradilar.
Hamida bonu uchun shunday bir qo‘l yetmas balandlikda yurgan Xonzoda begim endi uning chavgon o‘ynashiga qiziqishi, yana «sherqiz!» deb tahsin aytishi kutilmagan bir baxt bo‘lib tuyuldi. Bu baxtdan Hamidaning vujudiga yangi kuchlar quyulib kela boshladi. U har to‘p urganda bilagida sherning ku-chini sezganday bo‘lar, tagidagi bo‘z oti ham maydon bo‘ylab o‘qday uchardi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  22 Noyabr 2009, 15:24:56

Tolorda o‘ltirgan Xonzoda begim Hamida bonu bilan o‘zining orasida alohida bir e’zoz va qiziqish kuchayib borayotganini sezib turardi. Hamida uning e’tiboridan ruhlanib yaxshi o‘ynagani sari Xonzoda begimning dili ham yayramoqda edi. Boyagi og‘ir o‘ylar, vujudini bo‘shashtirgan keksalik charchoqliklari esidan chiqib, ularning o‘rnini yorug‘ bir zavq egallamoqda edi...
Hamida bonu muxoliflari darvozasiga ikkinchi marta to‘p kiritganda Xonzoda begim bu qizga butunlay mahliyo bo‘lib qoldi. Hozir bo‘z ot ustida Hamida emas, yoshlikdagi Xonzoda begim o‘ltirganday tuyuldi. Begimning ko‘zi oldida o‘n olti yashar qizlik paytlari gavdalandi. Uzoqlarda qolib ketgan Andijon, Qoradaryo bo‘yidagi chorbog‘, o‘n bir yoshlik o‘spirin inisi Bobur mirzo... va uning mulozimlari bilan chavgon o‘ynagan chavandoz kiyimidagi go‘zal qiz Xonzoda... Bu hammasi bulutlar orasidan yarq etib ko‘ringan oftob bo‘lib begimning qalbini yoshlik nurlariga to‘ldirdi...
Xonzoda begimga go‘yo yoshligini qaytib bergan bu qiz kim ekan? Begim uning Gulbadan va Sultonim bilan birga yurganini ilgarilari ham ko‘rgan, lekin ko‘pda e’tibor bermagan edi. Endi u bilan yaqindan tanishgisi keldi-yu o‘yin tugagandan keyin kanizini yuborib, Hamida bonuni tolorga chaqirtirdi.

_________
* Hijriy 935-, milodiy 1528-yilga to‘g‘ri keladi.
* T o l o r — yozlik shiypon.
* Ch a v g o n — ot minib o‘ynaladigan va ba’zi jihatlari chim xokkeyni eslatadigan qadimiy o‘yin.
* * *

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  22 Noyabr 2009, 15:25:21

* * *

Kechki dim havoga o‘yinning tafti qo‘shilib, Hamida bonu bo‘g‘riqib ketgan, qora qoshlarining ustida ter munchoqlari yiltirar edi. Podsho darajasida mashhur bo‘lgan Xonzoda begimning oldiga cholvor kiyib, terlab-pishib borish Hamida bonuga joiz emasdek tuyuldi. U kanizga:
— Bir lahza muhlat bering, kiyimlarimni almashtirib kelay! — dedi.
— Yo‘q, hazrat begim sizni shu kiyimda taklif qildilar! O‘zlari ham yoshliklarida chavgon o‘ynaganlar. Ko‘p andisha qilmang, yuring!
Hamida kanizga ergashib tolor tomon borar ekan, ipak durra bilan tang‘ib chambar qilingan ikki o‘rim uzun sochlarini yelkasiga tushirdi. Durraning uchi bilan qoshi ustidagi ter rezalarini artdi.
U tolor zinapoyasidan ko‘tarilayotganda Xonzoda begim o‘rnidan turib, unga tomon yurdi. Hamida bonu uch-to‘rt qadam narida to‘xtab kelinlarday egilib ta’zim qildi. Xonzoda begim unga kulimsirab yaqinlashdi-da, qo‘l berdi. Odatga binoan, Hamida bonu uning qo‘lini ikki qo‘llab oldi-yu, bir tizzasini yerga tirab, bayroqni o‘pgandek ixlos bilan o‘pdi. Qiz boshini eggan paytda yo‘g‘on qora socharining biri yelkasidan sirg‘alib ko‘kragiga tushdi.
Xonzoda begim ikkinchi qo‘li bilan uni belidan quchib sekin tikka turg‘izdi va zarbof ko‘rpachaga taklif qildi.
Shu orada Sultonim begim ham tolorga chiqib keldi. Begimlar to‘rga o‘tib o‘tirganlaridan so‘ng Ha¬mi¬da bonu oyoqlarini taqimi ostiga olib, odob bilan cho‘kkaladi. Shunda uzun sochlarining jingalak qilingan uchlari ko‘rpacha ustiga tushdi. Qiz har qimirlaganda sochlarining uchi zarbof ko‘rpachani supura¬yotganday bo‘lar va Xonzoda begimga alohida bir zavq berar edi. U Hamidani g‘alaba bilan muborakbod qilgandan keyin, kimning qizi ekanini va Agraga qayerlardan kelganini so‘ray boshladi.
Hamidaning otasi faqih* Mirbobo Do‘st asli toshkentlik edi, Shayboniyxon qirg‘inlarida Xuro¬son¬¬ning Jom shahriga kelib qolgan va shu yerlik qizga uylangan edi. Keyinchalik u Bobur mirzodan panoh istab Jomdan Kobulga ko‘chib boradi. Boburning suyukli xotini Mohim begim ham jomlik bo‘lgani uchun Hamidaning onasi hamshahariga orqa qilib avval uning huzuriga kiradi. Keyin Mohim begimning tavsiyasi bilan Mirbo¬bo Do‘stni Bobur qabul qiladi. Bobur unga fikh ilmidan savollar berganda, Mirbobo Do‘st arabcha-forscha bitilgan qonun-qoidalardan tashqari, turkiy tilda yozilgan «Mubayyin»dan ham ko‘p misollar keltirdi. Boburning bu she’riy kitobini u boshdanoyoq yod bilar edi. Mirbobo Do‘st bolalarga faqat qo¬nun¬shunoslikdan emas, tarix, mantiq va ada¬biyotdan ham yaxshi dars berishi mumkinligini sezgan Bobur uni kichik o‘g‘li Hindol mirzoga muallim qilib tayinladi, shundan beri bu oilaning butun taqdiri Hin¬dol mirzoga bog‘liq bo‘lib qoldi. Hindol Badaxshonga borganda bular ham borishdi, Agraga kelganda bular ham birga kelishdi. Shu uzoq yo‘llarda Hamida kichikligidan ot minishga o‘rgandi va chavandozlikni mashq qildi. Hozir Mirbobo Do‘st Hindol mirzoning qonunshunoslik bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlaydi. Maoshi durust bo‘lsa ham, ikki o‘g‘il, bir qizni bekzodalar kabi kiyintirishga, besh-oltita ot, uch-to‘rtta xizmatkor asrashga yetmaydi. Shuning uchun Hami¬daning onasi Hindol mirzoning haramida qissaxon bo‘lib xizmat qiladi. Sultonim begimga mashhur dostonlar va hikoyatlardan o‘qib beradi-yu, buning evaziga durustgina in’om va ulufa oladi. Hami¬daning o‘zi ham Sultonim begimning tengdosh nadimalari qatorida yuradi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  22 Noyabr 2009, 15:25:32

Xonzoda begim bu tafsilotlarni Sultonimdan va Hamidaning o‘zidan eshitgan sari bir narsadan taaj¬jublanib qo‘ydi. Butun borlig‘idan latofat yog‘i¬lib turgan shunday qiz o‘z dargohlarida yurgan ekan-u haligacha nechun unga durustroq bir e’tibor beri¬shmabdi?
Xonzoda begim chavgonni yaxshi o‘ynaydigan boshqa chavandoz qizlarga latofat yetishmasligini, ba’zilari erkakshoda bo‘lishini biladi. Hamida bonu cholvor kiyib o‘ltirgan bo‘lsa ham, chavandozlik ki¬yimlari uning ingichka belini, bo‘liq ko‘kraklarini, novdaday egiluvchan yosh tanining kuchga to‘liq nafosatini behad go‘zal qilib ko‘rsatadi. Yo‘g‘on soch o‘rimlarining nozik bo‘yin ortida to‘lg‘anib turishi Xonzoda begimga zavq berdi:
— Hamida bonu, sizni ko‘rib bir bayt she’r yodimga tushdi. Aytaymi?
— Ayting, hazrat begim, jon qulog‘im bilan eshitgaymen!
— O‘zi asli shu bog‘da bitilgan. Rahmatli inim Boburning gazalidan:

Gul jamolin yopqon ul gulning ikki rayhonidur.
G‘uncha sirin ochqon ul ikki labi xandonidur.

Hamida bonuning ko‘zlarida yulduzlar charaqlab yonganday bo‘ldi. Lablari tabassum bilan ochilib, uning ichki sirini — bu she’rni yaxshi bilishini va yoqtirishini sezdirib qo‘ydi.
— G‘azalning davomini siz ayta qoling! — dedi Xonzoda begim.
Hamida iboli ko‘zlarini yerga tikib:
— Mubolag‘a qilsam ma’zur tuting, hazrat be¬gim,— dedi.
So‘ng aruzning nafis qoidalarini o‘rniga keltirgan holda o‘sha g‘azaldan ikki satr aytdi:
Sel emasdur yer yuzin tutkon ko‘zimning yoshidur,
Ra’d emasdur* ko‘kka chirmoshqon ko‘ngul afg‘onidur.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  22 Noyabr 2009, 15:25:44

Xonzoda begim xandon urib kuldi-yu:
— Bu so‘zlar siz uchun chindan ham mubo¬lag‘a!— dedi. — Yer yuzin tutqon ko‘z yoshlaridin tangrim sizni asrasin!
Xonzoda begim o‘z ko‘nglida esa: «Nechun Humoyun haligacha bu qizni ko‘rmabdir?» deb taaj¬jublanib qo‘ydi. Chunki bir vaqtlar Boburni qiynab, fig‘onini ko‘kka chirmashtirgan quyunlar hozir Humoyunning atrofida aylanib yuribdi. Boburning-ku Mohim begimdek dono xotini bor edi, oila orqali keladigan ko‘p balolarga shu sadoqatli ayol balogardon bo‘lar, farzandlarini ham otaga ixlosmand qilib tarbiyalagan edi. Humoyunning esa xotin jo‘nidan hech baxti ochilmayapti. Uni o‘n sakkiz yoshidayoq tog‘asi Yodgorbekning Beka begim degan qiziga uylantirishgan edi. Kiborlar jamiyatida o‘sgan bu qizda nafis bir chiroy bor-u, ammo onalik uquvi yo‘qmi yoki yaqin qarindoshlar oila qursa nasli kasalmand va zaif bo‘ladi, deganlari rost ekanmi? Beka begimdan bir emas, ikki o‘g‘il tug‘ildi-yu, yoshligidayoq o‘lib ketdi. Shohlik udumiga binoan Humoyunning merosxo‘r o‘g‘li bo‘lishi kerak. Uni yana ikki marta uylantirdilar. Humoyunning o‘zi ham yor tanlashda adashyaptimi, xullas, uch xoti¬nidan birontasi unga munosib bo‘lib chiqmadi. Humoyun o‘ttizga kirdi. Hamon o‘g‘ilga zor, xotinlaridan esa ko‘ngli yarimta. Amir-u umarolari uni may bazmlariga tortadi. O‘tgan kuni kechki payt Humo¬yun Xonzoda begimni ko‘rgani kelganda ancha kayfi bor edi. Kayfning dadilligi bilan ammasiga ichini yorib hasrat qildi:
— Tole’im yo‘q ekan! Mamlakat to‘la qiz, tangri mening peshonamga birorta oqila-yu fozilasini bitmagani g‘alati!
Xonzoda begim Hamida bonuning sehriga berilib, uning g‘azal o‘qishidan zavq qilayotgan paytda Humoyunning shu hasrati yodiga tushdi-yu, ikkovini yonma-yon qo‘yib tasavvur etdi. Humoyun ham ko‘hlik yigit, janglarda botirlik ko‘rsatib dong‘i ketgan, uni kuyov qilish orzusida yurgan sulton-u vazirlar ko‘p. Ularning podshoga qaynota bo‘lgilari kelib yurganda Mirbobo Do‘stday oddiy mulozimga yo‘l bo‘lsin! Bundan tashqari, Hamidaning o‘zi uch xotinlik Humoyunga tegishni istarmikin? Balki uning boshqa biron ko‘ngil bergan yigiti bordir? Xonzoda begim she’r bahsini davom ettirib, Hofizdan, Deh¬laviydan, Navoiydan goh forsiy, goh turkiy tilda baytlar keltirar ekan, bularning ko‘pi Hamida bonuga tanish ekanini, qiz juda farosatli va bilimli bo‘lishdan tashqari, ishqiy g‘azallarga alohida mayli borligini sezdi. So‘ng yarim hazil, yarim chin ohangda so‘radi:
— Sizga atab she’r bitgan oshiq yigitlar ham bordir, Hamida bonu?
Hamida iymanib bosh egdi-yu, yerga ko‘z tikdi.
Shunda Sultonim begim Hamidaga oshiq bo‘lib she’riy maktublar yozgan bir bekzodaning tarixini onasiga aytib berdi. Junaid barlos nomli ulkan amir¬ning o‘g‘li bo‘lgan bu bekzoda Hamidaga sovchi ham yubordi. Lekin Hamida uni xushlamas edi, oxiri Hindol mirzodan himoya so‘radi. Kichikligidan o‘z dargohida o‘sgan Hamidani avaylab yuradigan Hin¬dol mirzo bekzodaning otasi bilan gaplashib, boshqa maktub ham yozmaydigan, sovchi ham yubormaydigan qildi.
Xonzoda begim Hamidaning tutgan yo‘lini ma’qullab:
— Shoshmaganingiz ham ma’qul, — dedi. — Inshoollo, sherqizga munosib arslon yigit uchrab qolgay.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  22 Noyabr 2009, 15:25:59

Begimning ko‘pni ko‘rgan tajribali ko‘zlari Hami¬daga umid bilan tikilmoqda edi. Xonzoda begim uzoq umri davomida Shayboniyxon-u shoh Ismoil¬dan tortib temuriy tojdorlargacha qancha-qanchasi¬ning oilaviy hayotlarini yaqindan ko‘rdi, ne-ne mashhur malikalarning toj-u taxt balolariga bardosh berolmay shikast yeganlariga guvoh bo‘ldi. Hamidaning husniga yarasha aqli ham yetuk, vujudidan kuch yog‘ilib turibdi. Humoyunning ichki va tashqi ziddi¬yatlarga to‘lgan mashaqqatli hayotiga balki shu qiz¬ning bardoshi yetar? Balki ular orzu qilgan o‘g‘ilni shu qiz tug‘ib berar? Xonzoda begim ularni qanday qilib bir-biriga yaqinlashtirsa ekan? Navro‘z kunlarida Hu¬moyun kema sayriga ayollarni ham taklif qilgan. Xonzoda begim Sultonimga yuzlandi:
— Qizim, bugun chavgon o‘ynagan dugonalaring bilan mashqni davom ettiringlar. Mirzo Humoyunni kema sayridan so‘ng shu boqqa taklif etgaymiz. Ha¬midalar qanday chavgon o‘ynashini hazrat bir ko‘r¬sin¬lar. U kishi bunday tomoshaga juda ishqi¬bozlar.
Hamida podshoning ko‘zi oldida ot chopib o‘ynashini tasavvur qildi-yu, birdan vahmi keldi:
— Hazrat begim, men qo‘rqamen!
Xonzoda begim kuldi:
— Buncha qo‘rqmang, ertaga siz ham biz bilan kema sayriga borursiz. Hazratimni yaqindan ko‘rsangiz vahimangiz bosilib qolgay. Keyin yaxshi otlarga minib mashq qilgaysiz.
Xonzoda begim kaniziga tomon o‘girilib:
— Otbegiga ayting, chavkarni oltin anjomlari bilan olib kelsin! — deb buyurdi.
Sultonim onasiga hayron bo‘lib tikildi. Xonzoda begim Iroqdan keltirilgan chavkar otni o‘zi uchun ikki ming rupiyga sotib olgan edi. Bu pulga oddiy otlardan o‘ntasini beradi. Nahotki endi uni Hami¬daga in’om etsa? Xonzoda begim qizining ko‘zlaridagi hayratning sababini sezdi-yu:
— Mening boshqa otlarim bor, — dedi, so‘ng jilovdor yetaklab kelgan chavkar otni oltin anjomlari bilan birga Hamida bonuga in’om qildi.

___________
* F a q i h — qonunshunos.
* R a ’ d — yashin va momaqaldiroq.
* * *

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  22 Noyabr 2009, 15:26:10

Bu voqea og‘izdan og‘izga o‘tib, Hamidaning ota-onasiga ham ma’lum bo‘ldi, Qizlariga Xonzoda begimning nazari tushgani, erta-indin Hamidani Humoyun mirzo saroyiga taklif etmoqchi bo‘lisha¬yotgani ularga tolening kulib boqishidek tuyuldi. Chevarlikdan xabari bor ona bugundan boshlab Hamida uchun qimmatbaho atlas-u muslinlardan yangi kiyimlar tikishga tushdi. Lekin bu ishlardan qizning o‘zi bezovta bo‘lardi. Axir Hamida Humo¬yunning go‘zal xotini Beka begimni, olti yashar qizchasi Aqiqani ko‘rgan. Oilali, farzandli yigitga xomtama bo‘lish... Yo‘q, yo‘q, Hamida buni o‘ziga mutlaqo ravo ko‘rmaydi! Hamida ixlos qo‘ygan shunday ulug‘ Xonzoda begim nahotki uni kundoshlik azobiga loyiq deb bilsa? «Balki ko‘ngil bergan yigitingiz bordir?» deb so‘radi-ya. Hamida uyalib «yo‘q» degani uchun endi o‘zidan ham norozi bo‘ldi. «Bor» deya qolsa osonroq qutulmasmidi? Ammo «kim?» deb so‘rasalar qanday javob beradi? Eshkak¬chi yigit Nizomga ko‘ngli borligi... Rostmi? Buni hali o‘zi ham aniq bilmaydi-ku, qanday aytadi? Arosatda qolganday iztirob cheka¬yotgan Hamida bonu bog‘¬ning narigi chetidan limillab oqib o‘tayotgan Jamna daryosining sohiliga qarab ketdi.
Bog‘ning uzoq burchagida daryo o‘zani qo‘ltiqqa o‘xshab ichkariga yorib kirgan xilvat joy bor. Oqim bu yerda juda sokin, suv tagi mayin qumloq, uncha chuqur ham emas. Hamida bu yerga yetti yashar qizaloq paytlaridan beri ko‘p keladi. Sohilni bir tomondan baland daraxtlar, ikkinchi tomondan bog‘ devori pana qilib turadi. Devor ortida kemachi bir odamning kichkina hovlisi va ikki eshkaklik qayig‘i bor. Yomg‘ir fasli tugab, quruq va issiq oylar boshlanganda Jamnada suv kamayib, qirg‘oq chetlari milkday ochilib qoladi. Shunda bog‘ devori tugagan joydan qo‘shni hovliga kirib chiqsa bo‘ladigan yo‘lak paydo bo‘ladi.
Kemachining bolalari Zarafshon bog‘iga o‘tishga jur’at etolmaydilar. Shuning uchun Hamida sakkiz yashar qizcha ekanida haligi yo‘lakdan o‘zi o‘tib borgan, kemachining Nizom degan kattagina o‘g‘li uni qayig‘iga chiqarib daryoda sayr qildirgan edi. Hamidani onasi «hali bola-ku» deb uncha qattiq tergamas edi. O‘n yetti yoshli Nizom podsho bog‘ida turadigan Hamidaga o‘zining qanchalik chapdast ekanini ko‘rsatib qo‘ygisi keldi.
— Bonucha, sizga baliq tutib beraymi? — deb ko‘ylagini yechdi-yu, qayiqdan suvga sho‘ng‘idi. Jamnaning qoramtil suvi shishadek tiniq edi. Hamida Nizomning suv tagida baliq quvib ko‘zi ochiq holda suzishini ko‘rdi-yu, hayron qoldi. Nizom sohil chetidagi qo‘ltiqqa qamab tutgan bir baliq uning qo‘lidan sirg‘alib chiqib ketdi. Ammo boshqa bir baliqni tutgan zahoti ikki qo‘llab qayiqqa qarab otdi. Uning qo‘llaridan sachragan suv zarralari Hamidaga ham tegdi. Kattagina baliq qizchaning oyog‘i ostiga tushib, patirlab o‘ynay boshladi.
Nizomning suvda bu qadar yaxshi suzishini ko‘rib, Hamidaning unga havasi keldi. U suzishni bilmas edi. Buni eshitgan Nizom qayig‘ini uylari oldidagi qoziqqa yaqin keltirib bog‘ladi-da, daryo chetidan qulay joy tanlab, Hamidani suzishga o‘rgata boshladi.
Hamida yengil harir ko‘ylakchasi bilan suvga kirdi. Nizom uni belidan, qo‘llaridan tutib, suv yuziga ko‘ndalang yotqizdi-da, oyoq-qo‘llarini qanday harakatlantirishni tushuntirdi. Keyin asta qo‘yib yubordi. Hamida bir-ikki qadam suzar-suzmas cho¬kib keta boshladi. nizom engashib uni darhol suvdan chiqarib oldi. Shunda qizcha beixtiyor uning bo‘yniga qo‘lini solib nafasini rostladi. Bir vaqt xayolini yig‘ishtirib qarasa, Nizomning bag‘rida uni bo‘ynidan quchoqlab turibdi. Iymanib kuldi-da, uning qo‘lidan sirg‘alib chiqdi. Nizom ham kulib turar, lekin bo‘ta¬loqnikiga o‘xshagan yuvosh ko‘zlari shunday samimiy va beg‘araz boqar ediki, Hamida to suzishni o‘rganguncha undan biror marta seskanmadi va birorta nojo‘ya qilig‘ini sezmadi. Dili pok bu suvchi yigit unga tobora jozibali ko‘rinadigan bo‘ldi.

Qayd etilgan