Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)  ( 244416 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 54 B


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 10:38:01

Bu she’rni eshitgan qozi-yu sadrlar, muhtasiblar¬ning sochi tikka bo‘lib ketdi. Bayramxon musulmonlig-u masjiddan yuz o‘girsa kofirlik bundan ortiq bo‘ladimi?!
Qozilar boshlig‘i bo‘lgan Sadri a’zam Bayram¬xonni toshbo‘ron qilib o‘ldirishni talab qildi. Din peshvolarining o‘z zindonlari va jazo beruvchi muhtasiblari bor edi.
— Bayramxon hindlarning dahriy shoiri Kabir singari kufr yo‘liga kirmishdir! — deb Said Xalil Humoyunga borib arz qildi. — Kabir ham masjidni butxonaga qo‘shib inkor etgani ma’lumingizdir! Isyonkor majusiylarning bhaqti ta’limoti podsho hokimiyati uchun ham xatarli!
Said Xalil Bayramxonni hech bo‘lmasa Nizom¬ning dahriylikda ayblangan otasi kabi zindonga tashlashga intila boshladi.
Bayramxon o‘n to‘rt yildan beri Humoyunga sodiq xizmat qilib kelayotgan jangovar beklardan edi. Podsho uning tab’i nazmi balandligini, she’riyatda Navoiy va Boburga ergashishini bilardi. U darg‘azab bo‘lib kelgan Said Xalilga shuni aytib:
— Taqsir, Bayramxon Allohga sajda qiluvchi chin musulmon, faqat Bayramxon bu ruboiyni majoziy ma’noda bitmishdir, — dedi. — Bunday kayfiyatlar ulug‘ shoirlarda ham bo‘lgan. Jannatmakon otamning xuddi shu mazmundagi ruboiysi bor. balki o‘qigan¬dirsiz?
Humoyun davlatida Bobur xotirasi muqaddas hisoblanar, bunga shayxulislom ham shak keltirolmas edi. Humoyun otasining Bayramxonnikiga o‘xshash ruboiylaridan o‘qib bergach, Said Xalil sal hovuridan tushdi.
— Ammo biz Bayramxondek shakkok odam bilan bir toifada bo‘lishni istamagaymiz! — dedi. — Uni «ahli saodat» toifasidan chiqarmoq zarur!
Humoyun bunisiga rozi bo‘ldi. Maxsus farmon bilan Bayramxonni sohibixtiyor beklar qatoriga kiritdi-yu, «ahli davlat» deb ataladigan birinchi toifaga qo‘shdi.
Mana hozir navro‘z saylida Bayramxon ham vaziri a’zam Turdibek Turkistoniyning yonida, eng oldingi safda bormoqa. Bu hammasi Said Xalilning yarasiga tuz sepganday bo‘lyapti. Xondamir bundan to‘rt yil avval vafot etganda shayxulislom uning tahririda chiqqan nizomni bekor qilishga yana bir urindi. Ammo Humoyun o‘z nomiga nisbat berilgan qonunni butun koinot-u tabiatga bog‘lab himoya qilardi:
— Taqsir, men jamiyatdagi sun’iyliklar-u betartibliklardan bezor bo‘lganim uchun davlat ishini tabiiy bir asosga qurmoqchimen. Yer-u ko‘kdagi uyg‘unlik bilan sobitlikka sohibqiron Amir Temur ham imon keltirgan ekanlar. O‘shal bobokalonimiz kashf qilgan qonun-qoidalarni «tuzuklar» deb atagan ekanlar.  Shu tuzuklar mazmuni avloddan avlodga o‘tib, bizga ham yetib keldi. Tarixni o‘rganishda rahmatlik Xondamir bizga ko‘¬mak berdi. Amir Temur osmonning o‘n ikki burjidagi sobita yulduzlarni yaxshi ko‘rar ekanlar. Hamal, Javzo, Asad... bu yulduzlar¬ning har biri o‘z o‘rnida shunday sobit turgani uchun quyosh yilning o‘n ikki oyida ularning yonidan aniq soat-u daqiqasida o‘tar ekan. Bir daqiqa oldin ham emas, kech ham emas, to‘g‘rimi?
— Bunisi to‘g‘ri.
— Yoki o‘n ikki yillik muchal hisobi noto‘g‘rimi?
— To‘g‘ri, to‘g‘ri!
— Shuning hammasini hisobga olib, Sohibqiron bobokalonimiz «o‘n ikki raqamida oliy hikmat bor» der ekanlar. O‘z davlatlarini o‘n ikki tamoyil asosida boshqarganlar. Qo‘l ostidagi barcha odamlarni o‘n ikki tabaqaga bo‘lib idora etganlar. Ma’lumingizki, biz ham barcha odamlarimizni o‘n ikki tabaqaga taqsim etdik. Maqsad — tabiatdagi tartib-u aniqlikni, muvozanat-u sobitlikni jamiyatimizga ham tadbiq etmoqdir!..

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 10:38:34

«Tadbiq etgani shumi?!» degan achchiq e’tirozni Said Xalil hozir navro‘z namoyishida borayotib o‘z ko‘nglidan o‘tkazdi. Humoyun katta bobosidan ibrat olib tartib bergan o‘n ikki tabaqani boshqarish juda qiyin bo‘ldi. Shundan so‘ng har uch tabaqani bir sohaga birlashtirib, to‘rtta vazorat tashkil qildi. Buni ham tabiatdagi to‘rt unsur — olov, havo, tuproq, suv kabi «anosiri arbaaga monand» deb ta’rifladi. Birin¬chi vazorat boshlig‘ini «sarkori otash» deb atadi. Unga barcha to‘p-u to‘pxonalar, qurol-yarog‘ va harbiy ishlar qaraydi. «Sarkori havoyi» deb atalgan vazir saroy ta’minotiga, oshxona, sayisxona*, kiyim-kechak ishla¬riga mutasaddi. «Sarkori obi» — ariq qazish va sug‘orish ishlarini boshqaradi, sharbat, chog‘ir va boshqa ichimliklar tayyorlaydi. «Sarkori xoki» (ya’ni, tuproqboshi) — ziroat, dehqonchilik va imoratsozlik kabi sohalarga javobgar. Humoyunning farmoniga binoan, bu to‘rt vazoratning odamlari kiyinishda ham bir-birlaridan farq qilishlari lozim, toki bir qarashda ularning qaysi sohadan ekanligini ajratish mumkin bo‘lsin. Uning o‘zi esa haftaning ma’lum kunida osmondagi biron sayyoraning rangiga va qiladigan ishining mazmuniga mos kiyinishga harakat qilardi. Nuri ko‘kish Zuhra yuduziga nisbat berilgan dushanba kunida Humoyunning kiyimida moviy va yashil ranglar ustun bo‘lardi. Seshanba kuni Humoyun uchun qizg‘ish nurli Mirrix yulduzining kuni. Seshan¬bada uning qabuliga amiri g‘azab nomini olgan hibsxona boshlig‘i va jallodlar sarkori og‘ir jinoyat qilgan aybdorlarni olib kiradi. Humoyun ularning eng ashaddiylarini qatl ettiradi.
Tabiatga qiyosan joriy etilgan «Qonuni Humoyu¬niyni» «shoirona did bilan qilingan kashfiyot» deb maqtab yurganlar oz emas. Ayniqsa, osmon timsolida birinchi o‘ringa qo‘yilgan ahli davlat vakili Bayra¬m¬xon yangicha tartibdan juda mamnun. Ammo Said Xalil kabi ruhoniylarning alami cheksiz. Axir osmon ilohiyot makoni emasmi? Ilohiyot ilmi bilan shug‘ul¬lanuvchi ulamolar, saidlar osmon ramzi bo‘lgan oliy tabaqaga kirishlari kerak ediku. Xondamir «oliy kashfiyot!» deb maqtagan «Qonuni Humoyuniy» Said Xalil boshliq ruhoniylarga shaytoniy bir o‘yinday, quruq xayolparastlikday tuyuladi. Sarkori havoyi emish! Osmonda tutqich bermay yuradigan havoga kim sarkolik qila oladi? Mirrix yulduzi qayoqda-yu, podsho kiyadigan kiyimning rangi qayoqda?!
Bu tajang o‘ylar ta’sirida shayxulislom Laxo‘rdagi Komron mirzoni va sharqdagi Sherxonni iliq bir xayrixohlik bilan esladi. Komron akasi Humoyunni pisand qilmasligi Said Xalilga ko‘pdan ma’lum. Komron pok musulmonchilikni mahkam tutadi. Humoyunga o‘xshab, majusiylarga yon bosmaydi. Bayramxon kabi dahriylarni to‘rga chiqarmaydi. Komronning mana shu xususiyatini bilgan Said Xalil oraga ishonchli odamlarni qo‘yib, u bilan allaqachon maxfiy aloqa o‘rnatgan. Humoyun uzoq viloyatlarga ketganda Komron mirzoga shoshilinich xufiya yuborib, Laxo‘rni tezroq egallashga undagan diniy peshvo — Said Xalil. Komron uning aytganini qildi-yu, Kobulga Panjobni qo‘shib olib, akasidan zo‘rroq bo‘ldi. Endi agar sharqda Sherxon bosh ko‘targani rost bo‘lsa, Humoyun otda bir oylik yo‘l bo‘lgan Bixarga qo‘shin tortib ketishi aniq. O‘shanda Said Xalil Komron mirzoga yana bitta yashirin maktub yozib, «Agrani egallash payti keldi», deydi. Shunda Komron mirzor Hindiston taxtiga chiqsa, Said Xalil¬dan umrbod qarzdor bo‘ladi, uning chizgan chizig‘i¬dan chiqmaydi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 10:39:49

«Qonuni Humoyuniy» ham va bugun Said Xalil¬ning alamini keltirayotgan boshqa narsalar ham bir zarba bilan nest-nobud bo‘ladi.
Fil minib borayotgan podsho odamlarga juda qudratli ko‘rinsa ham, aslida uning hokimiyati ichdan zil ketib zaiflashib qolganini, Humoyun taxtdan ag‘darilishi muqarrarligini Said Xalil zimdan sezadi va bu hodisani qo‘lidan kelganicha tezlashtiradi.

___________
* M u n i r — yorug‘ yuz, yorug‘lik.
* S a y i s x o n a — otxona.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:51:25

* * *

Tashqaridan qaraganda katta hashamat va silliqlik bilan o‘tayotgan navro‘z namoyishining ichi qaltiroq ekanini, yasan-tusan mavkab botiniy ziddiyatga to‘lib borayotganini Humoyun ham sezadi. U yashirin ziddiyatlar zahrini beg‘ubor odamlarning olqishi bilan kesmoqchi bo‘ldi-da, shig‘ovulga yana tanga sochishni buyurdi. Shig‘ovul siqimini tangaga to‘ldirib, shirador, yo‘g‘on ovoz bilan odamlarga murojaat qildi:
— Xaloyiq, ogoh bo‘ling! Bugun ilon yili tugab, ot yili kirdi! Ot — insonga vafodor jonivordir! Bu yilgi navro‘z hammangiz uchun xayrli bo‘lsin! Shu ulug‘ ayyomda kim qanday yaxshi niyat qilsa ilohim murodiga yetsin! — deb shig‘ovul xaloyiq ustiga siqimidagi tangalarni sochdi.
Bilmaydigan odam fil minib borayotgan Humo¬yunni: «Hech narsadan kamchiligi yo‘q, bearmon yigit», deb o‘ylaydi. Lekin hozir uning xiyobon chetida o‘g‘ilchasini ko‘tarib turgan o‘sha oddiy yigitga havasi keldi. Qani, tole unga ham shunday o‘g‘il ber¬sa! Bundan besh yil oldin o‘g‘il ko‘rish orzusida u ikkinchi xotin oldi. Oddiy yasovulning qizi bo‘lgan Mevajon ismli bu chiroyli juvon o‘sha yili homilador bo‘ldi. Mohim begim hali hayot edi, bo‘lajak nevara¬siga atab ko‘ylakchalar tikdirdi. Lekin Mevajon o‘n oyda ham, o‘n bir oyda ham tug‘may, qorni qappa¬yib yuraverdi. Keyin bilsalar, shunchaki... yel¬bo‘¬g‘oz ekan. Humoyun buni ham taqdirning achchiq bir kinoyasi deb bilib, juda qattiq iztirob chekdi. Xuddi o‘sha yili inisi Komronning xotini qo‘chqorday o‘g‘il tug‘di. Hozir bu bola kattagina bo‘lib qolgan. Humo¬yun uni har ko‘rganda ko‘zlari havas bilan yonadi...
Shig‘ovul xurjundan yana tanga oldi:
— Xaloyiq, Humoyun hazratlari navro‘z ayyomida qilgan barcha yaxshi niyatlariga yetsinlar! Yangi yil hazratimga qo‘chqorday o‘g‘il ato etsin! Omin!
Sochqining ketidan yugurib tanga talashayotganlar, albatta, duoga quloq ham solishgani yo‘q. Lekin xiyobon chetida Humoyunga jim qarab turgan boyagi chol yana yuziga fotiha tortdi. Shu payt Humoyun¬ning ko‘zi xiyobon chetidan otliq borayotgan qizlarga tushdi. Ular yuzlariga oq harir parda yopganlari uchun qosh-ko‘zlari unga aniq ko‘rinmaydi. Lekin tolma bellari va fotihaga ko‘tarilgan nozik qo‘llari yigitga juda sehrli tuyuldi.
 Chavkar ot mingan Hamida bonu Humoyunning tikilib qaraganini endi sezdi. Bir payt shamol qizning yuzidagi harir pardani ko‘tardi-yu, bir lahza ko‘z ko‘zga tushdi.
Shunday go‘zal qiz Humoyunga o‘g‘il tilab qo‘lini yuziga surgani yigitga behad yoqimli tuyuldi.
Bu orada mavkab daryo bo‘yidagi podsho bog‘iga yaqinlashdi. Humoyun boshliq ahli davlat bog‘ning ulkan darvozasidan ichkariga kira boshladi. Darvoza oldida uzun nayza tutgan qo‘riqchi yigitlar xiyobon chetlaridan tomosha qilib kelayotgan xaloyiqning yo‘lini to‘sdilar. Boqqa faqat maxsus ruxsati bor odamlargina kirishi mumkin. Bu ruxsatnomalar turli xil yoy o‘qi shaklida tarqatilgan. Mavkab ketidan bog‘ darvozasiga yaqinlashgan Gulbadan begim oti¬ning egari qoshidagi soqdondan oltin uchli yoy o‘qini olib soqchilarga ko‘rsatdi. Ular busiz ham podsho¬ning singlisini tanib qolgan edilar. Begim bilan otliq kelayotgan Hamida bonuga va Sultonim begimga yengil ta’zim bilan yo‘l berdilar. Bog‘ ichiga kirganlarni shig‘ovul tartib bilan turli yo‘lkalarga yo‘naltirib turibdi.
Humoyun mingan fil bog‘ to‘ridagi ikki qavatli ko‘shk tomonga burildi. Hamidalar esa Jamna chetida langar tashlab turgan shohona kemalarga tomon yo‘l oldilar.
Bu kemalarni haydaydigan eshkakchilar orasida Nizom ham bo‘lishi kerak. Hali kema sayrida Xonzoda begim uni Humoyun bilan tanishtirsa-yu, buni Nizom ham ko‘rsa... Hamida shuni o‘ylagan sari ko‘ngli bezovta bo‘lardi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:51:40

* * *

Fil baland shohsupaga yonini berib to‘xtagach, Humoyun uning ustidan tushdi-da, ko‘shkning ikkinchi qavatidagi qabulxonaga kirdi.
Bugun bayram bo‘lsa ham, davlat ishi tanaffus bilmaydi. U kema sayriga chiqishdan oldin kechiktirib bo‘lmaydigan favqulodda ishlar bo‘yicha ko‘rsatmalar bermog‘i kerak. Gilam ustida tikka turgan ko‘yicha Turdibekdan so‘radi:
— Sharqdan ne xabar bor?
— Hazratim, Sherxon Chunorga hujum boshlabdir, qal’a ichidagilar qamalda qolmishlar. Hozir kelgan axborotga qaraganda, biznikilarning ahvoli tang. Tezda yordamga yetib bormasak, qal’a ilikdan chiqishi mumkin.
Otda Chunorgacha o‘n besh kunlik yo‘l. Humo¬yun o‘zi bor qo‘shinini boshlab bormasa boshqa hech bir bek Sherxonga bas kelolmaydi. Bir yilda bir keladigan navro‘z kunini ham xotirjam o‘tkazib bo‘l¬masligi Humoyunga juda malol keldi:
— Chunordagilar vahima qilmasin! — deb kesib-kesib gapirdi: — Qal’a devorlari mustahkam! bultur biz bu qal’ani qamal qilganda Sherxon uch oygacha darvoza ochtirmagan edi! Nahotki biznikilar bir oyga ham bardosh berolmasalar? Qal’a boshlig‘iga hoziroq maxsus chopar bilan farmoyish yuboring! Himoyada qat¬tiq tursinlar. Biz bir oyga qolmay yetib borgay-miz!
— Bosh ustiga hazrati oliylari!
Turdibek ta’zim qilib orqasi bilan yurib eshikdan chiqqach, Humoyun shohnishinga o‘tib o‘ltirdi. Arkoni davlat odatdagiday uning o‘ngu so‘liga tizilgandan keyin shig‘ovul boshqa mamlakatlardan kelgan elchilarni boshlab kirdi.
Birinchi bo‘lib kirgan Eron vakillai taxtga yaqin eng mo‘tabar o‘ringa o‘tkazildi. Humoyun otasining shoh Ismoil bilan boshlangan hamkorligini uning o‘g‘li Taxmasp bilan davom ettirmoqda edi. Buxo¬rodan kelgan shayboniyzodalar elchisi Eron vakillarini ko‘rarga ko‘zlari yo‘q. Ammo Humoyun ular bilan ham savdo-sotiq qiladi, mamlakat ichi shunday parokanda va notinch bo‘lib turganda shimoliy che¬garalarda yana urush chiqib ketmasin uchun shayboniyzodalar yuborgan elchilarning ko‘nglini olishga intiladi. Shuning uchun Buxoro elchisi podshoning chap tomonidagi mo‘tabar joylardan biriga taklif etildi. Humoyun Eron va Turon elchilarini bugungi daryo sayliga o‘zi bilan bir kemaga o‘tkazib olib bo¬radigan bo‘lgan.
Kemaga eng nufuzli a’yonlar ham chiqishi kerak, joy esa hisobli. Buning ustiga uzoq Portugaliyadan sovg‘a-salom bilan kelgan Alvaro Pakavira ham bugun Humoyunning huzuriga kirishga ruxsat so‘ra¬gan. Humoyun yevropa mamlakatlarini bir-biridan ko‘pda farq qilmas, ularning hammasini Farangiston deb atar edi. Shig‘ovulga:
— Farangiston elchisini chorlang! — deb buyurdi.
Shimi tizzasidan pastga tushmaydigan, qimmatbaho shohi paypoqlari boldiriga yopishib, oyog‘i shil¬dinglab ko‘rinadigan, chiroyli qora mo‘ylovlari o‘ziga yarashgan Alvaro Pakavira qora shlyapasini o‘ng qo‘liga oldi-da, o‘sha qo‘lini shlyapa bilan pastga sermab, ta’zim qildi. Orqaroqda Pakaviraning mulozimi silliq qizg‘ish yog‘ochdan jimjimali qilib yasalgan uzun bir g‘ilofni ko‘tarib turibdi. Pakavira forsiy so‘zlarni portugalcha ohangda talaffuz etib dedi:

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:51:56

— Bugungi navro‘z ayyomida biz Hindistonning ulug‘ hukmdori Humoyun hazratlariga Portugaliya ustolari oltin-u kumushlar bilan bezagan jangovar bir qurol keltirdik! — Pakavira g‘ilofdan kartech solib otiladigan yo‘g‘on quvurli miltiq oldi: — Buning qo‘ndog‘iga Hind ummonining sadaflari qadalgan, quvuri ispan kumushi bilan bezatilgan. Tepkisi esa Portugaliyaning sof oltinidan yasalgan!
Bek-u a’yonlar birdan jonlanib, Pakaviraning qo‘lidagi qurolga qiziqib ko‘z yugurtirdilar. Bundan dadillangan Pakavira sovg‘asini podshoga o‘z qo‘li bilan topshirmoqchi bo‘lib, shohnishinga qarab o‘ta boshladi. Shunda Humoyun o‘ng tomonda turgan Bayramxonga imo qildi. Bayramxon beklar safidan chiqib, mehmonning yo‘lini to‘sdi. Pakavira miltiqni ikki qo‘llab Bayramxonga topshirdi-da, orqasi bilan yurib, avvalgi joyiga chekindi.
Bayramxon Humoyunning ishorasi bilan miltiqni uning oyog‘i tagiga ko‘ndalang qilib yotqizib qo‘ydi.
Humoyun elchiga qarab:
— Janob Pakavira, — dedi. — Biz Farangiston ustolarining mehnatlarini e’zozlaymiz, navro‘z kuni bizni yo‘qlaganingiz uchun ham mamnunmiz. Bi¬roq... bu to‘fangning o‘qini kimga bergansiz?
— Hazrati oliylari, o‘q-doru solingan qutilarimiz kemada qolgan. Bu muhtasham ko‘shkka o‘q-dori ko‘tarib kirishdan tortindik. Agar siz xohish bildirsangiz, istalgancha o‘q-dori keltirib berishga tayyormiz!
— To‘fang-u o‘q-dori bobida farangilar bahodir¬shohga ham ko‘p saxovat ko‘rsatgan edilar. Guja¬rotdagi janglarda Bahodirshohning odamlari bizning ne-ne bek-u navkarlarimizni farangi to‘fanglardan otib o‘ldirganlari hali yodimizdan chiqqan emas!
— Hazrati oliylari, Bahodirshoh bizga ham dushman bo‘lib chiqdi. Unga Surat bandarida* ispan savdogarlari to‘fang sotganlar! O‘q-dorini ham Bahodir¬shoh o‘shalardan sotib olmishdir.
— Janob Pakavira, Hindistonga qachon kelgansiz?.. Uch yil? Uch yildan buyon qayerda istiqomat qilmoqdasiz?
— Ko‘proq Goa orolida.
— Bahodirshoh Goa orolida yashagan farangilar bilan ittifoq tuzgan emasmidi?
— Ammo Bahodirshoh keyin bu ittifoqni buzdi, bizga ham xiyonat qildi. Shundan so‘ng bizning odamlarimiz uni o‘ldirdilar. Biz endi siz bilan hamkorlik qilish orzusidamiz, hazrati oliylari!
Humoyun kinoyali jilmaydi:
— Xudo ko‘rsatmasin, agar biz ham Bahodir¬shohga o‘xshab jangda yengilsak, sizlar keyin uning kunini bizning boshimizga ham solgaymisiz?
— Alhazar! — deb qo‘ydi Said Xalil.
O‘ng‘aysiz ahvolda qolgan Pakavira shlyapasini u qo‘lidan bunisiga oldi-yu:
— Hazrati oliylari, siz yengilmas bahodirlardansiz,— dedi. Biz ishonamizki, sizga qarshi bosh ko‘targan Sherxon ham Bahodirshoh kabi mag‘lub bo‘lgay. Siz uning ustidan g‘alaba qozonishingiz uchun qancha to‘fang, qancha o‘q-dori kerak bo‘lsa biz sotishga tayyormiz.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:52:09

Humoyun hozir qamal azobidan qiynalayotgan Chunor qal’asidagi odamlarini ko‘z oldiga keltirdi-yu, yuzi tundlashdi. Dengiz orqali Bangola va Dakkaga suzib borgan farangilar Sherxonga mana shunaqa quvuri yo‘g‘on to‘fanglar va mushket o‘qlar sotayotganini humoyun mushriflar* yuborgan ax-borotlarda o‘qigan edi. Qamaldagilarni tutday to‘ka¬yotgan bu xatarli o‘qlar hozir uning oyog‘i tagida yotgan oltin tepkili to‘fangdan ham otilishi mumkin. Dengiz bo‘ylaridagi viloyatlarning roja va maharojalari ham farangi qurollar sotib olayotgani ma’lum.
— Siz farangilar, qurol sotib sarmoya orttirish bilan qanoat qilsalaringiz koshki edi! — Humoyun elchiga ko‘zini qadab gapirdi: — Biroq Bangola orqali Sherxonga qurol yetkazib berayotganlar biz¬ning saltanatimizni egallash ilinjidadir!
— Hazrati oliylari, Dakka orqali qurol-yarog‘ sotayotganlar biz emas, balki inglizlardir! Ingliz savdogarlari bizga ashaddiy raqibdirlar! Biz, portugaliyaliklar, sizga faqat yaxshilik istaymiz!
— Shaxsan siz to‘g‘ringizda yomon so‘z aytmoq¬chi emasmen, janob Pakavira! Siz hozir biz uchun hurmatli mehmonsiz. Ammo hindistonga kelgan boshqa farangilar mamlakatning bir o‘lkasini ikkinchisiga qarshi urushtirish harakatidalar. Biz ular sotayotgan qurollar bilan bir-birimizni qirib tashlasak, keyin Hindiston ularning tasarrufiga o‘tishi oson bo‘lg‘ay! Ammo bunday shum niyat bilan qurol sotgan farangilar bilsinlarki, ular olib kelgan to‘fanglar axiyri o‘zlariga qarshi otilg‘usidir!
Alvaro Pakavira bu gaplardan talvasaga tushib, qora shlyapasini yana bir marta pastga sermaganicha ta’zim bajo keltirdi:
— Hazrati oliylari, farangilar orasida shum niyat¬lilalir ham yo‘q emas, siz buni donolarcha payqabdursiz. Ammo biz siz tomoningizda turib ana o‘sha shum niyatlilar bilan jang qilishga tayyormiz! Chunki sizning payg‘ambaringiz Muhammad alayhissalom Qur’oni sharifda bizning muqaddas kitobimiz Injilni ehtirom bilan tilga olmishdir. buni davlatingizning diniy peshvolaridan Said Xalil janoblari ham tasdiqlashlari mumkin.
Pakavira Said Xalil tomonga olazarak bo‘lib qarab qo‘ydi. Saidning qo‘li uzun yengi ichidan ko‘rinmas, ammo barmoqlari bilan tasbeh o‘girib o‘ltirgani yeng uchidan chiqib turgan yirik marvarid donalarining sekin siljiyotganidan bilinar edi. Bu marvarid tasbeh uch kun burun Said Xalilga Pakavira tomonidan in’om etilganini Humoyun xufiyalarning kechagi ax-borotida o‘qigan, «taqsirimning qimmatbaho javohirlarga o‘chligini farangilar ham bilib qolibdir-da», deb o‘zicha ajablangan edi. Hozir esa Humoyun Said Xalilga Pakavira tushunmaydigan turkiy tilda savol berdi:
— Taqsir, g‘ayridinlar ilkidan olingan in’om sizdek tabarruk zotga joizmikin?
Humoyun Said Xalilning qo‘lidagi marvarid tasbehga ma’noli qilib qaradi. Said Xalil siri fosh bo‘lishidan cho‘chib, tasbehni darhol yeng ichiga yashirdi-yu, tomoq qirib:
— Hazratim, nasoralar* g‘ayridin bo‘lsalar ham, bir holda, bizga majusiylardan ko‘ra yaqinroqdir, — dedi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:52:25

— Sabab?
— Sababki, majusiylar o‘nlab xudolarning haykal¬larini yasab, ularning hammasiga sig‘ingaylar. Qaysi ulusning xudosi ko‘p bo‘lsa, unday ulusda yakdillik bo‘lmagay, mamlakat hamisha parokandalikdan azob tortqay. Ammo nasoralar ham biz kabi bir xudoga sajda qilurlar. Iso alayhissalomga sig‘i¬nurlar. Muham¬mad alayhissalom o‘z ummatlariga murojaat etib deydilarki, «Iso va Muso payg‘am¬barlardan ajralmanglar, imonda doim birga bo‘ling¬lar».
Pakavira forsiy tilda bu gaplarni eshitganda qaddini tiklab, ko‘krak kerib, atrofiga g‘olibona nazar tashlay boshladi. U eng mo‘tabar elchilar qatorida shohnishinga yaqin o‘ng tomondan joy ko‘rsatilishini va bugungi daryo sayriga podsho bilan bir kemaga chiqishni mo‘l turibdi.
— Taqsirim, — dedi Humoyun shayxulislomga. — Mehmon imon jihatdan samimiy bo‘lsa, bizdan ham samimiy ehtirom ko‘rgay. Nek niyat bilan kelgan bo‘lsa, biz ham unga yaxshilik qilaylik. Janob Turdibek, farangistonlik mehmonga kimxob to‘n in’om etilsin.
— Bosh ustiga, hazratim!
Kimxob to‘n Pakaviraning yelkasiga tashlangach, Humoyun so‘zida davom etdi:
— Bog‘da xizmat qiluvchi mulozimlarga buyuring, tillakori tolorda janob Pakavira uchun maxsus dasturxon yozib, navro‘z ne’matlaridan ziyofat bersinlar!
Alvaro Pakavira yelkasidagi kimxob to‘ndan terga botib ko‘shkdan tashqariga chiqar ekan, daryoda chayqalib turgan kemalarga endi alamli nazar tashladi. Uning bu yerga kelishdan maqsadi — bir amallab Humoyunning pinjiga kirish, podsho kemasida eng nufuzli a’yonlar bilan birga sayr qilish, ulardan ta¬nishlar orttirib, poraga uchadiganlarini qo‘lga olish edi. Lekin Humoyun unga mana bu og‘ir to‘nni kiydirdi-yu, ruxsat berib yubordi. Endi Pakavira huvillagan bog‘da bir o‘zi kema sayriga munosib ko‘rilmagan uchinchi darajali mulozimlar orasida yeydigan ziyofati tomog‘idan o‘tadimi? Humoyun uning niyatlarini yo‘qqa chiqarib, ustidan kulish uchun ataylab shunday qildi, chamasi. Ammo kim kimning ustidan kulishini Alvaro Pakavira hali unga ko‘rsatib qo‘yadi! U Humoyundan ish chiqmasligi mumkinligini oldindan hisobga olib, eng ishonchli odamlaridan birini o‘tgan hafta Sherxonning huzuriga jo‘natgan. Endi bugundan qolmay o‘zi ham Sherxon tomonga yo‘l oladi. Navro‘z bahonasida Humoyun kayf-safo qilib, beparvo yuraversin. Alvaro Pakavira uning saroyida ko‘rganlarini, og‘a-inilar va podsho bilan ruhoniylar orasidagi ziddiyatlarni Sherxonga batafsil aytib beradi. Said Xalildan qanday foydalanishning yo‘llarini tushuntiradi. Pakavira Humoyunning barcha dushmanlarini Sherxon atrofiga yig‘ib, bu temuriyzodani taxtdan ag‘darmaguncha bugungi alamidan forig‘ bo‘lmaydi!

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:52:41

Ichkarida qolgan Said Xalil ham Pakaviraga o‘xshab, podshoning masxarasidan adovat tuyg‘usiga to‘lib o‘tiribdi. Shuning ustiga Humoyun Said Xalilning ashaddiy raqibi Xo‘ja Husaynni o‘z huzuriga chorladi.
Uzoq shimolga elchi bo‘lib ketganicha to‘qqiz yildan beri dom-daraksiz yo‘qolgan bu odam hali ham tirik ekanmi? Shig‘ovul ellik yoshlardagi mosh-gu-ruch soqolli, barvasta va ozg‘in Xo‘ja Husaynni eshikdan boshlab kirganda Said Xalil uni tanib, yuragi shig‘ etib ketdi. Bu o‘sha — Boburga juda yoqib qolgan va uning yordamida eng oliy diniy mansabni Said Xalildan tortib olmoqchi bo‘lgan Xo‘ja Husayn! U paytlarda soch-soqoli qop-qora, qirq yoshli norg‘ul qori edi. Endi yuzlari, pehshona va chakkalari keksalik ajinlari bilan qoplanibdi. Ammo qadam olishi hali ham tetik. O‘shanda Said Xalil bu xatarli raqibdan qutulish uchun uni g‘ayridinlar yashaydigan uzoq moskoviyaga* elchi qilib jo‘natishga astoydil intilgan edi. Unga qo‘l kelgan dalil Xo‘ja Husaynning xorazmlik bo‘lgani va yigitlik paytlarida Dashti Qipchoq orqali Moskoviyaga borib kelgani edi. Shayx Husaynning o‘zi ham Boburga shimoldagi qorli cho‘llar, g‘aroyib o‘rmonlar, qalin muz ostidan oqadigan daryolar, qish bo‘yi chana va chang‘ida yuradigan odamlar haqida maroqli hikoyalar aytib bergan edi. Tabiatan sayyoh bo‘lgan va yangi o‘lka¬larni kashf etishga juda qiziqadigan Bobur Mosko¬viyaga elchi yuborib, hamkorlik qilish va ikki orada karvon yo‘li ochishni ixtiyor qildi. Said Xalil elchilikka eng munosib odam qilib Xo‘ja Husaynni ko‘rsatdi.
Xo‘ja Husaynning o‘zi ham hind issiqlaridan qiynalib yurar, salqin o‘lkalarga sayohat qilishni istar, Moskoviyaga borib kelishda tug‘ilib o‘sgan yurti Xorazmni yana bir ko‘rishga ishtiyoqmand edi. Bobur elchilikka undan munosibroq odam topa olmay, hijriy 937* yilda Xo‘ja Husaynni Moskoviya podshosiga atalgan maktub va sovg‘a-salomlar bilan Agradan jo‘natib yubordi. O‘sha yili kech kuzda Boburning o‘zi bedavo kasalga uchrab vafot etdi. Xo‘ja Husayn esa o‘sha ketganicha qaytib kelmadi.
Said Xalil undan butunlay qutuldik deb yurganda bugun yana Xo‘ja Husayn qayoqdan paydo bo‘lib qoldi? Humoyun ham unga alohida ehtirom ko‘rsatib o‘rnidan turdi va qo‘l berdi. Odatga binoan, Xo‘ja Husayn podshohning qo‘lini tavof qilib o‘pdi-yu, birdan ko‘ziga yosh oldi:
— Hazratim, sizni ko‘radigan kun ham bor ekan!
— Mavlono, nechun bunchalik hayal qildingiz? To‘qqiz yil bo‘ldimi?
— Butun to‘qqiz yilim sarson-u sargardonlikda o‘tdi, amirzodam! Borishda Eron-u Kavkaz orqali ketsam bo‘lar ekan. Tug‘ilgan yurtimning mehri tortdi-yu, Murg‘ob daryosidan o‘tib, Xorazm orqali borajak bo‘ldim. Lekin Marida shayboniyzoda sultonlarning ilkiga tushib qoldim. Boburshohning nomini eshitsa to‘nlarini teskari kiyadigan johillar bor-budimni musodara qilib, o‘zimni zindonga tashladilar. Endi tirik qutulmasman deb o‘ylagan edim. Xayriyatki, xorazmlik qarindoshlarim xabar topib kafilga oldilar. Xorazmdan Moskoviyaga karvon qatnovi to‘xtab qolibdir. shuning uchun Xurosonga qaytib kelib, Mozandaron orqali Kavkazga bordim. Hamma joyda yurt notinch, o‘zaro urushlar, qaroqchilar... Hazar dengizidan Idil* orqali Moskoviya mamlakatiga yetib borgunimcha uch yil o‘tdi. Qimmatbaho savg‘olardan ayrilib abgor bo‘ldim. Faqat Bobur hazratlari yozgan maktubni jon o‘rniga asragan edim, alqissa, Mosko¬viya podshosiga eltib topshirdim.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:52:57

Xo‘ja Husayn bir uh tortdi-yu, boshini xam qilib davom etdi:
— Moskoviya taxtiga ulug‘ kiniyaz* Vasiliy Ioannovich degan kishi o‘ltirgan ekan. Mening xarob ahvolimni ko‘rib Hindiston podshosi¬ning elchisi ekanimga uncha inonmadi.
— Maktubni o‘qisa muhridan ham bilishi mumkin edi-ku? — hayron bo‘lib so‘radi Humoyun.
— Ne til bilan aytay, amirzodam, maktubning muhr bosilgan joyi ham uch yil davomida hilvirab tanib bo‘lmas ahvolga tushgan edi. Moskoviya podshosi esa Bobur hazratlarining Hindistonga podsho bo‘lganlaridan mutlaqo bexabar ekan. Ikki oradagi masofalar shunchalik uzoq, bordi-keldi yo‘q. Hindistondan Moskoviyaga borgan birinchi odam men ekanman. Shohona sovg‘alarimni yo‘lda qaroq¬chilarga oldirib qo‘yganim uchun Erondan mayda-chuyda mol olgan edim. Ular Hindiston moli o‘rniga o‘tmadi. Alqissa, Moskoviya podshosi aytdiki, ehtimol, sen bir sayyohdirsan, Bobur — podshomi yoki podshoning xizmatidagi odammi — bizga ma’lum emas, shuning uchun biz unga o‘z elchimizni yubora olmaymiz, ammo Hindiston bilan Moskoviya orasida sen kabi sayyohlar borib-kelib tursalar, biz unga tarafdormiz.*
Said Xalil Xo‘ja Husaynning elchilikni eplay olmaganidan quvonganday labini burib:
— Ana xolos! — deb qo‘ydi.
Bu so‘zlardagi istehzoni sezgan Xo‘ja Husayn Humoyundan himoya istab gapirdi:
— Lekin men Moskoviyadan natijasiz qaytganim yo‘q, hazratim! Moskoviya xalqi orasida bizning ellarni ko‘rgan odamlar ham bor ekan. Ular mening elchi bo‘lib borganimga ishondilar. Podsholaridan ko‘rmagan izzat-ikromni mana bu Matvey Kalitinga o‘xshash yaxshi rus kishilaridan ko‘rdim!
Xo‘ja Husayn shunday deb orqasiga o‘girildi va qo‘lqopli o‘ng qo‘liga chiroyli qarchig‘ayni qo‘ndirib turgan qo‘ng‘irsoqol odamni ko‘rsatdi.
Xo‘ja Husayn shimol sovuqlarida shamollab, elchiligi natija bermaganidan ezilib kasal bo‘lib yotganda mana shu odam uni so‘roqlab keladi. Savdo karvonlari bilan sayohat qilishni yaxshi ko‘radigan Matvey Kalitin bundan yuz yillar oldin Hindistonga kelib ketgan Afanasiy Nikitinning ixlosmandi edi. Uning qo‘lida Afanasiy Nikitinning Hindiston safari haqidagi kundalik daftaridan ko‘chirilgan qo‘lyozma kitob bor edi. Matvey Semyonovich bu kitobni qayta-qayta o‘qigan, unda uchraydigan ba’zi turkiycha va forsiy iboralarni tushunmasa ham, Afanasiy Nikitin qalamga olgan yurtlar tasviriga nihoyatda qizi¬qib yurar edi. Karvon bekatida kasal bo‘lib yotgan Xo‘ja Husayn hindistonlik ekanini eshitgan Matvey uni o‘zining uyiga olib ketadi, unga ayiq o‘tidan tayyorlangan dorilar ichirib davolaydi. Xo‘ja Husayn Matvey Semyonovich Kalitinning yurti Muromda uch yil qolib ketadi. U bilan xizmatkoriga muromliklar o‘rmon chetidan yog‘och uy qurib beradilar, uni «Baburin posol», ya’ni «Boburning elchisi» deb hurmat qiladilar. Bora-bora Xo‘ja Husayn ruslar orasida Baburin degan familiya bilan taniladi. U xizmatkori bilan o‘rmon chetida turadigan joyga «Baburinskiy xutor» degan nom beriladi. Matvey Semyonovich bilan Xo‘ja Husayn bir-birlarining tillarini o‘rga¬nishadi. Daryo yo‘li bilan Novgorod orqali Qozon xonligiga borib, tijorat qilishadi va Hindiston safari uchun mablag‘ yig‘ishadi. Ko‘p xavf-u xatarlarni boshdan kechirib, nihoyat, agraga kelishadi.
Humoyun bu gaplarni eshitgandan so‘ng Xo‘ja Husaynning hamrohi bo‘lgan qo‘ng‘irsoqol barvasta Matvey Semyonovichga qiziqib qaradi. Kalitin charm qo‘lqop kiygan, qo‘lidagi bo‘z qarchig‘ayning ko‘zlari yupqa charm niqob bilan to‘sib qo‘yilgan. Yon eshikdan podsho qushchisi ham o‘ng qo‘liga qo‘lqop kiyib chiqdi. U qarchig‘ayni mehmonning qo‘lidan sekin olib, o‘z qo‘liga qo‘ndirar ekan, jim o‘tirgan qush qanotlarini yoyib, qattiq bir talpindi. Shunda uning o‘tkir tirnoqlari qushchining qo‘lqopli qo‘lini shaxt bilan changalladi. Humoyun qo‘lqop charmiga tig‘day botgan tirnoqlarga qarab, Moskoviya qar¬chig‘a¬yining zabardast ekanini payqadi.

Qayd etilgan