Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)  ( 244054 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 54 B


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:55:58

Sherxon bu boyliklarni bosib yotadigan ziqna odam emas, uning maqsadi mustaqil hukmdor bo‘lish. Sherxon Chunor qal’asida qo‘lga kiritgan oltinlarga minglab yangi navkarlar yolladi, qurol-yarog‘lar sotib oldi. Lodilar va boburiylardan norozi bo‘lgan qanchadan qancha yollanma askarlar Sherxon tomoniga o‘ta boshladi. Ayniqsa, u Chunor qal’asini egallagandan  keyin Humoyun sharqdagi Bixar va Bangoladan uzilib qoldi. Yo‘lni ochish uchun u Chunorga qo‘shin tortib keldi va Sherxonni qamal qildi. U paytda Humoyunning qo‘shini Sherxonnikidan ikki barobar ko‘p edi. Zambaraklar va to‘fanglar qal’a himoyachilari ustiga shunday o‘q yog‘dirishdiki, Sherxon shiddatli hujumlarga turish berolmay qoldi. Oradan ikki oy o‘tgach, Sherxonning elchisi ichkaridan oq bayroq ko‘tarib chiqdi va Humoyunning huzuriga kelib, shafqat so‘radi. Humoyun raqibi bilan yuzma-yuz turib so‘zlashmoqchi bo‘ldi-yu, elchiga: «Shavqat kerak bo‘lsa Sherxonning o‘zi huzurimizga kelsin!» dedi. Jang to‘xtatilgan, lekin Sherxon Humoyun huzuriga kelsa hibsga olinishidan hadiksirab, o‘zining o‘rniga yigirma sakkiz yashar o‘g‘li, jangovar sarkarda Qutbxonni yubordi. Qutbxon Humoyun oldida yer o‘pib, sadoqat izhor qildi. «Otam boshliq surlar minba’d sizga qarshi bosh ko‘tarmasligi uchun mana, men kafilmen, barcha navkarlarim bilan sizga toabad xizmat qilurmen», dedi. Humoyun Qutbxonni uch yuz navkari bilan o‘z ixtiyorida qoldirdi. Sherxon esa oilasi, ko‘ch-ko‘roni va odamlarini Chunordan olib chiqib Bixar viloyatidagi o‘z mulkiga jo‘nadi.
Qutbxon va uning navkarlari Humoyun askarlari bilan ikki yil birga xizmat qildi, Gujarat va Champanirda Bahodirshoh bilan bo‘lgan janglarda jasorat ko‘rsatib, in’omlar oldi. Sherxon ham bu orada Bixarda tinchgina yurdi. Humoyun burnog‘i yili Champanirdan Agraga qaytgandan keyin Qutbxon ota-onasini ko‘rib kelish uchun undan ruxsat oldi-yu, Bixarga ketganicha qaytib kelmadi. Oradan besh-olti oy o‘tgach, Sherxon o‘g‘li bilan yana Bangolaga qo‘shin tortib borgani va Chunorni qamal qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Humoyun Qutbxonga javob berib xato qilganini, hozir u otasi Sherxon bilan eng xatarli dushmanga aylanganini keyin bildi. Qutbxon ikki yil Humoyun askarlari safida yurib, uning barcha zaif tomonlarini va ichki ziddiyatlarini bilib olgan. Endi ota-bola birlashib, Humoyunning eng bo‘sh joylarini topib, zarba bermoqdalar.
Sherxon o‘z ishiga shunchalik pishiq ekanki, Humoyunni Agradan mumkin qadar uzoqlarga olib ketib, hamma joyda biron baloga giriftor qilyapti. Humoyun bu gal Chunor qal’asini olti oy qamal qilib, katta talafotlar bilan oldi. Bu orada Sherxon Bangolani egalladi. Humoyun uni ta’qib etib Ban¬golaga borsa, Sherxon bu viloyatda bor xazinalarni ship-shiydam qilib, undan Gauriga o‘tibdi. Humoyun yoz issiqlarida mashaqqat chekib Gauriga borsa, Sherxon u yerdagi xazinani ham talab, qo‘liga ilingan boyliklarni yig‘ib, Roxtas degan tog‘ qal’asiga qochib ketibdi.
Ganganing janubidagi bu qal’a asli Krishan Roy degan hind rojasining mulki edi. Sherxon o‘z qo‘shinida xizmat qilayotgan nufuzli rajput sarkar¬dalaridan birini oraga qo‘yib, Krishan Roydan avval faqat o‘z xotinlari va bolalari uchun boshpana so‘radi.
— Humoyun bizdan ota yurtimiz Bixarni tortib oldi, ayollarimiz xonumonsiz jang maydonida qoldi, bu shafqatsiz temuriyzoda bizni yengsa erta-indin Roxtasga ham qo‘shin tortib borgay, siz xoti¬n-bolalarimizga qal’adan joy bersangiz, biz dushmanning Roxtasga boradigan yo‘lini to‘sgaymiz, — dedi.
Krishan Roy bu gapga ishondi va ayol kiyimidagi otlig‘-u piyoda bir ming ikki yuz kishilik olomonni Roxtas qal’asining darvozalaridan ichkariga kirgizdi. Ayollar bilan birga ko‘ch ortgan yuzlab soyabon aravalar ham kelmoqda edi. Ular ham ichkariga kirib oladi. Shunda ma’lum bo‘ladiki, ayol kiyimidagi «boshpanasiz bechoralar»ning ko‘pchiligi — Sherxon¬ning qurolli navkarlari ekan. Soyabon aravalardagi ko‘chlar orasidan qurolli yigitlar sakrab-sakrab tushdilar-u g‘aflatda qolgan Krishan Royni o‘rab oldilar. Sherxonning o‘zi yo‘q, bu harbiy hiylani amalga oshirgan uning o‘g‘li Jalolxon Krishan Royga shunday dedi:

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:56:12

— Roxtasni biz jang bilan ham olishimiz mumkin edi, undan ham kattaroq Chunor qal’asini olganimiz sizga ma’lum, lekin qon to‘kilmasin dedik, sizning mol-u joningizga tegmaymiz, nimani istasangiz bir kun ichida olib chiqib keting, sizning vodiyda boshqa mulkingiz bor, bizga esa Roxtas juda kerak!
Krishan Roy Roxtasni tashlab ketishga majbur bo‘ladi. Sherxon Chunor va Gaurda o‘lja olgan barcha oltin-u kumushlarini shu qal’aga keltirib bekitadi. Xotin-u bola-chaqalarini ham Roxtasga joylab, o‘zi tog‘ etaklarida yangi janglar uchun kuch to‘play boshlaydi.
Roxtasdagi voqeani Gaurda turib eshitgan Hu¬moyun Sherxonning Movarounnahrda shunaqa hiy¬¬-la-yu nayranglarni ko‘p ishlatgan Shayboniyxonga o‘xshab ketadigan ayyorligi borligini xayolidan o‘tkazdi. Nazarida, Sherxon endi Roxtasni qo‘riqlab yotadiganga o‘xshardi. Humoyun uni ta’qib qilib Roxtasga bormoqchi emas, chunki Bangolada tartib o‘rnatish va Gaurda davlat ishlarini izga solish undan juda ko‘p vaqt talab qildi. Humoyun Gaurda to‘qqiz oy qolib ketdi. Yomg‘ir fasli tugab, kuzgi salqinlar va quyoshli quruq kunlar boshlangandan so‘ng bu yer¬ning havosi unga benihoya latif tuyuldi. Humoyun Gaurda davlat ishlarini izga solib, yangi bog‘larning tarxini chizdirdi, shaharning eng xushhavo joylariga ko‘chatlar ekdirdi, kayfi chog‘ paytlarda gaurga «Jannatobod» degan nom berdi. Lekin sal o‘tmay Agradan kelgan shum xabarlar Humoyunni do‘zax azobiga sola boshladi.
Humoyundan arazlab ketgan Zohidbek, shayxulislom Said Xalil va boshqa fitnachi beklar bilan Agrada til biriktirib, Hindol mirzoning qanoti ostiga kiradi-yu, Humoyun poytaxtga hokim tayinlab kelgan Amir Bahlulni o‘ldirishadi. Ular o‘n sakkiz yoshli Hindol mirzoni Agra taxtiga chiqarmoqchi bo‘ladilar. Bu gapdan Laxo‘rdagi Komron mirzo xabar topib, darhol Agraga qo‘shin tortib keladi. «Men turganda sen taxt da’vosini qilma!» deb ukasiga do‘q uradi.
Hali Humoyun tirik paytda ukalari Agrani tala¬shishgacha borib yetgani Humoyunga vaziyatning naqadar og‘irlashganini, Gaurda to‘qqiz oy turib qolgani katta bir xatolik bo‘lganini ko‘rsatdi. U askari¬ning ozroq bir qismini Bangola himoyasi uchun qoldirdida, asosiy qo‘shin bilan Ganganing shimoliy qirg‘og‘i bo‘ylab Agraga yo‘l oldi.
Orada Patna va Banoras bor. Agragacha qirq kunlik yo‘l. Sherxon ishg‘ol qilgan Roxtas qal’asi daryodan ancha  uzoqdagi tog‘larda edi. Humoyun Agraga shoshilinch qaytayotganidan xabar topgan Sherxon tog‘dan tushib kelib, daryoning janub qirg‘og‘idan uni ta’qib etib bora boshladi.
So‘nggi bir yil ichida kuchlar nisbati Sherxon foydasiga o‘zgargan, Humoyun chekinib borardi. Sherxon orqadan go‘yo pisib, hamla uchun payt poylab kelar edi. Humoyun Patnaga yetganda Agraga yuborgan chopari qaytib keldi. Hindol mirzo hayajonli maktub yozib: «Hazrat og‘ajon, mening haqimdagi yomon ovozalarga zinhor inonmang, — debdi. — Iningizning barcha harakatlari sizning Agradagi hokimiyatingizni saqlab qolishga qaratilgandir. Ko‘r¬na¬mak Amir Bahlul poraxo‘r ekan. Sherxonning odamlaridan hamyon-hamyon oltin olib, sizning qurol-yarog‘laringizni g‘animingizga yashiriqcha sotar ekan. Biz aravadagi taxtalar tagiga yashirilgan sovutlarni, qalqonlarni, tig‘larni topib oldik, Amir Bahlul aybi ochilganidan qo‘rqib Sherxon tomonga qochib ketayotganda o‘q tegib o‘ldi. Men Agrada ekanmen, og‘amiz Komron mirzo ham sizning toj-u taxtingizga daxl qilolmagay. Tezroq yetib keling. Yo‘lingizga intizor sodiq iningiz Mirzo Hindol binni Bobur podishoh».

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:56:26

Humoyun kimga ishonishini bilmay qoldi. Sher¬xonning o‘zi agradan shunday uzoqlarda yurganda nahotki uning maxfiy odamlari Amir Bahlulday badavlat kutvalni oltinga sotib ololgan bo‘lsa? Yoki fitnachilar Hindolni aldab, Amir Bahlulni yolg‘ondan poraxo‘r qilib ko‘rsatishganmi? Uzoqdan turib buni aniqlab bo‘lmas edi.
Humoyun barcha odamlari bilan Chausa yaqinida Ganganing o‘ng qirg‘og‘iga o‘tguncha Sherxon askarlari qorasini ko‘rsatmadi. Humoyun Karamnasa va Ganga oralig‘idagi tepaliklarni qarorgoh qilib, qo‘shinini joylashtirgandan keyingina janubi sharqdagi ochiq sahnda birdan Sherxonning qo‘shini paydo bo‘ldi. Bu orada yomg‘ir fasli boshlanib, daryolarda suv ko‘payib ketdi. Endi uch tomondagi daryolar halqasidan osonlikcha chiqib ketib bo‘lmaydi, to‘rtinchi tomonini esa yov lashkari bekitib oldi. Humoyun odamlarini hayot-mamot jangiga shaylab, eng sara askarlarini, harbiy fillarini Sherxon turgan tomonga joylashtirdi va uning hujumini kutdi. Shu vaqtgacha mudom Humoyun hujumda edi. Endi u hujum qilish navbatini sherxonga bergandek bo‘lib bir hafta kutdi, bir oy, bir yarim oy kutdi. Ammo Sherxon hujum qilmadi. Chunki vaqt Sherxonning foydasiga ishlamoqda edi. Humoyun qarorgohida o‘n mingdan ortiq odamlarni va ulardan ikki barobar ko‘p ot-ulovni boqish uchun g‘amlangan zaxiralar tugab bormoqda. Daryolar zaxidan va yomg‘ir fasli¬ning rutubatidan kasalga uchrab safdan chiqayotgan navkarlar soni esa tobora ko‘payib ketyapti. Atrofdan keladigan yordamning yo‘lini toshqin daryolar va Sherxon qo‘shini to‘sib turibdi.
Sherxon ikki oy deganda ham hujumga o‘tmagach, Humoyun oraga odam qo‘yib: «Bizdan ne tilagi bor, aytsin», dedi. Sherxon o‘tgan kuni Humoyun qarorgohiga o‘z elchisini yuborib, undan Chunor qal’asini va Bixar viloyatini so‘radi. Bixar hozir himoyasiz qolgan, Humoyun o‘z qo‘shinini Agraga olib ketgach, bu viloyatni Sherxon yana ishg‘ol qilishi shubhasiz. Ammo sharqiy viloyatlarnnig qulf-kaliti bo‘lgan Chunorni Sherxonga jangsiz topshirishni o‘ylaganda Humoyunning butun vujudi zirqirab ketdi. Axir bu qal’ani olguncha olti oy jang qilib, ozmuncha talafot berildimi?
Humoyun Sherxon elchisiga aniq javob bermadi, o‘ylashib, kengashib, undan so‘ng o‘z qarorini maxsus odamlar orqali ma’lum qiladigan bo‘ldi. Kechagi mashvaratda ko‘pchilik beklar Chunorni Sherxonga qaytarib berishga qarshi chiqdilar. Shuncha azob tor¬tib qo‘lga kiritgan eng muhim joylari Chunor bo‘lsa-yu, uni ham Sherxonga jangsiz topshirib ketsalar, Agraga qaysi yuz bilan qaytishadi? Odamlar ularning ustidan kulishmaydimi?
— Nodonlar kulgisiga e’tibor bermasligimiz kerak, janoblar! — dedi Bayramxon. — Hozir vaziyat bizdan qurbon talab qilmoqda. Biz mana bu daryolar sirtmog‘idan eson-omon chiqib, Agraga qaytsak, u yerdagi ixtiloflar bartaraf bo‘lsa, keyin Chunorni yana qaytarib olishimiz hech gap emas!

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:56:57

Humoyun Bayramxonning bu fikriga qo‘shilmadi, ko‘pchilik beklar podshoning tarafini oldi.
Biroq hozir sharillab quyayotgan yomg‘ir tagida, dovul ko‘tarib ketgudek bo‘layotgan chodirda uyqusiz¬likdan qiynalib, goh u yonboshiga, goh bu yonboshiga ag‘darilar ekan, Bayramxon bilan ertalab yana bir gaplashgisi keldi.
Azon palla podshoning xirgohiga chaqirilgan Bayramxon eshik oldida ta’zim qilib yukundi. Humoyun unga o‘ng yonidan joy ko‘rsatdi. Bayramxonning o‘siq qora soqoli va bug‘doyrang yuziga tikilib:
— Bugun tuni bilan uxlay olmay to‘lg‘onib chiqdim, — dedi. — Yomon tushlar... Siz aytgan qurbonlik... Chunor... bag‘rimdan bir parcha etni yulib olib g‘animga bergandek og‘ir... Mabodo biz Chunorni topshirsak, Sherxon qanoat qilarmikin? Bangola bilan Gaurni tinch qo‘yarmikin? Agar shu haqda bitim tuzsak, Sherxon so‘zida turarmikin?
— Hazratim, — dedi Bayramxon. — Agar faqirga vakolat bersangiz, Sherxonning oldiga Qur’onni qo‘yib so‘z olmog‘im mumkin. Axir u ham musulmon-ku!
— Sherxon Bangolaga tegmasa, mayli, Chunorni beraylik. Bizdan vakil bo‘lib boring.
Humoyun o‘z qarorgohidagi eng nufuzli ulamolardan bo‘lgan va Sherxon bir vaqtlar nazr-niyozlar berib, fotihasini olgan Xo‘ja Husaynni Bayramxon¬ning yoniga qo‘shib elchilikka yubordi.

___________
* Sherxon Sur nomi «Boburnoma»ning 1527—1528-yilgi voqealarida ikki qayta qalamga olingan.
* B i r  m a n — 800 gramm, 150 man esa 120 kilogramm. 7 man marvarid — 5 kilo-yu 600 gramm bo‘ladi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:57:13

* * *

Tushga yaqin yomg‘ir tindi-yu, bulutlar orasidan ko‘m-ko‘k osmon va issiq yoz oftobi ko‘rindi. Ganga hali ham uzoqlarda yog‘ayotgan jala suvlariga to‘lib, loyqalanib oqayotgan bo‘lsa-da, yer asta-sekin quriy boshladi.
Bayramxon Ganga janubidagi keng tekislik orqali sherxonning qarorgohi tomon otliq borar ekan, yomg‘irdan keyingi havoda bo‘liq o‘t-o‘lanlar va rang-barang dala gullari qanchalik qulf urib, yashnab turganini, osmon to‘la qushlar naqadar yayrab ucha¬yotganini ko‘rdi-yu, o‘zicha bir xo‘rsinib oldi. Hind yeri yoz issiqlariga qo‘shilib keladigan iliq yom¬g‘irlarga to‘yib, hamma tirik jonni, barcha giyohlarni birvarakayiga uyg‘otadigan va juda tez rivojga kiritadigan mana shu pashkol* faslida Bayramxon uydami, bog‘dami tinchgina o‘ltirib kitob o‘qishni yoki she’r yozishni qo‘msaydi. Hind elining azaliy odati bejiz emaski, yomg‘ir faslida sayohatga chiqilmaydi. Chunki odam ham, ot-ulov ham bu faslda qayoqqa qadam qo‘ymasin, rivojga kirgan birorta tirik jonni yoki giyohni bosib oladi. Tirik jonni bosib, nobud qilgan odamning haji qanday qabul bo‘lsin? o‘n minglab qo‘shin bilan harbiy yurishga chiqqan sarkardalarning shunday faslda urush boshlashini qanday baholash mumkin? Sherxon ham ko‘p kitob o‘qigan bilimli odam, Bayramxon unga tug‘ilib o‘sgan mamlakatining pashkol fasliga oid udumlarini albatta eslatadi, hozir urushadigan payt emasligini, sulh tuzilishi kerakligini boshqa dalillar bilan ham isbot etadi...
Minglab chodirlar tikilgan keng tekislikda Sherxonning hashamatli shomiyonasi uchun baland bir tepalik tanlangan ekan. Bayramxon va Xo‘ja Husayn qarorgoh chetida otlaridan tushdilar, maxsus mulo¬zim ularni Sherxonning shomiyonasiga ancha beridan piyoda boshlab bordi. Bayramxon ichkariga kirave¬rishda barvasta va xushqomat soqchi yigitlarni ko‘rdi. Chodirning sirti yomg‘ir o‘tkazmaydigan pishiq qizil movutdan tikilgan, ichi esa sidirg‘a sariq atlasdan qavilgan edi. Sherxon shomiyona to‘ridagi baland shahnishinda chordana qurib sokin o‘ltiribdi. Kiyim¬lari bezaksiz odmi ipakdan, kichkina sallasiga ham gavhar yoki boshqa toshlar qadalmagan, ammo burgutnikiga o‘xshash ko‘z qarashlari va mag‘rur o‘ltirishi Bayramxonda hayiqishga o‘xshagan bir tuyg‘u uyg‘otdi. Bayramxon unga ta’zim qilib, Hu¬moyunning muhri bosilgan maktubni topshirdi. Sher¬xon maktubni o‘qib bo‘lguncha elchilar uning isho¬rasi bilan pastdagi kimxob ko‘rpachalarga cho‘kka tushib o‘ltirdilar. Sherxon o‘ltirgan shahnishin bir gazcha balandda edi. U Bayramxonga yuqoridan turib kinoyali so‘z qotdi:
— Podshoyingiz Chunor evaziga Bangolani talab qilmoqda-ku!
— Davlatpanoh, — dedi Bayramxon qo‘lini ko‘ksiga qo‘yarkan. — Bangola to‘qqiz yildan beri Humoyun hazratlarining qalamravidadir.
— Ammo bizning afg‘on qavmlarimiz Bangolada yuz yillardan beri yashab kelmoqda. Ular bizga qarindosh, ko‘plari bilan quda-anda bo‘lganmiz. Endi sizlarni deb orani uzaylikmi?

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:57:30

— Davlatpanoh, qarindoshchilik, quda-andachilik bemalol davom etaversin. Faqat Bangolaga bu yilgidek qo‘shin tortilmasa, xazinalar talanmasa, qon to‘kilmasa bas...
— Sizlar Chunorni olti oy qamal qilib ozmuncha qon to‘kdilaringizmi? Bangolada biz ana shuning qasdini oldik!
— Biz butun qasoskorlik haqida emas, sulh haqida so‘zlashgani keldik, davlatpanoh. Ayniqsa,  hozir pashkol kunlarida faqat inson emas, butun tabiat ham urushsiz tinch yashamoqqa alohida bir ehtiyoj sezadir. Siz ma’rifatli sarkardasiz, «Chunor berilsa sulh tuzgaymiz», deb odam yuborgan ekansiz. Shunga javoban Humoyun hazratlari bizni vakil qilib jo‘natdilar.
Sherxon Humoyunning maktubiga yana bir ko‘z yugurtirdi-yu:
— Behuda qon to‘kilishini biz ham istamaymiz! — dedi. — Chunor bizga berilsa podshohingiz qo‘ygan shart qabul qilingay.
Bu gaplar davomida Xo‘ja Husayn qo‘ynidan uncha katta bo‘lmagan zarhal muqovali bir kitob oldi. Bu — mo‘jaz harflar bilan ko‘chirilgan Qur’on edi. Xo‘ja Husayn uni ko‘ziga surib o‘pdi-yu, o‘rnidan turib Sherxonga uzatdi:
— Davlatpanoh, siz aytgan dono gaplarga mana shu Kalomi Alloh guvoh bo‘lsin, oling!
Sherxon birdan sergaklandi:
— Taqsir, siz bu... Qur’onni o‘rtaga qo‘yib, bizga qasam ichdirmoqchimisiz? — dedi.
Sherxonning ko‘zlari tahdidli chaqnaganidan qo‘rqib ketgan Xo‘ja Husayn:
— Zinhor bunday niyat xayolimizga kelgan emas, davlatpanoh! — dedi. — Sizga nek maqsad yo‘lida Qur’oni sharif madadkor bo‘lsin deb... savg‘o tarzida olib keldik.
— Unday bo‘lsa biz savg‘oni qabul qilgaymiz! — Sherxon Qur’onni Xo‘janing qo‘lidan olib, naridan beri ko‘ziga surgan bo‘ldi-da, mulozimiga uzatdi: — Bu sharif kitobni bizning masjidimizga eltib, o‘ziga munosib mehrobga qo‘ying.
Bundan keyingi muzokara Chunorning Sherxonga qay tartibda topshirilishi haqida ketdi. Humoyun qo‘shini Karamnasa daryosidan va Banorasdan nariga o‘tguncha Sherxon hozirgi qarorgohidan qo‘zg‘almay turishga so‘z berdi. Humoyun Chunorga chopar yuborib, undagi qo‘riqchi askarlarini va qurol-yarog‘larini chiqartirguncha bir hafta o‘tadi. Bu muhlat tugagandan keyin Sherxon borib qal’ani egallaydi. Humoyun va Sherxon minba’d bir-birlari bilan tinch-totuv yashash haqidagi bitimga Chunorda imzo qo‘yadilar.
Bayramxon muzokarani tugatib ketayotganda:
— Davlatpanoh, siz-u biz yer-u osmon guvohligida sulh tuzib, unga sodiq qolish majburiyatini oldik,— dedi. — Podshohimiz huzuriga shu xulosa bilan qaytsak rozimisiz?
Sherxonning ko‘zlari Bayramxonga «sen kim bo‘libsenki, mendan sodiqlik talab qilursen?» — degandek sovuq istehzo bilan tikildi, ammo uning istar-istamas jilmaygan lablaridan:
— Xulosangiz ma’qul, — degan so‘zlar eshitildi.

___________
* P a sh k o l — yomg‘ir fasli.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:57:44

* * *

Elchilar ketgach, Sherxon kecha Agradan kelgan Alvaro Pakavirani o‘z huzuriga chaqirtirdi. Pakavira yo‘llarda Humoyun qo‘ygan odamlarning qo‘liga tushib qolmaslik uchun, hind savdogari kiyimida kelgan edi. Sherxon uni shahnishindan tushib qarshi oldi, o‘ziga yaqin o‘tqazib past tovush bilan so‘radi:
— Agradan Humoyunga yordam kelmasligi aniqmi?
— Aniq, davlatpanoh. Komron sizga qarshi chiqmagay. U akasining siz bilan jang qilib mag‘lub bo‘lishini kutmoqda. Shundan so‘ng u toj-u taxtni egallash umidida.
— Bu bizga ma’lum. Hindol-chi?
— Bunisi Humoyunga sadoqat saqlamoqchi ekan.
Ammo siz yuborgan maxfiy maktub yordamida biz uning sadoqatini adovatga aylantirdik.
— Qanday qilib? — ishonqiramay so‘radi Sherxon.
Shundan keyin Pakavira voqeaning tafsilotlarini so‘zlay boshladi. Humoyun Agraga kutval qilib tayinlagan Amir Bahlul poraga sotilmaydigan, podshoga sadoqat bilan xizmat qiladigan vijdonli odam edi. Sherxonning Agradagi xufiyalari masjidi jomeda Said Xalil bilan aloqa o‘rnatib, Bahlulni qanday daf qilishning rejasini tuzdilar.
Bahlul ham asli hindistonlik afg‘onlardan, Sherxon uni taniydi. Lekin Bahlul afg‘on ulusini atrofiga to‘playotgan Sherxonga yon bosmasdan, Humoyunga sodiq xizmat qilib yuribdi. Buning uchun Sherxon uni tuhmatga qoldirib yo‘q qilmoqchi bo‘ldi. Sherxon yuborgan maxfiy odam Amir Bahlulning nomiga yozilgan maktub keltirgan edi. Sherxon o‘z qo‘li bilan imzo chekkan va muhrini bosgan bu maktubda Amir bahlulga o‘tgan oyda Ganga bo‘yiga yuborgan qurolyarog‘lari uchun minnatdorchilik bildirilgan, juda ko‘p yigitlar Humoyundan aynab, Sherxonga kelib qo‘shilayotgani aytilgan, shuning uchun sovut-qalqonlardan va qurol-yarog‘lardan iloji boricha mo‘l yuborilishi iltimos qilingan edi. Sherxonning maktubi ishonarli bo‘lishi uchun uni oddiy harflar bilan emas, ilmi siyohdan* xabardor odamlargina tushunadigan maxfiy belgilar bilan bitishgan edi.
Farangistonda bunday o‘ta nozik ishlarni ko‘p qilib tajriba orttirgan Alvaro Pakavira Sherxon maktubini Amir Bahlulning ishongan mulozimlaridan birining cho‘ntagiga yashiriqcha soldiradi. Kechasi bu mulo¬zim Amir Bahlul huzuriga tungi soqchilikka ketayotgan paytda Said Xalilning odamlari uni Hindolga tutib beradilar. Ayni vaqtda Amir Bahlulning ruxsati bilan sharqqa taxta ortib ketayotgan aravalarga Sherxonning xufiyalari bir talay qilich-qalqon va nayzalarni yashirib qo‘ydilar. Haligi mulozim Hindol mirzoga tutib berilgan soatlarda bu aravalar ham qo‘lga tushiriladi.
Bahlulga uning mulozimi kechasi olib borayotgan Sherxon maktubi ilmi siyoh yordamida o‘qilgandan so‘ng Mirzo Hindol taxta tagiga yashirib olib ketila¬yotgan qurol-yarog‘ni ham ko‘rdi-yu, asli afg‘on bo‘lgan Amir Bahlulning xiyonat yo‘liga o‘tganiga ishondi.
Yarim tunda Mirzo Hindol va Zohidbek o‘z navkarlari bilan Amir Bahlul uxlab yotgan hovlisiga bostirib bordilar. Unga Sherxon yozgan maktubni va taxta ortgan aravalar tagiga yashiringan qurollarni ko‘rsatdilar.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:57:59

Amir Bahlul bu qadar ustalik bilan to‘qilgan bo‘htondan qutulishning ilojini topolmadi.
— Tuhmat balosidan meni faqat Humoyun hazratlari qutqargaylar! — dedi-yu, Agradan qochib chiqdi. Bu qochish ham Hindolning nazarida Bahlulning xoinligini isbot qilganday bo‘ldi. U yuborgan quvg‘inchilar Bahlulni tungi otishmada o‘ldirdilar va boshini kesib qaytdilar...
Bir zarba bilan ham Humoyunning eng sadoqatli kutvali mahv bo‘lgani, ham Hindol bilan akasining do‘stligi adovatga aylangani Sherxonga alohida zavq va mamnunlik baxsh etdi. U Alvaro Pakaviraga shukuhli nazar tashlab:
— Balli, siz bizga yaxshi xizmat qilibsiz, — dedi.— Orzuyimiz amalga oshib, Hindistonda ulug‘ davlat tuzsak, sizga zo‘r inoyatlar qilgaymiz!
Sherxon xazinachini chaqirtirdi. U tadbirkor xufiyalardan oltinni ayamas edi.
— Janob Pakaviraga ikki man oltin mukofot berilsin!
Pakavira quvonib ketdi: ikki man oltin — hazilakam boylik emas, bunga yangi bir kema sotib olish mumkin! U Sherxonga sidqidildan ta’zim qila-qila, orqasi bilan yurib chiqib ketdi.
Sherxon shomiyonada yolg‘iz qolib, qo‘lini peshonasiga qo‘ygancha o‘yga toldi. Humoyunga Agradan yordam kelmasligi endi aniq. Sherxonga esa hatto uzoq Farangistondan kelgan Pakavira ham shunchalik ko‘mak berdi. Karamnasa daryosining kasofatidan qo‘rqqan kemachi va eshkakchi hindilarning besh-oltitasi tungi shamol-to‘polonda Ganga orqali suzib kelib, Sherxon ixtiyoriga o‘tdi. Hu¬moyunning ahvoli tang bo‘lgani uchun ham bugungi vakillarini yuborgan. Agar Sherxon lashkarboshilarini chaqirib, «Chunorni jangsiz ishg‘ol qilamiz, shu shart bilan sulh tuzdim» desa, ular albatta, xursand bo‘lishadi, lekin bu xursandchilik uzoq davom etmaydi. Humoyun ertaga Sherxonning sirtmog‘idan omon qutulsa, Agraga borib o‘zini tez o‘nglaydi. U kechirimli yigit, ukalari bilan yarashadi. Yuz amri issiq, Sherxonday xatarli yov qarshisida og‘a-inilar birlashishi mumkin. Boburiylar ittifoq bo‘lsa ularga hech kim bas kelolmasligini Sherxon Dalaxruada va Gujaratda Mahmudxon va Bahodirshohlarning mag‘¬lu¬biyatida ko‘rgan. Sherxonning shuncha vaqt che¬kinib, xazinasini tog‘dagi Roxtaslarga eltib bekitib yurgani yetar! Agar Sherxon boshiga yangidan balo orttirishni istamasa fursatni boy bermasligi va Humoyunni daryolar sirtmog‘idan tirik chiqarmasligi kerak!

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:58:20

Sherxon o‘yinni shu tarzda yakunladi-yu lash¬kar¬boshilardan to‘rt kishini mashvaratga chaqirdi. Sher¬xonning o‘g‘illari Qutbxon bilan Jalolxon o‘ng tomonga o‘tirishdi. Rajputlar sarkardasi Bikramadit Gaur va Sherxonning lashkarboshisi Havasxon chap tomondan joy olishdi. Sherxon shomiyonadagi mulo¬zimlarni chiqarib yuborib, eshikning pardasini tushirtirdi. Qandilda lipillab turgan shamlarning yorug‘ida o‘g‘illari va sarkardalariga bir-bir qarab oldi-da:
— Mening dunyoda eng ishongan odamlarim — to‘rtovlaring senlar, — dedi. — Biz vatanimizni kelgindilardan ozod qilib, mustaqil davlat tuzmoq¬chimiz. Bu orzu bizni roja Bikramadit Gaur bilan og‘a-ini qildi. Ulug‘ maqsad yo‘lida biz din-u millat ayirmaymiz. Chunki afg‘onlar ham rajputlar kabi asli ariy qabilalaridan tarqalgan. Biz hammamiz Hindis¬tonda tug‘ilib o‘sdik, ota-bobolarimizning qabri ham shu zaminda. Oldin kelgindilar zo‘r keldi, biz cheki¬nib yurdik. Ammo bizning ham omadimiz keladigan paytni sabr-toqat bilan kutdik. O‘sha payt mana endi keldi!
Dushmanning ahvoli tang. Chunorni bizga jangsiz berishga tayyor. Elchilar kelib sulh taklif qildi. Men ularni cho‘chitmaslik uchun sulhga rozi bo‘ldim. Humoyun bugundan kuch yig‘ishtirishga buyruq bergay. Endi bizning hujumimizni kutmagay, dar¬yolardan tezroq o‘tib ketishga shoshilgay.
— Dushmanni g‘aflatda qoldirib bosadigan payt kelibdi-ku! — dedi Havasxon.
Qutbxon bu gapni yoqtirmay, Havasxonga o‘qra¬yib qaradi. U ikki yil Humoyun askarlari safida xizmat qilgan, uning tantiliklarini ko‘p ko‘rgan.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:58:31

— Sulhni harbiy hiylaga aylantirib bostirib bo¬rish... mardlikka kirarmikan? — dedi Qutbxon otasiga yuzlanib.
— Vatanni kelgindilardan ozod qilish — dunyodagi eng katta mardlikdir! — dedi Sherxon o‘g‘liga tik qarab. — Bobur bilan uning o‘g‘illari bizning ozmuncha vatandoshlarimizni qirdimi? Fotihlar Panipatda qirq ming kishini o‘ldirdilar. Bajur qo‘rg‘onida uch ming kishi qatliom qilinganda ularning kallasidan minora yasalmishdir! Humoyun Panipatda ikki yuz kishini asir olganda siyosat uchun shu asirlardan yuztasini to‘¬fanglardan otib o‘ldirishni buyurmishdir. U paytda bizning odamlar to‘fang nimaligini bilmas edi. Shuning uchun to‘fang qarshisida bexavotir turganlarni fotihlar shafqatsizlarcha otib yiqiturlar. Ana undan so‘ng: «fotihlarda ilohiy qurol bor emish, hind xudosi Shivaga o‘xshab ko‘zidan olov purkab, uzoq¬dagi odamni o‘ldira olarmish!» degan ovozalar tarqalmishdir. Xalqni qo‘rqitib bo‘ysundirishga qaratilgan bu ovozalar harbiy hiyla emasmidi?
— Ha, kelgindilar bizni zo‘ravonlik bilan ham qirgan, hiyla-yu nayrang bilan ham qirgan! — dedi Bikramadit Gaur. — Endi shu kecha ularga qasos qaytmog‘i kerak!
— Bajurda qonxo‘rlarcha qatliom qilinganlar uchun ham, Panipatda vahshiylarcha otilgan harbiy asirlar uchun ham biz qasd olmog‘imiz kerak! — qat’iy qo‘shimcha qildi Sherxon.
Qutbxon bu gaplarga qo‘shilmay iloji qol¬madi.
— Yarim tunda sekin yo‘lga chiqurmiz, — dedi Sherxon. — Sahar palla tong yorisha boshlaganda bosmoq lozim...
Ular kim markazda, kim o‘ng qanotda, kim chap qanotda hujum qilishining aniq rejasini tuzishga kirishdilar.

____________
* I l m i  s i yo h — shifr kaliti, yashirin yozuv siri.

Qayd etilgan