Sherxon bu boyliklarni bosib yotadigan ziqna odam emas, uning maqsadi mustaqil hukmdor bo‘lish. Sherxon Chunor qal’asida qo‘lga kiritgan oltinlarga minglab yangi navkarlar yolladi, qurol-yarog‘lar sotib oldi. Lodilar va boburiylardan norozi bo‘lgan qanchadan qancha yollanma askarlar Sherxon tomoniga o‘ta boshladi. Ayniqsa, u Chunor qal’asini egallagandan keyin Humoyun sharqdagi Bixar va Bangoladan uzilib qoldi. Yo‘lni ochish uchun u Chunorga qo‘shin tortib keldi va Sherxonni qamal qildi. U paytda Humoyunning qo‘shini Sherxonnikidan ikki barobar ko‘p edi. Zambaraklar va to‘fanglar qal’a himoyachilari ustiga shunday o‘q yog‘dirishdiki, Sherxon shiddatli hujumlarga turish berolmay qoldi. Oradan ikki oy o‘tgach, Sherxonning elchisi ichkaridan oq bayroq ko‘tarib chiqdi va Humoyunning huzuriga kelib, shafqat so‘radi. Humoyun raqibi bilan yuzma-yuz turib so‘zlashmoqchi bo‘ldi-yu, elchiga: «Shavqat kerak bo‘lsa Sherxonning o‘zi huzurimizga kelsin!» dedi. Jang to‘xtatilgan, lekin Sherxon Humoyun huzuriga kelsa hibsga olinishidan hadiksirab, o‘zining o‘rniga yigirma sakkiz yashar o‘g‘li, jangovar sarkarda Qutbxonni yubordi. Qutbxon Humoyun oldida yer o‘pib, sadoqat izhor qildi. «Otam boshliq surlar minba’d sizga qarshi bosh ko‘tarmasligi uchun mana, men kafilmen, barcha navkarlarim bilan sizga toabad xizmat qilurmen», dedi. Humoyun Qutbxonni uch yuz navkari bilan o‘z ixtiyorida qoldirdi. Sherxon esa oilasi, ko‘ch-ko‘roni va odamlarini Chunordan olib chiqib Bixar viloyatidagi o‘z mulkiga jo‘nadi.
Qutbxon va uning navkarlari Humoyun askarlari bilan ikki yil birga xizmat qildi, Gujarat va Champanirda Bahodirshoh bilan bo‘lgan janglarda jasorat ko‘rsatib, in’omlar oldi. Sherxon ham bu orada Bixarda tinchgina yurdi. Humoyun burnog‘i yili Champanirdan Agraga qaytgandan keyin Qutbxon ota-onasini ko‘rib kelish uchun undan ruxsat oldi-yu, Bixarga ketganicha qaytib kelmadi. Oradan besh-olti oy o‘tgach, Sherxon o‘g‘li bilan yana Bangolaga qo‘shin tortib borgani va Chunorni qamal qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Humoyun Qutbxonga javob berib xato qilganini, hozir u otasi Sherxon bilan eng xatarli dushmanga aylanganini keyin bildi. Qutbxon ikki yil Humoyun askarlari safida yurib, uning barcha zaif tomonlarini va ichki ziddiyatlarini bilib olgan. Endi ota-bola birlashib, Humoyunning eng bo‘sh joylarini topib, zarba bermoqdalar.
Sherxon o‘z ishiga shunchalik pishiq ekanki, Humoyunni Agradan mumkin qadar uzoqlarga olib ketib, hamma joyda biron baloga giriftor qilyapti. Humoyun bu gal Chunor qal’asini olti oy qamal qilib, katta talafotlar bilan oldi. Bu orada Sherxon Bangolani egalladi. Humoyun uni ta’qib etib Ban¬golaga borsa, Sherxon bu viloyatda bor xazinalarni ship-shiydam qilib, undan Gauriga o‘tibdi. Humoyun yoz issiqlarida mashaqqat chekib Gauriga borsa, Sherxon u yerdagi xazinani ham talab, qo‘liga ilingan boyliklarni yig‘ib, Roxtas degan tog‘ qal’asiga qochib ketibdi.
Ganganing janubidagi bu qal’a asli Krishan Roy degan hind rojasining mulki edi. Sherxon o‘z qo‘shinida xizmat qilayotgan nufuzli rajput sarkar¬dalaridan birini oraga qo‘yib, Krishan Roydan avval faqat o‘z xotinlari va bolalari uchun boshpana so‘radi.
— Humoyun bizdan ota yurtimiz Bixarni tortib oldi, ayollarimiz xonumonsiz jang maydonida qoldi, bu shafqatsiz temuriyzoda bizni yengsa erta-indin Roxtasga ham qo‘shin tortib borgay, siz xoti¬n-bolalarimizga qal’adan joy bersangiz, biz dushmanning Roxtasga boradigan yo‘lini to‘sgaymiz, — dedi.
Krishan Roy bu gapga ishondi va ayol kiyimidagi otlig‘-u piyoda bir ming ikki yuz kishilik olomonni Roxtas qal’asining darvozalaridan ichkariga kirgizdi. Ayollar bilan birga ko‘ch ortgan yuzlab soyabon aravalar ham kelmoqda edi. Ular ham ichkariga kirib oladi. Shunda ma’lum bo‘ladiki, ayol kiyimidagi «boshpanasiz bechoralar»ning ko‘pchiligi — Sherxon¬ning qurolli navkarlari ekan. Soyabon aravalardagi ko‘chlar orasidan qurolli yigitlar sakrab-sakrab tushdilar-u g‘aflatda qolgan Krishan Royni o‘rab oldilar. Sherxonning o‘zi yo‘q, bu harbiy hiylani amalga oshirgan uning o‘g‘li Jalolxon Krishan Royga shunday dedi: