* * *
Muhammad Hakim o‘ttiz yoshga kirib, birorta katta jangda qatnashmagan edi. Akbar unga qarshi ikki barobar ko‘p qo‘shin bilan Panjobga kirib kelgani, Shomansurni daraxtga osib o‘ldirgani, Gangada esa Yazdiyning suvga g‘arq qilingani Muhammad Hakimni vahimaga soldi. Kobuldan birga kelgan uning ulfat beklari ham talvasaga tushdilar. Mash¬varatlarda:
— Tezroq Nilobdan o‘tib, Kobulga qaytaylik! — degan takliflar tushdi.
Muhammad Hakim Laxo‘r qamalini to‘xtatib, shimolga yo‘l oldi. Bu orada kunlar to‘satdan isib, tog‘larda muzlar va qorlar birvarakay erishga tushdi. Yomg‘ir fasli ham odatdagidan uch hafta oldin boshlandi. Tiniq paytida nil qo‘shib oqizilgandek ko‘kimtir ko‘rinadigan va shuning uchun bir nomi Nilob bo‘lgan Hind daryosi endi kulrang selday toshib, ulkan toshlarni yumalatib, vahima bilan hayqirib oqar edi. Muhammad Hakim uch-to‘rt kun daryo suvining pasayishini kutdi, ammo oqim pasayish o‘rniga ko‘ta¬rilib, kengayib bormoqda edi. Yomg‘ir fasli avjiga chiqsa, keyin bir-ikki oy Panjobda qolib ketishi, bu orada Akbar yetib kelib, uni tor-mor qilishi muqarrar. Muhammad Hakimga akasi toshqin daryodan ham qo‘rqinchliroq tuyuladi. Shuning uchun tavakkal bilan qo‘shinini telbalanib oqayotgan daryoga boshlab kirdi. Hind daryosining ayovsiz to‘lqinlari orasida uning mingdan ortiq bek-u navkarlari g‘arq bo‘lib ketdi. Zo‘r oqim Muhammad Hakimning o‘zini ham girdobiga tortib ketayotganda, suvchi yigitlari uni mesh yordamida zo‘rg‘a qutqarib qoldilar va bir amallab narigi qirg‘oqqa olib chiqdilar.
Akbar uni ta’qib etib Nilob bo‘yiga yetib kelganda inisi allaqachon Kobulga borib ulgurgan edi. Ellik mingdan ortiq askarni ovora qilib Kobulga borib yurmaslik uchun Akbar daryo bo‘yida to‘xtadi-yu, inisiga odam yubordi, uni shu yerga chaqirtirdi. Lekin gunohi juda og‘ir ekanini sezgan ini o‘zi kelishdan qo‘rqdi. O‘n uch yashar o‘g‘li Kayqubodni javob maktubi bilan yubordi-yu: «Men shayton vasvasiga berilib xato qildim, agar afv etsangiz, qolgan umrimni Kobulda sizga sadoqat saqlab o‘tkazgaymen», degan gaplarni yozdi. Bu gaplar nosamimiy ekani sezilib turardi. Muhammad Hakim hozir saraton oyida yomg‘irlar avjiga chiqib, daryolar toshganini, Akbar¬ning qo‘shini hali-beri shimoliy qirg‘oqqa o‘tib kelolmasligini bilardi. Yomg‘ir fasli tugaguncha kuz kiradi. Hindikush tog‘lariga qor tushadi, Haybar devoni yopiladi. Akbarning ko‘pchilik askarlari sovuqqa bardosh berolmaydigan hindistonlik yigitlar, fillar ham qorli yo‘llardan yurolmaydi. Akbar shunga qaramay Kobulga sovuqda qo‘shin tortib keladigan bo‘lsa Muhammad Hakim uni yengishi oson bo‘ladi.
Inisining bu makkor rejasini payqagan Akbar:
— Yaxshilikcha yechib bo‘lmaydigan tugunni qilich bilan kesmoqdan o‘zga iloj yo‘q! — dedi.
Daryo suvi asad oyida sal pasayishi bilan butun qo‘shinini shimoliy qirg‘oqqa olib o‘tdi.
Shahzoda Salimni toshqin daryodan o‘tkazishda Albert Pereyro o‘zining suvda suzishga naqadar ustaligini hammaga ko‘rsatdi. Uning zo‘r dengizchi bo‘lganiga o‘sha kuni Akbar ham ishondi.
Daryodan o‘tishda padre Monserratening yuragi yomon bo‘ldi, uni endi qorli Haybar dovonidan olib o‘tish xatarli edi. Shuning uchun Akbar Monserrateni Odinapur*da Bobur bobosi bunyod etgan Bog‘i Vafoda qoldirdi. Albert Pereyro esa Akbardan iltimos qildi:
— Hazrati oliylari, ijozat bering, men ham Kobul yurishiga ishtirok etay. Bo‘sh vaqt bo‘lganda shahzodalarga xalfa sifatida til o‘rgaturmen.
— Til bilan birga dengizchilik, kemasozlikdan ham saboq bering.
— Bajonidil, hazratim! Agar munosib ko‘rsangiz, umrim oxirigacha sizga-yu shahzodalarga xizmatda bo‘lmoqchimen!
Akbar hayron bo‘lib so‘radi: