Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)  ( 244382 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 B


Ansora  07 Fevral 2010, 14:11:13

— Farangi xotinim Mariya yig‘lab aytdiki, «hatto qullarni ozod qilibsiz, qul emas, chela deb atashni buyuribsiz, lekin haramda sizni suyadigan xotinlaringizni nechun bunchalik qattiq tutmoqdasiz?» Shunday deb eshikni menga ko‘rsatdi: «Buni faqat tashqaridan qulflaydilar, qulf ichkaridan ochilmaydigan qilib o‘rnatilmishdir!» Ya’ni haramdagi ayol ostona hatlab tashqariga chiqmasin, uning har bir qadami nazorat ostida bo‘lsin, deb shunday qilinmishdir!
— Bunday haram tutish rusumini siz o‘ylab chiqaribsizmi, hazratim? Necha asrlardan beri davom etib kelayotgan shohlik udumi shunday bo‘lsa na¬chora?
— Lekin shu shafqatsiz udumni yo‘qotib bo‘lmagaymi? Bechora Mariya... boshqacha hayotga o‘rgangan... Yoki unga javob beraymi?
— O‘zi shuni istaydirmi?
— Yo‘q, u menga dil bergan. Istaydiki, men ham faqat bitta uni deyin. Rahmatli Salim ota ham, sherga o‘xshab, bitta tanlagan juftim bilan yashashni mas¬lahat bergan edilar. Ne qilay? Boshqa xotinlarni taloq qilib haramdan chiqarsam...
Roja Birbal qo‘rqib ketdi:
— Bu hech mumkin emas! O‘g‘illaringizning onalarini taloq qilib, haramdan chiqarish... Yo‘q, yo‘q! Aytishga til bormaydir!
Akbarning o‘zi ham buning mumkin emasligini sezib turibdi. Boshi berk ko‘cha, yechib bo‘lmaydigan tugun! Birbal ikkovlari o‘rmonda gulxan yoqib kechasi bilan gaplashib chiqishdi. Ko‘pni ko‘rgan Birbal o‘zi bilgan har xil g‘aroyib voqealardan, o‘qigan turli kitob¬laridan misol keltirdi:
— Inson hayotida yechib bo‘lmaydigan tugunlar hamisha bo‘lgan, ular har bir kishining dilida bor, — deb Akbarni ishontirdi...
Rang-ro‘yi o‘chgan, o‘rmonda ozib ketgan otasi g‘alati bir ahvolda Birbal bilan birga saroyga qaytganini Salim ham ko‘rgan edi. Akbar bu voqealarning sababini o‘g‘lidan sir tutardi. Hozir ham u Salimga pardali qilib gapirdi:

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:11:29

— Men ko‘rgan ruhiy qiynoqlarni ilohim sen ko‘rmagin, o‘g‘lim! Shu niyatda senga Salim otaday insofli pok bir odamning nomini qo‘yganmen.
Salim hamon boshini egib jim turibdi. Ammo endi labining ikkinchi cheti ko‘tarilib, yana kinoyali jilmaydi. U Salim otaning o‘ttiz yoshda suyaklari urib sindirilgan nogiron odamga aylanib, hassaga suyanib qolganini mavlono Fariddan eshitgan. Buning nimasiga havas qilib bo‘ladi? Salim yigitlik kuchining bepo¬yonligi jihatdan otasiga o‘xshashni, balki undan ham o‘zishni istaydi.
Akbar o‘g‘lining avzoyidan so‘nggi gapi bekor ketganini sezdi-yu, ota-bobolarining tajribasini guvohlikka chaqirdi:
— Axir sen ham o‘zingday yaxshi o‘g‘il ko‘r¬mog‘ing uchun yoshing yetilmog‘i kerak! Mana, qara: sen tug‘ilganda men yigirma yetti yoshda edim. Bobur bobomiz tug‘ilganda otalari Umarshayx mirzo ham yigirma yetti yoshda ekanlar. Men tug‘ilganda hazrat otam o‘ttiz uch yoshda bo‘lganlar.
Salim endi boshini ko‘tarib, otasiga ma’yus bir nazar tashladi. Nahotki otasi uni yigirma-o‘ttiz yoshlargacha bo‘ydoq yurgin demoqchi?
— Hech bo‘lmasa, o‘n oltidan oshgin, — dedi Akbar. — Nazarimda, hozirgi muallimlaring seni to‘g‘ri yo‘lga sololmayotganga o‘xshaydir. Endi Abulfazlni senga bosh tarbiyachi qilib tayin etgaymen.
Salimga Agrada alohida qasr qurib berilgan. Shah¬zodalik udumiga binoan yuzlab odam uning itoatida edi.
Abulfazl shahzoda Salim ixtiyoridagi qasrga borib, unga tarixdan, falsafadan dars berib yurgan kezlarda Akbar o‘zining yangi maslagini e’lon qildi. Abulfazl birinchilardan bo‘lib uni qabul qildi-yu, Salimni ham otasining yo‘liga yurgizishga intildi.
Salim yana kinoyali kulimsiradi:
— Biroq men hali yoshmen, yangi maslakni balog‘atga yetganlar qabul qilsin.
— Ob-bo, hazratim uylanishga shoshilma deganlaridan haligacha xafa bo‘lib yuribsizmi, a? Ammo hushyor bo‘ling. Tojdor ota bilan voris o‘g‘li orasida kichkina bir joy darz ketsa shunga darhol pona qoqib, yoriqni jarga aylantiruvchilar bor!
— O‘shalar kimlar? — o‘smoqchilab so‘radi Salim.— Todar Malmi? Tog‘alarim Man Sinx bilan Bhagvan Dasmi?
— Xudo saqlasin! — xitob qildi Abulfazl.
— Axir ular ham dini ilohiyni qabul qilmabdir¬¬lar-ku?!
— Amirzodam, yangi maslakni qabul qilish ixti¬yoriy. Agar majburiy bo‘lganda tog‘alaringiz qabul qilardi. Ammo hazratimning yangi e’tiqodlarini «bhaqti» tarafdori bo‘lgan ming-ming dehqon-u kosib¬lar, navkar-u zahmatkashlar ixtiyoriy qabul qilmoqdalar. Bu borada turli shahar-u qishloqlardan kelgan axborotlarni sizga ham ko‘rsatmog‘im mumkin. Abduqodir Badavniyni bilsangiz kerak. Badqovoq imomlardan bo‘lgan shu odam ham «mamlakatning avom xalqidan yarmisi yangi maslakka o‘tishi mumkin»* deb qo‘rqib yuribdir.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:12:06

— Mavlono, menga avomlarni ibrat qilib ko‘rsatmang. Undan ko‘ra tasvirxonaga boshlab boring.
Salimda musavvirlikka qiziqish borligini sezgan Abulfazl uni tasvirxonaga boshlab keldi. Bu yerda Xo‘ja Abdusamad, Basavan, Kesu Gujarati, Farruhbek Qalmoqi, Jagan Nath degan turli ellarga mansub rassomlar «Boburnoma» voqealari asosida xilma-xil rasmlar chizmoqda edilar. Akbarning buyrug‘i bilan musavvirlar Alisher Navoiyning «Xamsa»sini ham chiroyli suratlar bilan bezagan edilar. Yangidan ko‘chi¬rilgan «Xamsa» sahifalaridan birida Farhod o‘z suyukli yori Shirinni oti bilan birga ko‘tarib daryodan o‘tkazib qo‘ygani ko‘rsatilgan edi. Akbarning ko‘rsatmasi bilan ishlangan yana bir suratda Navoiyning o‘z «Xamsa»sini tugatib, Husayn Boyqaroga keltirib berayotgan payti ifoda etilgan edi. Ulug‘ xamsanavis shoirlardan Nizomiy va Xisrav Dehlaviylar tepadan ularga zavq bilan qarab turganlari ham suratda ta’kidlab ko‘rsatilgan edi.
Salim «Mahabxorat» va «Ramayana»ga ishlanayotgan afsonaviy suratlarni ham qiziqib tomosha qilgandan keyin Xo‘ja Abdusamad unga otasining suratlarini ko‘rsatdi. Qalam bilan chizilgan xomaki bir suratda Akbarning ko‘zlari yarim yumuq, qattiq o‘yga tolgan payti xuddi hayotdagidek  aniq ko‘rsatilgan edi. Yana bir suratda Akbar Farangistondan kelgan qora kiyimli ruhoniylarni qabul qilgan payti. Gilam ustida Sinay tog‘idan keltirilgan muqaddas toshlar yotgani nafis bo‘yoqlar bilan tasvir etilgan edi. Shahzoda Salim musavvirlarning ishiga astoydil qiziqayotganini payqagan Abulfazl uning tasvirxona orqali otasiga ruhan yaqinlashtirib, maslakdosh qilish fikriga bordi.
— Amirzodam, agar istasangiz, san’atkorlar sizning ham suratingizni chizmoqlari mumkin, — dedi.
— Ittifoqo, qiyofalari ham hazrat otalariga o‘xshash, — dedi Xo‘ja Abdusamad.
Biroq Salim o‘z suratining otasinikidan butunlay boshqacha tarzda chizilishini istar edi. Akbarning suratlari unga hayotda bor narsalardan nusxa ko‘chi¬rilganday jo‘n ko‘rinardi. Salim esa afsonaviy ko‘tarinkilikni yaxshi ko‘rardi. U «Mahabxorat»ning afso¬naviy voqealarini tasvir etgan rassomlarga o‘zining shu haqdagi istagini aytdi:
— Tushimda Xo‘jai Xizrga o‘xshagan nuroniy bir mo‘ysafid menga kitob bergan edilar. O‘sha paytda baland bir joyda o‘ltirgan ekanmen. Pastimda qanotli odamchalar uchib yurganini ko‘rdim. Farishtalar bo‘lsa kerak. Ana shu hodisani tasvir etish mumkinmi?
Musavvirlardan biri shahzodaning bu istagini darhol bajo keltirishga kirishdi. Yana bir rassom Salimning onasi rajputlardan ekanini, uning tog‘a avlodlarida Sinx, ya’ni sher degan nomlar ko‘pligini nazarda tutib, shahzodani kulcha bo‘lib yotgan yuvosh bir sherning ustida tikka turgan holda yovlariga kamondan o‘q otayotgan afsonaviy botir jangchi qiyofasida tasvirladi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:12:28

Salimga bu suratlar behad yoqqani uchun ularni chizgan rassomlarga katta in’omlar berdi. Abulfazl esa shahzodaning tashqi qiyofasi otasiga o‘xshasa ham, siyrati boshqacha ekanini bu suratlar orqali sezib lol bo‘lib qoldi.
Akbar o‘zi haqidagi suratlarning mumkin qadar haqqoniy bo‘lishini istaydi. U ota-bobolarining suratlarini chizdirganda ham, birortasiga Xo‘jai Xizr yoki farishtalarni qo‘shdirgan emas. Holbuki, «Akbarning jilovida Xizr yurgay», deb ishonadiganlar ko‘p. Biroq o‘zini nazarkarda qilib tasvirlatish Akbar uchun o‘ta nokamtarlik bo‘lib tuyuladi.
Salim esa halitdan o‘zini Xizr nazar qilgan farishtalar yorlaqagan, sher yelkasiga mindirgan afsonaviy botir qilib tavirlatsa, keyin nima bo‘ladi?
Abdulfazl o‘zining mana shu andishasini Akbarga borib aytdi.
— Mashaqqat chekmay o‘sgan bola o‘zini bosib olishi qiyin bo‘lar ekan-da! — deb, Akbar uh tortdi: — Qattiq gapiray desang, dili nozik, darrov ko‘ngli qolgay. Biz shu yoshda qancha azoblarni boshdan kechirgan edik. Bularning zamonasi boshqa. Otasining davlati soyasida faqat rohat-farog‘atda yashashni o‘ylaydir. Nachora? Biz yoshlikda ko‘rmagan rohatlar ham o‘g‘illarimizga nasib qilgan ekan-da. Salimning tomirida rajput qoni ham bor, juda tez ulg‘aymoqda, uylanishga shoshilayotgani ham shundan bo‘lsa kerak. Qaynog‘amiz Bhagvan Dasning chiroyli qizi bor. Ismi Man Bay. Salimning shunga ishqi tushgan emish. Hozircha unashtirib qo‘yaylik. o‘n oltiga to‘lganda nikohlab bergaymiz.
— Balki uylansalar quyulib ham qolarlar, — deb umid qildi Abulfazl.
Lekin Salim uylanib ham bosilmadi, o‘n olti yoshida xotin olib, o‘n yettiga to‘lmasdan o‘g‘il ko‘rdi-da, otasiga: «Hozirgi yoshlar sizlardan tezroq balog‘atga yetishini bilib qo‘ying!» deganday g‘olibona kulimsirab qaradi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:12:41

O‘n besh yoshli Man Bay baquvvat, sog‘lom bola tuqqanini ko‘rib Akbarning o‘zi ham hayron edi. Bolaga Xisrav deb ot qo‘ydilar. Man Bayning o‘zini Akbar Shoh begim deb ulug‘lay boshladi. Salim esa o‘n sakkiz yoshida Zayniddin ko‘kaning qiz jiyaniga oshiq bo‘lib qoldi. Hamida begim oraga tushib, «nevaram endi musulmon oilasiga ham kuyov bo‘lsin», dedi. Shu sabablarga ko‘ra, o‘n sakkiz yoshli Salimga ikkinchi qizni ham olib berdilar. Oradan bir yil o‘tmay bu kelin ham o‘g‘il tug‘di-yu, otini Parvez qo‘ydilar.
Akbar Abulfazlni chaqirib:
— Shahzodaga endi biron viloyatni beraylik, — dedi va kuldi: — Boshqa ishi bo‘lmagandan keyin butun kuchini haramga berib yana uylangisi kelib qolmasin.
— Rost, «Xotira yozgaymen», deb uni ham qilmadilar. Menga biron sahifa yozuv ko‘rsatgan emaslar.
Akbar Salimni poytaxtga yaqin bo‘lgan Ajmirga hokim qilib jo‘natdi. Oradan ikki yil o‘tmay, Ajmirda u yana bir afsonaviy go‘zalga oshiq bo‘lib qoldi. Rani Balmati ismli bu qiz Bobur bilan jang qilgan mashhur rajput sarkardasi Rana Sangram Sinxning chevara avlodlaridan edi. Qizning bobosi Uday Sinx avvalgi adovatlarni unutib, Gujarat yurishida Akbarga ittifoqdosh bo‘lgan edi. Lekin shu xonadondan chiqqan Pratap Sinx nomli boshqa bir botir yigit haligacha Akbarni tan olmay, tog‘lik o‘rmonlarda uning askarlariga qarshi jang qilib yurar edi. Endi Akbar o‘g‘lini Uday Sinxning chevarasi va Pratap Sinxning qarin¬doshiga uylantirsa, butun mamlakat taniydigan mashhur oilani o‘ziga el qilishi mumkinligini o‘yladi va Salimga Rani Balmatini ham olib berdi. Oradan bir yil o‘tgach, bu uchinchi kelin Akbarning avvalgi neva¬ralaridan ham miqtiroq va ko‘hlikroq o‘g‘il tug‘di. Bu o‘g‘ilga Xurram deb ot qo‘ydilar.
Akbarning nevaralari ko‘payib, yoshi ellikka yaqinlashgan sari ko‘z taglari salqigan, durustgina qorin ham qo‘ygan, yuzlarida ajinlar ko‘paygan, mo‘yloviga oq tolalar oralagan bobo qiyofasiga kirib borardi. Unga shafqatsiz bo‘lgan vaqt endi butun marhamatini Salimga ko‘rsatmoqda edi.
Yigirma ikki yoshida uch o‘g‘ilning otasi bo‘lgan shahzodaning ko‘ngli o‘sib, yigitlik jozibasi yil sayin barq urib ochilib borar, u har qanday qizni o‘ziga mahliyo qila oladigan zabardast ko‘hlik yigit ekanini o‘zi ham sezib mag‘rurlanardi.
Salimning xos navkari Alibek Pereyro ham bu orada agralik bir hind qiziga uylanib, undan farzand ko‘rdi. Alibekning umrbod Hindiston fuqarosi bo‘lib qolganiga endi shayx Farid ham ishondi. Avvallari, «bu farangi shahzodani dindan chiqarmasin tag‘in!» deb xavotirda yurgan shayx Farid bora-bora Alibek bilan til topishib, inoqlashib ketdi. Chunki Alibek ham shayx Faridga o‘xshab, Abulfazlni yomon ko‘rar va Akbarning o‘rniga tezroq shahzoda Salimni taxtga chiqarish orzusida yurar edi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:13:09

Aslida-ku, Albert Pereyro Akbar bilan Salim orasida nifoq chiqarish to‘g‘risida Goadan maxfiy topshiriq olgan. Shu maqsadda Alibek shahzoda Salimning otasiga yoqmaydigan xotinbozliklariga iloji boricha ko‘proq yordam berardi.
Salim Alibekni o‘rtaga qo‘yib, Mehriniso nomli go‘zal bir eronlik qiz bilan tanishdi. Bu qizga oshiqi beqaror bo‘lib, avvalgi yosh xotinlariga qaramay qo‘y¬di. Erining intihosiz bevafoliklari Akbarning suyukli kelini Shoh begimning o‘limiga sabab bo‘ldi. Endi yigirma yoshga kirgan bu ko‘hlik juvon afyunni ko‘p ichib, o‘zini o‘zi o‘ldirdi.
Ostonaga bosh qo‘yganicha abadiy uyquga ketgan yosh juvonning tepasida olti yashar o‘g‘ilchasi Xisrav yig‘lab turar, hali o‘lim nimaligini bilmaydigan bechora bola nuqul onasini uyg‘otmoqchi bo‘lardi. Akbar buni ko‘rib larzaga keldi. Salimga nafrat va g‘azab bilan qichqirib:
— Sen shu fojianing sababchisisen! — dedi. — Malakday juvonning uvoli sening bo‘yningda! Tog‘ala¬ringning oldida bizning ham yuzimiz shuvit! Bu og‘ir gunohni faqat fidoyilik bilan yuvmog‘ing mumkin. Shaybonizodalar Badaxshonga bostirib kirmishlar. Haybar dovonida yusufzaylar bizga qarshi isyon ko‘tarmishlar. Endi o‘shalarning ustiga qo‘shin tortgaysen! Janglarda o‘lim bilan olishib poklangaysen! Bor, yo‘l tayyorligini ko‘r!
Salim e’tirozga og‘iz ocholmay ta’zim qilganicha chiqib ketdi. Ammo uning yusufzaylar bilan ham, shayboniyzodalar bilan jang qilishga xohishi yo‘q edi. Shayx Farid bilan Alibek ham:
— Zinhor Haybar dovoniga bormang! — deb shi¬virladi.
— Roja Birbalning o‘limi ozmi, sizni ham otangiz shunday xatarli joyga yubormoqchi?
Roja Birbal Qorakar dovonida halok bo‘lgan, ravshaniylar tog‘-u toshlar orasidan tinimsiz hamlalar qilib, Akbar qo‘shiniga katta talafot yetkazgan edilar. Qorli tog‘lar orasida sarkardasiz qolgan qo‘shin orqaga chekinishga majbur bo‘lgan edi. Buni yaxshi biladigan Salim Haybar dovoniga jo‘nash haqidagi buyruqni bajarmay Agradagi qal’asiga qaytib bordi-da, o‘zini kasalga solib yotib oldi.
Undan xabar olishga yuborilgan Abulfazl Salim¬ning Jamna bo‘yidagi Hasht Bihisht bog‘ida yana o‘sha Mehriniso bilan uchrashib, visol zavqini surib yurganini bilib keldi.
Akbar endi g‘azabini bosolmadi. Mehrinisoning otasi e’timodxon Akbar qo‘shinida mingboshi edi.  Akbar uni chaqirtirdi-da:
— Qizingizni kimga uzataylik? — deb so‘radi. — Salimdan boshqa kimni kuyovlikka munosib ko‘rursiz?
e’timodxon podshoning avzoyi yomonligini sezib, uning ra’yiga qaradi:
— Qizimizga Aliquli Istojli degan ozarbayjon yigit¬ning ko‘ngli bor, — dedi. — Sherni yiqitgani uchun Aliquli Sherafkan degan laqab olgan. O‘zi menda yuzboshi.
Akbarning buyrug‘i bilan Mehrinisoni ertasi kuni¬yoq o‘sha Sherafkanga nikohlab berdilar. Akbar bu yigitni Bixardan nari Bangoladagi viloyat hokimi Qutbiddinning ixtiyoriga mingboshi qilib jo‘natdi, Mehriniso ham bir kechada eri bilan Bangolaga ketib g‘oyib bo‘ldi. Agradan Bangolagacha otda bir oylik yo‘l. Salim Mehrinisodan butunlay ayrildi. Akbar uni Agradan o‘z huzuriga chaqirib oldi-da, past tovush bilan:
— Nechun buyruqni bajarmadingiz, amirzoda? — deb sizlab gapirdi. Ammo uning muloyim qilib «siz»lashidan qo‘rqqulik edi. Salimning ovozi titrab:
— Bemormen... — dedi. — Shu ahvolda jangga borsam... ko‘nglim sezib turibdir... men ham roja Birbaldek halok bo‘lgaymen!..

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:13:49

Akbar ko‘ngil sirlarini aytib dardlashadigan suyukli musohibi roja Birbalni yusufzaylarga qarshi jangga yuborganidan ming-ming pushaymon edi. Qorakar dovonida isyonchilar bilan jangga kirib qaytib chiqmagan Birbal benom-u nishon yo‘qolgan edi. Qishda Qorakar va Haybar dovonlari bekilib qoldi. Yozda dovonlar ochilgandan keyin Akbar yuborgan olti ming kishilik qo‘shin shayx Jaloliddinni G‘azni tomonlarga qochishga majbur qildi. Akbar afg‘on qabilalarining ta¬labiga binoan Man Sinxni Kobuldan chaqirib olib, o‘zining ko‘kaldoshi, asli afg‘onistonlik tojik Zaynid¬din ko‘kani Kobulga hokim qilib tayinladi. Yusuf¬zaylar u bilan tez til topishdilar va murosa yo‘liga o‘tdilar. Shundan so‘ng dovonlar ochilib, karvonlar qatnovi tiklandi.
Faqat roja Birbalni ikki oy izlab, hech joydan jasadini ham topolmadilar. Bu mash’um hodisadan Akbar uzoq vaqt musibat chekib yurdi.
O‘g‘lining so‘nggi gapi undagi o‘sha musibat tuyg‘usini uyg‘otdi-yu, qahrini sal bosdi.
— Bemor emish!.. — deb Akbar yumshagan tovush bilan kinoya qildi: — Hasht Bihisht bog‘ida yangi ma’shuqa bilan kayf-u safo qilib yurganingizni biz bilmaymizmi? Sizdagi bemorlik — shahvatparastlikdir! Men ham farishta emasmen, ko‘p xotin olib og‘ir gunohlar qilganmen! Ehtimol shuning qasosi o‘g‘lim¬ning shahvatparastligidan qaytayotgandir! Lekin biz qilgan yaxshiliklar nechun qaytmaydir? Biz tortgan azoblar, biz qilgan mehnatlar sizda nechun yo‘q? Ertagayoq ko‘ch yig‘ishtiring! Tog‘angiz Man Sinx Kobuldan qaytdi. Siz u bilan Rajastxon viloyatiga jo‘nagaysiz! Men bolaligimda ko‘rgan Tar sahrosini siz ham bir ko‘ring, issiq-sovuqlarda toblanib, odam bo‘ling!
Salim otasining bu galgi buyrug‘ini bajarmay iloji yo‘q edi. Tog‘asi Man Sinx ham juda qattiqqo‘l odam. U ayniqsa, jiyani Shoh begimning o‘limidan keyin Salimga ayovsiz muomala qilishi aniq. Rajastxon esa poytaxtdan uzoqdagi isyonkor, notinch o‘lka, Salimning Agradagi so‘lim bog‘lardan, Sekridagi safoli ko‘shklardan ko‘ngil uzib chet joyga ketishi behad qiyin bo‘ldi. Abdulfazl uni jo‘natish uchun kelganda Salim Alibekning oldida butun zahrini otasining do‘stiga sochdi:
— Siz meni otamga yomonlab, Mehrinisodan* judo qildingiz! Rajastxonni ham siz o‘ylab topgansiz! Ammo bilib qo‘ying, mavlono, sizga ham qasos qaytgusidir!
Bu gaplar Abulfazlga qanchalik qattiq botsa, Alibek bilan shayx Faridga shunchalik xush yoqdi. Chunki Salim qasd qilsa Abulfazlni o‘ldirtirish qo‘lidan kelardi.

_____________
* Badavniyning bu so‘zlari uning «Mutaxabi tavorixi»da ham bor.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:14:15

K A S H M I R,   L A X O‘ R,    A G R A
SO‘NGGI QADAMLAR

Bir-biriga tutashib ketgan o‘ng ikkita zilol ko‘lning oynaday tiniq sathida qorli Himolay tog‘lari, archazor va qarag‘ayzor yonbag‘irlar, qirg‘oq yaqinidagi mirzateraklar, chinorlar, sanobar daraxtlari behad ko‘payib aks etadi. Anvoyi gulshodalar bilan bezatilgan kemalar karvoni Dal* ko‘lidan Gulor va Degin ko‘liga suzib o‘tar ekan, ular qo‘zg‘atgan to‘lqinlar qirg‘oq yaqinida ochilib turgan minglab nilufarlarni sho‘x-sho‘x tebratib qo‘yadi. Kemaning pastki qismida Akbar davrining eng mashhur sozandasi Tansen boshliq mashshoqlar Kashmir tabiatining ko‘rkiga mos tushadigan go‘zal va nafis kuylar chalib bormoqdalar. Kemaning shiyponga o‘xshash boloxonasi tolorida Akbar, uning onasi Hamida bonu va ammasi Gul¬badan begim yumshoq zarbof kursilarda o‘ltirib, atrofni tomosha qilmoqdalar. Orqadagi kemalardan birida Jodha Bay nevarasi Xisrav va nadimalari bilan suzib kelmoqda. Salima begim ham kelinli, nevarali bo‘lgan. Shahzoda Murod Aziz ko‘kaning qiziga uylanib, o‘g‘il ko‘rdi, otini Rustam qo‘ydilar. Uchin¬chi kemada Salima begim Rustamni qo‘lidan yetaklab, Kashmir tog‘larini ko‘rsatmoqda.
— Ana u — Zabarvan tog‘i.
— U-chi? — deb besh yashar Rustam ikkinchi tomondagi tog‘ni ko‘rsatadi.
— Xari Parvat tog‘i, — deb tushuntirdi Salima begim, — bu tog‘ning ustidagi qal’ani hazrat bobo¬ngiz qurdirmishlar.
— Ana u nedir? — deb bola qirg‘oqdagi bog‘ni ko‘rsatadi.
— Bu — Nasimbog‘. Ichida favvoralari bor. Uni ham hazrat bobongiz bino qildirganlar.
Kashmirning ko‘llarida yuzlab katta-kichik kemalar suzib yuribdi. Ulardan ham ko‘proq kemalar qirg‘oqlarda langar tashlab turibdi. Ko‘l suvi osoyishta, havo iliq va mayin. Yil bo‘yi kemalarda istiqomat qiladigan kashmirliklar bor. Tog‘dagi o‘rmonzorlarda esa kemasozlik uchun yaxshi yog‘och beradigan daraxtlar o‘sadi. Akbar Kashmir kemasozlariga buyurtmalar berib besh yuzdan ortiq kema qurdirdi. Uning bu tadbiri kashmirliklar uchun ayniqsa bu yilgi tabiiy ofatlardan keyin juda qo‘l keldi.
Hozir quyosh charaqlab turgan iliq va quruq sunbula oyida bahordagi qalin qorlarni ko‘z oldiga keltirish qiyin. Kashmirda bodom yaxshi bo‘ladi. Bu yerning bog‘lari butun Hindistonni bodom bilan ta’minlaydi. Kashmir hatto qo‘shni mamlakatlarga ham bodom chiqarib sotadi. Lekin bu yil navro‘z kunlarida Kashmir bodomzorlari oq-qizg‘ish bodom gullariga burkangan paytda ikki kecha-yu kunduz ti¬nimsiz laylakqor yog‘di. Qorning qalinligi odamning belidan baland edi. Yo‘llar bekilib qoldi. Qiyg‘os gullagan bodomlarning shoxlarini qalin qor o‘z zalvori bilan qars-qars sindirib tashladi. Yuz minglab bodom daraxtlarini ikki kunda shunday piypalab, gullagan shoxlarini bittalab sindirib chiqishga hech qanday yovuz dev yoki alvasti ham ulgurmagan bo‘lardi. Hamma bodom gullarini sovuq urib, singan shoxlari pastga osilib qoldi. Bodom hosilidan shu tarzda mahrum bo‘lgan kashmirliklarning tirikchilik tebratishi qiyinlashdi, ocharchilk boshlandi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:14:31

Savdo karvonlari bu yerga guruch, bug‘doy va boshqa yegulik narsalarni ko‘proq tashib keltirgani sari bozorlarda narx-navo pasayib bordi. Ammo tabiiy ofatga uchragan ko‘pchilik kashmirliklarda bozordan don olish uchun pul yo‘q edi. Aholi mehnat qilib pul topishi uchun ham Akbar Xari Parvat tog‘i ustidagi qal’ani va ko‘llarda suzib yurgan yuzlab kemalarni qurdirdi. Kashmirda suv ko‘p. Ko‘llardan tashqari Jelam daryosi ham suvga to‘lib oqadi. Buning ustiga qor-yomg‘ir suvlari qo‘shilsa, bog‘lar va ekinzorlarni suv bosadi. Bu ofatdan saqlanish uchun Akbar katta ariqlar qazdirdi. Faqat bu ariqlar ekin sug‘orishga emas, aksincha, dalalardagi ortiqcha suvni qochirishga xizmat qila boshladi.
Shu tarzda kashmirliklarning ocharchilik va qahatchilik balolaridan qutulishi ancha osonlashdi. Akbar bu yerda ham qurilish va obodonchilik ishlarini yo‘lga qo‘ygani uchun Kashmirda uning hayrixoh¬lari ko‘payib bormoqda. Akbar uni shu bugun oila a’zolari bilan qirg‘oqqa kelib, kemalarga chiqayotganda o‘zi, onasi va ammasining poyi qadamiga nafis gul barglari sochgan kashmirliklarning iliq muomalaridan sezdi.
Hozir ko‘l sathidan ko‘rinayotgan ulug‘vor manzaralar zavqi kemadagilarning kayfiyatini yanada baland ko‘tardi. Tabiatan juda ta’sirchan bo‘lgan Gul¬ba¬dan begim shavq-zavqini ichiga sig‘dirolmay xitob qildi:
— Hazrati Akbarjon, aylanay sizdan, keksa ammangizni Adandagi jahannam azobidan qutqarib, jannatday go‘zal Kashmirga olib keldingiz-a! Tog‘ dovonlaridan go‘yo kaftingizda olib o‘tganday bo‘ldingiz!
— O‘shanda tortgan azoblaringizning rohatini ham ko‘ring dedim-da! Axir siz boburiylar xonadonining eng yoshi ulug‘ valine’mati bo‘lib qoldingiz.
— Rost-a, Hamida begim, yoshim yetmishdan oshdi. Adanda yetti oy hibsda yotganimda nuqul xotiralar bilan jon saqladim. Jannatmakon otam, rahmatli og‘am, Humoyun... ularning boshlariga tushgan kulfatlar... Birga ko‘rgan yaxshi kunlarimiz... Hammasini ilk bor asirlik kunlarimda qog‘ozga tushirgan edim.
— Sizda ham hazrat bobomizdagi adiblik iste’dodi borligini men o‘sha yozuvlaringizdan bildim, — dedi Akbar. — Tarixning ne-ne ulug‘ voqealari sohibqalam muarrixlar tomonidan yozib qoldirilmagani uchun butunlay unutilib ketmishdir. iste’dod nuri bilan yo‘g‘rilgan, qalb harorati bilan ilitilgan tarixiy voqealargina avlodlar xotirasida abadiy yashab qolur ekan. Shuning uchun men hatto Sherxon tarixini ham Ahmad Sarangoni nomli sohibqalam afg‘on muarrixiga in’omlar berib maxsus yozdirdim. Ahmad Saran-goni Sherxon askarlari safida xizmat qilgan ekan, uning botirligini rosa maqtabdir. Mayli, Sherxonning katta tajribasi-yu boshdan kechirgan hodisalari ham avlodlarga saboq bo‘lsin. Haqiqat zarralari bizning raqiblarimiz ilkida bo‘lsa, ularni o‘sha joydan ham topib, e’zozlab, umuminsoniy bir ma’naviyat xazinasiga qo‘shmoq — bizning burchimizdir.
— Bu burchni faqat mard, donishmand siymolargina shunchalik teran his qilurlar! — dedi Gulbadan begim Akbarga. — Siz meni ham shu burchga xizmat qildirganingizdan boshim ko‘kka yetmishdir. Mana, hozir Kashmirning afsonaviy go‘zalliklaridan zavq olib, o‘zimni baxtiyor sezmoqdamen!

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:14:56

Kashmirga kelishdan oldin Gulbadan begim Akbarning iltimosiga ko‘ra «Humoyunnoma» kitobini yozib tugatgan edi. Humoyun davrining barcha achchiq-chuchuklarini birga boshdan kechirgan Ha¬mida bonu ham Gulbadanga o‘zi yaxshi bilgan voqealarni aytib berib, kitobning mukammal chiqishiga ko‘maklashgan edi. Akbarga Bobur bobosining o‘lmas xotiralariday samimiy va haqqoniy tuyulgan bu kitobda faqat ayollargina aytib bera oladigan shunday nozik va go‘zal nuqtalar bor ediki, ularni o‘qigan odam Gulbadan begimning nafis didiga ham, adiblik iste’dodiga ham tan bermay turolmas edi. Akbar ammasini shunday kitob yozgani uchun astoydil bir quvontirgisi kelib Kashmirga ataylab olib kelgan edi.
— Ammajon, siz Kashmirdan qanchalik zavqlan¬sangiz, men siz yozgan kitobdan shunchalik zavq oldim!
Akbarning bu bahosini eshitganda Gulbadan begimning ko‘zlariga quvonch yoshlari quyulib keldi.
— Ilohim uzoq umr ko‘ring, Akbarjon! Kashmi¬r¬ning bodomzorlari, anorzorlari, tutzorlari, mirzate¬raklari xuddi Farg‘ona vodiysini eslatar emish. Men o‘zim-ku, Farg‘ona vodiysini ko‘rganim yo‘q, lekin Qilichxon Andijoniy Kashmirga kelgandan beri tug‘il¬gan joylarini qo‘msab yuragi ezilib yuribdir.
Hamida bonu og‘ir tin oldi-yu:
— Mening rahmatli otam ham Toshkent-u Sa¬marqandni qayta ko‘rolmay armon bilan o‘tib ketdilar, — dedi.
Bu gaplar ta’sirida Akbarning xayoli tog‘lar osha Sirdaryo va Amudaryo bo‘ylariga tomon uchdi. Kashmir orqali Qashqarga, undan O‘sh orqali Andijon-u Farg‘onaga olib boradigan tog‘ yo‘llarining xaritasini shu bugun kechasi sinchiklab ko‘rib chiqqani esiga tushdi. Himolay va Pomir tog‘larining oraliqla¬ridan o‘tadigan bu yo‘l Kobul va Termiz orqali boradigan yo‘ldan bir necha barobar yaqin. Dehlida Po‘lat vasvas otgan kamoni shoshiyning o‘qi, bu jarohati¬ning achchiq og‘rig‘i uni Turondagi g‘animlaridan o‘ch olishga undaydi. Ammo ikki orada Akbar uchun Himolay tog‘laridan ham ulkanroq moneliklar bor.
Movarounnahrda hamon Abdullaxon hukmronlik qilmoqda. Abdullaxon uchun eng xatarli raqib — Akbar bo‘lganligi sababli, u o‘zining eng sara qo‘¬shin¬larini Kobul va Kashmir bilan chegaradosh bo‘lgan janubiy o‘lkalarda saqlamoqda. Akbar otasi¬ning Balxda shayboniyzodalardan qanday yengilganini unutolmaydi, ular bilan bellashish uchun avval Hindistondagi ichki parokandalikni tugatib, barcha kuchlarni bir tug‘ ostiga yig‘ishni o‘ylaydi. U mana shu maqsadda Kashmirni ham markaziy davlatga qo‘shib oldi. Abdurahim xoni xonon Sind va Be¬lujistonga qo‘shin tortib ketdi.
Qaniydi, Akbarning o‘z o‘g‘li Salim ham Abdurahim kabi sadoqatli, qobil farzand bo‘lsa-yu, otasining og‘irini yengil qilsa! Salimning tashvishi ozlik qilganday, keyingi o‘g‘li Murod ham ichkilik¬boz¬likka o‘rganib, umrini bazmlarda o‘tkazmoqda. Akbar uni poytaxtdagi ulfat beklaridan uzoqroq tutish uchun janubdagi Malvaga hokim qilib jo‘natdi. Uchinchi o‘g‘li Doniyol hozir Qandahorda. Yoshi o‘n sakkizga kirib, u ham ko‘p ichadigan bo‘lgan. Nahotki uch o‘g‘ildan birortasiga Akbardagi iroda o‘tmagan bo‘lsa? Bu javobsiz savol hatto hozir Kashmir ko‘llarida suzib yurgan eng mas’ud damlarida ham uning diliga soya tashlab turibdi.
Tashqi ko‘rinishdan ammasi Gulbadan begim hozir o‘zini juda quvnoq sezayotganga o‘xshaydi. Lekin uning dilida ham armonlari ko‘p.
— Onam Samarqandda, otam Andijonda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa-yu, men hanuzgacha ularning yurtini borib ko‘rolmasam-a? — deydi.

Qayd etilgan