Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)  ( 244496 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 54 B


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:58:48

* * *

Boshqa kunlari Sherxonning qo‘qqisdan hujum qilishini kutib sergak yotadigan Humoyun kechagi sulh xabarini eshitgandan keyin xotiri jam bo‘lib, juda qattiq uyquga ketgan edi. Tong qorong‘usida qarorgohning sharqi janubidan boshlangan va to‘rt tarafga yashin tezligida yoyilgan jang to‘poloni, fillar na’rasi, odamlarnnig qiy-chuvi, tig‘larning shaq-shuqi, to‘fanglarnnig gumburlashi uni mast uyqudan uyg‘otganda, «yana yomon tush ko‘rdim shekilli», deb o‘yladi. Lekin eshikdan yugurib kirgan Javhar oftobachining qo‘rqinchli vajohati:
— Hazratim, yog‘iy bosdi! — degan so‘zlari uning boshiga quyilgan sovuq suvday vujudini seskantirdi.
U sakrab turib, etigiga paytavasiz oyoq tiqdi. Javhar oftobachi qaltirab tutgan to‘nni kiyib, qilichini shosha-pisha taqdi. Sadoqatli oftobachi uning ko‘kragiga po‘lat chiroyna, yelkasi va qo‘liga boshqa zirhli narsalar ham kiydirmoqchi edi, lekin bunga Humoyunning sabri chidamadi. U dubulg‘ani yo‘lakay boshiga kiydi-da, chodirdan tashqariga otildi. Yomg‘ir sevalab turgan tong g‘ira-shirasida qarorgohning janub chetidagi chodirlarni yiqitib, odamlarni bosib-yanchib, na’ra tortib kelayotgan yuzlab harbiy fillar Humoyunning ko‘ziga tashlandi.
— Menga ot keltiring! — qichqirdi u. — Bayramxon qani? Ustod Xonquli, zambaraklarni o‘qlang!
Humoyunga og‘ir zirhli kejim yopilgan saman otni keltirdilar. Uzangi tezda oyog‘iga ilinmagach, otning bo‘ynigna qo‘lini solib, egarga sakrab mindi. Shu payt Bayramxon yigirmatacha navkar bilan ot choptirib keldi.
— Sherxon sulhni buzib nomardlik qildi! Hazratimni o‘rtaga olinglar! — buyurdi bayramxon navkarlariga.
Qarorgohning yov kelgan janub chetidagi yuzlab navkarlar saflanishga ulgurolmay, tumtaraqay bo‘lib qocha boshladi. Selday bostirib kelayotgan yov otliqlari ularni daryolar tomonga surib ketdi.
— Bizning harbiy fillar qani? — qichqirdi Humoyun. — Zambaraklar nechun jim? Xonqulibek!
— Hamma g‘aflatda qoldi! — dedi Bayramxon, so‘ng to‘pxona va filxonalar tomonga ot choptirib ketdi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:59:03

Humoyunning ko‘zi saropardaga tushdi. Uning ich¬karisidan bolalarning qo‘rqib yig‘lagan tovushlari eshitildi. Ayollarning ahvoli nima bo‘ladi? Olti yashar qizchasi Aqiqa begim, xotinlari Beka begim, Chand bibi hammasi o‘sha ulkan sarparda ortidagi chodirlarda.
Humoyun otining boshini saroparda tomonga burdi. Qo‘riqchi navkarlar uni uch tomondan o‘rab bora boshladi. Tepadan tushayotganda yovning harbiy fillaridan o‘ttiz-qirqtasi saroparda tomonga chopib kelayotganini ko‘rdi. Shu payt ularnnig qarshisidan gumburlab to‘fanglar otildi. Borut tutini orasidan yaralangan fillarning asabiy bo‘kirigi quloqqa chalindi. Qarorgoh xiyla katta maydonni egallagan, unga Humoyunning o‘ng ikki ming qo‘shini, shunga yarasha ot-ulov va to‘pxonalari joylashgan. Sherxonning ot¬liqlari va fillari janub tomondan yorib kirguncha markazda va shimoli sharqda Humoyun askarlarining uch-to‘rt mingi otlanib, qurollanib, dushmanning yo‘lini to‘sib chiqdi. Xos navkarlar otgan to‘fang o‘qlari yov fillariga va otliqlariga borib tegayotganini ko‘rgan himoyachilar yov otliqlari bilan astoydil olisha boshladilar. Qilichlar va nayzalar bir-biriga urilib, to‘¬da-to‘da otliqlar uymalashib, olishib qoldi. Mar¬kazda ikki tomonning harbiy fillari bir-birlarini tepib, tishlarini tishlariga qarsillatib urar, fil ustidagi kajavalarda o‘tirgan merganlar yov fillarning ko‘zini yoki filbonning ko‘kragini mo‘ljalga olib yoydan o‘q otishardi.
Ammo qarorgohning ikki chetida qarshilik ko‘rsa¬tuvchilar safi juda siyrak. Selday yopirilib kelayotgan Sherxon otliqlari yalangoyoq-yalangbosh qochib ketayotganlarni quvib yetib, qilich bilan chopib tashlamoqda. Daryo qirg‘og‘iga qochib borganlar kemalar va qayiqlarga tashlanyapti. Chap qa¬notni ezib-yanchib o‘tgan rajput otliqlari markazdagi Sherxon askarlariga yordamga yetib keldilar. Hu¬mo¬yunning harbiy fillari Sherxonnikidan oz, zambaraklarning chaqmoq bilan yondiriladigan piltalari rutubatli zax havoda nam tor¬tib qolgani uchun Xonqulining sarosima harakatlari natija bermadi. Zambaraklar o‘q otgunlaricha bo‘l¬may, dushman fillari to‘pxonalar ustiga bostirib keldi. O‘qlangan, ammo otib ulgurilmagan, piltasi yonmay tutab turgan zambarak quvurlarini xartumlari bilan ko‘tarib loyga otdilar. To‘pchilarning qochib ulgurolmaganlarini kajavadagi merganlarning o‘qi va ortdan kelgan otliqlarning qilich-u nayzalari nobud qildi.
Buni ko‘rgan Bayramxon sog‘ qolgan navkarlari bilan saroparda turgan tomonga chekindi. U Beka begim xizmatida bo‘lgan va besh yashar o‘g‘ilchasi bilan saroparda ichidagi kichik bir chodirda turadigan xotinini qutqarishni o‘ylar edi.
Naryoqdan otliq yetib kelgan Humoyun qarorgoh markazi ham yov qo‘liga o‘tganini, faqat daryo bo‘yi hali xatarsiz ekanini ko‘rdi:
— Ayollar bilan bolalar daryo bo‘yiga olib o‘tilsin!— deb qichqirdi. — Bayramxon, siz markazdan kelayotgan yovning yo‘lini to‘sing! Mavludbek, xaylxonani* kemaga eltib joylang!

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:59:19

Mavludbek boshlab chiqqan Beka begim, Aqiqa, Chand bibi, Bayramxonning o‘ttiz besh yoshlardagi turkman xotini, yana bir qancha kanizlar, xizmatkor ayollar shosha-pisha daryo tomonga yo‘l oldilar. Biroq ular qirg‘oqqa yetib borguncha daryo chetidagi kema va qayiqlar oldinroq qochib borgan bek-u navkarlarga to‘lib qolgan edi. Vahima ichida tarti¬¬b-intizomni unutgan, jonidan boshqa narsa ko‘ziga ko‘rinmay qolgan odamlar birdan bir najot mana shu kema va qa¬yiqlar ekanini allaqachon sezishgan edi. Kemachi va eshkakchilar betartib qochib kelganlarni podshoning ruxsatisiz kemaga kirgizmaslikka urinib qarshilik qildilar. Qilich va xanjarlar ishga tushdi. Lekin qochqin olomon benihoya ko‘payib ketdi, qarshilik qilgan kemachilarni surib, yiqitib o‘tdi. «Gunjoyish» kemasining eshakchilaridan biri bo‘lgan Nizom bu ur-surda o‘zini chetga olib, zo‘rg‘a omon qoldi. Zo‘rlik bilan tortib olingan kema va qayiqlar saropardadan olib chiqilgan ayollar va bolalarning yetib kelishiga qarab o‘tirmay narigi qirg‘oqqa tomon yo‘l oldi.

Qayiqlarni ham boshqa qochqin navkarlar va beklar tortib olishdi. Nizom qirg‘oq chetidagi omborda meshlar borligini esladi. Chopib kelib kattaroq bir meshin tanladi-da, qaytib chiqdi. Bu orada dushman otliqlaridan uch-to‘rt yuztasi Mavludbek boshlab kelayotgan ayollar va bolalarnnig yo‘lini to‘sib chi¬qayotganini ko‘rdi. Nizom yov otlarinnig oyog‘i tagida qolib ketishdan qo‘rqib, qirg‘oq bo‘ylab Humoyun tomonga qochdi.
Bayramxonning otliqlari Humoyunni o‘rab olib, tepalikning narigi tomonidan daryo qirg‘og‘iga qarab chekinmoqda edi. Dushman otliqlari podshoning xos navkarlari safini yorib o‘tolmadi. Shunda yovning harbiy fillaridan uch-to‘rttasi himoyachilar halqasiga tashlandi. Xos navkarlarda to‘fanglar bor edi. Fil¬lardan ikkitasi to‘fanglardan ustma-ust otilgan to‘n¬g‘iz o‘q¬larga uchib yiqildi. Ammo sag‘risiga o‘q tekkan, yara og‘rig‘idan battar quturib ketgan uchin¬chi fil to‘fang otayotgan navkarlarga bo‘kirib hamla qildi. Otlardan birini qattiq tepib, chavandozi bilan ag‘anatib yubordi. Humoyun himoyasida turgan ikkinchi otliq navkarni xartumi bilan belidan o‘rab olib egardan dast ko‘tardi-yu, big‘illatib qisib, yerga chalpak qilib urdi va tanasini oyog‘i bilan bosib-yanchib o‘tdi. Darg‘azab fil qarshisida himoyasiz qolgan Humoyun qilichini qinidan sug‘urdi. Fil unga xartumini cho‘zib yaqin kelganda Humoyun qora ilonday harakatchan bu baloni kesib tashlamoqchi bo‘lib qilich sermadi. Ammo xartum qilichdan chaqqonroq edi. Tig‘ borguncha fil o‘z xartumini yo‘g‘on oq tishlarining panasiga olishga ulgurdi. Humoyun zarb bilan urgan qilich filning yo‘g‘on so‘yloqi tishlari orasidagi qalin terisini kesib o‘tdi-da, teri bilan tish suyagi orasiga kirib ilinib qoldi. Humoyun qilichni sug‘urib olguncha bo‘lmay o‘ng yelkasiga yoy o‘qi jazillab sanchildi. Fil ustidagi kajavada o‘ltirgan merganlar uning ko‘kragini mo‘l¬jalga olgan, lekin oti-yu o‘zi tinimsiz harakatda bo‘lgani uchun o‘q yelkasiga tekkan edi. Shoshi¬linchda zirhli kiyim kiymaganiga Humoyun endi afsus qildi. Og‘riqdan jonsizlangan o‘ng qo‘li qilichni sug‘urib olishga yaramadi. Fil bir silkinganda oltin qilich dastasi Humoyunning qo‘lidan chiqib ketdi. Yo‘g‘on qora xartum qaytadan uning bo‘yniga cho‘zilib kela boshladi. Humoyun chap qo‘li bilan otning jilovini keskin siltab chetga burdi-yu, yol ustiga engashdi. Shu payt uning yonginasida yana to‘fang gumburladi. Fil Humoyun bilan andarmon bo‘lgan paytda to‘fangni qayta o‘qlashga ulgurgan xos nav¬karlardan biri filning peshonasini mo‘ljalga olib tepkisini bosgan edi. Tishiga oltin qilich ilinib qolgan, sag‘risidan va xartumi ustidan qon oqayotgan ulkan fil endi peshonasini qoraytirib teshib kirgan o‘qdan gandiraklab orqaga tisarildi-da, gursillab yiqildi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 12:59:33

Orqadan yana yov otliqlari va fillari bostirib kelmoqda edi. Bayramxonning ovozi keldi:
— Hazratimni daryo bo‘yiga olib ketinglar! Biz yog‘iyni o‘tkazmagaymiz! La’l Chand, filingiz bilan himoyada turing!
Humoyunning yelkasiga qadalib turgan uzun yoy o‘qi ot yo‘rtganda qattiq silkinar va jazillatib og‘ritar edi. Uning yonida otliq borayotgan Javhar oftobachi Humoyunning rangi bir oqarib, bir ko‘karib ketayotganini, og‘riq zarbidan ko‘ziga tirqirab yosh kelganini ko‘rdi-yu:
— Hazratim, ruxsat bering, yarangizni bog‘lay! — dedi va boshidan yangi simobi sallasini oldi. Hu¬moyun himoyachi navkarlar qurshovida ot choptirib borar ekan, yana yol ustiga engashib, chap qo‘lini o‘ng yelkasiga cho‘zdi-yu, qadalib turgan yoy o‘qini bir harakat bilan sug‘urib tashladi. Shu payt og‘riqdan ingrab, otning yoliga yuzini bosdi. Javhar oftobachi o‘ng tomondan otini jips keltirib, uni qo‘l¬tig‘idan suyadi. Yelkadan oqayotgan qonni to‘x¬tatish uchun yaralangan joyni yumshoq salla matosi bilan besh-olti marta o‘rab, qattiq chirmadi-yu, qo‘ltiq tagidan tang‘ib bog‘lab qo‘ydi.
Bayramxon va La’l Chand markazdan o‘tib kelgan yovning yo‘lini to‘sgan bo‘lsa ham, ikki qanotdan yorib kirgan boshqa yuzlab otliqlar Humoyunga qarab yopirilib kelmoqda edi. Tepalikdan turib jangni boshqarayotgan Sherxon Humoyunning daryo to¬mon¬ga chekinganini ko‘rgan, uni yo o‘lik, yo tirik albatta qo‘lga olishni har ikki qanot sarkardalariga buyurgan edi. Humoyun orqaga o‘girilib qarab, Bay¬ramxon La’l Chand boshliq fillar yordamida himoyada turganini ko‘rdi.
Qirg‘oqda birorta kema ham, qayiq ham yo‘q. Odam to‘la bir kema narigi qirg‘oqqa yetay deb qolgan. «Mavludbek ayollar bilan bolalarni o‘sha kemada olib chiqib ketgandir», degan o‘y Humoyunga ozgina tasalli bergandek bo‘ldi. O‘ng qanotdan otilib chiqqan yov otliqlari yuzdan ortiq. Humoyunni hi¬moya qilib qirg‘oqqacha kelgan navkarlar esa o‘ttiz-qirqtagina, xolos. Qurshovda qolib asir tushish o‘limdan ham dahshatliroq. Humoyun qilich dastasini qidirib belini paypasladi. Ammo bo‘sh yengil qin salanglab osilib turganini ko‘rdi va boyagi yarador filni esladi.
Chug‘urchuqday behisob dushman otliqlari tobora yaqinlashib kelayotgani Nizomni ham sarosimaga soldi. U qo‘lidagi meshga havo puflab, uni tarang qilib shishirdi-da, og‘zini mahkamlab bog‘ladi. Mesh yordamida narigi qirg‘oqqa suzib o‘tish uchun suvga qarab chopdi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 13:00:07

Bo‘tana bo‘lib to‘lib oqayotgan toshqin daryo Humoyunning vahmini keltirdi. Lekin yaqin kelib qolgan dushmanlarga asir tushish undan ham dahshatliroq edi. Tagidagi saman — zo‘r ot, Hu¬moyun suzishni biladi. Xos navkarlar yov ilg‘orlari¬ning yo‘lini to‘sib, ular bilan qilich chopisha boshlagan paytda Humoyun Nizom suvga tushgan joydan sal nariroqda otini qirg‘oqdan daryoga sakratdi. Suv avval otning sonigacha keldi, keyin qorniga chiqdi. Humoyun egardan tushib sog‘ qo‘li bilan samanning bo‘ynidan quchoqlab oldi. O‘ng qo‘l butunlay ishdan chiqqan, sal qimirlatsa yelkadagi yara og‘rig‘iga chidab bo‘lmaydi. Daryo birdan chuqurlashib, otning oyog‘i yerga tegmay qoldi. Ot ustiga yopilgan og‘ir zirhli kejim va uning bo‘yniga osilib olgan yarador Humoyunning vazni samanni cho‘ktirib yubora boshladi. Ot pishqirib tumshug‘ini suvdan chiqardi-yu, birpas suzib ko‘rdi, ammo yana suvga botib ketdi. Humoyun otning bo‘ynini qo‘yib yuborib bir qo‘llab suzib ko‘rdi. Ammo kutilmagan girdoblar uni pastga tortib ketayotganday bo‘ldi-yu, yana cho‘kayotgan otning yoliga yopishdi.
Bu orada Humoyun oqim kuchi bilan Nizomga yaqin borib qoldi. Meshga ko‘kragini berib qiyalab suzayotgan Nizom esa podshoga bir joyi tegib ketishidan cho‘chib, o‘zini nariroq oldi.
Axir daryolar oralig‘idagi bu bexosiyat joyni qarorgoh qilishga Nizom ham boshqa hind suvchilari qatori qarshi edi. Lekin Humoyun ularning ogoh¬lantirishiga quloq solmadi, yana xushomadgo‘y bek¬larining gapiga kirdi, chodirda may ichib yotib fursatni boy berdi. Bugun ko‘p qatori Nizom ham shu xatolarning kasofatiga qoldi. Bas, endi Nizom bu podshoga yaqin bormaydi. Laganbardor beklari Hu¬mo¬yunni «yengilmas botir!» deb maqtashadi. Qani, Karamnasa ichida shu botirligini bir ko‘rsatsin! Boya daryoga ot sakratib kirganiga qaraganda xash-pash demay narigi qirg‘oqqa suzib o‘tsa ajab emas.
Bu kinoyali o‘ylar asnosida suv tagidagi allaqanday o‘pqon girdobi Nizomni oyoqlaridan pastga torta boshadi. U ko‘kragini qo‘ygan mesh ham kuchli girdobga tushib aylanib ketdi. To‘satdan Nizomning nafasi qaytib, ko‘zi tinguday bo‘ldi.
Hind kemachilarining Karamnasadan hayiqib, uni chetlab o‘tishlari bejiz emas edi. Bu daryoning tagida chuqur o‘pqonlar ko‘p, suv girdobi ularga quyilib tushayotganda odamni ham pastga tortib ketar edi. Yomg‘ir faslida tog‘ ichidagi simob konlaridan Ka¬ram¬nasa daryosiga ko‘ngilni aynitadigan, hatto odamni es-hushidan ketkizadigan badbo‘y, zaharli narsalar oqib kelardi.
Zaharli hovurdan ko‘ngli aynay boshlagan Nizom mesh ustiga yuztuban yotib oldi-yu, qo‘l-oyoqlarini eshkak o‘rnida ishlatib, talpina-talpina girdob komidan chiqdi. Bir payt shunday yonginasida suvga cho‘kayotgan Humoyunni ko‘rdi. Humoyun qo‘l-oyoqlarini kerib turib yuqoriga bor kuchi bilan talpindi-da, boshini bir lahza yuzaga chiqardi. Yuto¬qib nafas olarkan:

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 13:00:19

— Kim bor? Qutqaring! — deyishga ulgurdi-yu, yana loyqa girdoblar orasiga cho‘kib keta boshladi.
Nizom uning chindan g‘arq bo‘layotganiga endi ishondi va beixtiyor meshni unga yaqin olib bordi. Humoyun yana bir talpinib suv yuziga chiqqanda Nizom uni yelkasidan tutib oldi-da, mesh ustiga ikki qo‘llab tortib chiqardi.
Ho‘kizning terisidan qilingan mesh kattagina bo‘lsa ham, ikki kishining og‘irligini ko‘tarolmay, suvga botib ketdi. Buni ko‘rgan Nizom qo‘lini mesh chetidan va Humoyunning yelkasidan olmagan hol¬da, tanasining butun og‘irligini suvga tashladi. Shun¬da mesh suv yuziga yana qalqib chiqdi. Humoyun sog‘ qo‘li bilan meshga jonholatda yopishdi-yu, Nizomning yordamida ko‘kragini va zilday og‘ir o‘ng yelkasini mesh ustiga chiqarib oldi. Ichiga ketgan suvdan o‘qchib yo‘taldi, nafasini rostlay olmay hansiradi, yelkasidagi yara og‘rig‘idan ihradi.
Nizom uning Agrada fil minib, Ko‘hinur olmosini peshonasiga qadab yurgan paytini esladi. O‘shanda Humoyun Nizom uchun qo‘l yetmas bir balandlikda edi. Hamida bonuni bu yigitga bermoqchi bo‘lganla¬rini eshitib, Nizom qanchalik iztirobga tushgan edi! Humoyun Agraga omon qaytsa qizni unga hali ham olib berishlari hech gap emas. Bu o‘y Nizomning qalbini kuydirib o‘tdi. Ikki kishi bir meshda bu xatarli daryodan suzib o‘tishlari amrimahol. Suvosti o‘pqonlari Nizomni ham Humoyunga qo‘shib pastga tortib ketishi mumkin.
Lekin Humoyun og‘riqdan ihraganda Nizom uning yelkasidan yaralanganini, tang‘ib bog‘langan lattada qonli dog‘lar borligini ko‘rdi. Daryo bo‘yida o‘sgan Nizom suvga g‘arq bo‘layotgan kattami, kichikmi, kimni ko‘rsa yordam qilib o‘rgangan. Humoyun hozir avvalgi mag‘rur hukmdor emas, balki Sherxonning sulh haqidagi gapiga ishonib aldangan, yarador bir jangchi. Nizom Hamidaga oid dardi-yu qalbida bir lahza bosh ko‘targan raqiblik tuyg‘usi tufayli uni qutqarmay tashlab ketadigan bo‘lsa, keyin odamlarning yuziga qanday qaraydi? Qutqarish mumkin bo‘lgan odamni ko‘ra-bila turib,  cho‘ktirib yubo¬rish — yo‘q, Nizom bunday qilolmaydi!
U butun kuchini, shuncha yil daryoda suzib orttirgan bor tajribasini ishga solib meshni Humoyun bilan birga girdoblar orasidan olib chiqa boshladi. Humoyunga qarab:
— Siz ham oyoqni ishlating! — deb buyurdi. — Suvostida o‘pqonlar ko‘p. Tortib ketmasin!

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 13:00:33

Humoyun mingan saman otni bu o‘pqonlar allaqachon suvostiga tortib ketgan edi. Yovdan qirg‘oqqa qochib kelib, o‘zini suvga tashlayotgan minglab otlig‘-u piyodalar ham shu girdoblar orasiga suzib kirgandan keyin daqiqa sayin kamayib yo‘q bo‘lib bormoqda. Humoyun hindlarning Karamna¬sadan bunchalik qo‘rqib irim qilishlariga sabab borligini endi bildi-yu, suv ichida oyoqlarini suzgandagi kabi harakatlantirib, Nizomga yordam bera boshladi.
Boya jon-jahdi bilan talpinib yuzaga chiqqanda etigining bir poyi oyog‘idan chiqib ketgan ekan. Humoyun buni endi sezdi-yu, etikning ikkinchi poyini ham yalang oyoq bilan itarib, yechib tashladi. Etiksiz oyoqlar bilan suzish xiyla osonlashdi. Nizom ikkalasi meshga osilib, talpina-talpina xatarli girdoblar orasidan chiqdilar. Kuchli oqim ularni endi daryoning o‘rtasiga qarab oqizib ketdi.
Humoyun ko‘p uringan sari yelkasidagi yaradan qon ketib, uni darmonsizlantirib qo‘ydi. Buning ustiga daryoning o‘rtasida nafasni bo‘g‘adigan badbo‘y hovur quyuqlashib ketdi. Humoyunning ko‘zi tinib, boshi aylandi, qo‘li ham jonsizlandi, og‘ir gavdasi meshdan suvga sirg‘alib tusha boshlaganda:
— Yigit... meni... tuti... — deyishga ulgurdi.
Nizom tezda meshning old tomoniga o‘tdi-yu, Humoyunni sog‘ qo‘lidan va to‘nining yoqasidan tutib, yana mesh ustiga tortib chiqardi.
Badbo‘y bug‘lar Nizomning ham ko‘nglini behud qilib, ko‘zini xiralashtirdi. Shunda u bir qo‘lini bo‘shatib, salqin suv bilan yuzini yuvdi. Bu biroz yengillik berganini sezdi-da, ho‘l qo‘lini Humoyun¬ning peshonasiga qo‘yib turdi. Humoyun yana ko‘zini ochdi.
Daryo oqimi meshni shitob bilan Ganga tomon oqizib ketmoqda edi. Humoyun hushini yig‘ib, Nizomga ko‘z tashlar ekan, xuddi boshqa dunyodan qaytib kelganday bo‘ldi.
Nizom uning ko‘z ochganidan yengil tortib:
— Xayriyat! — dedi. — Meshni mahkam tuting. Bu oqim bizni Gangaga oqizib borsa g‘arq bo‘lgaymiz.
Ikki daryo ayqashgan joy juda xatarli!
Humoyun sog‘ qo‘li bilan mesh chetidan bo‘shgina ushladi-yu, yana ko‘zini yumdi. Unda umidsiz bir loqaydlik paydo bo‘ldi. Bu daryolardan tirik chiqolmaydiganga o‘xshaydi. Qiynoqlar tezroq tugay qolgani afzal emasmi? Koshki tezroq xushidan ketsa!..
— Meni qo‘ying, — dedi u Nizomga. — O‘zingizni qutqaring...
— Yo‘q, hazrat! Men sizning kemangizda xizmat qilib maosh olurmen. Sizni suvdan o‘tkazib qo‘y¬ma¬sam, menga bergan noningiz harom bo‘lg‘ay. Men halol non yeb o‘rganganmen!
Humoyun sergaklandi. Yalangoyoq bir eshkakchi deb, kemada ko‘rganda pisand qilmay yurgan yigit shunday xatarli asnoda ham halol-haromni unutmasa, bunda bir karomat bor.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 13:00:49

— Birga zo‘r bersak, omon chiqgaymiz, hazrat! — dedi Nizom. — Siz meshni mahkam tutsangiz bas! Ushlang! Mahkam tuting!
Nizomning ovozida shunday bir qat’iyat va ishonch bor ediki, Humoyun shuning ta’sirida «zora tirik qolsam!» deb umidlandi. U endi o‘zidan ko‘ra Nizomga ko‘proq ishona boshladi. Humoyun bu suvchi yigitning irodasiga so‘zsiz bo‘ysunib, ko‘kragini mesh ustiga yaxshiroq o‘rnatdi-da, sog‘ qo‘li bilan uning narigi chetini qattiq changallab oldi. Nizom bo‘ynigacha suvga botgan holda meshni ikki qo‘llab narigi qirg‘oq tomon surdi, oyoqlarini ham, butun gavdasini ham g‘ayir oqimga qarshi jon-jahdi bilan ishlatib, vujudidagi barcha muskullarni go‘yo suz¬g‘ichga aylantirib yubordi. Humoyun ko‘kragi bilan osilib yotgan mesh oqimni yorib o‘tib, narigi qirg‘oqqa tomon qiyalab bora boshladi. Qirg‘oqdagi yashil daraxtlarni, ko‘katlar orasiga sochilgan rang-barang gullarni Humoyunning ko‘zi endi ko‘rdi. Unda birdan yashash ishtiyoqi kuchayib ketdi. Endi u ham suvdagi oyoqlarini oqimga urib, suzgandagi kabi harakatlar bilan Nizomga yordam bera boshladi. Mesh boyagidan yengilroq va tezroq harakatlanib, nihoyat, narigi qirg‘oqqa yetib to‘xtadi.
Ular suv chetidagi shag‘al aralash loyqadan og‘ir qadamlar bilan yurib o‘tishdi-yu, pastgina qirg‘oq bo‘yidagi ko‘kalamzorga cho‘zilishdi. Anchagacha og‘ir nafas olib, hansirab yotishdi.
Bulutlar orasidan suzib chiqqan xira oftob nayza bo‘yi ko‘tarilgan edi. Tong g‘ira-shirasida boshlangan dahshat bir necha soat ichida Humoyun qo‘shinini tor-mor qildi, ne-ne yigitlar suvga g‘arq bo‘lganini uning o‘zi ko‘rdi. Sherxon hozir daryoning naryo¬g‘ida g‘alaba zavqini surayotgan bo‘lsa kerak...
Yuz bergan falokat qanchalik ulkan bo‘lmasin, uning barcha dahshatlari orasidan o‘tib kelayotgan bir tutam nur Humoyunning ko‘ngliga yog‘du sochib turganday tuyulardi. Axir u daryo girdoblari orasida hayotdan butunlay umidini uzgan edi. Saman ot bilan birga o‘pqonga tortilgan payti, so‘ng mesh ustidan sirg‘alib tushib hushidan ketgani xayolida qayta gavdalandi-yu, qalbiga tushib turgan nur — unga yangidan berilgan hayotning nuri ekanini sezdi.
Qaytib berilgan hayot tuyg‘usi barcha ko‘rgiliklar alamidan zo‘rroq bo‘lishini u endi sezdi. Yelkasidagi yara og‘rig‘ini ham unutib, o‘rnidan turib o‘tirdi. Yonida hamon nafasini rostlay olmay hansirab yotgan Nizomga iymanibroq ko‘z tashladi. Uni o‘zidan bir necha bor ustun bo‘lgan tengsiz bir bahodirday e’zozlagisi kelib:
— Siz menga inilarim qilmagan yaxshilikni qildingiz, — dedi. — Otingiz nedur?
Nizom yonboshga turib, o‘z otini aytdi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  05 Dekabr 2009, 13:01:05

— Nizom! — deb Humoyun uning otini yoqtirib takrorladi: — Bu daryo ichida ikkovimiz dunyoga qaytadan kelganday bo‘ldik.
— Rost, onadan qayta tug‘ildik, — dedi Nizom ham.
— Hozir siz menga tug‘ishgan inimdan ham azizroqsiz. Nomingizni Dehlidagi Nizomiddin avli¬yoning nomlariday ulug‘lasam arzigay!
Nizom Humoyunning podsholigini unutgan edi. Kiyimlari shalabbo ho‘l, yarador, yalangoyoq bu yigit zamona zo‘rlarining boshida turgan tojdor ekani birdan esiga tushdi.
— Agar meni rostdan tutingan ini o‘rnida ko‘rsangiz, sizga ikki og‘iz arzim bor.
— Ayting, bajonidil tinglay!
— Poraxo‘r amaldorlar bilan aldamchi shayxlar mamlakat xalqini sizdan bezdirdi. Qancha hind yigitlari Sherxon tomonga o‘tib ketdi. Amir Sherxon hindi-yu muslimni bir-biridan ajratmas ekan!..
— Men ham hindi-yu muslimni yakdil qilish orzusida edim. Ammo bu mushkul ishda kimga tayanishimni bilmadim.
— Hind eliga tayaning-da, hazrat. Bu elda bhaqtiylar* bor. Ularning shoiri Kabir hindi-yu muslimni o‘z dilida birlashtirgan. Mening otam bhaqtiy bo‘lgani uchun tuhmat bilan zindonga tashlandi.
— Kim tuhmat qildi?
— Siz ishongan amaldor-u shayxlar.
— Men o‘zim bu adolatsiz muhitdan qanday qutu¬lishimni bilmasmen! Otangiz Agradagi jindondami? Poytaxtga qaytaylik... Siz o‘zingiz... otangizga tuhmat qilgan amaldor-u shayxlarga jazo berdirgaysiz.
— Men? — ishonqiramay so‘radi Nizom.
— Ha, omonlik bo‘lsa, siz hali istaganingizdan ham katta martabaga erishgaysiz.
Nizom istagan martaba nima ekanini o‘zi ham bilmaydi. Uning eng zo‘r istagi — otasini zindondan qutqarishu Hamidani yana ko‘rish. Bu go‘zal qizni u juda sog‘inib yuribdi. Lekin Hamida to‘g‘risida Hu¬moyunga og‘iz ochishga tili bormadi. Faqat podshoni qutqargani hali taqdirida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lishini ich-ichidan sezdi-yu, yuragi g‘alati bo‘lib hapqirdi.

_____________
* Xaylxona — podsho va a’yonlarnnig xotin, bola-chaqalari.
* B h a q t i y l a r — adolatparvar xalq harakatining ishtirokchilari.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 08:33:37

A G R A
NIZOM TAQDIRINING TEBRANISHLARI

Humoyun daryo o‘pqonlaridan omon chiqqan bo‘lsa ham, Ganga bo‘yidagi mag‘lubiyatning yomon oqibatlari yanada dahshatliroq o‘pqonlar va girdoblarga aylanib, uni o‘z qa’riga torta boshladi. Ganga va Karamnasada suvga cho‘kib o‘lganlarning soni yetti mingdan ortiq, Sherxon askarlari bilan jang qilib halok bo‘lganlar va asir tushganlar esa besh mingga yaqin. Malomat ustiga qo‘shilgan baxtsizlik tufayli Humoyunning xotinlari Beka begim va Chand bibi, Qizi Aqiqa begim, ishongan sarkardasi Bay¬ramxon ham Sherxon tomonidan asir olingan edi.
Bu shum xabarlar butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan sari Humoyunning el orasidagi obro‘si tushib ketdi. Suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan marhumlardan har birining otasi, onasi, yaqin qarindoshlari bor. Ular loaqal o‘z jigarbandlarining jasadlarini topolmaganidan, toshqin daryolar ko‘p o‘liklarni benom-u nishon yo‘qotib yuborganidan jizg‘anak bo‘lib kuyar edilar. Achchiq alam va musibat ichida qovurilgan azadorlar Humoyundan ixlosi qaytib qichqirishardi:
— Humoyun eplasa podsholik qilsin-da!
— Daf bo‘lsin bunday noshud sarkarda!
— Kelgindi temuriyzodadan to‘ydik!
— Yo‘qolsin Humoyun!
— Daf bo‘lsin!!
— Ketsin yurtiga, kelgindi!!!
Agra atrofida g‘ulu ko‘targan olomonning achchiq gaplarini Ganga bo‘yidan qaytayotgan Humoyunning o‘zi ham eshitdi. Kunduz kuni poytaxt aholisiga ko‘rinishga yuzi chidamagani uchun Agradagi Hasht Bihisht bog‘iga kechasi qorong‘ida kirib keldi.
Bu yerda uni Xonzoda begim, Gulbadan va boshqa yaqinlari kutib turgan edilar. Xonzoda begim qorong‘ida Humoyunning o‘zini ko‘rib ulgurmasidan shirador ovozini eshitdi-yu, yuragi hapriqib ketdi. Humoyunning ovozi otasi Boburnikiga shu qadar o‘xshar ediki, begim noxosdan uning tovushini eshitsa inisi tirilib kelayotganday hayajonga tushar edi. Hozir ham to Humoyun bek-u mulozimlardan ajra¬lib, ayvonda muntazir turgan ayollar oldiga kelguncha begim o‘z yuragining gursillab urganini eshitib turdi.
Humoyun ilgarigidan hiyla ozg‘in va xipcha ko‘rindi. Yarador o‘ng yelkasi hali tuzalmagan, to‘nining bir yengi bo‘sh. U ayollarga chap yelkasini tutib ko‘rishdi. Boshiga kasaba ro‘mol o‘ragan, iyagiga lachak tutgan singlisi Gulbadanni tezda tanimadi.
— Ie, Gulbadan senmiding? — deb u bilan keyin ko‘rishdi. — Ilgari toqida yurar eding. Endi lachak tutadigan bo‘libsan! Zo‘rg‘a tanidim!

Qayd etilgan