Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)  ( 244219 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 46 47 48 49 50 51 52 53 54 B


Ansora  07 Fevral 2010, 14:15:08

Nahotki Akbar ham Andijon-u Samarqandlarni ko‘rmay o‘tib ketsa? Uning Hindistonda qilgan nek ishlarini Movarounnahrdan kelgan xayrixoh odamlar ko‘rganda, «qani shu obodonchilig-u islohotlar bizda ham amalga oshirilsa!» deb armon qilishadi. Buxo¬roda hali ham qul bozorlari gavjum ekanini, dashtiy sultonlar musulmon eronliklarni «rofiziy, shia» deb, bo‘ynidan bog‘lab, hatto burnini teshib chilvir o‘tkazib, qul bozoriga haydab kelib sotishlarini kuyinib aytib beradilar. Shayboniyzodalar davlatida juda e’tiborli bo‘lgan Qo‘shquloqbiy, Bulduriqbiy, Cho‘ltanbi, Bo‘zaxo‘r Sulton degan beklar Samar-qand-u Toshkentday qadimiy madaniyat markazlariga xo‘jayin bo‘lib olib, ilm-u ma’rifatni oyoqosti qilayot¬ganlari Akbarga ham og‘ir bir ko‘rgilikday tuyuladi. «Movarounnahrni bu dashtiy johillardan qutqaring!» deb keluvchilarga, «hali fursat yetilgan emas, sabr qilmoq kerak», deb javob beradi.
Lekin sabr qila-qila Akbar ham ellikdan oshdi.  Nahotki Samarqanddagi Amir Temur maqbarasini, Shohizindani, Farg‘ona bog‘larini, Toshketning Bo‘z¬¬su¬vini biror marta borib ko‘rish unga nasib qilmagan bo‘lsa?
Bu savol negadir hozir Kashmirdagi mirzateraklar va chinorzorlarni ko‘rgan paytda yurakni ezuvchi bir mung bilan ko‘ngildan o‘tmoqda edi. Shu topda u Movarounnahrga bemalol borib kelayotgan elchilar va savdo karvonlarini havas bilan eslar edi. Bobur davrida boshlangan aloqalar hanuzgacha uzilgani yo‘q, yigirma yil davomida Abdullaxondan Akbar saroyiga uch marta elchilar kelib ketdi. Akbar ham Buxoroga uch qayta elchilar yubordi, Abdullaxonning sovg‘alariga yarasha qimmatbaho in’omlar jo‘natdi.
Bundan maqsad faqat murosa qilish emas, balki bir-birlarining ahvolidan yaxshiroq xabardor bo‘lish va qulay payt kelganda yonboshga olib, yerga ko‘tarib urish ham edi. Savdo karvonlari bilan Movaroun¬nahrga har yili borib kelayotgan xufiyalar yangi-yangi gaplar topib kelishmoqda. Akbarning Hindis¬tonda diniy to‘ntarish yasagani Buxorodagi jo‘ybar shayxla¬rining sochini tikka qilib yuboribdi. Ular Akbarni shialardan ham battar kofir deb e’lon qilishib, uning nomini tilga oldirmay qo‘yishibdi, Abdullaxonni esa musulmon olamining imoni pok, islomga sodiq tojdori deb ulug‘lashibdi.
Xo‘ja Islom nomli din peshvosi eng mutaasib shayxlarni Buxoroga yig‘ib, ularning nomidan Akbar¬ga qarshi g‘azabli fatvolar chiqarayotgan bo‘lsalar ham, Abdullaxon hanuzgacha Hindiston bilan aloqani uzgan emas. U hamon Akbarga elchilar yuborib, maktublar yozib turibdi. Chunki agar xon Akbar bilan aloqani uzsa, bundan Eron podshosi shoh Abbos foydalanadi. Akbar davlatining qudrati ma’lum, agar uni Eron o‘z tomoniga og‘dirib olsa, Abdullaxon ikkita zo‘r raqib qarshisida yakkalanib qoladi. Abdullaxon Akbar olib borayotgan yangicha siyosatni qanchalik yomon ko‘rmasin, uning elchilarini zo‘r tantana bilan qabul qildi. Akbar Buxorodagi jo‘ybar shayxlarining tahdidli fatvolari ustidan kulgan kabi, o‘zining eng yaqin maslakdoshlarini — Hakim Humom va Sadri Jahonlarni Abdullaxon saroyiga elchi qilib yubordi. Qani xon yangi imon-u e’tiqod vakillariga biron yomonlik qilib ko‘rsin-chi! Yoki jo‘ybar shayxlari ularni «kofir» deb toshbo‘ron qildirsin-chi! Yo‘q, ular Akbarning besh-olti yildan beri butun kuchlarini shimoliy viloyatflarga yig‘ayotganidan xabardor. Hozir yoshi oltmishdan oshib, ancha kasalmand bo‘lib qolgan Abdullaxon Akbarning yengilmas sarkarda deb shuhrat qozongani bejiz emasligini biladi va u bilan urushishga yuragi betlamaydi. Shuning uchun Abdul¬laxon o‘zining mafkuraviy dushmanlari bo‘lgan Akbar elchilariga katta ziyofatlar berdi, safarlarga birga olib chiqdi, zarbof to‘nlar va chopqir otlar in’om qilib, izzat-ikrom bilan jo‘natdi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:15:33

Movarounnahrda bir yildan ortiq yurib qaytgan Akbar elchilari Samarqand-u Buxoroda xon zulmidan bezor bo‘lgan odamlar tobora ko‘payib borayotganini, buning ustiga xonning katta o‘g‘li Abdumo‘min ota¬sining taxtini tezroq egallash ishtiyoqida unga qarshi kurash boshlaganini bilib qaytdilar. Abdullaxon Xurosonga Qulbobo ko‘kaldoshni hokim qilib tayinlagani Abdumo‘minni qattiq norozi qilibdi. Chunki u Hirotni o‘ziga poytaxt qilmoqchi va mustaqil davlat tuzmoqchi edi. Shu maqsadda u hatto turk podshosi Sulton Salimga otasidan beso‘roq elchilar yuborgan edi. O‘g‘lining niyati buzuqligini sezgan Abdullaxon Abdumo‘minni Hirotdan ham, Buxorodan ham uzoq¬roq tutgisi kelib, Balxga hokim qilib jo‘natdi. Balx Panjobga yaqinroq edi. Abdumo‘min endi Laxo‘rda turgan Akbarga otasidan bemaslahat elchilar yubordi. Uning saroyidagi hufiyalarning ma’lumoti Akbarga bu elchidan oldinroq yetib keldi: Abdumo‘min o‘z elchisiga sovchilik vazifasini ham yuklabdi, Akbarning qiziga uylanish istagini bildiribdi va shu yo‘l bilan o‘z otasidan baland kelmoqchi bo‘libdi.
Bosar-tusarini bilmay hovliqib yurgan Abdu¬mo‘min o‘zini Akbarga teng ko‘rib elchi yuborgani, yana uyalmay uning qizini xotinlikka so‘ramoqchi bo‘lgani Akbarning qahrini keltirdi. U Haybar dovoni etagiga elchini kutib olish uchun maxsus odamlar yubordi-da:
— Badbaxtni o‘sha yoqda daf qilinglar, Hind daryosidan beriga o‘tmasin! — deb buyurdi.
Abdumo‘minning sovchilik vazifasini ham o‘tash uchun kelayotgan elchisi sersuv Hind daryosidan o‘tayotganda go‘yo toshqin tufayli g‘arq bo‘lib ketdi. Abdumo‘minning Akbarga kuyov bo‘lgisi kelib yozgan maktubi ham, yuborgan sovg‘alari ham suvga cho‘kib nom-nishonsiz yo‘qolganini Buxoroda turib eshitgan Abdullaxon:
— Battar bo‘lsin! — deb suyundi.
Shayboniyzodalarning o‘z ichidan chiqayotgan bu o‘t alanga olsa, Abdullaxon uzoqqa bormasligi aniq. Chunki uning jigar kasali kuchayib, otga minolmaydigan bo‘lib qolganini Akbar eshitgan. Shu ketishda Abdumo‘min otasining o‘limini tezlashtiradi. Lekin Abdumo‘minning o‘ziga qarshi bosh ko‘taradigan kuchlar ham ko‘p. Akbar ana shu kuchlar yordamida uni yengishi mumkin.
Ammasi Gulbadan begimning Samarqand-u Far¬g‘o¬nani qo‘msab aytgan gaplari ta’sirida qo‘zg‘algan murakkab o‘ylarini u shu fikr bilan yakunladi-da:
— Ammajon, mana, Kashmirga keldik, omon bo‘lsak, hademay Samarqand-u Farg‘onalarga ham borib qolgaymiz! — dedi.
— Ilohim murodingizga yeting!

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:15:47

Hamida begim bu gaplardan quvonish o‘rniga allanechuk sergaklanib qoldi.
— Shoh o‘g‘lim, Turonga siz faqat qo‘shin tortib, jang qilib bormog‘ingiz mumkin. Shayboniyzoda¬larning behisob ko‘p qo‘shini bor emish. O‘zlari o‘lgunday jangari, qancha odam qirilishini o‘ylasam, vahmim kelur!
— Nachora! Biz ham sayyoh yoki elchi bo‘lsak edik, birorta karvonga qo‘shilib, ota-bobolarimiz vataniga tinchgina borib kelar edik. Lekin shayboniyzodalar boburiylarni Turonga yo‘latmaydilar, hatto bizning to‘g‘rimizdagi rost gapdan ham qo‘rqadilar. Movarounnahrdan Hindga kelib ketgan odamlar ko‘zlari bilan ko‘rgan qurilishlarimiz, tasvirxonalari¬miz, yangicha siyosatimiz haqida Samarqand-u Buxoroga borib haqiqatni so‘zlasalar bas, «Dindan qaytgan Akbarning tarafdori», «xoin», «kofir» de¬yishib, jazoga buyururlar.
— Nahotki shunchalikka borishsa? — hayron bo‘lib so‘radi Hamida begim. — Abdullaxon Buxo¬roda madrasalar, karvonsaroylar qurdirgan emish. Rabotlar ham soldirgani uchun el orasida yangi bir naql paydo bo‘lgan emish. «Abdullaxon bir kecha yotish uchun rabot soldirgan, sen ham besh kunlik dunyoda uy-joy qurib yashab qol», der emishlar.
— Rost, shayboniyzodalar orasida eng iste’dodlisi— Abdullaxondir. Bunday qudratli davlat tuzish har kimning ham ilkidan kelmagay. Lekin dashtiy sultonlarga xos dag‘allik unda ham bor ekan-da. Bundan ancha yil avval samarqandlik Abdurahim Mushfiqiy degan shoir Agraga bizdan panoh istab keldi. Shunda menga kuyinib aytib berdiki, «Bobur¬noma»ni maqtagani uchun Abdullaxon uni «sen bizdan temuriylarni baland qo‘ymoqchisen» deb o‘limga buyuribdir. Mushfiqiy saroy kutubxonasining kitobdori, katta shoir bo‘lgani uchun Abdullaxonning vaziri Qulbobo ko‘kaldosh oraga tushib, shafoat so‘rabdilar. «Mushfiqiy sizni temuriylardan baland qo‘yib she’rlar yozgan», debdir. «Qani o‘sha she’rlar?» debdi xon. Vazir she’rni o‘qib beribdi. «Men qilich yalan-g‘och¬lab, ot choptirib boray, Mushfiqiy uzangimdan ushlab, yonimda o‘sha maqtov she’rlarini aytib chop¬sin. Agar shu shartni bajarolmasa, bo‘yniga qilich urgaymen, boshi ketgay». Bechora shoir ne qilsin? Abdul¬laxon qilich yalang‘ochlab otini yo‘rttiribdir, Mush¬fiqiy uning uzangisidan ushlab, xonni ulug‘laydigan she’rlarni ayta-ayta chopibdir.
— Oh, bechora! — deb qo‘ydi Gulbadan begim.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:16:01

— Mushfiqiyning zehni o‘tkir ekan, adashmasdan, to‘xtamasdan, marraga yetguncha ash’or aytibdir. Shu tarzda tirik qolgandan so‘ng, Abdullaxondan ixlosi qaytib, Buxorodan bosh olib chiqibdi-yu, savdo karvoni bilan Agraga kelibdir.
— Hozir ham Agradami?
— Yo‘q, ikki-uch yil turgach, ketishga ruxsat so‘radi. Keyin bilsam, bizning saroy shoirlari uni xafa qilgan ekanlar. «Har qancha azob cheksam ham, vatanimga qaytay, shoir tug‘ilgan yurtidan ayrilsa yerdan uzilgan daraxtday ijodi so‘nar ekan» dedi. Javob berdik, qaytib ketdi.
Akbar so‘nggi so‘zlarni Mushfiqiyga allanechuk havasi kelib aytdi, chunki o‘sha shoir qaytib borgan Samarqandga u haligacha borolmas edi. Biroq bobokalonlarining maqbarasi turgan bu shaharni shayboniyzodalardan tortib olish, Movarounnahrda Ulug‘-bek va Navoiylar davridagi ma’naviy ko‘tarilishlarni qayta tiklash istaklari yil sayin dilida chuqur ildiz otib borardi. Bu istaklarni Hindistonning shimolida turib amalga oshirish qulayroq bo‘lgani uchun Akbar milodiy 1585-yildan boshlab poytaxtni Fathpurdan Laxo‘rga ko‘chirgan edi. Poytaxtni Laxo‘rga ko‘chi¬rish¬ning yana bir sababi — Fathpur-Sekri daryolardan uzoq, uning yonidagi ko‘l esa aholi ko‘paygan sari sayozlashib, suvi sho‘rroq bo‘lib ketdi. Fathpur-Sekrida aholining soni ikki yuz-u ellik mingga bordi. Buncha odam ko‘l suvini yana o‘ttiz-qirq yilda ichib tamom qilib qo‘yishi ham mumkin. Bir chekkasi shuni ham o‘ylab, Akbar poytaxtni sersuv Laxo‘rga ko‘chirib kelgan edi.

_______________
* Salim Mehriniso bilan otasi o‘lgandan keyingina qayta topishdi. Salimga erga chiqqan bu ayol tarixda Nurjahon nomi bilan mashhur bo‘ldi.
* D a l — kashmirchada «ming bargli nilufar» degan ma’noni bil¬diradi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:16:53

* * *

O‘n besh yildan beri Laxo‘r poytaxtga aylanib, Ravi daryosi bo‘yida Samarqand obidalari kabi rang-barang koshinlar bilan ziynatlangan yangi qasrlar, madrasalar paydo bo‘ldi. Podsho saroyi qayerni poytaxt qilsa o‘sha joyda puldorlar ko‘payishini va savdo qizishini biladigan tujjorlar Laxo‘rda yangi-yangi rastalar va bozorlar ochdilar.
Jahonning turli tomonlaridan yo‘lga chiqqan savdo karvonlari shimoldagi Kobul, g‘arbdagi Qandahor, janubdagi Agra va Dehli orqali Laxo‘rga keladi. Katta yo‘llar orasida eng mashhuri — Agra, Fathpur va Laxo‘rni bir-biriga bog‘laydigan uch yuz mil uzunlikdagi Shohroh. Maxsus buyruq bilan kengaytirilgan va atrofi obod qilingan bu yo‘ldan to‘rt-beshta arava qator yursa ham sig‘adi. Uning sahniga silliq toshlar yotqizilgan, ikki tomoniga bora-borguncha sersoya daraxtlar o‘tkazilgan, har yetti-sakkiz mil joyda to‘xtab dam olinadigan, ovqat yeyiladigan va ot almashtiriladigan yomxona — bekatlar qurilgan. Shun¬cha uzoq masofaga cho‘zilgan bunday katta yo‘l o‘sha davrda jahonning juda kamdan kam joyida uchrashini milodiy 1591-yilda Laxo‘rga kelib ketgan ingliz elchisi lord Edvard Layoton o‘z xotiralarida yozib qoldirgan.
Akbar shimoliy chegaralar tashvishi bilan nechog‘liq band bo‘lmasin, portugal istilochilarining janubdagi harakatlarini sergak kuzatib turardi. So‘nggi yillarda Hind ummonida inglizlar portugallar bilan ayovsiz janglar qilmoqda edilar. Akbar bu ikki raqibning o‘zaro nizolaridan foydalanish uchun ingliz elchisi Edvard Layotonni Laxo‘rda qabul qildi. Muomalaga usta bu lord Angliyani faqat hind savdosi qiziqtirayotganiga Akbarni ishontirdi. U portugallarga qarshi kurashda Akbarga yordam berish sharti bilan Ganga daryosining ummonga chiqadigan Kalkutta nomli joyida «Ost-ind» shirkatining kichik bir shu’basini ochishga ruxsat oldi. 1600-yilda Angliya qirolichasi Yelizaveta bu shirkatni qo‘llab-quvvatlaydigan maxsus qaror chiqardi. Lekin «Ost-ind» shirkati kelajakda butun Hindistonni mustamlakaga aylantiradigan mash’um kuchga aylanishini u paytda Akbar ham, Yelizavetaning o‘zi ham tasavvur etmagan bo‘lsalar kerak...
Ammo ummonlar ortidan suzib kelayotgan farangi kemalar Hindistonning janubiy qirg‘oqlarida tobora ko‘payib borayotgani Akbarni bezovta qilardi. Foyda ketidan quvgan farangilar ummon bo‘yidagi Bijapur, Golkanda, Ahmadnagor va Xandesh degan mayda-chuyda musulmon davlatlarini bir-biri bilan urushtirib qo‘yib, o‘zlari ummon qirg‘oqlarida yangi-yangi qarorgohlar barpo qilmoqda edilar. Akbar esa bu sultonliklarni farangilarga qarshi birlashtirishga intilar edi. Shu maqsadda o‘zining eng ishongan odamlari bo‘lmish Fayziy va Abulfazllarni janubdagi sultonliklarga bir emas, to‘rt marta elchi qilib yubordi. Axiyri Xandesh sultonligining Alixon degan hukmdori Akbar davlatiga ixtiyoriy ravishda qo‘shildi va uning askarlariga o‘z davlati chegaralarini ochib berdi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:17:25

Xandeshning Burxonpur shahriga Akbar o‘zining yigirma sakkiz yoshli o‘g‘li Murodni katta qo‘shin bilan jo‘natdi. Murodga tajribali sarkarda Abdurahim xoni xonon bosh maslahatchi qilib tayinlandi. Akbar ularga farangilarni Malobar qirg‘oqlaridan va Goadan quvishni bosh vazifa qilib qo‘ydi. Uning nazarida, Murodning farangi tilini bilishligi bu vazifaning so‘zsiz ado etilishiga yordam berishi kerak edi.
Murod Burhonpurda turib, farangilardan bir qancha zambaraklar sotib oldi. Ammo bu zambaraklar xiyla eskirgan. Goada iste’moldan chiqqan, ularni farangi to‘pchilarning yordamisiz otib bo‘lmas edi. Shuning uchun Murod farangi to‘pchilardan birini o‘z yoniga taklif qildi. Bu farangi to‘pchi juda xushmuomala ulfat yigit ekan, Murodning ichkilikni yaxshi ko‘rishidan foydalanib, u bilan tongotar bazmlarda mayxo‘rlik qila boshladi. Akbar o‘g‘lini mayxo‘rlikdan ehtiyot qilishni Abdurahimga topshirgan edi. Abdu¬rahim xoni xonon shahzodaning tungi bazmlarini to‘xtatishga, butun e’tiborini Akbar topshirgan vazifaga qaratishga ko‘p urindi. Ammo shahzoda uning gapiga emas, mayxo‘r ulfatlarining gapiga ko‘proq quloq solar edi. Abdurahim bilan shahzodaning orasini o‘shalar buzdi. Shirakayf Murod Abdurahimni: «Sen shiasen, bizga yetti yot begonasen!» deb haqorat ham qildi. Yana Abdurahimning ustidan shikoyat yozib, chopar bilan Laxo‘rdagi otasiga jo‘natdi.
Xuddi o‘sha kezlarda Samarqanddan Akbar uchun juda muhim bo‘lgan yangi xabarlar kelmoqda edi. Abdullaxon Qarshi atroflarida qishlayotgan paytda Abdumo‘min Balxdan otasiga qarshi yashiriqcha qo‘shin tortadi. U Amudaryodan o‘tganda Abdullaxon bundan xabar topadi-yu, Samarqandga shosha-pisha chekinadi. Jigari hilvirab qolgan xonga qishki yo‘llarning azobi yomon ta’sir qiladi. Abdullaxon Samarqandda 1598-yilning hut oyida vafot etadi.
Abdumo‘min to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgani uchun darhol otasining taxtini egallaydi va birinchi qilgan ishi — otasi yaxshi ko‘rgan bek-u a’yonlarni ayamay qirish bo‘ldi. Shular orasida Abdullaxon davlatining eng aqlli va tadbirkor vaziri Qulbobo ko‘kaldosh ham «dushoxa» deb ataladigan dahshatli iskanjaga solinib, ming qiynoqlar bilan o‘ldiriladi. Abdumo‘min xon oilasining taxtga da’vo qilishi mumkin bo‘lgan vakillarini ham birma-bir qilichdan o‘tkazadi. Abdullaxon avlodidan faqat Pirmuhammad ko‘knori allaqaysi takyada kayf bilan yotib qolgan bo‘ladi, uni o‘ldirishga yuborilgan odamlar uyidan topolmaydilar. Keyin Abdumo‘minga qarshi isyon ko‘targan biylar ana shu Pirmuhammad ko‘knorini o‘zlariga xon ko‘tarib, maydonga chiqadilar. Ichki urush boshlanadi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:17:45

Akbarning Movarounnahrdagi tarafdorlari: «Endi sizning Turonga kelishingiz uchun fursat yetildi, Abdumo‘min bilan Pirmuhammad ko‘knori hademay bir-birining boshiga yetgay!» degan mazmundagi maktublar yubordilar.
Aksiga olib, xuddi shu kezlarda Akbarning o‘z dargohida ham bir-biridan og‘ir musibatlar yuz bera boshladi. Uning eng ishongan sarkardalari Bhagvan Das va Todar Mal orqama-ketin kasalga chalinib vafot etishdi. Ulardan so‘ng shoir Fayzi Fayoziy olamdan o‘tdi. Murodning o‘g‘li Rustam to‘qqizga kirganda bo‘g‘ma kasalidan jon berdi. Bu mash’um xabar Burhonpurda Abdurahim bilan til topisholmay, nuqul ichib yurgan Murodga ma’lum bo‘ldi. U issiqni unutish uchun ham may ichar edi. Endi o‘g‘lining dog‘ida yig‘lab tun-u kun mast bo‘lib yurdi va axiyri oqtutqaloq kasaliga uchrab, o‘zi ham vafot etdi.
Burhonpurdan Laxo‘rgacha otda bir yarim oylik yo‘l. To Akbarga xabar yetib kelguncha hind issiqla¬rida Murodning jasadini saqlab turish ham mumkin bo‘lmadi. Uni ota-ona ishtirokisiz Burhonpurga dafn etgan edilar. Buni eshitgan Salima begim:
— Nahotki yolg‘iz o‘g‘limning jasadini ham ko‘rolmasam! — deb dod solib yig‘ladi, yuzlarini tirnab qonatib yubordi: — Yo‘q, meni Murodjonning oldiga yuboringlar! Men uning qabrini quchoqlab vidolashay!
Lekin u yoqlarda hali urush tugamagan, yo‘llar xatarli edi.
— Xatarli bo‘lsa mayli, o‘lsam o‘g‘limning yoniga ko‘minglar!
Yigirma to‘qqiz yoshli Murod Akbarning dilidan ham katta bir parchasini yulib olib ketganday bo‘ldi. Abdurahim Burhonpurdan kelib fojianing tafsilotlarini aytib berdi. Murodning intihosiz mayxo‘rliklarida uning yaqin ulfatiga aylangan farangi to‘pchining ham xizmati borligini Akbar sezdi. Dehlida Akbarga suiqasd qilgan Po‘lat vasvas va uning uyidan topilgan farangi to‘fang xayolida qayta gavdalandi. O‘shanda Pakavira Akbarga qarshi ottirishga ulgurmagan to‘fangni endi farangi to‘pchi chog‘irga aylantirib, uning yordamida Murodni halok qilgan bo‘lishi mumkin emasmi?
Nahotki Akbar — Akbar bo‘lib, ummon ortidan kelgan bir necha ming bosqinchi farangini Hindis¬tondan daf qilolmaydi? Salima begim ham janubga talpinardi. Turonga qo‘shin tortish rejasi keyinga surildi. Akbar shimol yurishi uchun tayyorlangan qo‘shin-larini endi janub tomonga burdi.
Lekin butun najotni undan kutayotgan buxorolik va samarqandlik tarafdorlari Akbarning ketidan yana maktub yo‘llab, Abdumo‘min ham o‘ldirilganini, shayboniyzodalar sulolasi tugash arafasida ekanini xabar qildilar.
Abdumo‘min xuddi otasiga qarshi qilich ko‘targan temuriyzoda Abdullatifga o‘xshab faqat olti oy podsho bo‘ldi. U saraton kunlarida Zominning salqin suvlari bo‘yida dam olgandan keyin, Samarqandga qaytayotgan paytida o‘tadigan yo‘liga dushmanlari chuqur qazib, tepasini bilinmaydigan qilib bekitib qo‘yadilar. Abdumo‘min oti bilan shu chuqurga tushib ketgandan keyin uni Pirmuhammad ko‘knorining tarafdori bo‘lgan biylar tutib olib o‘ldiradilar va jasadini Buxoroga olib borib, xon saroyi oldidagi jazo maydoniga osadilar. Hozir xon bo‘lgan giyohvand Pirmuham¬madni odamlar pisand qilmaydi. Shaybo¬niy¬¬zoda¬larning kuni shu zaif ko‘knoriga qolgani uchun boshqa kattadahan biylar yangi sulolaga asos solish harakatiga tushadilar. Bu biylar orasida Hazar dengizining shimolidagi Ashtarxondan chiqqan Oltin o‘rda qoldig‘i sifatida Ivan Grozniy askarlari bilan jang qilib yengilgan va Buxoroga qochib kelib jon saqlagan Mingqishloqxonning avlodlari ham bor. Ana shu ashtarxoniylardan aka-uka Imomqulixon va Nodir Muhammad Samarqandni ishg‘ol qilib, endi Buxorodagi Pirmuhammad ko‘knoridan taxtni tortib olish uchun tayyorgarlik ko‘ra boshlaydilar.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:18:18

Akbarga bu voqealar xabarini yetkazgan samar¬qand¬lik tarafdorlari: «Tezroq kelib bobokaloningiz poytaxtini egallamasangiz, Movarounnahr shayboniyzodalardan ham zolimroq va johilroq ashtarxoniylar tasarrufiga o‘tib ketgay!» deb nido qilgan edilar.
Minglab chaqirim joydan yetib kelgan bu nido Akbarning avvalgi o‘y va istaklarini yana qo‘zg‘atdi. U Agraga borganda Murodning yigirmasiga kelgan shahzoda Salimni buxorolik ustozi mavlono Farid bilan birga o‘zining xonayi xosiga chaqirtirdi. Ularni Abulfazl boshlab kirdi. To‘rtovlari yuzma-yuz o‘lti¬rishdi-yu, Akbar Samarqqanddan kelgan so‘nggi xabarlarni aytib berdi.
— Amirzoda, bir marta sizni shayboniyzodalarga qarshi jangga yubormoqchi bo‘lganimizda bormagan edingiz, — dedi Akbar Salimga mayin ko‘z tashlab. — U paytda chindan ham vaziyat og‘ir edi, yusufzaylar Haybar dovonini bekitib yotgan edilar. Lekin so‘nggi yillarda yaxshi muomala bilan yusufzaylarni tinchitdik. Tinchimagan sarkashlarini Zayniddin ko‘ka Kobuldan kelib tor-mor qildi. Haybar dovoni endi bexatar, yo‘l ochiq. Shayboniyzodalar ham o‘lib, qi¬rilib, bittagina ko‘knorisi qolibdir.
Akbar bir to‘xtab oldi, yoshi o‘ttizga kirgan, yelkalari to‘lishib xushmo‘ylov durkun yigitga aylangan o‘g‘liga mamnun nazar tashlab so‘zida davom etdi:
— Sizdek pahlavon boburiyzoda nahotki ko‘knoriga bas kelolmasangiz? — dedi. — Nahotki Oltin O‘rda xarobalaridan Buxoroga qochib kelgan qayoqdagi ashtarhoniylar bobokalonimiz shahri Samarqandni zabt etsa-yu, biz bu yerda loqayd qarab tursak?
Salim Movarounnahrga otasining ketishidan umidvor edi, o‘zi esa Hindistonda qolishni istardi. Buni ochiq aytishga jur’at etolmay gapni aylantirdi:
— Hazratim, barcha so‘zlaringiz haq. O‘g‘lingiz faqat Dakan yurishini eslatmoqchi. Janubdagi urushni tugatmasdan turib shimolga yurish boshlash... qandoq bo‘larkin?
Akbar Farid Buxoriyning dilida nima borligini bilgisi kelib:
— Mavlono, sizning fikringiz qalay? — dedi. — Asli buxoroliksiz, nahotki ota-bobolaringiz shahriga qaytishni istamasangiz?
Farid Buxoriy ota-bolaning biriga yon bossa ikkinchisidan baloga qolishi mumkinligini sezib tipirchi¬ladi:
— Hazratim, faqir Dehlida, tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa ham... Buxoroni hech bo‘lmasa bir marta ko‘rib o‘lsam armonim qolmagay... Faqat... Turonga yurish qiish bobida... Mavlono Abulfazl faqirdan ko‘ra donoroq vazirdirlar... Avval shu kishining fikrini eshi¬tib, so‘ng o‘zimning kamtarona mulohazamni aytishga hazratimdan ijozat so‘raymen.
Akbar Farid Buxoriyning quvligini sezib, kinoyali kulimsiradi-da, Abulfazlga so‘z berdi.
— Tarix adolatli hakam ekanini Samarqanddan kelgan xabarlar yana bir bor tasdiq etmoqda, — deb sekin so‘z boshladi Abulfazl. — Shayboniyxon bilan uning vorislari bir asr davomida ne-ne iste’dodli fuzalolarni vatanlaridan judo qildilar. Mirzo Bobur kabi ne-ne siymolar vatanlariga qaytish uchun shayboniyzodalar bilan ko‘p yil olishdilar, ammo ularni yengolmadilar. Lekin alohida odamlar qila olmagan ishni vaqt, tarix o‘zi qildi. Shayboniyzodalar davlati ichdan chiridi, tagi teshilgan, halizamon cho‘kib ketishi muqarrar bo‘lgan kemaning ahvoliga tushdi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:18:33

Ammo bu kemada juda ko‘p begunoh odamlar, sohibdil, ma’rifatli fuzalolar bor. Ular bir asr davomida Shay¬boniyxonning Turondagi avlodlari bilan Mirzo Boburning Hindistondagi avlodlari orasidagi ma’naviy musobaqani xolis kuzatib turdilar. Tarix bugun shu musobaqaning g‘olibini adolatli tarzda aniqladi. Hazratim kamolga yetkazgan Hind davlati — dunyodagi eng ulug‘, eng mustahkam davlatlarning birinchi safida bormoqdadir. Hazratimning Turondagi xayri¬xoh¬lari bizdagi ilm-u ma’rifatdan, boshqa imkoniyatlardan bahramand bo‘lishni istaydilar. Johil biylar zulmidan ularni qutqarmoq — sizning olijanob burchingizdir, amirzodam! Hindistonning imkoniyatlari cheksiz. Agar ellik ming qo‘shin hazratim bilan janubga yo‘l olsa, yana shuncha qo‘shin siz bilan Turon yuri¬shiga bormog‘i mumkin.
— Demak, ham shimolga, ham janubga birvarakay qo‘shin tortgaymizmi? — norozi bo‘lib so‘radi Salim Abulfazldan.
Uning gapiga Akbar qat’iy javob berdi:
— Vaziyat shuni talab qilmoqda!
Salim otasiga gap qaytarolmay jim qoldi. Abulfazl muloyimlik bilan so‘zida davom etdi:
— Amirzodam, siz jannatmakon bobokaloningiz Bobur hazratlari kabi xotiralar yozmoqdasiz. Sizda shunga munosib iste’dod bor, qalamingiz o‘tkir. Endi Bobur hazratlari kabi katta jasoratlar ham ko‘rsatmog‘ingiz kerak. Agar siz Samarqand-u Buxoroni jo¬hil¬lar zulmidan qutqarsangiz, u yerda ham ilm-u san’atga keng yo‘l ochilsa, bu nek ishingiz umr kitobingizning eng yorqin bobiga aylanib, qog‘ozga tushgay. Axir «Boburnoma»dek kitob yozmoq uchun shu kitobda qalamga olingan ulug‘ ishlarni qilmoq ham kerak-ku!
Bu gaplardan Salimning rangi oqarib, lablari ko‘kish tusga kirdi. Abulfazl uning eng og‘riydigan joyiga urganini Akbar shundan sezdi. Salim otasidan ruxsat olgach:
— Janobi vaziri a’zam, — deb Abulfazlga olayib qaradi: — Siz bizga va’da qilgan ellik ming qo‘shinning yarmi rajputlar bo‘lg‘ay, shundoqmi?
— Taxminan shundoq.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:18:49

— Turonning butkul aholisi musulmonlar ekani ma’lumingizdir, — deb Salim endi o‘zini sal bosib vazminroq so‘zlay boshladi. — Tarixni bir eslang, jannatmakon bobokalonimiz qizilboshlarni boshlab borganda naqshbandiy shayxlar butun Turonni ularga qarshi qo‘zg‘atgan edilar. Qizilboshlar-ku, musulmonlar edi. Ularni «kelgindi shialar» deb ayovsiz qirib tashlagan turonliklar g‘ayridin sanalgan bizning rajputlarni ayagaymilar? Agar biz ham ellik ming qo‘shin bilan jangga kirib, turonliklar qonini hindistonliklar qilichi bilan to‘ksak, tarix buni kechirgaymikan? Avlodlar bizni bosqinchilikda ayblamasmikin?
Akbarning o‘zini ham xuddi shu xavf ko‘p o‘ylantirar edi. Onasi Hamida begim ham bo‘lajak qirg‘inlar oqibatidan qo‘rqib, Akbarning Movarounnahrga qo‘¬shin tortishiga e’tiroz bildirgan edi. Akbar onasining e’tiroziga qarshi aytgan so‘zlarini hozir o‘g‘li oldida keskin qilib takrorladi:
— Qayoqdagi Ashtarxondan kelgan Mingqishloq¬xonning avlodlari turonliklarning qonini to‘ksa bosqinchilik bo‘lmas ekan-u biz bobokalonimiz poytaxti Samarqand uchun jang qilsak, bosqinchilik bo‘lar ekanmi?
— Hazratim, — deb Salim otasiga mayinroq gapirishga tirishdi, — Mingqishloqxon Ashtarxondan urilib-surilib ketgani rost, ammo uning o‘g‘li Yormat¬xon Abdullaxonning singlisi Zuhra xonimga uylangan ekan. Hozir Buxoro taxtiga da’vo qilayotgan Boqimu-hammad ana o‘sha Zuhra xonim tuqqan Dinmu¬hammadning o‘g‘illari ekan. Biz Hindistonda tug‘ilib o‘sganimiz kabi, ular ham Turonda tug‘ilib o‘sgan ekanlar. Biz o‘zimizni hindistonlik deb bilganimiz kabi, Dinmuhammadning o‘g‘illari ham o‘zlarini tu-ronlik deb hisoblashga haqlidirlar...
Salimning hamma narsadan xabardor ekani va ko‘pni ko‘rgan odamlarday mantiqli gapirishi otasini himoyaga o‘tishga majbur qildi.
— Xo‘sh, amirzodam, Buxoro taxtini ashtarxoniylar olaversin-u biz jim qarab turaveraylikmi? Najotni bizdan kutib, vakillar yuborayotgan, maktublar yozayotgan turonlik xayrixohlarimiz noumid bo‘lib qola¬versinlarmi?
— O‘g‘lingizni ma’zur tuting, hazratim, — deb Salim yotig‘i bilan gapirdi: — Turonlik tarafdorlari¬miz yana bir-ikki yil kutsalar hech gap bo‘lmas. Shayboniyzodalar bilan ashtarxoniylarning olishuvi hali uzoq davom etsa kerak. Turonliklar ikkov tomondan ham bezor bo‘lib yoppasiga qo‘zg‘olon ko‘tarishlari ehtimoldan uzoq emas. Ungacha Dakan yurishi ham g‘alaba bilan yakulangay. Ana o‘shanda bor kuchlarni yig‘sak, o‘zingiz bosh bo‘lib, Turonga borsak, xonlar zulmiga qarshi qo‘zg‘algan el-ulus bizning tarafimizni olsa, Samarqand-u Buxoroga jangsiz kirmog‘imiz ham mumkin. Bu sizning sulhi kull siyosatingizga ham mos tushgay!

Qayd etilgan