Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)  ( 244202 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 54 B


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 08:33:52

Humoyun o‘zini tetik ko‘rsatish uchun shu gaplarni aytdi-yu, keyin Xonzoda begim bilan xonayi xosda yolg‘iz qolganda lablari pir-pir uchib o‘pkasi to‘lib gapirdi:
— Xatolik o‘zimdan o‘tdi, hazrat amma! O‘zim noshudlik qildim! Qancha vaqtim kayf-u safo bilan o‘tdi! Shon-shuhratnnig ketidan quvib, peshonamga Ko‘hinur olmosini taqib yurganlarim!.. Xudo bandasini jazolamoqchi bo‘lsa avval uni hovliqtirib aqlini olar ekan. Men ham aqlimni yo‘qotib qo‘yganimni endi bilmoqdamen!
Humoyun hamma dardini aytib ko‘nglini bo‘shatsin uchun Xonzoda begim uning so‘zini bo‘lmay toqat bilan jim tingladi. U butun aybni boshqalarga to‘nkab, o‘zini oppoq qilib ko‘rsatadigan mayda odamlardan emasligi begimga zimdan tasalli berdi.
— Humoyunjon, otangiz ham qanchalik og‘ir mag‘lubiyatlarni boshdan kechirganini bir eslang. Siz-ku shu vaqtgacha faqat g‘alaba zavqini surib yurdingiz. Mag‘lubiyat qanday bo‘lishini endi ko‘rmoqdasiz. Lekin Samarqandda Shayboniyxon bizni besh oy qamal qilganda ne balolarni boshdan kechirmadik!
Xonzoda begim xon asoratida o‘tgan umrini eslab og‘ir «uh» tortdi. Shu «uh» bilan u go‘yo Humoyunning dard-u g‘amini o‘ziga olganday bo‘ldi. Oltmish ikki yashar Xonzoda begim shuncha azoblarni sabr-bardosh bilan yengib o‘tgan bo‘lsa, Humoyun ham yana yaxshi kunlarga yetishishi mumkindir. Shu o‘y bilan Humoyun o‘zini xiyol bosib olganda Xonzoda begim uning yuziga onalarcha mehr bilan termuldi:
— Yuz shukurki, barcha falokatlardan omon chiqibsiz.
Humoyun daryodan tirik chiqqandagi nurli tuyg‘u hozir yana ko‘nglini yoritib qaytib keldi.
— Odam hayotning qadrini o‘lim bilan olishganda bilarkan, amma! Hayot-mamot oldida shoh-u gado barobar deganlari rost ekan. Toj-u taxt, oltin-kumush, obro‘-e’tibor hammasi butunlay o‘z aha¬miya¬tini yo‘qotarkan. O‘sha suvchi yigit Nizom... undagi halollik, poklik, beg‘arazlik, fidoyilik bizning hech birimizda yo‘q!
Xonzoda begim Nizomning ta’rifini eshitgan sari uni ko‘rgisi kelib:

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 08:34:05

— O‘zi siz bilan birga keldimi? — dedi.
— Ha, hozir ota-onasini ko‘rgani ketdi. Ikki haftadan beri yonimdan qo‘ymay, ichki beklarim qatorida olib yuribmen. Boylikka qiziqmaydir. O‘zi hindlardan, muslim-u majusiyni barobar ko‘radir. Kabir degan bhaqtiy shoirga ixlosmand ekan. Jaloliddin Rumiy, Sa’diy she’rlarini ham yod bilur.
— Forsiy tilda-ya?
— Ha, turkiyni ham o‘rganibdir. Tug‘ma iste’dodi bor ekan. Zehni, aql-u farosati meni hayratga soldi. O‘zi uncha ko‘p maktab ko‘rgan emas, faqat to‘rt yil tahsil olgan, ammo xati-savodi o‘tkir. Hazrat otam¬ning turkiy she’rlaridan qariyb uch yuz baytini menga yod aytib berdi. Muhofazasining zo‘rligini shundan bildim. Qarangki, og‘ir paytda inilarimni yordamga chaqirdim, uchovidan birortasi Ganga bo‘yiga bormadi. Shuncha balolardan omon qaytdim, chiqib birortasi kutib olmadi! Men gunoh qilgan bo‘lsam, jazosini tortdim! Endi inilar ham tortsin!
— Siz inilaringizga jazo bermoqchimisiz?
— Inilarim nuqul taxt talashurlar. Uxlasalar tushlariga podsho bo‘lish kirgay! Biroq men toj-u taxtni inilarimga emas, hind yigiti Nizomga bermoqchimen! Shoyad o‘shanda hind eli bizning xatolarimizni kechirsa!..
— Voy, bu qandoq mumkin, Humoyunjon? — Xonzoda begim hang-u mang bo‘lib qoldi.
— Inilarim shu qadar oqibatsizlik qilganda begona bir yigit jonini ming xatarga solib meni qutqargan bo‘lsa, men uni boshimga ko‘tarib e’zozlasam ar¬zimagaymi?
— Lekin siz unga toj-u taxtni bermoqchisiz-ku! Axir boburiylar sulolasi shu bilan tugasa... buni aytishga ham til bormaydir!..
— Bunisidan qo‘rqmang, hazrat amma. Men yomon xatolar qildim, otamning toju taxtiga o‘zimni nomunosib sezmoqdamen! Qalbi toza Nizom taxtga chiqib, uni menga poklab bergusidir! Axir jannatmakon otam ham kamtar dehqonlardan chiqqan Tohirni halol-u pokligi uchun o‘ziga behad yaqin olar edi-ku. Umrlarining oxirida bir go‘shada faqat shu Tohir bilan birga turishni istaganlari yodingizdami? Buning sababini men endi fahmlamoqdamen.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 08:34:19

— Ruhiy larzalar haddidan oshib, sizni tushkunlikka solmishdir, Humoyunjon! Bu qaroringizda shoshilmang. Nizomni taxtga chiqarishdan oldin Sherxonga qarshi kuch to‘plang.
— Mamlakat xalqi bizdan begonasirasa, men kuchni qaydan to‘plagaymen, ammajon? Balki hindlar bizdan bezib Sherxonga yordam bergani uchun mag‘lub bo‘lgandirmen? Balki Nizomni menga taqdir o‘zi yordamga yuborgandir? Endi men halol yigitni astoydil e’zozlasam, shu bilan tagjoy hindlarning ko‘nglini olurmen, ishonchini qozonurmen, keyin ular menga madad berurlar!
Humoyunning dalillari ko‘p, qarori qat’iy ekanini sezgan Xonzoda begim:
— Axir siz Nizomga... podsholik udumlarini o‘rgatmog‘ingiz uchun fursat kerakdir? — deb so‘radi.
— Albatta. Davlatni boshqarish oson emas.
— Ungacha men Komron mirzo bilan bir uchrashay. Nechun sizni ko‘rishga chiqmadi? Saba¬bini bilaylik. Orada biron g‘ubor bo‘lsa tarqataylik.
— Oradagi g‘ubor menga ma’lum. Hozir Komron mirzo mendan o‘zini qudratliroq deb bilur. Men abgor bo‘ldim. Komron esa Kobul-u Badaxshon, Qandaxor-u Panjobning hammasiga hukmron bo‘lib oldi. Endi o‘zini podsho e‘lon qilib, nomiga xutba o‘qitishi qoldi, xolos!
— Komron unchalikka bormas. Nahotki jannatmakon otalaringizning vasiyatlarini unutsa?
Xonzoda begim shu o‘y bilan ertasi kuni soyabon aravada Komron mirzo turadigan Gulafshon bog‘iga yo‘l oldi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 08:34:31

* * *

Komron mirzoning isitmasi bor, nam havoda qiynalib nafas olar va ichkarida o‘ltirgisi kelmas edi. U Xonzoda begimni ham gulzorlar orasidagi naqshin tolorda qabul qildi. Dasturxonga hindistonning no¬¬rinji va xurmosidan tashqari Turondan keltirilgan soyaki mayiz, lavzina va bargaklar ham qo‘yilgan. Xonzoda begim Komron bilan so‘rashar ekan, uning yirik gavdasi otasinikiga o‘xshab ketishini xayolidan o‘tkazdi. To‘rt og‘ayni ichida eng gavdasi yirigi, ko‘rinishi salobatlisi va ovozi jarangdori Komron mirzo. U turkiy tilning nozik tovlanishlarini Humo¬yundan yaxshiroq biladi, notiqligi ham Bobur mirzoni eslatadi. To‘rt og‘aynining har birida otalarining qaysidir xislati va fazilati bor, lekin nega ular yakdil bo‘lib birlasholmaydi? Xonzoda begim ana shuni tushunishga intilib, Komron mirzoning gaplariga kamoli diqqat bilan quloq soldi.
— Og‘amizning mag‘lubiyati hammamiz uchun ham og‘ir kulfat bo‘ldi, hazrat begim. Ayniqsa, xotinlari bilan qizlarining asirga tushgani biz inilar uchun ham misli ko‘rilmagan malomat.
— Shunday ko‘rgiliklar taqdirda bor ekan-da, Komronjon. Humoyun o‘zini o‘zi ayblab, ich-etini yeb o‘ltiribdir.
— Hatto otamizning taxtiga o‘zlarini nomunosib bilib, boshqa odamni podsho qilmoqchi emishlar, rostmi?
Bu sir xufiyalar orqali allaqachon Komronning qulog‘iga yetib kelganidan  Xonzoda begim hayratga tushdi.
— Amirzodam, odam og‘ir kayfiyat bilan har narsa deyishi mumkin. Har qalay, Humoyun sizning ulug‘ og‘angiz, shuncha falokatlardan keyin dargohiga borib ko‘ngil so‘rasangiz yaxshi bo‘larmidi?
— Kechadan beri tobim yo‘q, isitmam ko‘tarilgan.
Xonzoda begim Komronning ko‘zi yaltirab, lablari quruqshab turganiga endi e’tibor berdi.
— Xudo shifo bersin. Sizga ne bo‘ldi?
— Agra havosi menga yoqmadi. Jigarim shishgan. Tabiblar muolaja buyurgan. Sal o‘zimga kelsam, akamizdan albatta xabar olmoqchimen. Hozircha sizdan iltimos shulki, og‘amizga ayting, yalangoyoq saqqoni taxtga chiqarish fikridan qaytsinlar. Bu biz uchun yana bir malomat bo‘lg‘ay. Axir boburday podshohning yana uchta o‘g‘li turganda uning taxtiga qayoqdagi eshkakchi hindini chiqarish — otamizning xotirasiga-yu bizning hammamizga behurmatlik bo‘lmagaymi?

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 08:34:44

— Saqqo juda pok, avliyosifat yigit emish, Humoyun uning yaxshiligiga javoban shu ishni qilib, o‘z gunohlaridan poklanmoqchi.
— Og‘amiz chindan ham ko‘p gunohlar qilgan, agar o‘zlarini astoydil poklamoqchi bo‘lsalar, Makkatulloga hajga borsinlar!
Podshoni taxtdan tushirib hajga jo‘natish — uni o‘limga buyurishning pardali bir turi sanaladi, chunki haj yo‘lida himoyasiz qolgan tojdorni o‘ldiradigan qasoskorlar albatta topiladi. Komronning o‘z akasiga shunday qismatni ravo ko‘rayotganligi — uning ko‘nglidagi o‘gaylik adovati qanchalik shafqatsiz tus olganini Xonzoda begimga oshkor qilib qo‘ydi.
— Amirzodam, Humoyun bunday qismatga hech ham loyiq emas! Tepamizda otangizning arvohlari chirqirab qolmasin, Humoyunni halokat chohiga itaruvchi odamlar bo‘lsa, siz og‘angizni ulardan himoya qilmog‘ingiz kerak!
— Himoya bundan ortiq bo‘lurmi, hazrat begim? Hozir Agrani, uning atroflarini bizning o‘ng besh ming qo‘shinimiz qo‘riqlab turibdir. Akamizning besh mingtagina navkari qolgan. Agar biz bo‘lmasak, Sherxon Agraga ham qo‘shin tortib kelardi, haligacha uni bosib ham olardi!
— Bu gapingiz rost, amirzodam. Sherxonday xatarli dushman qarshisida og‘a-ini yakdil, yaktan bo‘linglar. Podsho og‘angiz atrofiga yig‘ilinglar!
— Podsho bo‘lishni og‘amiz eplolmadilar-ku. Buni o‘zlari ham tan olganlari bejiz emasdir?
— Endi, har qalay, jannatmakon otalaringiz Humoyunni voris tayinlaganlar.
— Rahmatli otam bizga atab yozgan ruboiylarini unutgan bo‘lsangiz men eslataymi?

Davlat bilan shod-u shodmon bo‘lg‘aysen,
Shavkat bilan mashhuri jahon bo‘lg‘aysen!
Ko‘nglingdagidek dahr aro kom surib,
Bu dahr borincha Komron bo‘lg‘aysen.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 08:34:59

Komron she’r o‘qiganda xuddi otasining o‘zi bo‘ldi-qoldi. O‘sha sehrli ohang, nafosat va jo‘shqinlikka to‘la shoirona ruh. Ijodda otasiga eng yaqin turgan o‘g‘il — Komron ekaniga Xonzoda begim hozir yana bir marta ishondi. Ammo hayotda-chi? So‘z bir xil-u ish boshqa xil bo‘lmasa Komron boshiga kulfat tushgan akasiga nisbatan shunchalik shafqatsiz bo‘la olarmidi? Hajga ketsin emish-a! Akasini ketkizib, o‘zi tezroq taxtga chiqmoqchi-da...
Xonzoda begim shu o‘y bilan Komronning huzuridan chiqar ekan, Humoyun inilaridagi raqobat balosidan qutulish uchun ham mamlakatning ko‘p¬chilik aholisi bo‘lgan hindlarga suyanish zarurligini ich-ichidan his qildi. Naryoqdan Sherxon qilichini yalang‘ochlab kelyapti. Kim shu vaziyatda Humo¬yunning joniga ora kiradi? Faqat Nizom kabi halol va fidoyi odamlar! Zora Nizom taxtga chiqqandan keyin butun hind ulusi Humoyunga astoydil yon bossa-yu uning mushkullarini oson qilsa! Endi Xonzoda begim uchun ham yagona najot yo‘li shu bo‘lib ko‘rindi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 08:35:15

*  *  *

Nizom faqat ertaklardagina bo‘ladigan, odam ishonib-ishonmaydigan g‘alati kunlarni boshidan kechirmoqda edi. Kemaning pastki qavatida o‘ng oltita eshkakchining orasida siqilib o‘tirib ishlashga o‘rgangan yigit endi podsho saroyining yuqorigi qavatida olti xonali hashamatli joyda yashaydi. O‘nlab xizmatkorlar uning har bir istagini og‘zidan chiqar-chiqmas ado etishadi. Yotadigan bo‘lsa maxsus to‘shakchilar, unga gul atri sepilgan pushtirang ipak choyshablar yoyib, yumshoq parqu to‘shak solib berishadi. Ertalab turgan zahoti boshqa xizmatkorlar uning qo‘liga suv quyib yuvintirishadi, parcha va zarbof kiyimlarni kiydirishadi. Ayvonda ham, bog‘ yo‘lkalarida ham uni novcha, baquvvat soqchi yigitlar suiqasdlardan qo‘riqlab yurishadi. Ovqat yemoqchi bo‘lsa saroy bakovuli, bovurchisi, chashnagiri va oshpazlari istagan taomini muhayyo qilishadi. Ilgari Nizom umrida bir marta tatib ko‘rishga havasmand bo‘lgan kiyik kaboblar, bedana do‘lmalar, kaklik palovlar hozir istagan paytida tayyor bo‘ladi. Hamma xohishlari osongina amalga oshgani sari istakning o‘zi kamayib boradi. Ovqatdan ko‘zi to‘yib qolgani uchun¬mi, uning ilgarigi ishtahalari endi yo‘q, ko‘proq achchiq qalampirli narsalarni yeydi.
Nizomning ko‘ngli tilagan hamma narsani muhayyo qilish haqida Mirzo Humoyun saroy ahliga qat’iy buyruq bergan. Lekin Nizom o‘z ko‘nglidagi eng kuchli istakni hech kimga aytolmaydi. Hamida bonu Hindol mirzoning buyrug‘i bilan Alvarga olib ketilganini kelgan kuni kechasi onasidan eshitgandan beri qanday qilib qizni Agraga qaytarish haqida o‘ylaydi-yu, o‘yining oxiriga yetolmaydi. Inisi Hindol mirzoni faqat Humoyun chaqirib olishi mumkin. Biroq Nizom hamida bonuning diydoriga mushtoq ekanini unga qanday aytadi? Nizom hali Hamida bonu bilan ahd-u paymon qilmagan bo‘lsa, qizning unga qanchalik mayli borligini aniq bilmasa... Hozir Nizom izzat-ikromda yurgan paytida Hamida bonuni bir ko‘rsa edi, dilini unga dadil ochgan bo‘lardi, qizning rizoligini olib, keyin oraga odam qo‘yardi. Ana o‘shanda Humoyunga ham tortinmay dil yorgan bo‘lardi.
Nizomni yonidan qo‘ymay, unga podsholik udumlarini o‘rgatib yurgan Humoyun bu yigitning goho o‘ychan va parishon bo‘lib qolishini sezdi.
— Biron qizga oshiqmisiz? — deb hazil ham qildi.— Ayting, sovchi yuboraylik.
Nizom siri ochilishidan xavotirlanib entikdi. Birdan tavakkal qilib:
— Qizni Alvarga olib ketibdilar, — dedi. — Otasi Hindol mirzoning xizmatida edi.
— Otasi kim?
— Hamida bonuni Xonzoda begim Humoyunga munosib ko‘rgan paytlari Nizomning esiga tushdi. U iztirob ichida:
— Hazratim, ijozat bering, — dedi. — Men qizni... ko‘rib, rizoligini olmaguncha... kimligini aytmay turay.
Humoyun Nizomdagi bu holatni odob va kamtarlik nishonasi deb bildi-yu:
— Ixtiyoringiz, — dedi. — Ammo inimiz Hindol meni ham dog‘da qoldirdi. Agrada biz yo‘q paytda ko‘p ishlarni chalkashtirib ketibdir. Kalavaning uchinchi topishda o‘zi yordam bermog‘i kerak. Bugun ertalab Hindolning onasi Dildor og‘achani Alvarga maxsus odamlar bilan jo‘natdim. «Kelsin, gunohidan kechgaymen», dedim. Bir haftada ichida Hindol barcha odamlari bilan Agraga qaytib kelmog‘i kerak.
Nizom quvonch va hayajon ichida o‘rnidan turib Humoyunga ta’zim bilan minnatdorchilik bildirdi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 08:35:44

Nizom har ishda Humoyunning ko‘ngliga qarab o‘rgangan edi. Biroq Humoyun uni yaqin kunlarda taxtga chiqarish harakatiga tushganda Nizom avval hayiqdi. Nahangday kattadahan bek-u a’yonlarni idora etish osonmi? Ammo Humoyun doim uning yonida bo‘lmoqchi, hamma ishni bamaslahat amalga oshirmoqchi edi. U Nizomni qo‘yarda-qo‘ymay axiyri taxtga chiqishga ko‘ndirdi.
Dushanba kuni Nizomga Zuhra yulduzining rangiga mos havorang va yashil tuslardagi shohona liboslar kiydirildi. Dastorpech uning boshiga katta gavhar qadalgan podsholik sallasini qo‘ndirayotganda Humoyun Nizomga ovozini pasaytirib dedi:
— Bu gavhar bir vaqtlar rahmatli otam Bobur hazratlarining sallalarida porlab turgan edi. Hazrat Nizomiddin, sizga endi o‘shal ulug‘ siymoning ruhlari madad bersin!
Nizom o‘zinig «hazrat Nizomiddin» ekaniga ishongisi kelmay atrofiga bir qarab oldi. Shu daqi¬qalardan boshlab u go‘yo ikki odamga aylandi. Biri hamma egilib ta’zim qiladigan hazrat Nizomiddin-u, ikkinchisi uning soyasiday goh esga tushib, goh unutilib turgan avvalgi Nizom suvchi.
Devonimga barcha amirlar, viloyat hokimlari, hamma arkoni davlat to‘plandi. Holisa*  yerlardan olingan daromadlar, jogirlardan tushgan, shahar-u qishloq¬lardan soliqchilar yiqqan kurur-kurur tangalar taxt qarshisidagi keng sahnga — tanobiy gilamlar ustiga xirmon kabi uyildi. Umrida oltin-u kumush pullar¬ning bunday katta uyumini ko‘rmagan ba’zi odamlar¬ning ko‘zlari qamashib ketdi.
Hazrat Nizomiddin taxtga chiqib o‘ltirgach, Humoyun oltin va kumush uyumlari oldiga keldi-da, shu yerdan turib yangi podshoga ta’zim qildi:
— Hazratim, biz safarda ekanimizda sodiq odamlarimiz butun viloyatlardan yig‘ib tayyorlab qo‘ygan mana shu bir yillik davlat daromadlarini sizga topshirishga ijozat bergaysiz!
Viloyatlardan har yili yig‘iladigan davlat daromadlari qanchalik ko‘p bo‘lishini Nizom endi ko‘rmoqda edi. Jimir-jimir yiltirab turgan tangalarning har biri dehqon-u kosiblardan qancha zo‘ravonliklar bilan oliq-soliq tarzida undirib olinganikin? Eshkakchi Nizom bu tangalar yiltirashida jabrdiyda bechoralar¬ning ko‘z yoshlarini ko‘rganday bo‘ldi. Ammo hazrat Nizomiddin besh-olti tuyaga yuk bo‘ladigan shuncha oltin va kumushning o‘z ixtiyoriga o‘tganidan mag‘rur.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 08:35:56

Uning chindan ham podsho bo‘lganiga bek-u a’yon¬larni Humoyunning ta’zimidan ham ortiq ishontirayotgan narsa — gilam ustidagi oltin-u kumush uyumlari edi. Ko‘zni yondiradigan bunchalik ko‘p boylik birvarakayiga Nizomiddin hazratlarining ixtiyoriga o‘tganligi bek-u a’yonlarga yashin tezligida ta’sir qildi. Zari borning zo‘ri bor, deb bejiz aytmaganlar. Boya kinoya bilan qiyshaygan lablar endi darhol to‘g‘rilandi, ko‘zlarda jiddiy e’tibor, qiziqish, hatto hayiqish paydo bo‘ldi.
Taxtga yastanib chordana qurib olgan hazrat Nizomiddin o‘zini podsho deb tan olgan o‘nlab ko‘zlarning hayiqishidan g‘ururi ortib, viqor tuyg‘usidan yuragi hapriqa boshladi. Shunda avvalgi Nizom uning qulog‘iga sekin shipshiganday bo‘ldi: «O‘zingizni bosing, hazrat. Mirzo Humoyun sizga tayinlagan mushkul ishlarni unutmang. Bu beklarning har biri yalang‘ochlangan qilichga o‘xshab turibdir. Xato qilsangiz boshingizni kesgay!» Hazrat Nizomiddin buni quruq vahima deb o‘ylaydi: «Endi men shu oltin xirmonining kuchi bilan eng zo‘ravon beklarni ham o‘z izmimga bo‘ysundirgaymen!» deydi. Nizom uni ogohlantiradi: «Muncha katta ketmang, boylik — qo‘lning kiri, xolos. Axir bu oltin xirmoni dehqon-u kosiblarning nasibasidan uzib olib yasalgan-ku. Zolim soliqchilar bu tangalarni undirib kelguncha qanchadan qancha zulm o‘tkazgan. Faqir eshkakchi bo‘lgan paytingizda o‘zingiz ham qanday adolatsizliklarni boshdan kechirganingizni eslang!».
Bu ichki ovozdan hazrat Nizomiddin xiyol hush¬yor tortdi-da, qo‘l qovushtirib buyruq kutayotgan Turdibekka yuzlandi.
— Janob vazir! — yangi podshoning ovozi hayajondan titrab eshitildi. — Ganga bo‘yida Chausada halok bo‘lgan bek-u navkarlarning yetim-u yesirlari bizdan ko‘mak kutmoqdalar. Mana shu yerga uyulgan tangalardan... — hazrat Nizomiddin Humoyun bilan oldindan kelishib olgan farmoyishlarni, ayniqsa, raqamlarni bexato aytish uchun bir lahza to‘xtab oldi. Har qalay, xotirasining o‘tkirligi ish berdi. Raqamni aniq esladi: — Shu pullardan bir yuz-u yigirma ming rupiysi halok bo‘lganlarning yetim-u yesirlariga ro‘yxat bo‘yicha rasamadi bilan ulashilsin!
— Bosh ustiga, hazratim!

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 08:36:10

Xazinachi va sarmunshi podshoning og‘zidan chiqayotgan har bir farmoyish va raqamni maxsus daftarga yozib olmoqda edi.
ba’zi bek-u a’yonlar «bu oltin xirmonidan bizga ham kapsan tegsa kerak!» degan umid bilan ko‘zlarini lo‘q qilib turishibdi. Odat bo‘yicha, ular yangi taxtga chiqqan podshodan in’omlar olib o‘rganishgan.
— Janob xazinachi! — dedi hazrat Nizomiddin. — Katta barkashlardan birini oltinga, yana birini kumushga to‘latdirib, mana shu davra bo‘ylab aylantiring. Har bir bek-u mulozim o‘ng kaftiga siqqanicha oltin-u, chap kaftiga siqqanicha kumush olsin!
Bir vaqtlar eshkakchi Nizomni nazar-pisand qilmay oyog‘i bilan ko‘rsatib yurgan bek-u a’yonlar endi u in’om qilgan barkashdagi tangalarga hirs bilan changal solishdi. So‘ng yangi podshoning in’omidan mamnun bo‘lib, unga astoydil egilib ta’zim qilishdi.
Hazrat Nizomiddin podsholik zavqidan yayraydi. «Qani endi hozir yonimda Humoyun emas, Hamida bonu yurgan bo‘lsa!» degan istak qayta-qayta ko‘nglidan o‘tadi. Nizomning hazratga aylangan paytdagi obro‘-e’tibori-yu boyliklarini ko‘rgan Hamida undan iftixor qilishi mumkin emasmidi? Sevgan qizing sendan iftixor qilganini ko‘rsang, eng katta baxt shu bo‘lmasmi?
Biroq, Nizom hozir bu baxtdan mahrum. U Hindol mirzoning odamlari yana bir hafta-o‘n kunda Agraga qaytishini sabr-toqat bilan kutishi kerak. Ammo hazrat Nizomiddin sabrsizroq. U bugun taxtga chiqqandan beri o‘zini hamma ishga qodir sezadi, qo‘lini qayoqqa cho‘zsa yetadiganday tuyuladi. In’om va ehsonlardan ortib qolgan oltin-u kumushlar yana bir aravaga yuk bo‘ladigan darajada ko‘p. Shuncha boylikka ega bo‘lgan odam nahotki Hamida bonuning diydoriga yetisholmay o‘rtanib yursa? Dildor og‘acha oltmishlarga kirgan ayol, tez yo‘l yurolmaydi, Alvarga yetib borguncha qancha vaqt o‘tadi! Hindol mirzo yana kuch yig‘ishtirib qaytib kelguncha... e-he, kim bor-u kim yo‘q!
Undan ko‘ra Nizom o‘zi Alvarga jo‘nagani yaxshi emasmi? Ammo hozir u — podsho, bir yoqqa boradigan bo‘lsa navkar-u qo‘shin bilan jo‘nashi kerak. Hamida bonuni ko‘rish uchun qo‘shin tortib dag‘dag‘a qilib borsa, Hindol mirzo bilan urush qiladimi? Buni o‘ylashning o‘zi kulgili.
Nizom honayi xosda yolg‘iz o‘ltirib uzoq xayol surdi-yu, oxiri Hamida bonuga maktub yoza bosh¬ladi:

Qayd etilgan