* * *
Ota va o‘g‘il nizosi kun sayin ulkanlashib, go‘yo baland bir tog‘ga aylanib ketdi.
Akbarning jizyani bekor qilgani, turli e’tiqodlarni barobarlashtirgani, qirq yil davomida joriy etgan boshqa islohotlari juda ko‘p dindor-u amaldorlarni avvalgi imtiyozlaridan mahrum etgan edi. Ularning nazarida, Akbarning yangicha siyosati tog‘ning kungay tomoni kabi jazirama, nam turmaydigan, o‘rmon o‘smaydigan suvsiz chag‘at bo‘lib ko‘rinardi. Mulla-imomlarning eski imtiyozlarini tiklayotgan Salim esa go‘yo tog‘ning yomg‘ir ko‘p yog‘adigan ko‘kalamzor, sersuv terskay tomoni bo‘lib tuyulardi. Shuning uchun ular Salim tomonga yopirilib o‘tib borar edilar. Tarafdorlari kun sayin ko‘payib ketayotganidan dadillangan salim o‘z nomiga oltin tangalar zarb ettirishga tushdi. Bu tangalardan dini ilohiyning timsoli bo‘lgan «Allohu Akbar» iborasini oldirib tashladi. Uning o‘rniga Akbardan oldingi davrda oltin tangalarga zarb etiladigan kalimai shahodatni qayta yozdirdi. Sav¬dogarlar bilan birga butun mamlakatga tarqayotgan bu tangalar eski musulmonobodni qo‘msab yurgan Akbarning g‘animlarini jonlantirib yubordi. Agar qo‘yib berilsa, Ollohoboddagi junbish Panjob-u Gu¬jaratga, Kobul-u Singda ham tarqashi muqarrar edi.
Akbar bu falokatning oldini olish uchun bultur to‘xtatilgan Ollohobod yurishini qayta boshlashga majbur bo‘ldi. Bangoladan qaytgan Man Sinx va Dakandan chaqirilgan Abdurahim xoni xonon qirq ming otliq askar, besh ming filni quruqlikdan sharqqa tomon boshlab ketdilar. Akbarning o‘zi Jamnada saf tortib turgan ikki yuz harbiy kema bilan boradigan bo‘ldi. Odatga binoan, uzoq yurishga ketishdan oldin onasidan oq fotiha olish uchun Hamida begim turadigan ko‘shkka yo‘l oldi.
Salima begimning elchiligi ota-bola urushini faqat bir yilgina orqaga surganini, oradagi ixtilofning ildiz¬lari juda chuqur ekanini, Akbar Ollohobod isyonini bartaraf qilmay turolmasligini endi onasi va xotinlari ham tushunib qolishgan, uni qaytarishga kuchlari yetmas, faqat kuyinib yig‘lashar edi. Hamida begim yana xastalanib qolgan, Akbar kirganda orqasiga yostiq qo‘yib, devorga majolsiz suyanib o‘ltirar edi. U o‘g‘lini ko‘proq yonida tutib turgisi kelib, uzoq xotiralarga berildi, Jamna bo‘ylarida qanday chavgon o‘ynagani, Tar sahrosida qancha vaqt sargardon bo‘lgani, Qazvin-u Kobul, Bhira-yu Kashmir — hammasini to‘xtab-to‘xtab, birma-bir eslab chiqdi.
— Shoh o‘g‘lim, boburiylar xonadonidan eng keksasi — faqat men qoldim, — dedi. — gulbadan begim bultur yarash-yarash bo‘lgan farahli kunlarda olamdan o‘tganiga hozir mening havasim kelur... Saksonga kirganda umrimning eng taxir davri boshlangay, deb hech o‘ylamagan edim, Bolajonim!..
Hamida begim ko‘z yoshini oq doka ro‘molining uchi bilan sekin artib qo‘ydi.
— Nasib qilsa, bu taxir kunlar ham o‘tgay, onajon! Yana farahli damlarga yetgaymiz...
— Akbarjon, butun umr men sizga omad tiladim, mag‘lubiyatingizni ko‘rmayin, dedim! Ilohim, ota-bola ikkovlaring ham ketimda qolinglar, dog‘laringni ko‘rgilik qilmasin! Shu gal ko‘nglim juda bezovta!..