Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)  ( 244210 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 48 49 50 51 52 53 54 B


Ansora  07 Fevral 2010, 14:25:01

Maryami Zamon Akbar qarshisida cho‘kka tushib, qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ydi:
— Hazratim, yomon odamlar oralaringizga nifoq solmishdir! Salim Abulfazlni o‘ldirtirganiga men ishonmaymen! Salim bunday qilishi aqlimga sig‘¬maydir! Mana, Salima begim ham aytsinlar!
Murodning o‘limidan so‘ng sochlari oppoq oqarib, nuroniy kampirga aylanib qolgan Salima begim Akbarga yuzlandi:
— Men yolg‘iz o‘g‘limdan judo bo‘ldim. Boshimga og‘ir kun tushganda Maryami Zamon tug‘ushgan singlimday yonimda turdi. Shahzoda Salim ham «men sizga o‘g‘il emasmenmi?» — deb necha marta dilimga taskin berdi. Rahmatli katta momomiz Mohim begim o‘gaylik balosidan mudom baland turar ekanlar. Hindol mirzoni o‘z o‘g‘illariday tarbiya qilgan ekanlar. Hazrat onangiz ham bizni o‘sha ulug‘ momodan ibrat olib, inoq bo‘lishga o‘rgatdilar. Men ham shahzoda Salimga mehr qo‘yganmen, she’r o‘rgatganmen, uni o‘z o‘g‘limdan ziyod parvarish qilganmen!
— Bu rost! — dedi Maryami Zamon. — Shayx Bobo* ham begimni mendan ziyod hurmat qilur.
— Shuning uchun, — deb Salima begim Akbarga qarab davom etdi, — agar vakolat bersangiz, men Ollohobodga elchilikka boray. Aminmenki, Abulfazl¬ning o‘limida shahzoda Salimning ishtiroki yo‘q. Ota-bolani urushtirishdan manfaatdor bo‘lgan qora kuchlarning tuhmati bu!
Akbarning o‘zi ham buning tuhmat bo‘lishini juda istardi, o‘shanda uning bir alami ikki bo‘lmasdi.
O‘g‘li o‘ylanib qolganini ko‘rgan Hamida begim Salimaga yon bosa boshladi:
— Bir vaqtlar rahmatli Xonzoda begim Agradan Laxo‘rga elchi bo‘lib borib, og‘a-ini urushini bartaraf qilgan edi. Salima ham hozir o‘sha dono kayvonining yoshida. O‘zi ham yil sayin Xonzoda begimga o‘xshab bormoqda. Kechirimli bo‘ling, shoh o‘g‘lim. Bobur bobongiz — «ulug‘lar ko‘tarimlik bo‘lg‘ay» deb bejiz aytmaganlar!
Ollohobod Jamna bilan Ganga quyiladigan joyda, Agradan otda salkam bir oylik yo‘l. Salima begim shahzodani o‘gay ko‘rmay, shunday uzoq safarni va mushkul elchilikni zimmasiga olmoqchi ekani Akbar¬ga katta bir fidoyilik bo‘lib ko‘rindi. Onasining be¬mor-ligi-yu Maryami Zamonning dardlariga ham davo shu ekanini Akbar sezdi. U Salima begimga uch yuz kishilik qo‘riqchi askar va boshqa hamma kerakli narsalarni berib Ollohobodga jo‘natdi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:25:55

Oradan uch oylar o‘tdi, savr oyi kirib, hind issiqlari avjiga chiqa boshlagan kunlarda Ollohob¬od¬dan xushxabar keldi. Katta amir-u sarkardalar borib ko‘n¬dirolmagan shahzodani Salima begim Agraga otasi bilan yarashishga ko‘ndirib, olib kelmoqda edi. Kelini dahshatli urush xavfini bartaraf qilganidan suyungan Hamida begimning bemorligi ham esidan chiqib ketdi. U kelini va nadimalarini yoniga olib, Agradan mahofada peshvoz chiqdi-da, Salima begim¬ni shahardan o‘n mil narida kutib oldi.
Shahzoda Salim otasiga atab sakkiz yuzta fil, bir karvon tuyaga yuk bo‘ladigan oltin va turli sovg‘alar olib keldi. O‘g‘lining bosh egib ta’zim qilganidan va katta sovg‘alar keltirganidan ko‘ngli iyigan Akbar uni bag‘riga bosib ko‘rishdi. La’l va gavhar qadalgan qimmatbaho sallalaridan birini Salimning boshiga kiydirdi. Yarashishning oxiri to‘yga ulanib ketdi — Salimning to‘ng‘ich o‘g‘li Xisravni Aziz ko‘kaning qiziga uylantirdilar.
Ota-bola urushining oldini olgan onalar va boshqa xayrixohlar, Abulfazlning o‘limida faqat Bir Sinx aybdor, deb Akbarni ishontirgan bo‘lsalar ham, lekin dilining bir chetida toshday tugun hamon yechilmay turar edi. Akbar tasvirxonaga Salim bilan birga kirgan kuni unga Abulfazlning suratini ko‘rsatdi. Ikki qo‘lida ikkita kitobni ushlab turgan Abulfazlning ko‘zlari to‘la nur, lablari qatida neklik, u hamon tirikdek va hozir gapirib yuboradigandek ko‘rindi.
Shu paytda uning qonli sallasiga o‘ralgan kesik kallasi, qilich tekkan peshonasi Salimning ko‘ziga qayta ko‘rinib ketdi. Suratdagi Abulfazl qog‘oz yuzidan turib kelib, shahzodaning yoqasidan oladigandek va uni Akbarga tutib beradigandek tuyuldi. Salimning rangi yerday o‘ngib:
— Yo‘q, yo‘q, Bir Sinx o‘zi qilgan bu ishni! — deb yubordi.
— Undoq bo‘lsa... nechun Bir  Sinxni Ollohobodda yashirib yurgan emishsiz?
— Bir Sinx Mevarga qochib ketmishdir! Ko‘rgan odamlar aytdi: tog‘larda sizga qarshi isyon ko‘targan Amar Sinx uni o‘z panohiga olmishdir.
— Lekin sizning Bir Sinx bilan til biriktirganingiz haqidagi ovozalar hali ham bosilgani yo‘q. Agar bu chindan tuhmat bo‘lsa, fosh qilmog‘ingiz kerak. Necha ming qo‘shin kerak bo‘lsa beray, Mevardagi isyonchilarga qo‘shilgan Bir Sinxni tutib keling.
Otasi Abulfazlni unutolmasligini, uning ruhi va xotirasi hamisha oralariga ixtilof solishini Salim juda og‘rinib his qildi. Otasi uchun Salim Ollohoboddan kelib uzr so‘ragani yetarli emas ekanmi? Endi yana Mevar tog‘lariga qo‘shin tortib borib, Abulfazlning qotilini tutib kelishi qolganmidi? Lekin u dilidan o‘tgan bu norozilikni otasidan yashirdi. Til uchida:
— Farmoningiz bosh ustiga! — deb ta’zim qildi: — Faqat ijozat bersangiz, avval bir Ollohobodga borsam. Asosiy kuchlarim o‘sha yoqda qolgan. Hammasini yig‘ib kelsam-u keyin Mevarga qo‘shin tortsam...
Akbar bunga ijozat berdi. Salim Ollohobodga borib olgandan keyin Mevar yurishidan bosh tortdi. Hozir uning o‘z saroyi va katta qo‘shini bor edi. Kimki Akbar bilan chiqisholmasa Ollohobodga borib  Salimdan panoh topardi. Oradan ko‘p o‘tmay Salimning tarafdorlari Ollohoboddagi masjidi jomeda xutbadan Akbarning nomini olib tashladilar.
Shayx Rukniddin Salimning nomini xutbaga qo‘shib o‘qigani og‘izdan og‘izga o‘tib, Akbarning qulog‘iga ham yetib keldi.

______________
* Keyinchalik Akbar qabri yonidagi bu nodir javohirlarni ingliz mustamlakachilari pichoq bilan ko‘chirib olib ketadilar.
* Sh a y x  B o b o — shahzoda Salimning uyda aytiladigan nomi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:26:28

* * *

Ota va o‘g‘il nizosi kun sayin ulkanlashib, go‘yo baland bir tog‘ga aylanib ketdi.
Akbarning jizyani bekor qilgani, turli e’tiqodlarni barobarlashtirgani, qirq yil davomida joriy etgan boshqa islohotlari juda ko‘p dindor-u amaldorlarni avvalgi imtiyozlaridan mahrum etgan edi. Ularning nazarida, Akbarning yangicha siyosati tog‘ning kungay tomoni kabi jazirama, nam turmaydigan, o‘rmon o‘smaydigan suvsiz chag‘at bo‘lib ko‘rinardi. Mulla-imomlarning eski imtiyozlarini tiklayotgan Salim esa go‘yo tog‘ning yomg‘ir ko‘p yog‘adigan ko‘kalamzor, sersuv terskay tomoni bo‘lib tuyulardi. Shuning uchun ular Salim tomonga yopirilib o‘tib borar edilar. Tarafdorlari kun sayin ko‘payib ketayotganidan dadillangan salim o‘z nomiga oltin tangalar zarb ettirishga tushdi. Bu tangalardan dini ilohiyning timsoli bo‘lgan «Allohu Akbar» iborasini oldirib tashladi. Uning o‘rniga Akbardan oldingi davrda oltin tangalarga zarb etiladigan kalimai shahodatni qayta yozdirdi. Sav¬dogarlar bilan birga butun mamlakatga tarqayotgan bu tangalar eski musulmonobodni qo‘msab yurgan Akbarning g‘animlarini jonlantirib yubordi. Agar qo‘yib berilsa, Ollohoboddagi junbish Panjob-u Gu¬jaratga, Kobul-u Singda ham tarqashi muqarrar edi.
Akbar bu falokatning oldini olish uchun bultur to‘xtatilgan Ollohobod yurishini qayta boshlashga majbur bo‘ldi. Bangoladan qaytgan Man Sinx va Dakandan chaqirilgan Abdurahim xoni xonon qirq ming otliq askar, besh ming filni quruqlikdan sharqqa tomon boshlab ketdilar. Akbarning o‘zi Jamnada saf tortib turgan ikki yuz harbiy kema bilan boradigan bo‘ldi. Odatga binoan, uzoq yurishga ketishdan oldin onasidan oq fotiha olish uchun Hamida begim turadigan ko‘shkka yo‘l oldi.
Salima begimning elchiligi ota-bola urushini faqat bir yilgina orqaga surganini, oradagi ixtilofning ildiz¬lari juda chuqur ekanini, Akbar Ollohobod isyonini bartaraf qilmay turolmasligini endi onasi va xotinlari ham tushunib qolishgan, uni qaytarishga kuchlari yetmas, faqat kuyinib yig‘lashar edi. Hamida begim yana xastalanib qolgan, Akbar kirganda orqasiga yostiq qo‘yib, devorga majolsiz suyanib o‘ltirar edi. U o‘g‘lini ko‘proq yonida tutib turgisi kelib, uzoq xotiralarga berildi, Jamna bo‘ylarida qanday chavgon o‘ynagani, Tar sahrosida qancha vaqt sargardon bo‘lgani, Qazvin-u Kobul, Bhira-yu Kashmir — hammasini to‘xtab-to‘xtab, birma-bir eslab chiqdi.
— Shoh o‘g‘lim, boburiylar xonadonidan eng keksasi — faqat men qoldim, — dedi. — gulbadan begim bultur yarash-yarash bo‘lgan farahli kunlarda olamdan o‘tganiga hozir mening havasim kelur... Saksonga kirganda umrimning eng taxir davri boshlangay, deb hech o‘ylamagan edim, Bolajonim!..
Hamida begim ko‘z yoshini oq doka ro‘molining uchi bilan sekin artib qo‘ydi.
— Nasib qilsa, bu taxir kunlar ham o‘tgay, onajon! Yana farahli damlarga yetgaymiz...
— Akbarjon, butun umr men sizga omad tiladim, mag‘lubiyatingizni ko‘rmayin, dedim! Ilohim, ota-bola ikkovlaring ham ketimda qolinglar, dog‘laringni ko‘rgilik qilmasin! Shu gal ko‘nglim juda bezovta!..

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:26:45

Akbar onasi bilan quchoqlashib xayrlashar ekan:
— Ko‘p xavotir bo‘lmang, hali yana ko‘rishgaymiz!— dedi.
U tug‘ilgandan beri bor bo‘lgan onasi hech qachon o‘lmaydigandek, abadiy sobit turadigandek tuyulardi. Lekin Akbar kemaga tushib, Ollohobod tomonga ikki kun suzar-suzmas shum xabar uni quvib yetdi. Quruqlik yo‘ldan shoshilib kelgan chopar Akbarga Salima begimning maktubini tutqazdi:

«Hazrat onamlar iztirob cheka-cheka behol bo‘lib yiqildilar. Oxirgi aytgan so‘zlari Sizning nomingiz bo‘ldi. Kechadan beri tildan qoldilar. Faqat ko‘zlari ochiq, atrofga termulib sizni izlaydilar. Hazratim, jon berolmay qiynalayotgan ulug‘ onangiz hurmati, tezroq yetib keling.
Zavjangiz Salima begim!»

Akbar darhol kemadan tushib otlandi-yu. Agraga qaytdi. O‘sha zahoti Rani Jodha Bay Ollohoboddagi Salimga maktub yo‘lladi:

«Hazrat otangiz, harbiy yurishni to‘xtatib, Agraga qaytdilar. Men Sizga bergan oq sutimga rozi bo‘lishimni istasangiz, siz ham ulug‘ buvingiz bilan vidolashish uchun tez Agraga keling. Bu o‘tkinchi dunyoda yaxshi ot qoldiring, jonim bolam! Yosh to‘la ko‘zlar bilan yo‘lingizga nigoronmen.
Onangiz Rani Jodha Bay».

Akbar yarim kechada saroyga yetib, Hamida begim yotgan xonaga kirdi. Rangi qonsiz, ko‘zlari yumuq onasining yonida cho‘kkalab, uning ozg‘in tanasini choyshab bilan birga quchdi-da:
— Onajon! — deb sekin chaqirdi.
Yolg‘iz o‘g‘lining ovozi Hamida begimni go‘yo narigi dunyodan qaytarib olib kelganday bo‘ldi. Ko‘zini majolsiz ochdi-yu, tepasida Akbar turganini ko‘rdi. Shunda xira ko‘zlari nurga to‘lib bir yorishdi, ammo tili gapga kelmadi. Akbarni tirik ko‘rgani ona uchun so‘nggi tasalli bo‘ldi. Ilhaqlik tutib turgan jon endi uzildi-yu, ochiq ko‘zlar tez so‘na boshladi.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:27:02

Ollohoboddagi Salim ham urush harakatlarini to‘xtatib, buvisini dafn qilishga kelayotgani atrof vilo¬yatlarga ma’lum bo‘ldi. Hatto o‘z o‘limi bilan falokat urushning oldini olgan Hamida begimga butun mamlakat aza tutdi. Uning tobutini Agradan Deh-ligacha yuz minglab odamlar kuzatib qo‘ydilar. Begimning jasadi o‘zi qurdirgan Mirzo Humoyun maqbarasining o‘ng qanotiga dafn etildi. Odatga binoan, uning qabri ustiga qo‘yilgan marmar tosh yuzasiga to‘rt qirrali mo‘tabar belgi tarashlandi. Bu belgi Hamida bonuning to‘rt farzand ko‘rgan ona ekanini bildirar edi.
Ollohobod uzoq bo‘lgani uchun, Salim oradan o‘n besh kunlar o‘tgandan so‘ng Dehliga yetib bordi. Hindiston odatiga binoan motamsaro oq kiyim kiyib, bobosi va buvisining maqbarasini ziyorat qildi. So‘ng Hamida begimning Agrada o‘tkazilayotgan «yigirma»siga yo‘l oldi.
Salimning qo‘shinsiz kelgani Akbarga yaxshilik alomati bo‘lib tuyuldi. «Yigirma»ga kelganlar tarqagach, u o‘g‘lini xonayi xosiga taklif qildi-yu, qarshisiga o‘tqazdi.
— Xayriyatki bu gal dilingizda mehr-u oqibat g‘olib kelibdir, — dedi. — Onam rahmatli o‘z o‘limi bilan avvalo, sizning istiqbolingizni qutqardi, amirzoda!
Salim kinoyali iljaydi:
— Hazratim, nechun faqat meni?.. Siz umr bo‘yi xuddi afsonaviy Rustami doston kabi mag‘lubiyat ko‘rmay kelmoqdasiz... Agar Rustamning shunday xaloskor onasi bo‘lganda, ehtimol, o‘g‘li Suhrob ham uni yengolmagan bo‘lardi!..
Akbar o‘g‘lining nima demoqchiligini tushundi-yu, ovozini tahdidli pasaytirib so‘radi:
— E, hali siz Suhrob bo‘lib meni yengishingizga ishonganmidingiz? Nahotki siz bilan Suhrobning orasida qanchalik katta farq borligini bilmaysiz? Suhrob umr bo‘yi otasini ko‘rmay o‘sgan, uni tanimay, bilmay halol olishgan! Ammo otasining erkasi bo‘lib, ko‘zining yog‘ini yeb o‘sgan shahzodalar ko‘ra-bila turib padarkushlik qilganda olti oydan ortiq podsho bo‘lolmasligini tarix qayta-qayta isbot etgan-ku! Eng oxirgi dalil — otasiga qarshi tajovuzlar qilgan turonlik Abdumo‘min ham Abdullaxondan keyin olti oy podsholik qilar-qilmas boshi kesilganini eshitganmisiz?
— Eshitganmen, ko‘p otashin bo‘lmang, hazratim! Otaga qarshi qilich ko‘targan o‘g‘ilning davlati uzoqqa bormasligiga men ham endi aminmen.* Shuning uchun, mana, qo‘shinsiz, qurolsiz, bosh egib huzu¬ringizga keldim.
— Xo‘sh, qani, tilagingiz nedur?
— Hazrat otajon, men ham o‘ttiz beshga kirdim. O‘g‘lim Xisrav farzand ko‘rdi, men endi nevarali, siz chevarali bo‘ldingiz. Mamlakat juda ulkan bo‘lib ket¬di, uni boshqarish sizga ham qiyin. Bu borada Shoh¬ruh mirzo bilan o‘g‘li Ulug‘bekning tajribalari bizga mos kelmog‘i mumkin. Ota Hirotda, o‘g‘il Samar¬qandda bo‘lgani kabi siz Agrada bosh bo‘lib tursangiz, faqir Ollohobodda sharqiy viloyatlarni idora etsam...

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:27:14

— Demak, siz Mirzo Ulug‘bekdek mustaqil podsho bo‘lmoqchisiz! Ammo yoshingiz shunchaga kirib, nevarali bo‘lib, Ulug‘bek qilgan buyuk ishlarning qaysi birini qildingiz? Rasadxona-yu madrasalar qurdingizmi? «Zichi Ko‘ragoniy»dek kashfiyotlar qildingizmi? Ollohobodda siz o‘zingizga saroy qilib olgan qirq ustunlik ulug‘vor qasrni ham biz qurdirganmiz! Siz tayyoriga ayyor bo‘lib, kayf-u safo qilib yuribsiz!
Akbar o‘z dilida yillar davomida o‘g‘liga qarshi to‘planib yurgan dard-u alamlarni birvarakay to‘kib soldi.
— Agar siz menga to‘g‘anoq bo‘lmaganingizda, farangilarni janubdagi Goa-yu Damandan allaqachon quvib yuborgan bo‘lardim! Ular bizning ichki nizolarimizdan foydalanib endi Bangolaning janubida ham paydo bo‘lishdi. Xugla degan bandarni o‘zlariniki qilib olishdi. Agar siz menga yordam berganingizda, Tu¬rondagi xayrixohlarimizning istiqboli ham bosh¬qacha bo‘lardi! Biz bu yerda o‘zimiz bilan o‘zimiz ovora bo‘lib qolganimiz uchun qayoqdagi ashtarxoniylar Buxoro-yu Samarqand taxtini allaqachon egallab oldi¬lar. Shuncha yomonlik qilganingiz ozmidiki, mana bu tangalardan mening nomimni olib tashlabsiz!
Akbar zarbof ko‘rpacha tagidan bir siqim oltin tangani olib o‘g‘lining ustiga sochib yubordi:
— Men ellik yil jon chekib, amalga oshirgan nek ishlarni nahotki tilab olgan o‘g‘lim shunchalik noinsoflarcha barbod qilsa?! Yana buning ustiga Abul¬fazldek eng suyangan do‘stimning boshiga yetsa?!
Salim so‘nggi gapdan dir-dir titray boshladi. Akbar uning gunohkorligini shundan ham sezdi-da, qattiq qarsak chaldi. Eshik ortida turgan ikkita devqomat yigit tez kirib kelishdi.
— Oling buni! — deb Akbar yigitlarga buyurdi: — G‘uslxonaga eltib hibs qiling! Jazosini tortsin!

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:27:30

Tanasi lattaday bo‘shashib qolgan Salimni xizmatkorlar ikki qo‘ltig‘idan olishdi, qasrning bir chetidagi g‘uslxonaga olib borib, qamab qo‘yishdi.
Podshoh oilasining cho‘miladigan joyi bo‘lgan g‘uslxonaning ichi nam, derazasi yo‘q. Devorlari marmardan, oyoq ostilariga rangli toshlarni chiroyli qilib terib sangfarsh qilishgan. Dam oladigan xonasiga xushbo‘y atirlar sepilgan, guldor gilam va kimxob ko‘rpachalar to‘shalgan. Lekin hozir yomg‘ir fasli, buning ustiga g‘uslxona o‘zi nam, hamma narsa zax tortib qolgan. Sochiqlarning ho‘li qurimagan. Odam¬lar badanlarining kirlarini yuvgan shu joyda kecha-yu kunduz qamalib o‘ltirish ta’bi nozik shahzoda uchun chidab bo‘lmas qiynoqqa aylanib ketdi.
Akbar ichkariga hech kimni, hatto onalarni ham kiritmaslikni, suv-nondan boshqa hech narsa ber¬maslikni buyurdi. Soqchilar bu buyruqni qattiq turib bajara boshlashdi.
Mudom sarxil ovqatlar yeydigan, har kuni kechki payt xushbo‘y chog‘ir ichib turadigan, ikki-uch kunda bir afyun qo‘shilgan ma’jun yeb, kayf qilishga o‘rgangan Salim to‘qqiz kun non-suv bilan zax g‘uslxonada o‘ltirgach, badanlari tirishib, o‘ladigan holatga keldi. Eshiklarni taqillatib dod soldi:
— Men kasalmen! Oching!  Chog‘ir bering! Bas! Bo‘shating meni! Bo‘shating!
O‘g‘lini ko‘rishga kelgan, lekin ichkariga kirolma¬yotgan Rani Jodha Bay yig‘lab gapirdi:
— Men ne qilay, bolam? Otangiz qahridan tushmayaptilar!
— Meni Murodga o‘xshatib o‘ldirmoqchimilar?! Badanim tirishib qolyapti! Chog‘ir bersinlar, bir xumordan chiqay! Bo‘lmasa o‘lamen!
Maryami Zamon Akbarning oldiga bordi:
— Shafqat qiling! Meni ham farzand dog‘iga giriftor etmang!
— Qo‘rqmang, Maryami Zamon. Chog‘ir so‘ragan bo‘lsa hali dami baland. Yotsin o‘sha joyda! Tavbasiga tayansin!
O‘ninchi kuni Salim yana eshikni taqillatib dod sola boshladi. Goh afyunni ko‘p yeb, ostonaga bosh qo‘yganicha abadiy uyquga ketgan birinchi xotini Man Bay, goh Abulfazlning kesilgan boshi uning ko‘ziga ko‘rinib ketardi. G‘uslxonada qandaydir dahshatli sharpalar uni quvib yurganday bo‘lardi. U jinnilarcha baqirib, ho‘ngrab yig‘ladi:
— Bo‘shatinglar meni! Ko‘zimga arvohlar ko‘rinmoqda! Jinni bo‘lishimni istaysenlarmi?! Ochinglar!
Bu gal yopiq eshikning oldiga Jodha Bay bilan birga Salima begim ham keldi.
— Men bir bor elchi bo‘lib oraga tushgan edim, bolam! — dedi Salima begim. — Sarkashlik qildingiz! Nechun chog‘ir so‘raysiz? Shafoat so‘rang! Bir og‘iz «tavba qildim» deng!
Holdan toygan Salim zaif tovush bilan:
— Xo‘p, onajonlar, menga shafe bo‘linglar!.. — dedi. — Meni otamning oldiga olib borsinlar!.. Afv so‘ray!..

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:27:46

Salim o‘n kunlik hibs davomida uch-to‘rt oy kasal yotgan odamday rangini oldirgan, ko‘zlari ichiga botgan, oyoqlari kalovlanib zo‘rg‘a qadam tashlar edi. Ikki ona ikki yonida, uni otasi oldiga olib bordilar.
— Tavba qildim! — dedi Salim tiz cho‘kib.
Akbar darmoni ketib qolgan o‘g‘lini qarshisiga, onalarni ikki yoniga o‘tqazdi.
— o‘n kun g‘uslxona — sizning tog‘day gunoh¬laringiz o‘trusida zig‘irday kichik bir jazo xolos, — dedi Salimga. — O‘z oyog‘ingiz bilan kelganingiz uchun sizni ayadim, onalaringizning yuzidan o‘ta olmadim... Yomonlikning jazosi hayotdan qaytsa ana u yomon bo‘lg‘ay! Zahhoki Moron degan afsona yodingizdami? Yomonlikni ko‘p qilgani uchun Zah¬hokning ikki yelkasidan ikkita ilon o‘sib chiqmishdir. Ana shunday ilonlar har qanday podshoning ham yelkasida in qo‘yishga ishqibozdir. Bu ilonlarning biri zolimlik, biri — bid’at-u xurofot. Biri taxtparastlik, biri— xudparastlik! Men o‘z yelkamdan bosh ko‘tarmoqchi bo‘lgan bu ilonlarni yo‘q qildim, deb o‘ylagan edim. Keyin qarasam, bu ilonlar sizning yelkangizga o‘rmalab chiqmoqda. Axir bu ilonlar mudom qurbon talab qilur! Suyukli yoringiz Shoh begim, mening do‘stim Abulfazl ana shu ilonlarning qurboni bo‘l¬madimi? Shu ketishda bu ilonlar axiyri o‘zingizning ham boshingizga yetmagaymi?!
So‘nggi gaplar g‘uslxonada Salimning ko‘ziga ko‘ringan dahshatli sharpalarni yodiga soldi-yu, seskantirib yubordi:
— Inoning, hazratim, men endi o‘z nomimga xutba ham o‘qitmagaymen, pul ham zarb etmagaymen. Yelkamdan o‘sib chiqmoqchi bo‘lgan ilonlar¬ning boshini kesgaymen!
— Ilohim shu niyatingizga yeting, o‘g‘lim! Bu ilonlardan hali men o‘zim ham qutulgan emasmen. Toj-u taxt, mutlaq hokimiyat bor joyda ular hamisha bo‘lur ekanlar. Yaxshi bo‘lishni istasang, umr bo‘yi bu ilonlar bilan olishib yashashga majbur ekansen. Lekin dunyoda yaxshi nom qoldirolmasang, yashashning ne qizig‘i bor? Bobur bobomizning turkiy satrlari yodingizdami? «Bori elga yaxshilik qilg‘ilki, bundin yaxshi yo‘q, to degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilik».
— Men bu g‘azalni boshdanoyoq yod bilurmen!— dedi Salim.
— Agar yod bilsangiz endi unga amal qiling! Axir avlodlar almashganda alg‘ov-dalg‘ov bo‘lishi, otalar bilan bolalar orasida nizo chiqishi tarixda ko‘p uchraydigan hodisa. Ammo bizning Bobur bobomiz bilan otamiz shu falokatdan yuqori turgan ulug‘ siymolar edi. Ulardagi mehr-u oqibat, avlodlarning bir-biriga fidoyiligi — behad noyob bir gavhar ekan. Endi siz bilan men shu gavharni yo‘qotib qo‘ymaylik, o‘g‘lim! Gavhar hayot ummoniga qaytadan tushib ketsa, keyin uni topib bo‘lmagay. Ana undan so‘ng menga qilgan oqibatsizligingiz o‘g‘illaringizdan o‘n hissa ko‘payib qaytgay. Oxirida bu illat ularni padar¬kushlikkacha olib borgay! Zinhor, ming zinhor buni unutmang!
Akbarning so‘nggi so‘zlari Salimga vasiyatdek eshitildi-yu, ko‘zlarini jiqqa yosh qildi. O‘g‘lining dili yumshab insofga kelib turgan shu damda rani Jodxa Bay uning otasiga chin ixlosmand, balki ma’naviy voris bo‘lishiga umid qildi. Akbardan so‘zlashga ruxsat oldi-yu, Salimga yuzlandi:

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:28:01

— Shayx Bobo, gavhar yo‘qolmasin uchun uni oltin uzukning ko‘zida asraydilar. Farzandlik oqibati gavhar bo‘lsa, uni o‘z bag‘rida asraydigan oltin — imon-u e’tiqoddir. Jannatmakon bobongiz Humoyun hazratlari o‘z otalariga dildan maslakdosh bo‘lganlari uchun shu qadar oqibat ko‘rgazganlar. Siz ham imon-u e’tiqodda hazrat otangizning sodiq maslakdoshi bo‘lmog‘ingiz kerak!
Bu so‘zlar Salimga otasi kashf qilgan dini ilohiyni eslatdi-yu, birdan vujudini sergaklantirdi.
— Hazrat otajon, tepamizda Xudo turibdir. Ros¬tini aytay. Oltin ashrafiylarga kalimayi shahodatni qayta zarb ettirganimdan ranjidingiz. Biroq men sizni ham Alloh taoloning qahridan saqlash niyatida shunday qildim. Axir kalimayi shahodat «Xudo bittadir. Al-lohdan boshqa iloha yo‘qdir» degan ma’noni bil¬di¬radir-ku. Biz boshqa dinlar, boshqa xudolarni tan ol¬sak, Allohning irodasiga qarshi borgan bo‘lmaymizmi?
— Yo‘q! Chunki men oltin ashrafiylarimga «Allohu akbar» iborasini zarb ettirganmen. Dini ilohiy «Alloh ulug‘dir» degan shu e’tiqodga asoslanmishdir. Man¬faatparast ulamolar-u, zolim hukmdorlar kalimayi shahodatni tor mahalliy ma’noda talqin qilib, diniy bosqinchiliklarga yo‘l ochib bermishlar. Ular «Allohdan boshqa iloha yo‘q» degan iborani «Boshqa xalqlarning ilohalari qalbaki, dinlari yolg‘on, shuning uchun biz g‘ayridinlarni qul qilishga haqli¬miz, ulardan jizya solig‘i olib boyishimiz kerak!» degan ma’noda tushuntirib, badnafs tamagirlarni rag‘batlantirdi. Bunday zo‘ravonliklar islom olamini boshqa xalqlarga yomon ko‘rsatdi, uning dunyodagi mavqeyini pasaytirdi.
— Lekin boshqa dinlar islomni tan olmasa, biz ular bilan nechuk inoqlashgaymiz, hazrat otajon?

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:28:15

— Islomni tan olmasa, Xudoni tan olgay-ku. Axir Xudo demagan biror din bormi? Qochgan ham Xudo deydir, quvgan ham! Xudo bitta, faqat turli qavmlar uni turli nomlar bilan ataydilar, unga turfa sifatlar berurlar. Bu xilma-xillik — muqaddas yuksaklikka olib boruvchi yo‘llarning bir-biriga o‘xshamasligidan dalolat berur. Ammo inson zotining eng muqaddas tuyg‘ulari axir oqibatda yuksak bir haqiqat mehvariga yig‘ilgusidir. Men bunga imon keltirurmen, chunki barcha ellar bir quyosh ostida, bitta zaminda yashamoqdalar. Insoniyat ulg‘aygan sari imon-u e’tiqod yo‘llari tobora baland ko‘tarilib bormoqda. Men sizga tog‘ yonbag‘rlarining bir cho‘qqi ustida birlashib ketishini avval ham misol qilib aytgan edim. O‘shal cho‘qqini siz ham hozir tasavvur ko‘zi bilan ko‘rsangiz bo‘lur. Qarama-qarshi tomonlardan toqqa qadam qo‘ygan turli din vakillari bir-birlarini ko‘rmagan-bilmagan paytlarda har qancha yovlashgan bo‘lsalar ham, eng baland ilohiy nuqtaga chiqqanlarida ko‘zlagan maqsadlari-yu, intilgan manzillari yagona ekaniga amin bo‘lurlar. Muqaddas tuyg‘ularimiz oliy yuksaklikda bir-biriga tutashganda biz hammamiz odamzodning taqdiri ham, parvardigori ham yagona ekaniga ishongaymiz. O‘shanda ayturmiz: «dunyoda bizdan boshqa insoniyat yo‘qdir, yagona parvardigordan boshqa iloha yo‘qdir». «Lo iloho illollohu»ni mana shunday umuminsoniy miqyosda tushunsangiz dini ilohiy dilingizga yo‘l topgay, o‘g‘lim!
Salim bir lahza otasining mantiq kuchiga tan berib, uning haqligiga imon keltirishga chog‘landi... Ammo birdan Farid Buxoriy kabi eski musulmonobod tarafdorlari esiga tushdi. Ular ming-ming, hammasi Salimdan najot kutadi, unga umid ko‘zini tikadi. Nahotki Salim birdan shuncha odamni noumid qilib, imon-u e’tiqodini o‘zgartirsa? «Buning oqibati yomon bo‘lg‘ay» dedi unga ichki bir ovoz.
Salim otasi oldida majolsiz bosh egdi-yu:
— Hazratim. Siz aytgan oliy yuksaklikka ko‘tari¬lish bugundan boshlab mening ezgu-niyyatimga aylangay. Ammo hozir hibsdan keyingi darmonsizlik tufaylimi... dilim allanarsadan xavotir bo‘lmoqda...
Akbar xotinlariga qaradi.
— Nelar sizni xavotir qilmoqda, bolam? — deb Salima begim Salimga mehribon ko‘zlarini tikdi: — Biz sizning xavotiringizga ham sherikmiz. Dilingizdagi g‘uborni ota-ona mehri bilan yuvsangiz yengil tortgaysiz... Ochiq so‘zlang!
— Rost, sizlarning mehringiz menga shifodir... Xavotirim shulki, — deb Salim Farid Buxoriyning Kobulda aytgan so‘zlarini esladi: — Dunyoda g‘ayridinlar bizdan ko‘proqdir. Dinlar qo‘shilsa islom suyulib, mavqeyimiz pasayib ketmagaymi? Biz g‘ayridinlar ummonida o‘zligimizni qanday saqlagaymiz?
Akbar og‘ir tin oldi-yu, Salima begimga «javob bering!» degandek ishora qildi.
— Amirzodam, hazrat otangiz dini ilohiyni e’lon qilganlariga yigirma yildan oshdi. Shundan beri mavqeyimiz pasaydimi, yoki ko‘tarildimi?

Qayd etilgan