BEZOVTA QALB NOLASI
Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh.
Hurmatli Hilol hodimlari. Men avallari shim kiyib, sochlarimni ko’z-ko’z qilib yoyib, chiroyli kiyimlarni kiyib, xullas, o’zimga judayam oro berib yurardim. Ko’chalarda sho’x kulgilarim bilan hammani o’zimga jalb qilishga intilardim. Orada o’zimdan kichik bola bilan tanishib, uning so’zlariga laqqa tushib, menga uylanmoqchi bo’lgan yigitdan yuz o’girdim. O’qishni bitirib, o’sha yigit uchun institutda ishga qoldim (u hali talaba edi). Yaxshi ishlar taklif qilishdi, lekin unamadim. Men xayolimda bahtiyor edim. Men tenggi qizlar turmushga chiqib, yigitlar uylanib bo’lishdi. Bir kuni unga: Hech bo’lmasa, belgilab oling, dedim. U har turli bahonalar qildi. Shundan keyin qalbim bezovta bo’la boshladi. Xullas, bir kuni u: Bekorga sizni sevgan ekanman, dedi. Nafratdan titrab ketdim. Shundan keyin hech kimga e’tibor bermaydigan, sevgi to’grisida gapirganlarga qo’l siltaydigan, qahrli bo’lib qoldim. Ilmga kirishdim, hozir nomzodlik ishi yoqlash arafasidaman. Ammo aspiranturada birga o’qiganim bir namozxon yigitning diniy mavzudagi gaplari qalbimda yangicha tuyg’ularni uyg’otdi. Men o’limdan qo’rqmasdim, chunki o’lib ketsam, orqamda mensiz qiynaladigan erim, farzandlarim yo’q, uydagilar ham mendan bezor bo’lishgan, deb o’ylardim. Endi esa namozxon yigitning so’zlari qalbimda qo’rquv Xudodan, hisob-kitobdan qo’rquv uyg’otgan edi. O’zimdan uyala boshladim, avval faqat bomdod namozini, keyin xuftonni, keyinchalik esa, qazo qilib bo’lsa-da, besh vaqt namozni o’qiy boshladim. Bir kuni tush ko’rdim, oppoq libosli farishtalar meni osmonga olib chiqishdi, so’ng kimsasiz dashtga oborishdi. Hayron bo’lib, ulardan, nimaga bu joy kimsasiz, nimaga hech narsa yo’q deb so’radim. Ular menga: Bu sening bir kuning, sen namozlaringni qazo qilib o’qiyapsan, shuning uchun shu kuning bo’sh qoldi , deyishdi. Ertasidan besh mahal namozni vaqtida o’qiy boshladim. Ammo qalbim hamon behalovat edi. Ko’chada ro’molli qizlarni ko’rganimda, ularga havas bilan boqardim. Nihoyat, hech kimning so’ziga qaramay, men ham ro’mol o’radim. Endi bir oz xotirjamdayman. To’la xotirjam bo’lolmayotganimga esa, mening o’tmishim xalaqit bermoqda. Azizlar, ayting-chi, oldingi holatim, ya’ni, shim kiyib, sochlarimni turli xil turmaklab, o’zimni ko’z-ko’z qilib yurganimni Alloh kechirdimikan. Afsuslarim cheksiz, eslasam, yuragim tirnaladi, bilmayman, men ham Alloh sevgan bandalardan bo’la olamanmi?..
Iltimos, savolimga befarq qaramangiz, javobingizni kutaman. Alloh sizlardan rozi bo’lsin.
Hurmat ila Nodira
Hilol taqvimi 1-son 1428 yil