Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370475 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 51 B


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 21:49:51

    Bu gap Mahmud uchun yangilik emas edi. Korxonalar ijaraga berila boshlaganida Asadbek bir necha yigitlariga taksi mashinalar olib berdi, ammo kattaroq ishga qo‘l urmadi. U kutgan payt endi keldi: korxonalarni sotib olish fursati yetdi. Buning uchun zavod xarob holga kelishi, so‘ng sotib olinishi zarur. Korxonani xarob holga olib kelish qiyin ish emas. Biroq uni dunyo bilan tillasha oladigan darajaga yetkazish qiyin. Buning uchun aql kerak. Aqlni Asadbek Sharifda ko‘rgan, uni bosh muhandislikka tayin etishda ana shu maqsadni ko‘zlagan edi.
   Asosan ijrochilikka ko‘nikib qolgan Kesakpolvon Asadbekning shu ishlariga ko‘pam tushunmas, shu ishdan bir gap chiqar, deb, uncha aralashmas ham edi. Mana hozir «bir ish chiqayotganiga» ishonib, hayratga tushdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 21:52:01

IV  b o b

1

— Sizni chiqarib yuborishmoqchi bo‘lishgan ekan, o‘zingiz ko‘nmaganmishsiz? — dedi hamshira.
— Sizni tashlab ketgim kelmadi, — dedi Anvar, jilmayib.
— E, qo‘ying-e...

...Men sizni o‘ylasam
Charog‘on bo‘ladi olamim.
Men sizni o‘ylasam
Qora qon bo‘ladi olamim...


— Anvar aka, qo‘ying, bunaqa gaplarni... Shunaqa desangiz... gaplashmay qo‘yaman...
Hamshira shunday deb kaftlarini yuzlariga bosdi. Anvarning shirin so‘zlari unga yoqqan, bu so‘zlar vujudidagi shaytonni uyg‘otgan, shayton esa fursatni qo‘ldan bermay, ayolning nozik hislarini qo‘zg‘ata boshlagan edi. Ayni chog‘da, sergak farishtalar ayolning uyat, nomus, hayo tomirlarini uyg‘otmoqqa kirishgan edilar. Osmondagi bulut to‘dalari to‘qnashib yashin chaqqani kabi bu vujudda ikki kuch ayol yuragini yondirib, larzaga soldi. Bu kuchdan juvonning yuzlarigacha qizarib ketdi. Chiroqning xira nurida hamshiradagi bu o‘zgarish sezilmasa-da, u o‘ng‘aysizlanib, yuzlarini kaftlari bilan to‘sgan edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 21:54:00

    Anvar juvondagi bu o‘zgarishni sezdi. Kunduzi bir shifoxonada hamshiralik qilib, bu yerda haftaning ikki tunida navbatda turuvchi, ustiga-ustak qo‘shni idorada farroshlikni ham bo‘yniga olgan bu ayol har qanday erkakning xayolini o‘g‘irlashi tayin edi. Bu xushro‘y ayolning eri majruh ekani, to‘shakdan turolmasligini bilgan erkak esa unga bir qarmoq tashlab ko‘rmasa ko‘ngli tinchimas. Hamshira bunga ko‘nikib qolgan. Ko‘zlarini chaqchaytirib turib ko‘ngil izhor qilgan, ayniqsa bilagiga qo‘l yuborganlarida u erkak zotidan, hatto ba’zan o‘z eridan ham nafratlanib ketadi. «Erim sog‘ bo‘lganida shularga o‘xshar edimi», deb o‘ziga o‘zi savol beradi. Bolaligida xastalanib, so‘ng to‘shakka bir umr mixlangan bu yigitni yaxshi ko‘rib tekkan. Ko‘nglida uyg‘ongan his nima edi — muhabbatmi yo rahm-shafqatmi aniq bilmaydi. Yigitni xastaxonada ilk ko‘rganida yuragi g‘alati bo‘ldi. Yuzida kulgichi bor, ko‘zlari qisiqroq, qoshlari qalin bu yigit istarali, so‘zlari esa shirin edi. U xuddi xirgoyi qilayotgandek shirin gapirardi... Boshqa hamshiralar muolaja qilishsa, gapga solishsa uning g‘ashi keladigan bo‘ldi... Otasi ko‘nglida norizo bo‘lsa-da, sirtiga chiqarmadi. «Shu g‘aribga baxt bersa, savob», dedi. Dunyodagi eng xushsurat yigitni kuyov qilaman, degan umidda yurgan onasi ko‘z yoshi to‘kdi-yu, baribir ko‘ndi. Ba’zilar to‘rt muchasi sog‘ go‘zallarga yetishguncha dard chekishadi. Hozir yuzlariga kaftlarini bosib turgan juvon esa xasta yigitga yetguncha ko‘p qiynaldi. U kechirgan to‘lg‘oqli tunlar tasviri alohida doston bo‘lar. Ko‘nglini muhabbat chaqmog‘i ozgina bo‘lsa ham yoritgan insonga bu kechmishlar begona emas.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 21:56:14

    Hamshira ko‘nglida shilqimlik uyg‘ongan erkaklarga duch kelganida to‘shakda yotgan eri ko‘z oldiga kelardi. Shunda unga xiyonat qilganday, o‘zini o‘zi la’natlar edi. Bilagiga begona erkakning qo‘li tekkuday bo‘lsa vujudi kirlanganday, yomon bir kasal ilashib qolganday tuyular, uyiga qaytgach, erining ko‘ziga boqishga qurbi yetmas, bolalarini o‘pishga ham yuragi betlamas edi. Uyiga go‘yo haromni boshlab kelganday o‘zidan-o‘zi nafratlanar, dunyoni bunchalar yaralganidan xafa bo‘lib ketardi. Ba’zi hollarda «erim sog‘ bo‘lganida shu yo‘lda yurarmi edi» deb savol tashlab, yuragi battar ezilib ketardi. Nomusni jondan aziz bilgan ayol xiyonatga duch kelsa nima bo‘larkin? Ming yillar muqaddam o‘tgan Yevripid degan shoir:

    Nomussizlik gar ilashsa nikoh ipiga
    Ayol qalbi shu qadarli qonsiragayki,
    Topolmaysiz yer yuzida bunaqasini,

deganida balki bizning hamshirani nazarda tutgandir.
    Xullas, rashk mavjud, ammo xiyonatga begona oila sohibasi garchi Anvarga mehri bo‘lsa-da, chegaradan chiqa olmas edi. Chegarada nomus, iffat, hayo degan qo‘riqchilar borki, ular iblisning zarbalariga yo‘l bermaydilar. Hamshira «shunaqa desangiz... gaplashmay qo‘yaman» deganida shunchaki po‘pisa qilmadi. Hozir Anvar gapni shu ohangda davom ettirsa, chindan ham suhbatga chek qo‘yar edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 21:58:31

    Anvar hamshiraning gapini yolg‘on po‘pisa deb anglamadi. Balki gaplari noto‘g‘ri talqin etilganidan afsuslandi:
— Dilobar, — dedi u, — siz meni tushunmadingiz. Erkak bilan ayol bir-birini yaxshi ko‘rsa maqsad faqat to‘shak bo‘lmaydi-ku? Aka-singilday yaxshi ko‘rish mumkinmi? Men sizning qoshu ko‘zingizni emas, faqat inson bolasiga xos odatlaringizni yaxshi ko‘rishga haqqim yo‘qmi? Yorug‘ olamda besh milliardga yaqin odam yasharkan. Lekin ko‘ngil ba’zan beshta yaxshi odamga muhtoj bo‘ladi-ku? Shu besh odamning biri ayol bo‘lishi mumkin emasmi?
    Dilobar «Gapingiz rostmi?» deganday unga bir qarab oldi. Anvar boshini egib, ko‘zlarini bir nuqtaga qadab o‘tirar edi. Hamshiraning qarab qo‘yganini sezmadi.
— Siz mendan nafratlanmang. Agar siz mendan ranjisangiz... men dunyodan nafratlanaman.

    Olislarni ko‘rish uchun umr karvoni,
    Saboq ekan, kiprigimni yosh qilib qo‘ydi.
    Keyinchalik har bir kuzning bargi xazoni
    Yumshoqqina yuragimni tosh qilib qo‘ydi.


Dilobar oradagi siniqlikni ko‘tarish uchun gapni boshqa yoqqa burmoqchi bo‘ldi:
— Yangi she’ringizmi?
— Yo‘q, — Anvar boshini ko‘tarmay javob berdi, — Asqar Qosim degan shoirniki. Taqdirim o‘xshaydi, ammo she’riyatiga yetishim mushkul. Balki umrim ham o‘xshar.
— Umrim?.. U odam tirikmi?
— Yo‘q... o‘zini osgan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 22:01:11

Dilobar titrab ketdi.
— Osgan?
— Ha.
— Nimaga?
— Buni tushunishingiz qiyin. Oxirgi she’rini aytaymi?
— Ayting.

    «Boshginamga ag‘anagan, katta tog‘lar, alvido!
    Men ketarman hasratlanib, ruhi sog‘lar, alvido!
    Bu dunyoning sho‘rishiga navnihollar tebraning,
    Esliroq bog‘boni yo‘q, qoldi bog‘lar, alvido!»


— Voy, bechora...
— Bechora emas. Chorasini topdi, mard ekan.
— Qo‘ying, bunaqa gaplarni. O‘zini o‘ldirish... mardlik emas.
Anvar o‘rnidan turdi. U ayol bilan bahslashishni istamadi.
— Ertalab yana ishga borasiz. Damingizni oling, — dedi u.
Anvar xurrak ovozi eshitilayotgan xonasiga kirib ketdi.
Hazil ohangida boshlangan suhbatning ezgin ruhda to‘satdan uzilishi Dilobarni qiynab qo‘ydi. Ustiga choyshab solingan taxta karavotda uch-to‘rt soat bo‘lsa ham uxlab olardi. Anvarning gaplaridan keyin ko‘zlaridan uyqu qochdi. Xunuk xayollar tinchlik bermay xonaga bir-ikki o‘g‘rincha qarab oldi.
    Anvar karavotida o‘tirardi. U tong otguncha ham yotmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 22:02:23

2

    Navbatdagi tun bedor edi. Umrning yana bir qorong‘u kechasi to‘lg‘oqlar bilan o‘tayotgandi. Ruhlari xastalangan bemorlar orasida sog‘lom bir yigit dunyoning kirligiga imon keltirib o‘tirardi.
    Hamshira bilan bo‘lgan suhbatdan ezildi, shoir esiga tushib o‘rtandi, deb, siz azizlarni chalg‘itmay. Nafsilamrini aytganda, suhbatni keskin uzishiga nima sabab bo‘lganini Anvarning o‘zi ham aniq bilmaydi. Yuragi siqiladiyu tomog‘iga bir nima tiqilib gapirolmay qoladi. Qulog‘i shang‘ilaydi. Xotini ko‘rgani kelganida ham tuppa-tuzuk gaplashib o‘tirib, birdan shu ahvolga tushadi. Xotini «kasallari tutdi shekilli», deb o‘ylaydi. O‘zi ham ba’zan shu fikrga keladi. «Chindanam jinni bo‘lyapmanmi», deb xayol qiladi. Bu fikrga bandi bo‘lmaslik uchun «Dorilar ta’sir qilyapti», deb o‘zini o‘zi ishontirmoqchi bo‘ladi. Ruhni sozlovchi, tinchituvchi kuchli dorilar sog‘lom odamni gangitishi turgan gap.
Hozir ham shunday bo‘ldi. Xonaga kirib o‘tirib yutindi. O‘sha «bir nima» tomog‘iga qadalib turaverdi. «Jonim halqumimga kelib qoldimi? Qadalib nima qiladi, chiqib keta qolmaydimi? Jon chiqishi shunchalik qiyinmi? Uni quvib chiqarish uchun bo‘yinga sirtmoq solish shartmi? Asqar aka ham shunday qiynalganmi? Qanday umidlar bilan tong ottirganlar? «Bandasini yaratgan Xudo insofni ham berar», debmi? Shoh Mashrabday odamni osgan bandaga insof berilishini umid qilish mumkinmi?»

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 22:03:19

    Yuragi siqilib, havo yetishmayotganday bo‘ldi. U chuqur-chuqur nafas oldi. Tomog‘idagi «bir nima» yo‘qoldi. «Jon anoyi emas. Menday mo‘minni tashlab qayoqqa ketsin? Lekin yurak bezovta. Nimaga potirlaydi. Ozodlikni qo‘msayaptimi? Qaerda bor ozodlik? Mana shu devorlar ortidami? Yo uchinchi qavatdami? Ozodlik devor ortida emas, shu yerda-ku? Ozodlikni asrash uchun devor bilan o‘raganlar. Eng ulug‘ ozodlik esa uchinchi qavatda. Shuning uchun ham derazalarga temir panjara to‘silgan. Devor orti — jinnixona. Amal talashadilar, obro‘, shon-shuhrat ilinjida Xudodan qo‘shimcha barmoqlar tilab olib ishga kirishadilar... Bu yerda esa unday jinnilik yo‘q. Hamma teppa-teng...»
    Anvar shu xayollarga bandi bo‘lib o‘tirganida deraza orti yorishdi. U avvaliga ko‘cha chirog‘i yondi, deb o‘yladi. Lekin yorug‘ oqim faqat ro‘paradagi derazadan oqib kirayotganini anglab sergaklandi. Oppoq nur xuddi poyandoz singari yuqoridan tushib oyoqlari ostida to‘xtagan edi. Anvar ajablandi. Dam o‘tmay bu ajablanish qo‘rquvga aylandi. Hozirgina joni chiqib ketishiga rozi bo‘lib o‘tirgan yigit qo‘rqdi — har holda jon shirin-da! Qo‘rquv oyoq-qo‘liga muz yugurtirdi.
«Qo‘rqma, biz senga faqat yaxshilik istaymiz».
Anvar bu muloyim ovoz qaerdan kelganini bilmadi.
Dilobarning ovoziga o‘xshatib, alangladi. Eshik qiya ochiq — hamshira ko‘rinmaydi.
Ovoz yana takrorlandi.
«Qo‘rqma, biz senga faqat yaxshilik istaymiz. Derazaga qara».

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 22:04:07

Anvar deraza ortida go‘zal bir qizning yuzini ko‘rdi.
— Kimsiz?
— Biz boshqa sayyoradanmiz.
— Qaysi sayyoradan?
— Sizlar Chayon yulduzlar turkumi deb ataysizlar. Biz esa Zurru deymiz. Zurru — nur o‘lkasi degani.
— Uchar likopchalarda yurgan sizlarmidingiz?
— Yo‘q. Ular sizlarning yaqin qo‘shningiz. Quyosh majmuasiga eng yaqin joylashgan Zaura yulduzidan. Zaura — taraqqiyot degani. Ular taraqqiyot uchun hamma narsadan kechganlar. Sayyoralari halokat yoqasiga kelib qolgan. Ulardan qo‘rqishing kerak. Sen biz bilan birga bo‘lasan. Zauraliklarning taraqqiyoti biznikidan ming karra past. Shuning uchun likopchaga o‘xshagan jismda uchib yurishadi. Ularning vakillari orangizga tushgan, sizlar bilan birga yashaydi, sizlar esa buni bilmaysizlar. Xalq otasiman, deb yurgan, senga kun bermayotgan odam asli zauralik. U — odam bolasi — onasidan chala tug‘ilgan, o‘limga mahkum edi. O‘sha onda zauralik uning tanasiga jon bo‘lib kirgan. Shuning uchun unga hech nima kor qilmaydi. Ocharchilik yillari tengdoshlari o‘lganda ham bu tirik qolgan. Ocharchilikda omon qolgan tengdoshlari urushga ketib qirildi. Buning ham erkak ekani, urushga borishi lozimligi birovning xayoliga kelmadi. Urushdan tirik qaytgan tengdoshlari qamoqqa tashlandi. Sen bilmaysan, do‘stlari uning fatvosi bilan qamoqda chiriganlar. Sen uning kelajakni ko‘ra bilish xususiyati borligini ham bilmaysan. Unga ertaga nima bo‘lishi ma’lum. Shuning uchun o‘zi ham bir yarim yil qamoqda o‘tirib kelgan. Qamoqdan chiqqan do‘stlari sil bo‘lib, pes bo‘lib o‘lib ketdilar. U yetmish yoshida o‘n yetti yoshli yigitdan ham baquvvatroq.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 22:05:15

— Uning maqsadi nima?
— U Yerni Zaura fuqarosi uchun tayyorlashi kerak.
— Qanday?
— Ruhan tayyorlaydi. Zaurada tarixdan ko‘z yumganlar. Tarixdan so‘z ochgan zauralik o‘sha zahoti qatl etiladi. Ularning yuragi tosh kabi qattiq. Kimdaki his-tuyg‘u uyg‘onsa — o‘limga mahkum. Xalq otasining vazifasi yerliklar qalbidan mehr-oqibat degan tuyg‘uni haydab chiqarish, tarixni unutishga erishish. Huda-behudaga barmoqlari bilan soch tarashi, «s»ni aytolmasligi, lablarini tili bilan yalab qo‘yishi, ko‘zini lo‘q qilib yolg‘on gapirishi — zauralik ekaniga isbot. U bittagina emas, yonida sheriklari ko‘p. Hammalari odam libosida. Bilib qo‘y: ular odamlarni qirib tashlab, so‘ng Yer sayyorasini egallaydilar. Bilki ular jon bo‘lib odam tanasiga kiradilar. Hozir Yer odamlarining juda ko‘pi zauralikdan iborat. Yer halokat sari boryapti. Biz eng pokiza yerliklarni qutqarib qolamiz. Seni ham olib ketamiz. Sen mening gaplarimga ishonmaysan. Senga yana ozgina fursat beramiz. Yerda yurgan ikki oyoqli maxluqlar aslida Yer odami emas, zauralik ekaniga ishonch hosil qilganingdan so‘ng biz bilan ketishga o‘zing rozi bo‘lasan. Hozir o‘rningdan tur. Nur ustiga qadam qo‘y.
Anvar nur poyandoz ustiga qadam qo‘yishi bilan o‘zini yengil his etdi. Ko‘zlari nurdan qamashdi. Qancha vaqt o‘tganini bilmaydi. Bir vaqt nur kuchdan qolib, ko‘z oldi ravshanlashdi.
— Gaplashish mumkin emas, faqat ko‘rishing mumkin.
Sharshara yonidagi majnuntol soyasida o‘tirgan odamni tanidi: Asqar Qosim. O‘y surib o‘tiribdi. Yerda ham shunday edi — ko‘p o‘y surar edi. Atrofdagi odamlar ham tanish. Shiypondagilar... Nahot? Qodiriy, Cho‘lpon... «Tushimmi, o‘ngimmi?»
— O‘ngingda ko‘ryapsan.
— Ularni ham sizlar...
— Ha, biz olib ketganmiz. Yerdagi zauraliklar zulmidan xalos etganmiz. Pokiza odamlarning barchasi shu joyda orom topadi — bilib qo‘y! Endi izingga qayt. Vaqt yetdi. Men sen bilan yana uchrashaman...
    Ko‘z oldidagi nur yana kuchaydi. O‘zini yana yengil his qildi. So‘ng... nur yo‘qoldi. G‘ira-shira xona... Xurrak ovozi...

Qayd etilgan