Yigit Sharifni eshik tomon boshladi. Yuvingich yonidagi qo‘pol qutini imlab dedi:
— O‘tirib yozing, paxan. Kennayimga bizadan salom eting. Ertaga beshtagina kusok tayyorlab qo‘ysinla.
— Tushunmadim, — dedi Sharif, — kusogingiz nima?
Yigit rostdan tushunmadimi yo laqillatyaptimi, deb o‘ylanib, unga qattiq tikildi. Keyin qo‘pol ohangda:
— Besh ming, — dedi. — Ertaga besh ming so‘m yetkazib bermasa tilla tishlaringni sug‘urib olaman.
— Menda... tilla tish yo‘q, — dedi Sharif soddalik qilib.
— Qani, og‘zingni och-chi?
Sharif yigitning amriga bo‘ysindi.
— I-e, — yigit ajablandi, lekin bo‘sh kelmadi, — unda kallangni sug‘urib olaman. Besh mingga arziydimi o‘zi bu kalla?
— Og‘ayni, uyda besh mingim yo‘q mening. Men...
— Gapni cho‘zma. Yoz xatingni. «Besh ming topib bermasang, meni o‘ldirisharkan», deb yoz. Agar bu ham senga yetmasa, bola-chaqang bilan qirib yuboramiz. Besh ming topiladi, bola-chaqa topilmaydi!
Sharif chinakamiga qo‘rqib ketdi. Bu yigit hazillashayotganga o‘xshamaydi. Sharif bunday qahri qattiq odamlarning qilmishlarini ko‘p eshitgan. Odamning kallasini olib huzur topadigan bu bandalar shunchaki po‘pisa qilishmaydi. Sharif yigit uzatgan qalamni olib ikkitagina jumla yozdi: «Onasi, menga besh ming juda zarur. Xatni olib borgan odamga topib ber». Yigit xatni o‘qib jilmaydi.
— Vey, paxan, odam ekansan-ku, a? — deb yelkasiga urib qo‘ydi-da, eshikni taqillatdi. Darcha ochilib soqchining yuzi ko‘ringach, xatni uzatdi.
— Shu akaxonimizning xatlari bor ekan, berib qo‘ying, duo qilamiz.