Bu gapdan keyin ayol sal dadillandi. Mashoyixlar «so‘z xanjar bo‘lib jonni olishi ham, tiriklik suvi bo‘lib o‘likka jon berishi ham mumkin», deganlariday, Zohidning «kennoyi» deyishi ayoldagi xavotir bulutini bir oz tarqatdi.
O‘tgan kuni peshinda bir yigit kelib: «Sharif akamgila xat berib yubordila», deganida xufton dili birdan yorishib ketdi. Ammo «Besh ming berib yubor», degan gapni o‘qib ajablandi. Xayoliga urilgan narsa — pulni milisadagilar so‘rashgan, degan fikr bo‘ldi. Yigit yana kelajagini bildirib, tezda iziga qaytdi. Kecha esa o‘ttiz ming so‘ralgan maktubni o‘qib, eti uvishib ketdi. «Agar shu pul evaziga chiqarib yuborishsa, uyni sotib bo‘lsa ham topib beraman», degan qarorga keldi. Keyin fikri bir oz tiniqlashgach, «pulni kim so‘ragan bo‘lishi mumkin?» deb o‘ylay boshladi. O‘sha kuni uni ikki yigit so‘roq qildi. Biri sharttakiroq edi. O‘sha so‘radimi? Keyingisi prokuraturadanman, degan edi, yo o‘shanisiga kerakmi bu pul?
Nasiba, garchi ma’lumotli ayol bo‘lsa-da, huquq ilmidan butkul begona edi. Milisaning vazifasi — ushlashu qamash, prokuraturaning vazifasi — qoralash, sudning ishi — hukm chiqarish, degan yuzaki tushuncha barcha o‘zbeklar singari unga ham yo‘ldosh edi. O‘ylagan o‘ylari ham shu tushunchalar atrofidan nari siljimas edi. Prokuratura faqat qoralash emas, haqiqatni oydinlashtirish ishi bilan ham shug‘ullanishi lozimligini bilmasa-da, pul so‘rasa shular so‘raydi, degan fikr uni Zohid bilan uchrashishga da’vat etdi. «So‘raydigan bo‘lsa o‘zimga aytsin, nimaga odam qo‘yadi», deb tongotarda yo‘lga chiqdi. To Zohid ko‘ringuncha ming xayolga bordi. «O‘zimni qamab qo‘ysa-ya», deb qo‘rqdi ham. Zohid sovuqqina qilib «yuring», degach, «ha, shu so‘ragan, kelganim yoqmadi», deb, kutganlariga pushaymon yedi. Ammo «kennoyi» degan so‘z umid ham berdi. «Bu emasdir», degan ilinj bilan qadamini tezlatdi.