Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370586 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 51 B


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 20:48:15

    Asadbekni bilganlarga shu voqeaning o‘ziyoq kifoya edi. Uning qudratiga ishonqiramay turganlar ham ta’zim qiladigan bo‘lishdi. Chunki Asadbek manmansiragan g‘animdan bu atroflar uchun butunlay yangicha bo‘lgan, g‘oyatda vahshiy tarzda o‘ch olgan edi.
    Shunday ekan, Asadbekka kim qo‘l ko‘tara olishi mumkin? Qo‘l ko‘targanda ham pichoqni duch kelgan joyga emas, yurakni mo‘l uribdi. Asadbek har bir to‘daning imkoniyati, ish usulini fikr oynasidan o‘tkazib, «yo‘q, ular jur’at etisholmaydi», degan qarorga keldi.
    Bu ish tasodifan ro‘y bergan emas. Puxta o‘ylangan. Uzoq vaqt payt poylangan. Balki g‘animga Asadbekning yaqinlaridan biri yordam bergandir? Qiz kuppa-kunduz kuni, ko‘pchilik orasidan o‘g‘irlangan. Demak, qizi ko‘chaga chiqib, mashinaga qadar ham o‘zi yurib borgan. Qizi tanimagan odamning orqasidan yurib bormaydi.Qizining dugonasi ham nom-nishonsiz yo‘qolgani ma’lum bo‘lgach, Asadbekka kalavaning bir uchi ko‘ringanday edi. Ana shunda Asadbek keyingi bir yil ichida qamoqdan qaytganlar bilan qiziqdi.Elchinning ham qaytganini bilib o‘ylanib qoldi: «Oradan o‘n yil o‘tibdimi? Ikki oydan beri nima qilib yuribdi ekan, nima uchun menga ro‘para kelmadi? Otuvdan olib qolganimni aniq biladi. Bila turib kelmagani qiziq...» Asadbek yigitlariga Elchinni, qamoqdan qaytgan yana besh odamni qattiq nazorat ostiga olishni tayinladi.
Ko‘ngli notinch bo‘lganiga qaramay, o‘ttiz birinchi dekabr kuni eski uyiga qarab ketdi.
Asrdan o‘tib, shomga yaqinlashgan paytda ko‘cha eshigi ochilib, xotini ko‘rindi.
Dadasi ham xuddi shu paytda kirib kelgan edi. U eshikni shart ochib, ichkari kirib, «toychoq!» deb suyunchilagan edi... Xotini esa eshikni ohista, xuddi sindirib qo‘yishdan avaylaganday ochdi. Hovliga horg‘in-horg‘in qadam tashlab kirib keldi.
    Dadasi ko‘ringanida bolaligiga borib, yot kishilarni bir nafasgina unutib, irg‘ib o‘rnidan turgan edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 20:49:19

    Xotini ko‘ringanda esa... tosh qotdi. Issiq jon oyoq-qo‘llarini tark etib, badaniga sovuqlik yugurdi. Dastlab xayoliga «qizim topilibdi!» degan xushxabar keldi. Ammo bu fikr umri yashin umridan ham qisqa bo‘ldi. «Shum xabar keltirgan!» — shu fikr uning tanasidan jonni quvib chiqara boshladi.
    Manzura — erining ko‘ziga biron marta bo‘lsin tik qaramagan, biron marta bo‘lsin ishiga aralashmagan, «nima qilyapsiz, pulni qaerdan topyapsiz» demagan, «vazifam erimni suyib-erkalash, bola tug‘ib berish, uyni sarishta tutishdangina iborat» deb bilgan ayol yostiqdoshi uchun muqaddas bo‘lgan bu kunda uni bejiz bezovta qilmas edi.
    Ko‘cha eshikdan ayvongacha o‘n besh qadam, ayvon ikki qadam. Asadbekning nazarida Manzura bu yo‘lni bir necha soatda bosib o‘tganday bo‘ldi. Avvaliga «tezroq yur!» deb baqirib bermoqchi edi. Ammo sovuq xabarni bir soniya bo‘lsa-da, kechroq eshitganim ma’qul, degan yashirin o‘y bunga yo‘l qo‘ymadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 20:50:20

    Manzura ostona xatlab qadam qo‘yishga jur’at etmay, eriga baqrayib qarab qoldi. Uning qarashida iztirobdan ko‘ra qo‘rquv zohir edi. Asadbek u bilan salkam o‘ttiz yil birga umr ko‘rib, biron marta urmagan, so‘kmagan edi. Shunga qaramay xotini undan qo‘rqardi. Odamlardan Asadbekning yovuzligi haqidagi gaplarni eshitib yurak oldirgan desak, bu ovozalar keyinroq chiqdi. Asadbek chimildiqqa kirib kelganida uning ko‘zidagi o‘tni ko‘rganu yuragi shuv etib ketgandi. Holbuki, u damda Asadbek ko‘zida yovuzlik emas, kuyovlardagina bo‘ladigan hirs o‘ti mavjud edi.
    Manzuraning otasi badjahlroq edi. Onasi esa huda-behudaga kaltak tushib qolishiga ko‘nikib ketgandi. Er zoti xotinini mana shunday uraveradi, degan tushuncha Manzura ongiga singib ketgan, shu bois erining bir kunmas-bir kun qattiq do‘pposlab qolishidan qo‘rqib yashardi. U ba’zida o‘zicha: «Bunaqa qo‘rqib kutgandan urib yuborganlari ming marta yaxshi edi. Kaltak yeb o‘ladigan bo‘lsa, onam allaqachon o‘lib ketardilar», deb qo‘yardi.
    Asadbek xotinini behad hurmat qiladi, boshiga ko‘tarib yuradi, desam, sizni aldagan bo‘laman. Asadbekka muhabbat begona, desam, siz ishoning. Hayotdan alamzada yurak ko‘zlari yovuzlik pardasida to‘silgan, muhabbat otlig‘ pokiza fazilat bunday biqiq va qorong‘i bo‘shliqda yashay olmas edi. Lekin shunga qaramay, xotiniga bir buyum yoki o‘yinchoq sifatida ham qaramas, Manzuraning ayrim qiliqlari, ishlari yoqmaganda ham qattiq gapirmas edi. Manzuraning hatto «ovqat tayyor» deyishga qo‘rqib turishidan achchiqlanib, «bolalarni o‘zingga o‘xshatib mute qilib qo‘yma» derdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 20:51:19

    Sezib turibman. Siz bu gaplarimga unchalik ishonmadingiz. Odamni o‘limga hukm etganida yuragi jiz etib qo‘ymaydigan Asadbekning uyda musulmonsheva bo‘lishi siz uchun g‘alati tuyulishi mumkin. Lekin men sizga Asadbekning onasi haqida hali so‘zlaganim yo‘q. To‘ng‘ich farzandi emaklay boshlaganida erini urushga kuzatgan, ikki oydan so‘ng qora xat olganiga qaramay, besh yil yo‘lga ko‘z tikkan, og‘zim oshga yetdi deganda esa boshi toshga tekkan, ikkinchi o‘g‘lini tug‘ib chiqqanida erining qamalganini eshitgan, so‘ng «dada» deb tili chiqqan Samandarning o‘pkasini sovuqqa oldirib, Egamga topshirgan, har sahar turib, samovar qo‘yib erini kutgan mushfiq ayol haqida keyinroq so‘z ochaman. Qani, ayting-chi, onasining dardli hayotini ko‘rib ulg‘aygan odam ayolga qo‘l ko‘tarishi yoki haqorat qilishi mumkinmi? Shuning uchun ham Sadirqimorbozning xotinini yolg‘iz tashlab qo‘ymadi, shuning uchun ham Noilaga pichoq sanchgan yigitni surgun qilib yubordi, desam ishonarsiz? Hozir bu gaplarning o‘rni emas. Hozir Asadbekning eski hovlisidamiz. Asadbekning o‘zi nimqorong‘i uyda, xotini esa ostonada turibdi.
    Asadbek ostonada turib qolgan xotiniga «ishqilib xushxabar aytsin» degan ilinjda tikildi. «Tezroq gapir!»— dedi ichki bir hayqiriq, «Yo‘q, indamay tursin!»— dedi boshqa bir ovoz.
    Er-xotinning bir-biriga unsiz tikilib turishi uch-to‘rt nafas davom etdi. Ammo Asadbekning nazarida soniyalar soatlar kabi kechdi. Beixtiyor: «Gapir!»— dedi. Biroq, ovozini o‘zi ham eshitmadi. Hatto tili ham muzlab qolganday g‘o‘dirandi. Manzuraga bu ovoz g‘oyibdan eshitilganday bo‘ldi. Gapirishga mador topolmay yutindi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 20:52:35

Asadbek o‘zini qo‘lga olishga harakat qildi:
— Topildimi?
Manzura «ha» deganday bosh irg‘ab, yig‘lab yubordi.
— Tirikmi?
Asadbek nima uchun bunday deb so‘raganini o‘zi ham bilmadi.
— Xudoga shukr, tirik...— Manzura shunday deb labini tishladi.
Shu so‘z Asadbekka jonini qaytarib berdi. Shart o‘rnidan turib xotiniga yaqinlashdi-da, uni ikki yelkasidan tutib, silkidi:
— Unda nimaga yig‘laysan, nimaga vahima qilasan?
Manzura boshini egib, yig‘lab yubordi. Asadbek, shu paytgacha xotinini chertmagan odam, tarsaki qo‘yganini o‘zi ham sezmay qoldi.
— Gapir, deyapman!
O‘zini qo‘lga olish uchun Manzuraga shu tarsaki kifoya edi.
— Mengina o‘lay... qizingiz... aytolmayman, dadasi...
— Gapir, xuddi bo‘g‘ib tashlayman, — Asadbekning ovozi tahdidli, bu shunchaki bir po‘pisaga o‘xshamas edi.
— Qizingizni bir ahvolda tashlab ketishdi...
Asadbek nima gapligiga tushundi. «Bundan ko‘ra o‘ldirishgani yaxshi edi,— dedi o‘ziga o‘zi, — bu shunchaki tasodif emas. Kim bo‘lsa ham meni o‘tmas pichoq bilan so‘ydi. O‘la-o‘lgunimcha it azobini totishimni istagan odam qilgan bu ishni. O‘ch olishni bilarkan. Meni o‘ldirib keta qolganda lazzat ololmasdi. Endi azobda to‘lg‘onishimni ko‘rib, lazzatlanmoqchi... Yo‘-o‘q... chuchvarani xom sanabdi. Lazzatlana olmaydi. Men o‘zim yuragimni sug‘urib olib chaynab tashlashim mumkin, lekin u ko‘zlarimda azob uchqunini ko‘rmaydi. Bu meni jangga chaqirdimi, demak, kurashaman!!»

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 20:55:16

4

— Uningni o‘chir! — dedi Asadbek dag‘al ovozda. — Uyga bor, ovozingni chiqarma. Bitta-yarimta so‘rasa... ammasinikida edi, de.
— Voy...— Manzura eriga ajablanib qaradi. — Ammasi yo‘q-ku?
— He noshud, — Asadbek shunday deb g‘ijindi. «Bu lalaygan xotin eplab bir bahona topolmasa...» — ammasi bo‘lmasa... ko‘chada mashina sal turtib ketibdi, de, kasalxonada ekan, de.. Bor... To‘xta, kim bilan kelding?
— Jamshid bilan.
— Seni tashlab, Jalilni olib kelsin.
    Jalil hozir shaharning kunchiqar tomonidagi ko‘pqavat uyda turadi. Ukalari ulg‘ayib, siqilib qolishgach, Asadbek shahar ijroqo‘miga birgina imo bilan to‘g‘rilab berganini o‘zi bilmaydi. Ishxonadagilarim lutf ko‘rsatishdi deb quvonib yuribdi. Asadbek shahar markazidan, g‘ishtli uylardan olib berishi mumkin edi. Bu holda Jalil darrov sergaklanib, homiysi kim ekanligini anglab qolar va bu marhamatdan, shubhasiz, voz kechardi. Qaysi bir o‘zbek ishchisiga shahar markazidagi g‘ishtli uydan nasib etibdi — Jalilning bunaqa ikir-chikirlarga fahmi yetadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 20:56:51

    Jalil shom chog‘i kirib keldi. Asadbek qorong‘i uyda, pisillagan tanchada qunishib o‘tirardi. Do‘stining salomiga javoban bir qarab qo‘yib, lom-mim demay o‘tirgan yerida qo‘l uzatdi. Jalil Asadbek yo‘qlayotganini eshitiboq noxush voqea yuz berganini sezgan, «Nimaga? Nima bo‘ldi?» deb o‘tirmay, norin to‘g‘rashni ham yig‘ishtirib, chaqqon otlangan edi. Oshnasining qunishib o‘tirganini ko‘rib, xunuk voqea yuz berganiga ishonch hosil qildi. Shu sababli ham Asadbekdan ranjimadi. Boshqa payt bo‘lganida «Azroilning qavmidan bo‘lsang o‘zingga, men bilan odamga o‘xshab so‘rash!» deb bobillab berardi. Asadbekka bu yorug‘ olamda shu Jalil bas kelib tik gapira oladi. Jalil kezi kelsa otasini ham ayamaydigan, gapirganda ham hamisha baland pardada oladigan toifadan. Burni bir oz puchuq, yuzi dumaloqdan kelgan, qalin qora qoshli bu odam xunuk ko‘rinsa-da, bejirim burun, bejirim lab, bejirim yuzli odamlarga nisbatan istaraliroq edi. Lekin u Asadbekka yaqin bo‘lgani uchun a’yonlar ham astoydil uni hurmat qilishadi, desak adashamiz. Hurmatning sababi boshqa: hayotning qaltis o‘yinlarida ishtirok etayotgan, hamisha tig‘ ustida yurib, ertaga kimning qahriga uchrashi-yu, kimning fatvosi, kimning qo‘li bilan umrlariga nuqta qo‘yilishini bilmay hamisha xatarda yashaydigan a’yonlar bu beg‘ubor odamning rost gaplarini eshitganlarida o‘zlarini dunyo tashvishlaridan bir oz forig‘ bo‘lganday his etardilar. Ammo Xudoning bu adashgan bandalari inson umri faqat yaxshi gaplar uchun, yaxshi ishlar uchun berilganini anglab yetmas edilar. Asadbekning yurak ko‘zini alam, qasos o‘ti ko‘r qilgan, ularning aksari esa mol-dunyo, shuhrat, maishat ilinjida ojiz edilar. Jalil buni bilgani uchun ham ularni ayamas edi. To‘g‘ri, ba’zan u quyushqondan chiqadi. Ularning, hatto Asadbekning ham hamiyatiga tegadi. Shunday bo‘lsa-da, uni kechirishadi. Boshqa odam Jalilning tilidan uchgan gaplarni aytib yuborsami — hukm tayin. Ammo Jalil bu davrada, o‘z iborasi bilan aytganda «shaytonsaroy»da, moziy yodgorxonasining qirilib ketayotgan pokizalik ramzi sifatida saqlanuvchi anjomi kabi asraladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 20:58:12

    Asadbek ko‘pincha, dam xursandchiligida, dam ko‘ngliga qil sig‘may qolganida Jalilni yo‘qlatardi. Yo‘qlov borganda u «xo‘jayiningning kayfiyati qandoq?» deb so‘raydi. «A’lo» degan javobni eshitsa, «meni ko‘rmoqchi bo‘lsa, o‘zi kelsin» deydi. «Chatoq» deyilsa, «Sen ketaver, meni onam mashinada tug‘magan, avtobusda boraman», deb yo‘lga otlanadi. Asadbekning bugun — 31 dekabrda chaqirtirgani uni ham ajablantirdi, ham bir oz tashvishga soldi. Shu sababli yuborilgan mashinaga o‘tirib kelaverdi.
— Ha, ukam, tinchlikmi? — dedi Jalil, fotiha o‘qilgach.
    Asadbek asta «ha» deb bosh irg‘ab qo‘ydi. U Jalilni chaqirtirishga chaqirtirib, gapni nimadan boshlashni bilmay garang o‘tirardi. U dardini faqat shu oshnasiga ayta olardi. Uni shuning uchun ham chaqirtirgan edi. G‘animlar qizining emas, o‘zining nomusini bulg‘aganini anglagani uchun ham dardini aytish og‘ir edi.
    Tashqarida qor bo‘lmagani, oy ko‘tarilmagani uchun atrof tezda zimistonga aylandi.
— Samandar o‘lmaganida qirqqa qadam qo‘yardi, — dedi Asadbek, horg‘in ovozda. Jalil bu horg‘inlik zamirida titroq ham sezdi. Juda ko‘p yillardan beri oshnasini bu holda ko‘rmagan edi. Shu sababli darrov javob qaytarishga so‘z topolmadi.
— Ha, endi... umri kalta ekan... Hur ketdi, — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:00:01

— Bu olamda na akam bor, na ukam... yolg‘izman...
— Gaping uyingdan ham sovuq, a? Odam ham yolg‘iz bo‘larkanmi? Faqat Xudo yakka! Sening bola-chaqang bor, akam yo‘q deysan, men kimman, katta xolangning erimanmi?
Yarim po‘pisa, yarim hazil ohangidagi bu gap oradagi sovuqlikni picha ko‘targanday bo‘ldi.
— Akamsan, sen akamsan...— dedi Asadbek o‘zini jilmayishga majbur qilib. Lekin bu hazin jilmayishini qorong‘ilik yutib yubordi — Jalil ham ko‘rmadi. — Samandar tirik bo‘lganida...
— To‘xta! Gapni chaynama. — Jalil uning tizzasiga shap etib urdi. — Diplomim bo‘lmasa ham miyam ishlab turadi. O‘zingni qiynama, bo‘ladigan gapdan gapir. Samandarni Xudo rahmat qilsin. Sen bilan men bir qop-bir qop gunohni orqalab boramiz u yoqqa. Samandar esa begunoh ketdi. Bu dunyoning g‘alvalarini ko‘rmay ketdi. Xudoning suygan bandasi ekan. Endi u dunyoda huru g‘ilmonlar bilan ayshini surib yurgandir.
    Jalilning baland ovozda aytgan bu gaplari Asadbekka quvvat berganday sergaklantirdi. O‘zidan o‘zi nafratlandi. «Bu qanaqasi, mishiqi boladay ping‘illab qoldimmi? Endi unga ko‘z yoshi qilaymi? U meni yupatsinmi? «Qo‘yaver, bunaqalar ko‘p hozir» deydimi yo «Sen birga bo‘lgan qizlarning ham ota-onasi shunday kuygandir» deydimi? Men... charchabman... kuchdan qolibman... Bu yaxshilikka olib bormaydi. Menga qarshi urush ochdilar... Men esa ping‘illab o‘tiribman...»

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:03:10

— Jalil, — bu safar Asadbekning ovozi dadilroq yangradi, — sen ketaver.
Jalil «nimaga chaqirdingu nimaga haydayapsan?» demadi. Tushundi shekilli. Indamay o‘rnidan turdi.
— Mashina kutib turibdi, — dedi Asadbek.
— Oyim meni mashinada tug‘maganlar. Besh tiyin to‘lasam, g‘irr etib olib borib qo‘yadi.
— Ertalab kelib, ovora bo‘lib o‘tirma.
— O‘zing bilasan.
    Asadbek o‘rnidan turib, uni kuzatib chiqdi. Muyulishga qadar birga bordi. Jalil xayrlashib, qo‘nalg‘a tomon yurgach, Asadbek olcha daraxti panasida to‘xtab turgan ko‘k «Jiguli»ga yaqinlashdi. Eshik ochilib, jingalak sochli yigit tushdi.
— Elchin degan otarchini yerning tagidan bo‘lsa ham topib kellaring.
    Asadbek shunday deb yo‘lida ketaverdi. Bu holat tashqaridan kuzatgan kishiga go‘yo jingalak sochli salom berganu u alik olib o‘tganday tuyulishi mumkin. Asadbek uch qadam qo‘ymay ko‘k «Jiguli»ning motori o‘t olib, joyidan xuddi poygachi mashinaday uchib qo‘zg‘oldi.

Qayd etilgan