Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370645 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 ... 51 B


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:54:58

    Asadbek ayvonda sharpa sezib, o‘girildi. Qo‘lida patnis ushlagan ayolni ko‘rib, yarim ochiq eshikni asta taqillatdi. Ikkala oshna eshik tomon baravar qarashdi-yu, kutilmagan tashrifdan ajablanib, bir zum harakatsiz qolishdi. Hayrat to‘rini birinchi bo‘lib Anvar uzib chiqdi. Chaqqon o‘rnidan turib, chaqirilmagan mehmonga peshvoz chiqib, salom berdi. Elchin ham o‘rnidan turib, qaynotasiga norozi qiyofada boqdi.
— O‘qishga berilib, chaqirganimni eshitmadinglar, — dedi Asadbek ostona hatlab, ichkari kirib.    Ayvondan o‘tib, dahliz eshigini ochgan Xonzoda mehmonxonaga kirayotgan kishini ko‘rib, to‘xtadi.
Asadbek paltosini yechib, stul suyanchig‘iga tashlaguncha, Anvar stol ustini yig‘ishtirishga kirishdi. Bu orada Xonzoda ham kirib, dasturxon yozdi.
— Kelin, siz hech narsaga ovora bo‘lmang. Men hozir turaman, — dedi Asadbek.
— Har kuni kelib yuribsizmi, aka, — dedi Anvar, xotiniga yordamlasha turib.
    Anvar Asadbekni bugun ikkinchi marta ko‘rishi. Dastlab to‘yida ko‘rgan, «odamlar aytganday dahshatli emasga o‘xshaydi-ku», deb ko‘nglidan o‘tkazgan edi. Bugun uning kirib kelishi uni biroz shoshirdi. Asadbek dasturxonga hech narsa qo‘ydirtirmadi.
— Hozir o‘qigan she’ringizni eshitdim. Kuchli yozilgan ekan. «Tenglik qiling, kenglik qiling», deb. Xuddi bizga atab yozibdi. Bir-birimizni bo‘riday g‘ajib yuribmiz-da hozir, — dedi Asadbek. Ochiq ko‘ngilda aytilgan bu gapni Elchin o‘zi tomon otilgan toshday bilib, g‘ijindi. Qaynotasining ro‘parasiga o‘tirib, xo‘mraydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:55:33

— Bo‘riday desangiz, bo‘rilar xafa bo‘larmikin, — dedi Anvar, do‘stidagi o‘zgarishni sezmay, — bo‘rilar ahil yashasharkan.
— Bu gapingiz ham to‘g‘ri, — deb kulimsiradi Asadbek. — Endi siz tilchisiz, gapga to‘n kiydirvorasiz.
— Men tarixchiman.
— Ha, endi tarixchilar ham gapga usta bo‘lishadi. Sizning... Xolidiy degan domlangiz bor, a? U muttaham hali ham butun o‘zbekni bosmachi deb yuribdimi?
    Elchin Anvarga, Anvar Asadbekka ajablanib qarashdi. Asadbekning Anvarga yoqib qolishi uchun shu gap o‘zi kifoya qildi. Asadbek yo‘l-yo‘lakay o‘ylab, mo‘ljalni aniq nishonga olgan edi. Bu gapdan keyin Elchin ham biroz yumshadi. Asadbek bu gapni tarixchilar ishini muttasil kuzatib yuradigan ziyoli odam sifatida aytgani uchun ham ishonarli chiqdi. Uning deputat bilan so‘zlashgani, uning aytganlaridan kerakli xulosa chiqarib olganini bu ikki oshna bilmas edi.
    Anvar «xalq otasi»ning munofiqligidan gap ochilsa, o‘zini tutib tura olmas edi. El orasida yomon ishlar bilan qo‘rquv solib yurgan odamki, bu haqda so‘z ochdimi, demak, Xolidiy munofiqgina emas, murtad hamdir, degan tushuncha uning gap xaltasini ochib yubordi. Anvarning hozirgi ahvolini ko‘rgan odam uni o‘z uyida emas, ilmiy kengashda ma’ruza qilyapti, deb o‘ylar edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:56:30

— Mana, Qo‘qon muxtoriyatini oling. Lenin o‘z huquqlaring o‘zlaringda dedimi, dedi. Po‘lsha o‘ziga mustaqil bo‘ldimi, bo‘ldi. Estoniya, Latviya, Litva, Finlyandiya ajralib ketdimi, ketdi. Bular ham xuddi biz kabi Rusiya imperiyasining mustamlakalari edi-ku? Ular mustaqil bo‘lib ketishdi. Biz bor-yo‘g‘i muxtoriyat talab qilgan edik. Qarang-a, muxtoriyatga ham ko‘nishmadi. Lenin Moskovda turib olib, «Mazlum sharqqa ozodlik berdik», deydi. U yoqda mazlum xalqning qoni daryo bo‘lib oqadi. Qo‘qon muxtoriyatini kim qonga botirdi? O‘rislarmi, bolsheviklarmi? Yo‘-o‘q, bu ishni turk qoniga tashna dashnoqlarga qo‘yib berishdi. Men buni tarixiy dalil asosida isbotlasam, u padarla’nat «Sizning xulosangiz milliy nizo keltirib chiqaradi», deydi. Bir odamning o‘t pufagida tosh bor. Shuni olib tashlash uchun qornini yorishdi. Shunda jarroh «o‘t pufakka tig‘ tegsa jigar xafa bo‘ladi, yaxshisi ko‘r ichakni olib tashlaylik», deb tursa, kasal bechora dardini kimga aytadi?!
Xonzoda choynak-piyola ko‘tarib kirgach, Anvar otashin nutqini to‘xtatdi. Asadbek Anvardagi tuyg‘udan uzoqroq bo‘lsa ham, gaplarini eshitib, unga nisbatan mehri uyg‘ondi.
— Siz bilan bir gaplashadigan ekan. Qoyilman,— dedi Asadbek, Anvar uzatgan piyolani olib. — Men o‘rtog‘ingizga bir gap aytay, deb kirgan edim. Siz ham eshiting, maslahat bering. Elchinboy, sizni kechami yo bugunmi hech kim to‘yga aytmadimi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:56:49

— Yo‘q, — dedi Elchin to‘ng ohangda.
— Agar aytsa, ko‘nmang. Umuman, yaqin orada to‘ylarga bormay turing.
— Nimaga?
— Ha, endi... chillalik odamsiz.
— Aniqroq gapiravering.
— Aniqrog‘i shuki... Siz san’atdagi obro‘yingizni tiklab olishingiz kerakmikin? To‘yda... har xil odamlar bo‘ladi. Sizlarning oralaringizda ham hasadgo‘ylar bor. Bitta yaxshi ashula chiqarsangiz xalq eshitib xursand bo‘ladi, hasadgo‘ylaringiz esa kuyib ketadi. Yana ham aniqroq aytsam, gap shuki, endi sizning obro‘yingiz mening ham obro‘yim. Sizni... o‘g‘lim deganman. Anvar-jon, siz guvohsiz, o‘rtog‘ingiz kuyovim emas, o‘g‘lim. Chet eldagi o‘g‘illarim kelishsa, aka-uka bo‘lib ketasizlar, Xudo xohlasa. Men bir narsaning isini sezmasam, gapirmayman, to‘ylarga bormay turing.
   Asadbek gapni maslahat ohangida boshlab, buyruq tarzida yakunladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:57:57

XVII  b o b

1

   Xastalik varaqasida belgilangan muddat nihoyasiga yetgan bo‘lsa-da, Anvar ishga chiqishga shoshilmadi. Tog‘asining chordog‘idan olib kelgan kitoblaru qog‘ozlarni o‘qib chiqqanidan keyin ham bir kun uyda xayol surib yotdi. Zunnuniyning qo‘lyozmasidan bobosining nima uchun foydalana olmagani ma’lum edi. Haqiqatni aytishga bobosida jur’at yetishmagan. Yetishgan taqdirda ham unga kim yo‘l qo‘yar edi? Zakiylar jismini tishlab olurga tishlari burro, ammo ilmga tishlari o‘tmaydurganlar zamoni tuqqan choqda haqiqatni deguvchilar ohini kim eshitardi? Zunnuniy qo‘lyozmasini bobosi yoqib yubormay asrab qo‘yibdi — shuning o‘zi katta gap. Bu qog‘ozlar, kitoblarni tog‘asi jonni garovga qo‘yish hisobiga saqlagan. Uning o‘limidan keyin esa keraksiz matoh sifatida uloqtirilgan. Yaxshi hamki, chordoqning bir chekkasida ularga joy topilibdi. O‘ttizinchi yillarning olovlaridan olib qolingan kitoblar, farzandlarning oqibatsizligi tufayli yoqildi, axlatxonalarga tashlandi. Anvar shuni o‘ylasa xuddi birov tirnoqlarini omburda sug‘urayotganday azob chekardi. Xayoliga yomon fikr kelganida yoki noxush voqeaga uchraganida ahli muslim kalima keltirgani kabi, Anvar bu paytda shoirdan yod olgan satrni takrorlaydi: «qachon xalq bo‘lasan, sen ey, olomon...»
   U o‘sha olomonning bir qismi bilan har kuni osh-qatiq bo‘lishga majbur. Vazifalari olomon ko‘zini ochmoqdan iborat bo‘lgan, o‘zlarini «olim» deb atovchi odamlarni ko‘rgisi kelmasa ham ishga borishga majbur. Xotini «Qo‘ying, o‘sha ishingizni, bo‘shang», deydi. Bo‘shab ketishdan oson ish yo‘q. Och qolmaydi, mardikorlik qilsa o‘n barobar ko‘p pul topadi. Lekin kimdir haqiqatni ochish uchun jonini berishi kerak-ku?

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:58:36

    Hamkasblarining ayrimlari uning «tuzalib chiqqanidan» astoydil quvonishdi. Ayrimlari shunchaki ko‘ngil uchun hol-ahvol so‘rab qo‘yishdi.
    Xonasiga kirib o‘zining o‘rnida chiroyli juvonni ko‘rdiyu fe’li aynidi. «Yana bir amaldorning kelini ishga olinibdi-da», deb o‘yladi. Institutning yarmidan ko‘pi kelishgan ayollardan iborat — biri kimningdir qizi, kimningdir kelini, singlisi... Anvar Xolidiyning ustaligiga ba’zan tan beradi. Bu ayollarni ishga olish bilan Xolidiy yuqori tomondagilarga yaxshi ko‘rinadi, eng muhim — tarix ilmiga begona bo‘lgan bu jononlar «ustoz Xolidiy» sutni qora desalar ham ma’qullab chapak chalib o‘tiraveradilar. Oppoq bo‘yinchalariga Xolidiyning nafasi tekkanda ko‘zlari xumor suzilib qoladiganlari esa tez orada fan nomzodi unvoniga erishadilar. Anvar o‘rnida o‘tirgan juvonni ham shundaylardan deb o‘ylab, g‘ijindi. Ammo, hamxonalari bilan so‘rashib bo‘lgach, juvon o‘rnidan turib xijolatlik bilan salom berdi-da, «Men sizni kutib turuvdim», dedi. «Men ham chiroyli juvonlar kutishga arzirli odam bo‘lib qoldimmi?» deb o‘yladi Anvar.
— Bir haftadan beri kutadilar, — deb izoh berishdi hamkasblari.
— Bu yil o‘qishni bitiryatuvdim, — dedi juvon. Uning iymanib gapirishidan dorilfununni bitirish ham ayb ish ekan, shekilli, deb o‘ylash mumkin edi. Anvar uni xijolatlikdan qutqazish uchun gapni bo‘ldi:
— Qaysi fakultetni?
— Tarixni... Diplom ishi oluvdim. Sunnat Jo‘raevich eng oldin sizga uchrashishimni aytdilar. Shunga...

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:59:18

    Sunnat Jo‘raevich deganlari Anvarning kursdoshi. Toliblik davrlarida tarix ilmining avra-astarini ag‘darib tashlash ishqida birga yonishgan. Sunnat fakultetda ishga qolib tez so‘ndi. Shu sabablimi, ular ancha uzoqlashib ketgan edilar. Nechukki endi yo‘qlab qolibdi?
— Qaysi mavzuni oldingiz?
— Dukchi eshon qo‘zg‘olonini.
— Zo‘r mavzuni tanlabsiz-ku? Lekin men... nima yordam berishim mumkin? Siz... Xolidiy degan buyuk olimni eshitganmisiz? Bu davrni suv qilib ichib yuborgan odam o‘sha. Maskovdagi o‘ris olimlar bu qo‘zg‘olon «progressiv ahamiyatga ega», deyishganida maqtab kitob yozganlar, taqsirimiz. Keyin partiya bu qo‘zg‘olon diniy yo‘nalishdagi qora ish deb baho bergach, yana boshqa kitob yozganlar. Siz xohlagan kitobingizdan foydalanishingiz mumkin. Sunnat... Jo‘raevich nima deyapti? Bu qo‘zg‘olonni progressiv deb tushuntiryaptimi yo aksinchami?
Anvarning fe’lidan bexabar juvon nima deyishini bilmay dovdirab qoldi. Yaxshiki domlasi «Anvarjon ozgina qo‘polroq, e’tibor bermang», deb ogohlantirgan edi. Bo‘lmasa chiqib ketishga ham tayyor edi.
— Siz Sunnat Jo‘raevichingizdan so‘rab keling, shunga qarab gaplashamiz.
Juvon bu odam bilan suhbatlashishning hojati yo‘qligini bilib, eshik tomon yurdi. Anvarning yonidan o‘tayotib bir zum to‘xtadi:
— Kechirasiz, domla, tarixga ikki xil ko‘z bilan qarab bo‘lmaydi, — dedi. Juda shirin, ammo keskin tarzda aytdi-da, tez-tez yurib chiqib ketdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 20:59:44

Anvar shundagina unga bu gaplarni bekor aytganini fahmlab, izza chekdi.
— Anvarjon, yordam bera qolsangiz bo‘lardi. Bechora bir hafta kutdi, — dedi ro‘parada o‘tirgan ayol, unga yalinganday qarab. Shu gap madad berib, Anvar shart burildi-da, juvonning orqasidan yugurdi.
— Singlim, to‘xtang, — dedi Anvar, unga yetib olgach. — Xafa bo‘lmang. O‘zim shunaqa to‘ngroq bo‘lib tug‘ilganman. Shoshilmayotgan bo‘lsangiz, gaplashib olaylik. — Anvar uni dahlizga qo‘yilgan yumshoq kursilarga boshlab, so‘ng o‘tirishgach so‘radi: — Nimalarni o‘qidingiz?
— Siz aytgan ikkala kitobni. Keyin G‘afurov degan olimning kitobini.
— Xo‘sh?
— Bir-biriga qarshi fikrlar. G‘afurov 1949 yilda bu qo‘zg‘olonni ijobiy baholaganda «tojik xalqining chorizmga qarshi qo‘zg‘oloni», deydi. 1953 yilda esa «favqulodda reaktsion harakat», deb baholab «o‘zbek xalqining harakati» deydi.
— Ana shunaqa-da! Maskovda qanaqa kuy chalishsa, bular o‘shanga qarab o‘ynayverishadi. Tarix bularga o‘yinchoq! Siz o‘zingiz qanday fikrdasiz?
— Men hali o‘rganib chiqishim kerak.
— Progressiv desangiz, bular qo‘ymaydi. Xolidiy diplom ishingizni o‘qimasa ham, is olib yuradigan shogirdlari bor, reaktsion desangiz...
— Men haqiqatni deyman.
Keskin tarzda aytilgan bu gap Anvarni hayratga soldi. «Bu dunyoda haqiqatni aytishni istaydigan odam qolmagan», deb yurganida chiroyligina juvon shunday deb tursa-ya!

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:00:13

— Kechirasiz, singlim, xo‘jayin qaerda ishlaydilar?
— Maktabda.
— Ota-onalari-chi?
— Ular ham maktabda. Nimaga so‘rayapsiz?
Anvar kulimsiradi:
— To‘g‘risini aytsam, siz haqiqatni yozsangiz-u, ular amaldor bo‘lsalar ishlari yurishmay qolarmikin, demoqchiydim.
— Bizning qo‘rqadigan joyimiz yo‘q.
— Siz shu yerda ilmiy ish qilishingiz kerak ekan.
— Yo‘q. Men ham maktabga boraman. Haqiqatni eng avval bolalarga aytish kerak.
Yarim soat oldin birov kelib «shunday ayol bor», desa Anvar ishonmasdi. Hozir ham quloqlariga ishonmay o‘tiribdi. Chiroyli juvonlar shunaqa yerlarda ishlashni orzu qilishardi. Kelib-ketib yurishsa bas, jon kuydirilmaydi, maosh esa unaveradi. Uzoq yillar ishlagani uchun «mehnat faxriysi» degan nishonlar oladi... Bu juvon esa...
— Daftaringizni oching, — dedi Anvar, gapni birdan boshqa tomon burib. — O‘qiydigan kitoblaringizning ro‘yxati: Ostraumov, general-leytenant Korolkov, general-leytenant Terentev, knyaz Mansirev. Bularning gaplarini arxivdan topib o‘qiysiz. Salkov, Nalivkinlarni kutubxonadan topasiz. Siz qo‘zg‘olonni Mingtepadagi masjidning qulashiga bog‘lamang. Qo‘zg‘olonning ildizini eng kamida o‘ruslarning Toshkentni bosib olishlaridan bosh-lang. Bu o‘q ildiz bo‘ladi. Qo‘shimcha ildizlar — Qurbon dodho, Po‘latxon, Yetimxon, Darveshxon, Sobirxon qo‘zg‘olonlari. Toshkentdagi «Vabo isyoni», «Oqbo‘ri»dagi isyon, Qo‘qon xonining isyoni... Bularsiz Mingtepa qo‘zg‘oloni haqida to‘g‘ri xulosaga kelish qiyin. Shular bilan tanishib chiqqaningizdan so‘ng yana gaplashamiz.
   Juvon Anvarning gaplarini tez-tez yozib oldi-da, «bo‘ldimi?» degan savol nazari bilan qaradi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:00:38

— Zarur gap chiqib qolsa, uyimga kelishingiz mumkin.
— Shu yerga kela qolaman. — Juvon shunday deb o‘rnidan turdi.
Anvarga uning bu qarori ham yoqdi. Ko‘ngli ravshan tortdi.
Juvonni kuzatgach, xonasiga qaytmoqchi bo‘lib burilgan chog‘ida dahlizda kelayotgan Xolidiyga ko‘zi tushib, to‘xtadi. Odatdagiday bashang kiyingan Xolidiyning yonida suygan shogirdlaridan biri O‘lmas Akrom kelardi. Anvar o‘zidan bir yil keyin kelgan bu do‘mboq yigitni «go‘sala» der edi. Laqab O‘lmasga juda mos tushgan, u to‘yib sut emgan buzoqday beg‘am, birov so‘ksa ham, maqtasa ham bir holda iljayib turaverardi. Go‘sala kolxozlashtirishda matbuotning ro‘li degan mavzuda avval nomzodlikni, ikki yil o‘tmay do‘kturlik dissertatsiyasini yoqlab oldi.
   Anvar ro‘parasidan kelayotgan ustoz-shogirdni ko‘rgisi yo‘q edi. Ular bilan so‘rashmaslikning birdan-bir yo‘li — shart burilib ketish. Lekin Anvar bunday qilgisi kelmadi. Ular tomon yurmadi ham. Indamay turaverdi. Xolidiy O‘lmasning yelkasiga qo‘lini tashlab, Anvarga yaqinlashdi.
— Ie, mulla Anvarjon, bormisiz, sog‘-salomatmisiz? — u shunday deb labini tili bilan yalaganday bo‘ldi-da, Anvarga qo‘lini uzatdi.
   Anvar uning basharasiga qaramay qo‘l uzatdi. Chunki Xolidiy jilmayganida uning basharasiga qaragan odam baraka topmas edi. Xudo Odam Atoni yasayotganida ishni oyoqdan boshlaganmi yo boshdanmi, Anvarga noma’lum. Lekin, uning nazarida, Xolidiyning oyoq-qo‘li, badani avval yasalgan, keyin nima yasayotgani esdan chiqib, yelka ustiga odamning emas, maymunning boshi o‘rnatilgan.

Qayd etilgan