— Katta ketmang, uka. Siz sig‘inib yurgan ustozlaringiz ham yerto‘lada bir qiynoqdan o‘tgach, qo‘llari qaltirab, hamma qog‘ozlarga imzo chekib berishgan.
— Siz hammi?
— Siz ig‘voning inini kavlayapsiz. Men haqiqat deb yigirma besh yilga qamalganman.
— Sizga og‘ir botadigan gap aytgan bo‘lsam, uzr. Gunohimni yuvish uchun bir hikoya aytib beraman. Juda qiziq, eshitmasangiz armonda qolarsiz. O‘zi hayotda yuz bergan voqea ekan, ammo men uni ertak tarzida so‘zlayman. Shunday qilib, bo‘ri bakovul, tulki yasavul, chumchuq chaqimchi bo‘lmagan zamonda bir baxtiyor yosh olim yashagan ekan. U avval ustozlarining, so‘ng tengdoshlarining oyog‘i ostiga choh qazibdi. Shahanshoh uning beminnat xizmatlarini qadrlab turibdi. Yosh olim ilmga emas, shunday munofiqlikka iqtidorli ekan. Go‘dakligida iblis undagi inson yuragini yulib tashlab, o‘z qalbining bir parchasini qo‘ygan ekan-da. Yosh olim ko‘pning ichida dadil turib, «Shahanshoh hayvon!» der ekan. Suhbatdoshi «shunaqamikin, a?» desa bas, borib «Falonchi sizni vahshiy hayvon dedi», derkan. Qarabsizki, o‘sha suhbatdosh zindonga qanday tushib qolganiga hayron. Bora-bora sotadigan odami qolmagach, o‘z boshi uzra qora bulutlar aylanayotganini sezibdi. Shahanshoh «o‘z yaqinlariga xoinlik qilgan odam menga sadoqatda bo‘larmidi?» debdi. Shoh bir qarorga kelguncha yosh olim eng so‘nggi laqma do‘stini avrabdi. Yaxshilab kiyintirish bahonasida Shahanshohning tikuvchisinikiga boshlab boribdi. Undan avval shohning shopirini qo‘lga olibdi. Shohning moshinasida tikuvxonaga savlat to‘kib boribdi. «Men malikaning ukasiman», deb o‘zini tanishtiribdi. Xullas, ikki kun deganda ular ustlariga shohona liboslarni ilishibdi. Tikuvchi esa Malikadan rahmat eshitish maqsadida telefon qilib, «ukangizga libos yarashibdimi?» debdi-yu, sir oshkor etilib, yosh olim qamalibdi. Qamoqda ham iqtidori ish berib, ig‘vogarligini davom ettiraveribdi. Bir yil deganda Shahanshoh o‘libdi-yu, yosh olim ham siyosiy mahbuslar qatorida ozodlikka chiqibdi. U ham tuhmat jabrini tortganlar safidan o‘rin olibdi...