Zohid tinmay gapirayotgan o‘rinbosarga qarab turib telefon go‘shagini ko‘tardi-da, boshqarmaga qo‘ng‘iroq qildi.
— Da, alo, eshitaman, — degan ovozni eshitib, o‘rinbosarga qaradi. O‘rinbosar telefon raqamlari terilayotgandayoq jim bo‘lib, bir oz ajablanish, bir oz xavotir bilan unga tikilib o‘tirgan edi. Zohid boshliqning ismini tilga olgach, o‘rinbosarning butun vujudi quloqqa aylandi.
— Qudrat akam yo‘g‘iydilar, sekaga ketuvdilar. Kim so‘ravotdilar? Kelsalar nima deb qo‘yiy? — dedi kotiba.
— Men prokuraturadanman. Sharipovman, — dedi Zohid sovuq ohangda.
— Voy, to‘xtang-chi, hali ketmaganga o‘xshaydilar...— Kotiba sukut saqladi. — Ana, qaytib kevottila.
— Eshitaman, o‘rtoq Sharipov. Ko‘nglim sezgandek izimga qaytuvdim, tinchlikmi?
— Ha, tinchlik, o‘rinbosaringiz yetib keldilar. Xavotir olmang, demoqchi edim, — Zohid gapni kalta qilib, go‘shakni joyiga qo‘ydi.
O‘rinbosar uzilgan gapini davom ettirmadi. Biroz o‘yladi. Zohidning bu kichik «o‘yini» samara bergan, tunda o‘ylab-pishitilgan reja darz ketgan edi. Uzun kipriklar himoyasidagi ko‘z iltijoli boqdi:
— Pullarni boshliqqa berardik, o‘zlari sarflar edilar...
— Pullar masalasida boshqa o‘rtoq shug‘ullanadi. Siz menga bir gapni ayting: Jalol Komilovni oxirgi marta qachon ko‘rgansiz?