4
Taksoparkning boshqoni chiqib ketgach, Asadbek Kesakpolvonga qaradi:
— Ishni xom qilgan ekansan, — dedi u, norozi ohangda. — Mashina o‘g‘irlangani haqida xabar berib qo‘yish kerak edi.
— Murdani ham yoqib yuborish kerak edi, — dedi Chuvrindi, Asadbekning gapini ma’qullab. — Barmoq iziga qarab, kimligini aniqlashgan. Endi kavlashtirib yotishibdi.
— Vahima qilavurma. Bir joyni tatalab teshib chiqishi uchun temirdan tirnoq kerak, — dedi Kesakpolvon, peshonasini tirishtirib. U Asadbekning tanqidini og‘ir olmasdi, ammo gapga Chuvrindi aralashsa, ensasi qotardi, kamchiligini bo‘yniga olishni sira istamasdi.
— Hozir temir tirnoqlar paydo bo‘lgan, — dedi Asadbek.
— Temir tirnoqlarning ham oshqozoni, jig‘ildoni bordir? — dedi Kesakpolvon, bo‘sh kelmay. — Shilimshiqni oldirib kel, deding, bir kunda oyog‘ini yerga tekkizmay oldirib keldim. Hofizga ro‘para qil, deding ro‘para qildim. Uni biz o‘ldirganimiz yo‘q. Kavlashsa ham bizga ro‘para bo‘lishmaydi.
— Yo‘lni biz tomonga burib yuboradigan ishlar ham bo‘lgan, — dedi Chuvrindi. — Haydar aka bir-ikki ishni bemaslahat qilganlar. Bugun yigitlarim muhim gap topib kelishdi. — Chuvrindi shunday deb sukut saqladi. «Aytaveraymi?» deganday Kesakpolvonga qaradi. Kesakpolvon o‘rnidan bir qo‘zg‘olib oldi.
— Gapni chaynamay, aytavermaysanmi? — dedi jerkib.
— Shilimshiq hali ham obodonlashtirish idorasida ro‘yxatda turgan ekan. U yerdagi haromilarga maoshi kerak bo‘lgan-da. Tergovchi o‘sha yergacha kavlab borgan. Shilimshiq Tojimullaev bilan uchrashgan ekan.