Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370440 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 ... 51 B


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:39:44

    Gospitaldan chiqqanidan so‘ng, manzili o‘zgargach, uy bilan aloqasi tamom uzilgan, u urush olovida emas, xavotir olovida qovrilgan edi. Qishlog‘iga qaytib, uyida begona gurjilarni ko‘rgach, hayratdan yoqa ushladi. Shop mo‘ylovli gurji uni uyiga boshladi. Musallas bilan siyladi. «Biz aybdor emasmiz, birodar, bizdan xafa bo‘lma!» dedi. Yana allaqancha gaplar  aytdi. Ammo bu gaplar uning qulog‘iga kirmadi. Dengiz sohiliga bordi. Etigini yechib, shimining pochalarini qayirib, sohil bo‘ylab yurdi... O‘g‘lini yelkasiga mindirib olib, sohil bo‘ylab yugurishni orzu qilardi. O‘g‘li yo‘q. Yugurishga xohishi ham, majoli ham yo‘q. U ikki narsaga hayron, biri — oilasini qanday topishni bilmaydi. Ikkinchisi — qishloq yigitlari urushda jon olib, jon bersa-yu, bunda qolgan qariyalar, xotinlar, bolalar qanday qilib xoin bo‘lishsin? Qishloqdan bitta, nari borsa ikkita sotqin chiqar, lekin yalpi xoin bo‘lishi mumkinmi? U — Ismoilbey urushda bir narsani — Vatan uchun jang qilishi lozimligini bilardi. Endi hayron: qani o‘sha Vatan?
    Xayolida ko‘p jonlanadigan ikki manzara shu — sohil bo‘ylab quvnagan holda yugurayotgan bola... shimining pochasini himarib, qayg‘u yukini orqalab borayotgan askar... Ko‘kragida Vatan himoyasi uchun berilgan nishonlar. Ko‘krak sirtida nishonlar, ko‘krak ichidagi yurakka esa tig‘ sanchilgan...
— Vatani yo‘qning imoni yo‘qtur, — Ismoilbey shunday deb, xayol bandiligidan ozod bo‘lib, ko‘zlarini ochdi. — Xudo ota-bobolarimizga Vatan bergan edi, bizdan tortib oldi. Bizning gunohlarimiz uchun sizlar  ham vatangado bo‘ldinglar. Sizlar  imonsiz ketmanglar, Vatanga qaytinglar. Xudoga shukrki, bizni kofirlar yurtida xoru zor qilmadi. Orqadoshlarimiz bizlarni ranjitishmaydi. Ularning ulug‘ligi shunda. Ammo Vatan ulug‘roq. Uning o‘rnini hech nima bosmaydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:41:22

    Ismoilbeyning keyingi gaplarini teplovozning  qichqirig‘i bosib ketdi. So‘ng poezd gurillab o‘tib, uy tebranib, shiftlarigacha qisirladi. Uy egalari bunga ko‘nikib ketishgan, e’tibor ham berishmadi. Zelixon esa har o‘n daqiqada bir poezd o‘tib, zaminni silkitganda xavotir bilan shiftga qarab qo‘yadi.
— Vakillarimiz Maskovga ketishdi, — dedi Ahadbey, — Qrim tatarlari bilan birgalashib, haqiqatga yetishar, inshoolloh.
— Chechenlar ko‘p ketishdi. Seni ham ketdi, deb yuruvdim? — dedi Ismoilbey.
— Onam shu yerda, buvam shu yerda. Men qayoqqa boraman? — Zelixon «men qamoqda edim», demadi. Chol gap kavlamasin, deb boshini egib, sukut saqladi.
Ismoilbey «sizlar gurunglashib o‘tiringlar, men  samovarga chiqay» deb fotiha o‘qidi-da, o‘rnidan turdi.
    Ahadbey otasi kirganida xontaxta ostiga yashirgan shishani olib, piyolalarga aroq quydi-da, «Sog‘ bo‘l», deb ko‘tardi.
— Seni chaqirganimning boisini endi aytay, — dedi u. — Vakillarimiz Maskovdan quruq qaytishadi. Maskov yurtlaringga boraveringlar, degan bilan gurjilar uylarimizni bo‘shatishmaydi. Qon to‘kilishi aniqqa o‘xshab turibdi.
— Qon to‘kilsa chechenlar sizlar tomondan bo‘lishadi.
— Qon o‘sha yoqda to‘kiladi, deb o‘ylayapsanmi?
Zelixon bu gapdan ajablandi:
— Qaerda to‘kiladi?
— Shu yerda.
— Esing joyidami? Kim bilan urushasan? Kim qon to‘kadi?
— O‘zbeklar bilan...
— Ahad! — Zelixon o‘rnidan qo‘zg‘olib, tiz cho‘kib o‘tirib oldi. — Jinnimasmisan? Bizga uy bergan, non  bergan o‘zbek bilan urushasanmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:45:37

— Sen hovliqma. Biz urushmaymiz. Bizni urushtirishadi. Men kuzatib, sezib yuribman. Sen Fedyani  bilarmiding?
— Qaysi Fedya?
— Istansaning orqasiga turardi. Laqabi «Bo‘ri».
— Ha... otilib ketuvdi shekilli?
— Hukmni o‘zgartirishgan. O‘n besh yil berishuvdi. Yangi yildan oldin paydo bo‘lib qoldi.
— Qochibdimi?
— Qochganga o‘xshamaydi. Bemalol yuribdi.
— Qutulib chiqqandir?
— Yo‘q. Hali yarmini ham o‘tirmadi. Afvi umumiyga tushishi ham mumkinmas. Xullas, bu yog‘ini eshit: uni Quvasoyda ko‘rdim. Pivoxonada to‘rtta ulfati bilan o‘tirgan ekan. Ulfatlari bu yerlik emas, bilinib turibdi. Men bilan ko‘rishdi. «Nima qilib yuribsan?» desam, «ish bor, bratan», deb ishshayadi. Bitta-yarimtaning iziga tushib, sho‘rini quritmoqchimi, deb poyladim. Sheriklari bilan Quvasoyni aylanib chiqishdi. Asosan turklar ko‘proq yashaydigan ko‘chalarni aylanishdi. Keyin ikkita moshinga o‘tirib, g‘oyib bo‘lishdi. Ertasiga ularni bu yerda ko‘rdim. Ular tamoshaga kelishmagan. Ko‘nglim sezib turibdi. Kuyovim Quvasoydagi pivoxonada ishlaydi. Atay borib surishtirdim. Ular uch-to‘rt marta kelishibdi. Turk yigitlari bilan pivoxo‘rlik qilishibdi. «Hozir hamma yoqda erkinlik, sizlar Turk avtonomiyasini talab qilinglar», deyishibdi. «Turklarning o‘z respublikasi bo‘lsin!» deyishibdi. Pivo ichgani kirgan ikkita o‘zbek yigitni turtib chiqarishibdi. Gapga tushunyapsanmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:47:21

— Fedya shu yerdami?
— Shu yerda edi, ko‘rinmay qoldi.
— Yaxshi, uni o‘zim topaman. Selim qaerda, hali  ham Quvasoydami?
— Ha.
— Fedya bilan ko‘rishgandir?
— Bilmayman.
— Ko‘rishadi. Fedya keladi-ku, ko‘rishmaydimi? Tur, ketdik. — Zelixon shunday deb o‘rnidan turdi.
— Oshni damladi, yeb olaylik.
Zelixon «keyin», deb tashqariga chiqdi. Ahadbey unga noiloj ergashdi.
    «Zaporojets»ni o‘t oldirish uchun itarib yurgizishga to‘g‘ri keldi. Mashina o‘tgan yo‘lini ko‘k tutunga burkab yursa ham, manzilga yetib oldi. Hashamatli uy, yuk mashinasiga mo‘l ishlangan katta darvoza oldida «Zaporojets» o‘yinchoqqa o‘xshab qoldi.
    Selim deganlari uzun bo‘yiga monand qorin qo‘ygan, qaddini tik tutib yuruvchi yigit, hovlida Zelixonni ko‘rib, dastlab tanimaganday qaradi, so‘ng birdan chehrasi ochilib, quchoq ochib keldi.
— Zeli og‘a, tushimmi yo o‘ngimmi? — deb qarshiladi. Keng hovli atrofiga uylar solingan, xuddi qo‘rg‘onga o‘xshardi. Mevali daraxtlar tartib bilan ekilgan, kunga qaragan uy ro‘parasiga temir quvurlardan tokso‘ri ishlangan.
    Selim ularni keng uyga boshlab kirdi. Mehmonxona shiftining o‘rtasida katta billur qandil. To‘rt chekkasiga esa, aynan shu qandilning kichik nusxalari osilgan. Yigirma kishi bemalol davra quradigan ustolda dasturxon bezog‘liq edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:48:21

— Og‘ajon, sog‘intirib yubordingiz-ku? — dedi Selim jilmayib.
— Qaerdaligimni bilmasmiding? — dedi Zelixon.
— Bilardim.
— Bilsang nimaga so‘raysan. Chiqib keldim. Xizmating bo‘lsa, ayt.
— Xizmatni qo‘ying, og‘ajon. Xizmatda mana, biz bo‘lamiz. Siz izzatda.
— Ishlaring qalay? O‘zbeklar g‘ashingga tegishmayaptimi?
Kutilmagan tashrifdan ajablanib turgan Selim bu savolga qanday javob berishni bilmay, ikkilandi.
— To‘g‘risini aytaver.
— Bu yer o‘zimning qo‘limda. Lekin... Hosilboyvachcha deganni eshitganmisiz?  O‘shaning odamlari ko‘z ochirmaydi. Qonimni so‘rib tashlashdi.
— Shuni Fedyaga aytdingmi?
— Qaysi Fedyaga? — Selim shunday deb «Sotdingmi?» degan ma’noda Ahadbeyga qaradi.
— Ahadbeyga qarama, menga qarab javob ber. Fedyaga nima deding?
— Shuni aytdim.
— Yordam ber, dedingmi?
— Ha.
— Ahmoqsan. Puling ko‘p-u, ammo aqling kam. U nima dedi, o‘zim tinchitaman, dedimi?
— Ha.
— Sen bu yerdan ko‘chib ket.
— Nega endi?
— Qirg‘inning uyasiga cho‘p suqib qo‘yibsan. Kelib-kelib Fedyadan yordam so‘raysanmi?
— Kimdan so‘ray bo‘lmasa?
— Kuching yetsa ishla. Bo‘lmasa yag‘ir bo‘lib yuraver.
Zelixonga ayrim narsalar ayon bo‘la boshlagan edi.
    Shu uchun Selimning mehmondorchiligiga unamadi. Ahadbeynikiga ham kirmay Farg‘onaga jo‘nadi. U Fedyani qaerdan topishni bilardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 21:57:27

2

    Har bir mamlakatning o‘ziga yarasha qonuni, qoidasi bo‘ladi. Fuqaro qonun-qoidalarga itoat etib yashaydi. Xuddi shunga o‘xshab, biz jinoyatchilar deb atovchi olamning ham o‘z qonunlari, tartib-qoidalari bor. Ular biz joriy etgan qonunlarni sariq chaqaga olishmaydi. Shu sababli ularni ta’qib qilamiz, hibsga olamiz, hukm chiqaramiz. Daryoga to‘g‘on solingani bilan suv orqasiga qarab oqmaydi, to‘lib-toshib, yo‘lida davom etaveradi. Agar to‘g‘on zaif aql bilan qo‘yilgan bo‘lsa, to‘plangan suv uni buzib ketadi. Hayqirgan junun suv to‘lqinlari elni ancha besaranjom qilib qo‘yadi.
   Zelixon yashaydigan olam ham shunga o‘xshaydi. Uning fuqarosi kam, ammo qonuni puxta. Ularda «axloq tuzatish koloniyalari» yo‘q. Ular «axloq tuzatish» bilan shug‘ullanishmaydi. Ularning hukmi bitta — qonunni buzdingmi, xiyonat qildingmi, birodaringni qutqarmadingmi, tamom, joning bilan javob ber.
    Bu yozilmagan qonun-qoidalarni suv qilib ichib yuborgan Zelixon qaerda, qanday harakat qilishni, kim bilan qanday gaplashishni yaxshi biladi. Qaysi o‘g‘rini qaerdan topishni, qaysi xonim kimga ham boshpana, ham quchog‘idan joy berishi mumkinligi unga ma’lum. U «Fedyani o‘zim topaman», deb bekorga aytmadi.
   

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 22:03:52

    Zelixon Ahadbeyning «Zaporojets»idan tushib, bir yo‘lovchi mashinani to‘xtatdi-da Farg‘onaga qarab ketdi. To‘rt qavatli imoratlar orasiga tirsak shaklida tushgan bino unga yaxshi tanish. Ikkinchi qavatdagi eshik o‘zgaribdi. Ilgarigisiga chiroyli charm qoplangan edi. Bunisi temirdan bo‘libdi. Zelixon eshik qo‘ng‘irog‘ini uy bekasiga tanish bo‘lgan tarzda bosdi. Qo‘ng‘iroqning ikkita qisqa, uchta uzun jiringlashini eshitgan beka eshikni bexavotir ochishi mumkin. Kutilganday bo‘ldi. Eshik avval qiya ochildi. Beka tanish odamni ko‘rib, eshikni kattaroq ochdi-da, o‘zi orqasiga chekindi. Zelixon odatiga ko‘ra atrofga alanglab olgach, tezgina ichkari kirib, eshikni yopdi.
— Zelya, yaxshi keldingmi? — Beka shunday deb unga yaqinlashdi-da, ko‘kragiga bosh qo‘ydi.
— Nadulya, o‘zing omonmisan? — dedi Zelixon, uning yelkalarini silab.
Hali qirqqa kirmagan bu juvon tarovatini yo‘qotmagan, quchoqlasa quchoqlaguday, o‘psa o‘pguday edi. Zelixon vaqtida u bilan ayshini surgan. Ammo ular orasida muhabbat, hamisha birga bo‘lish tuyg‘usi yo‘q edi. Yurak yurakka talpinmagan. Zelixon bu to‘shakda bir necha soat ilgari boshqa erkak yotgan bo‘lishi mumkinligini bilardi. Nadya ham bu chiroyli yigitning hozirgina boshqa ayol quchog‘idan chiqib kelayotgan bo‘lishi mumkinligini bilardi. Darvin degan zot xuddi shu toifa odamlarga qarab turib, «odam maymundan paydo bo‘lgan», degan nazariyani yaratgan bo‘lsa ne ajab? Bular Ollohning emas, balki hirsning bandalari edilar. Odam bolasiga Yaratgan yaxshi tuyg‘ular ham berganini bilmas edilar. Shunday tuyg‘u bo‘lmagani uchun ham bir necha yil emas, bir necha soatgina ko‘rishmagan tanishlar singari omonlashdilar.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 22:04:54

    Mehmonxonadagi stol usti dushman payhon etgan qishloq manzarasini eslatardi. Bu Zelixonni ajablantirmadi. Chunki u bunda durustroq manzarani ko‘rmagan.
Nadya Zelixonning ro‘parasiga o‘tirib, ikki qo‘lini jag‘iga tirab, unga tikildi.
— Ko‘rinishing binoyi. Kurort yoqibdi, — dedi jilmayib.
— Sening duolaring yetib bordi, — dedi Zelixon ham jilmayib. — Meni sog‘inib, ichikib qolibsan.
— Seni deb ichiksam arziydi.
— Nima ish qilyapsan?
— O‘zing bilgan ish.
— Kim bilan ishlayapsan?
— Suvarak bilan.
— Kuning shunga qoldimi?
Nadya «nima qilay bo‘lmasa?» deganday yelka qisib qo‘ydi-da:
— Ichasanmi? — deb so‘radi.
— Bormi?
— Senga bor. — Shunday deb ichkari xonaga kirib ketib, dam o‘tmay bir shisha aroq ko‘tarib qaytdi. Zelixon shishani uning qo‘lidan olib, chaqqonlik bilan ochdi-da, ikkita qadahga quyib, bittasini ayolga uzatdi.
— Eson-omon qaytib kelganing uchun, — Nadya shunday deb bir ho‘plab qo‘ydi.
Zelixon qadahni bir ko‘tarishda bo‘shatdi.
Ikkinchi qadahdan so‘ng ayolning yoniga o‘tib, uni quchoqladi.
— Endi esingga tushdimi? — dedi Nadya nozli va ginali ovozda. Zelixon javob bermay, baqbaqasiga lab yubordi. Uning nazarida Fedyaning qaerdaligini shu ayol bilishi kerak edi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘rasa, aytmasligi ham mumkin edi. Shu sababli maqsadga ayollarga yoqadigan yo‘ldan yurib borishni ma’qul ko‘rdi. Nadya iyib, to‘shakka yotishga tayyor bo‘lganida «Fedya qaerda?» deb so‘radi. Ko‘zlari suzilib turgan ayolning qoshlari birdan chimirildi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 22:06:02

— Shunga keluvdingmi? — Nadya Zelixonni ko‘kragidan itardi. Zelixon esa aksincha, uni mahkamroq quchdi. Nadya uning quchog‘idan chiqishga urindi, oxiri bo‘shashgan holda, yopiq eshikka qaradi. — Shuni keyinroq so‘rasang ham bo‘ladi-ku? Ana, yotibdi. G‘irt mast.
    Zelixon uni quchog‘idan bo‘shatib, eshikni ochdi. Yuztuban yotgan, chap qulog‘ining ostidan og‘zigacha tirtig‘i bo‘lgan bu yigitni darrov tanidi. Ichkari kirib eshikni yopdi-da, «Fedya», deb chaqirdi. U bir tekisda nafas olardi. Mastga o‘xshamasdi. Zelixon uni yana chaqirdi, so‘ng uning mast uyquda ekaniga go‘yo ishonch hosil qilganday, pidjagining cho‘ntagiga qo‘l yubordi. Yangi pasport, ozod etilgani haqidagi guvohnomani ko‘rgach, boya ko‘ngliga oralagan shubha haqiqatga aylana boshladi.
U Fedyaning bosh tomoniga o‘tib o‘tirdi-da, xuddi o‘zi bilan o‘zi gaplashayotganday gapira boshladi:
— Mening Bo‘ri degan bir do‘stim bo‘lardi. Aroq daryo bo‘lib oqib kelsa, shimirib quritardi. Ammo o‘zi sira mast bo‘lmas edi. Qamoqda buzilibdi, bechora. Endi... odam sotilganidan keyin shunaqa bo‘lib qolarkan-da. Xudo rahmat qilsin, seni Fedya. Nomingni toabad unutmaymiz, deya olmayman. Sotqinlarni eslamaymiz, o‘zing bilasan-ku...
    Shu gapdan keyin Fedya bir qimirlab oldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 22:06:41

— Sotqin emasman, — dedi yotgan holicha.
— Boshingni ko‘tar, Fedya, mendan uyalma.
Fedya boshini ko‘tarib, tirsagiga tiraldi.
— Nimaga kelding?
— Ish bor edi. Chiqib kelganingni eshitib, xursand bo‘luvdim.
— Qanaqa ish?
— Endi sensiz bitadigan ish.
— Meni sotqin dema, Akademik, men birovni sotganim yo‘q.
— Qochdingmi? Qochganga o‘xshamaysan?
— Ishing bo‘lmasin. Yo‘lini qilib chiqdim.
— Men bilan ishlaysanmi?
— Yo‘q.
— Nimaga?
— O‘zimning ishim bor. Agar xohlasang... men bilan ishlashing mumkin. Yaqinda katta ov bo‘ladi.
— Qaerda?
— Qaerdaligini vaqti kelganda aytaman.
Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab, ularning suhbatlari uzildi. Bir oz fursat o‘tgach, eshik qiya ochilib, Nadya ko‘rindi.
— Fedya, keldi aytganing.
Fedya o‘rnidan turib mehmonxonaga chiqdi. Zelixon unga ergashdi. Mehmonxonada sochlari paxmaygan, qaddi kelishgan bir qiz turardi.
— Yoshing nechada? — deb so‘radi Fedya unga tikilib.
— O‘n yettida, — dedi qiz, bu savoldan ajablanib.
— Zelya, bu tovuqni topib kelgan mataxini qara. Mening kunim endi qari kampirlarga qolibdi-da, a? Jo‘na, ko‘zimga ko‘rinma!
Qiz labini chimirib, shart burilgan choqda, Zelixon uni to‘xtatdi.
— Nadulya, bu menga nasib qilgan ekan. Bizga o‘xshagan chollarga qari kampirlar ham bo‘laveradi.
    Fedya Zelixonning oldida oliftagarchilik qilmoqchi edi. Og‘zidagi nonni oldirib qo‘yib pushaymon yedi-yu, ammo sir boy bermadi.


Qayd etilgan