Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370329 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 51 B


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:05:40

5

    Elchin yonboshlagan holda televizor tomosha qilardi. Ko‘zi televizorda, xayoli esa o‘zga tomonda edi. Qamoqdan qaytganiga ikki oy bo‘lyapti. Qamoqning dastlabki kunlari, oylari zax hujralarga, sassiq baraklarga ko‘nikishi qanchalik og‘ir kechgan bo‘lsa, uyga qaytgach, shinam xonalarga, yumshoq o‘rindiqlarga o‘rganish shunchalik og‘ir bo‘ldi. To‘g‘ri, yumshoq o‘rindiqda tan rohatlanadi, ammo ruhi tikanaklar uzra yotganday azobda.
    Bu uyda o‘n yil bo‘lmadi. Noilasi o‘n yildan beri bu uyda nafas olmaydi, yurmaydi, shirin kulgisi, pichirlab aytuvchi ehtirosli so‘zlari eshitilmaydi. Qamoqning birinchi yillari u Noilasi bilan birga edi. «Marhumni so‘nggi marta qay holda ko‘rsang, uni shu holda xayolingga muhrlaysan. Marhum senga kulib qaragan bo‘lsa, umring bo‘yi uni shu holda tasavvur etasan...» deydilar. Chindan ham avvaliga ko‘zlari yumuq Noila bilan suhbatlashardi. Keyinroqqa borib xayolidagi Noilasi ko‘zlarini ochdi. Lekin bu Elchin suygan kulib turuvchi ko‘zlar emasdi. Bu nigohda «Gunohim nima edi?» degan ajablanish zohir edi. Elchin bu savol nazariga javob berishga majbur edi. O‘zini, faqat o‘zini ayblab javoblar qaytarar, biroq, Noilaning ajablangan nigohi bundan taskin topmasdi. Mana shu holat, shu nigoh ta’qibi Elchin uchun oliy jazodan battar edi.
    Uchquduq quyoshida jizg‘anagi chiqib ketay deganda ham, Sibir o‘rmonlaridagi qahraton qishning sovuq nafaslarida muzlab qolay deganida ham bunchalar azoblanmas edi. Ruh azobini dushmaningga ham ravo ko‘rmasin ekan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:06:22

    Oqlovchi so‘nggi suhbatda «yaxshi odamlar oraga tushib sizni otuvdan olib qolishdi. Giyohvandlik, qotillik oliy jazoga loyiq edi. Siz menga emas, o‘sha odamlarga qulluq qiling», degandi. Elchin, ruhi qiymalangan kezlari, «yaxshi odamlar»ning «marhamati»ni esladi. Bu «marhamat» uni azoblardan halos qilmay, balki bir umrlik jabru jafolarga hukm qilganini anglab yetdi. Shunda «Pichoqni sug‘urib o‘z yuragimga sanchmaymanmi!» degan o‘yda afsus chekdi.
    Qamoq muddati yarimlaganda Noilaning nigohidagi «Gunohim nima edi?» degan savol «O‘ch oling!» degan undov bilan almashdi. O‘ch olish fikri unda o‘sha mudhish kunning ertasigayoq tug‘ilgan bo‘lsa-da, «men bir kuchsiz ashulachi bo‘lsam, ular baquvvat bir to‘da, qo‘limdan nima kelardi?» deb bechoraligidan kuyardi. Qamoqda turli taqdirli, turli fe’l-atvorli odamlarni ko‘rgach, «Men ham erkakman. Ularga bas kela olaman!» degan ishonch tug‘ila bordi.
    Elchin qamoqdan shu ishonch bilan qaytdi.
    Qamoq azobi tugab, ruhiy azob xuruj qilganini uyga keliboq his qildi. Ozodlikning bunchalik beayov kechishini u tasavvur etmagan edi. Birinchi tunni xuddi jinniday alahsirab o‘tkazdi. Keyingi tun yarimlamay, ko‘chaga chiqib ketdi. Ko‘chalarda tentiradi. Ertalab uyiga qaytib, o‘zini la’natladi: «Noilaning ruhi meni bu uyda o‘n yil kutgan edi. Men uni yolg‘iz tashlab, ko‘chaga qochdim. Noilamning ruhidan qo‘rqib qochdim-a?! O‘zimni erkak deb yuribmanmi, hali?!»

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:10:21

    Agar ko‘kragida qasos o‘ti bo‘lmaganida bu ruhiy azoblar uni ezib tashlardi. Vujudi uch-to‘rt kun mobaynida janggohga aylandi. Bir tomondan xotira izidan ergashuvchi ruhiy kechinmalar uni ezishga chog‘lanadi, ikkinchi tomondan esa qasos o‘ti alanga olib bu kechinmalarni quvishga harakat qiladi. Alqissa, qasos o‘ti g‘olib chiqib, u qaddini rostlashga muvaffaq bo‘ldi.
    Qasos olishning turlari ko‘p. Qamoqdan chiqqan kuniyoq «yaxshi odam»larning birini yoki bir qanchasini so‘yib tashlashi yoki uylariga o‘t qo‘yishi mumkin edi. Lekin bu oson yo‘l Elchinga ma’qul tushmadi. U nihoyatda uzun, nihoyatda xatarli yo‘lni tanladi. Elchin «yaxshi odamlar» to‘dasiga kirishi shart edi. Shu niyatda qamoqdan chiqqan kuniyoq ularning oyoqlariga bosh ursa olam guliston bo‘lardi. Lekin u bunday ham qilmadi. Yanada boshqa yo‘l tutdi. Xatar ko‘chasining eshigini ochib birinchi qadamini qo‘ydi. Endi «yaxshi odamlar»ning o‘zi chorlaydi. Elchin bu chorlov ikki-uch kun orasida bo‘lar deb o‘ylagan edi. Biroq, yangi yil kirishiga yarim soat qolganida Asadbekdan elchi kelishi uning uchun kutilmagan hol bo‘ldi.
    Jingalak sochli yigit — Jamshid gapdan ko‘ra ishni ma’qul ko‘radigan yigit edi. U bilan o‘n kun turib, birga yurib to‘rttagina gap so‘rasangiz, hushiga kelsa ikkitasiga javob qaytarar, xohlamasa shu ikkita gap ham yo‘q edi. Indamas bu yigitni kuzata turib, yorilib ketmayotganiga ajablanasiz. Buning yoshidagi yigitlar o‘ynab-kuladilar, askiya qiladilar. Jamshidning kulganini ko‘rganman degan odam dunyoda yo‘qdir-ov. Lekin uning jilmayganini ko‘rish sharafiga muyassar bo‘lgan baxtiyorlar bor. Bunga ishoning. Kamgaplik hech zamonda, hech yerda fojia sanalmagan, balki fazilat hisoblangan. Shunday ekan, siz ham asardagi yangi tanishingiz Jamshidning kamgapligini asosiy fazilat deb bilavering. Bir voqea sabab bo‘lib mehr, lutf, hayo kabi tushunchalarning yaqiniga ham yo‘lamay qo‘ygan bu yigitdan o‘zga fazilat qidirib ovora bo‘lmaylik. Ha, darvoqe, sadoqatni unutibmiz. U Asadbekka sadoqatli edi. U o‘sha voqeadan keyin kuchli, shafqatsiz odamlarni yaxshi ko‘rib qolgan. Asadbek uning nazarida eng kuchli odam. Garchi undagi sadoqat bizning nazarimizda yaxshilikka emas, zulmga xizmat qilsa-da, o‘ziga xos fazilat deb qabul qilishimiz mumkin

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:15:37

    Elchin bu yigitni zimdan bilardi. Qamalmasidan ilgari Asadbek xonadonida bo‘lganida uni bir necha bor ko‘rgan. Shu sababli Jamshidni darrov tanidi. Jamshid o‘zbeklarga xos lutf bilan salom berib, «Siz falonchi akamisiz?» «Sizni falonchi akam yo‘qlayaptilar» deb latta chaynashni yoqtirmas edi. Eshik qiya ochilib, Elchin ko‘rinishi bilan «Sizni Bek akam chaqiryaptilar» dedi-yu, mashinasi tomon yurdi. Elchin uning fe’l-atvorini bilmagani sababli to‘ng muomalasidan taajjublandi. Ko‘ngli yomonlik yuz berganini sezdi. «Asadbekka ma’lum bo‘ldimi? Kim sotishi mumkin?» Kiyinayotganida ham, mashinaga chiqib o‘tirganida ham xayoli shu savol bilan band edi.
Jingalak sochli yigit gapiravermagach, Elchinning yuragi toshdi. Uni gapga solish uchun:
— Chaksam maylimi? — deb so‘radi.
Jamshid yo‘ldan ko‘z uzmagan holda, «ha», deb qo‘ydi.
— Bek akangiz salomatmilar, ko‘rmaganimga ham o‘n yil bo‘ldi, — dedi Elchin. Jamshid unga bir qarab oldi-yu, indamadi. «Demak, ahvol chatoq, — deb o‘yladi Elchin. — Agar Asadbekka ma’lum bo‘lsa... Nimaga huzuriga chaqirtirdi? Bu yigitga «olib kel», demay, «o‘ldirib kel» desa ish osonroq pishardi-ku? O‘n yil avval o‘limdan olib qolgan edi. Endi nima qilmoqchi?»

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:17:09

    Elchin Asadbek saltanatiga qarshi urush ochganida dadil edi. Hozir nima uchundir cho‘chiyapti. Uchquduqda ekanida qamoq ahlini yotqizib-turg‘izadigan mahbuslar unga ozor berishmasdi. Keyinroq o‘ziga ma’lum bo‘lishicha, u «Asadbekning odami ekan». Bu ta’rif Sibirda ham uni qiynoqlardan xalos etgan edi. To‘g‘ri, u yoqlarda Asadbek, desangiz birov bilmas edi. Lekin «O‘qilon» ko‘pchilikka taniqli edi. Elchin umrida o‘qilonni ko‘rmagan, biroq, o‘zi kichkina bo‘lgan bu ilon o‘qday uchib yuradi, odamga duch kelsa tovonidan teshib, miyasidan chiqadi, deb eshitgandi. Asadbekka «O‘qilon» deb laqab qo‘ygan odam shuni nazarda tutganmi?
Elchin ovozasi uzoqlarga ketgan ana shu dahshatli O‘qilonga qarshi chiqdi. Birinchi qadamini qo‘ydi. Bu ham birinchi, ayni choqda so‘nggi qadam bo‘lib qolmasmikin?
— Og‘ayni, tanishib olaylik, ismingiz nima edi?— Elchin bu yigitni avval yaxshi taniganu shu damda ismini unutib qo‘yganday so‘radi.
    Jamshid javob bermadi. Qarab ham qo‘ymadi. Elchin: «Tirik bo‘lsang bilib olarsan, deganimi bu?» deb o‘yladi.
    Mashina eski shahar tomon burilganida Elchinning tashvishi ortdi. U Asadbekning bolaligi o‘tgan hovlini, uning odatini bilar edi. Qorong‘i hovliga, so‘ng qorong‘i xonaga kirganida «kuragim ostiga hozir pichoq sanchiladi» deb kutdi. Yo‘q, u o‘limdan qo‘rqmadi. Elchin o‘limni bo‘yniga olib, shu yo‘lga kirgan edi. U yo‘l boshidayoq pand yeganidan, muddaosiga yeta olmaganidan alamda. U necha yil qasos yog‘ida qovrildi. Endi esa... U o‘zini qafasga tushib qolgan quyondek his etdi. Lekin bir necha daqiqadan so‘ng esa bu ojizligi uchun o‘zini o‘zi la’natladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:18:37

    Elchin kuragi ostiga pichoq sanchilishini kutdi. Buning o‘rniga qorong‘ilikdan Asadbekning ovozi keldi.
— Ha, hofiz, eson-omon chiqib keldingizmi?
    Asadbekning ovozida piching yoki tahdid ohangi yo‘q edi. Elchin bundan yengil tortdi. Xavotiri bekor ekanini anglab, ovoz kelgan tomonga qarab salom berdi.
— «Keldim» deb ham qo‘ymaysiz-a, hofiz, — dedi Asadbek salomga alik olib. — Har holda men sizga begona emas edim. Aka-ukaligimiz bor edi, a?
    Asadbekning «sizni otuvdan olib qolgan men bo‘laman» demoqchi ekanini Elchin fahmladi. Ko‘zi qorong‘ilikka o‘rganib, uyning chap tomonida do‘ppayib turgan tanchani, devorga suyanib o‘tirgan odam qorasini ilg‘adi. Uchrashuv nima uchun qorong‘ida bo‘layotganiga tushunmadi.
— Qamoqdan qaytgan ukadan xabar olish akadan lozim, deb o‘ylabman, — dedi Elchin gina ohangida.
— Kelganingizni bilganimda uchib borar edim, — gap ohangida endi kinoya sezildi. So‘ng ohang keskin o‘zgardi: — Hofiz, chaynalmasdan erkakcha gaplashaylik. Xotiningizning o‘limida mening zarracha aybim yo‘q. Siz mening ziyofatlarimni gullatar edingiz. Sizni yo‘qotishdan men nima naf ko‘rarkanman? Aksincha, zarar ko‘rdim. Siz kimgadir yoqmay qolgansiz. Jallodni bizning ichimizdan emas, o‘zingizga o‘xshagan otarchilar orasidan qidiring. Bir-biriga surma ichirib ovozlarini bo‘g‘adigan otarchilarning qo‘lidan bundan battar ishlar ham keladi. Aybni bo‘yningizga olib, ahmoqlik qildingiz.
    Chindan ham qotillik Asadbekning ixtiyorisiz sodir bo‘lgan va u aybdorni beayov jazoga tortgan edi. Hozir buni aytmay, gunohkorni otarchilar ichidan qidirish kerak, deb qo‘ya qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:19:46

    Elchin uchun Asadbekning gaplari yangilik emas edi. Qamoqda o‘tirganida gumonlar ko‘chasi uni hamkasblari tomon ham boshlagandi. To‘g‘ri, «falonchi hofiz falonchi ashulachining choyiga surma qo‘shib ichiribdi», degan gaplarni ko‘p eshitgan. Biroq, o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan, bunday voqeaga shohid bo‘lmagan. Mana-man degan ashulachi ikkita-uchta bo‘lsa shunday qilishi mumkindir. Hozir kunda bir arava qo‘shiqchi yog‘ilayapti. Mikrofonni tumshug‘iga tirab kuchanadi. Ovozi bor-yo‘qligini ham bilib bo‘lmaydi. Ammo har biri o‘zini zo‘r hofiz deb fahmlaydi. Latifa qilishlaricha, bir tasodif bilan yuzta hofiz harbiyga chaqirilibdi. Zobit ularni safga tizib «bir chekkadan sananglar» deb buyuribdi. Saf boshida turgani «bir» debdi, ikkinchisi «ikki» deyish o‘rniga u ham «bir» dermish. Uchinchi... qirqinchisi ham «bir» dermish. Zobit achchiqlanib turganda saf boshidagi unga asta tushuntiribdi: «O‘rtoq boshliq, biz ashulachilarmiz. Bizda ikkinchi degan gap yo‘q, hammamiz birinchimiz». Hofizlar mayda qabihliklarni qilar-u, lekin begunoh ayolni zo‘rlab, so‘ng yuragiga pichoq sanchishga jur’at etisholmas. Elchin bunga qattiq ishonadi. Shu sababli ham Asadbekning gaplarini bee’tibor eshitdi. «O‘sha voqeadan oldin odamlaringiz mendan boj talab qilishdi. Har oyda falon ming so‘mdan to‘lab turishim lozim edi. Rad etdim. Shunda hazillashdik, deb meni ziyofatga olib borishdi. U yerda hazillashib qimor o‘ynadik...» demoqchi ham edi, lekin «To‘g‘ri, ular hazillashishgandi» degan javobni eshitishini bilib, indamadi.
— Mendan bir xatolik o‘tgan: hasadgo‘ylaringiz ko‘pligini hisobga olmaganman. Sizni himoya qilishim kerak edi. Bir ashulangiz bor edi:

      «O‘ynamasa kim o‘zganing nayiga,
      Shum niyat-la tushadilar payiga!»


Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:20:53

    Siz endi o‘sha naychini qidiryapsiz, bilaman. Qidirmaganingizda sizni o‘g‘il bola demas edim. Naychi bilan... allaqachon hisob-kitob to‘g‘ri bo‘lgan. Siz uni o‘ylamang. Siz... uylandingizmi?
— Yo‘q.
— Tirikchilik nima bo‘lyapti?
— O‘zbekning to‘yi bor ekan, xor bo‘lmaymiz.
— To‘yning ham to‘yi bor. Kim aytsa boraversangiz obro‘yingiz qolmaydi. Siz eng zo‘r ashulachi bo‘lishingiz kerak. Odamlar «xo‘p» deyishingizga mahtal bo‘lib haftalab ostonangizda yotadi. Bu yog‘ini menga qo‘yib bering. Televizor, radio faqat sizning ashulalaringizni beradi. Sherali-yu, G‘ulomlaringiz sariq chaqa bo‘lib qoladi. Siz ashula aytganingizda Ortiqlar «amma-xolasi havodor» deb etak ochib o‘tiradi.
— Rahmat, Bek aka, bularning evaziga men nima qilishim kerak? Har holda «hisobli do‘st ayrilmas», deganlar. Siz ko‘p so‘ramaysiz, bilaman. Nari borsa, sizga qul bo‘lishim kerak-da, a?
    Asadbek Elchindan bunaqa ignali gapni emas, balki samimiy minnatdorchilik kutgan edi. Asadbek lof urmayotgan edi, aytganlarini albatta ro‘yo qilardi. «Bu otarchi nimasiga ishonib katta ketyapti?» Asadbek bir g‘ijinib oldi. Kimda-kim zid so‘z aytsa, u gapini kalta qilardi. Uning nima hukm chiqargani bir qarashidayoq a’yonlariga ma’lum bo‘lardi. Asadbekka botinib gap qaytargan odamning sho‘riga sho‘rva to‘kilishi aniq edi. Elchin buni bilardi. Bila turib beixtiyor nojo‘ya gap aytdi, degan gapimga ishonib chalg‘imang. Elchin bila turib aytdi, bu gapni. Uning maqsadi Asadbekning qanotiga kirish edi. Lekin mute bo‘lib emas, qaddini g‘oz tutib kirmoqchi edi. Hozirgi marhamatga javoban minnatdorchilik bildirish yana mutelik jandasini kiyish bilan barobar bo‘lardi. U holda Asadbekning atrofidagi parvona fohishalardan farqi qolmas edi. Elchin shu uchun azob chekibdimi, shu uchun payt poylabdimi, reja tuzibdimi?!

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:23:32

    Asadbek Elchinni avval ham durustroq bilmas edi. Elchin Asadbek uchun bir qo‘shiqchi, pul qistirganda irshayib qulluq qiluvchi otarchi edi. Asadbek man-man degan ashulachini ham odam qatoriga qo‘shmas edi. Unvoni, shuhrati ulug‘ ashulachilarni esa ko‘pchilik oldida mazax qilishni, kamsitishni yoqtirardi. To‘yda viqor bilan yurib o‘rtaga chiqardi, ashulachiga yaqinlashib cho‘ntagiga qo‘l solardi. Agar marhamat qilsa ikkita yuztalikni chiqarib ashulachining ikki yelkasiga «pogon» qilib qo‘yardi. Kayfiyati chatoqroq bo‘lsa — yoqasiga qistirardi. Asadbekning izidan chiqqan boshqalar ham faqat yuztalik qistirardi. Shuning uchun ham yoqasiga pul qistirilgan ashulachi o‘zini kamsitilgan deb hisoblamas, balki «akaxon»ning hazillari deb bilib, irshaygan holda ta’zim qilardi. Elchin birinchi marta Asadbekning qahriga o‘shanday holatda duch kelgan. Asadbek yoqasiga pul qistirmoqchi bo‘lganida bo‘y bermagan edi. O‘sha kuni yengil jazo oldi — ikki yigit yaxshigina do‘pposlab, torini majaqlab tashladi.
    Asadbek hozir o‘sha voqeani esladi. Eslab turib «qamoqda ham aqli kirmabdi bu bachchag‘arning», deb qo‘ydi.
Qorong‘ilikni titratib chiqqan Asadbekning qahrli ovozi oraga tushgan bir damlik sukutni buzdi.
— Mening qullarim ajib-bijib yotibdi. Sendan durustroq qul ham chiqmaydi. Sen... ashulangni bilsang bas. Boshqa ishlarga tumshug‘ingni suqma.
Elchin Asadbekning sensirashiga o‘tganidan bildiki, u g‘azab otiga mindi.
— Sen mol emassan. U yoqdan burningni oqizib kelmagansan. Tishingni qayrab yuribsan.
— Bek aka...— Elchin «mening hech qanday yomon niyatim yo‘q», deb gapni chalg‘itmoqchi edi, Asadbek yo‘l bermadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:24:25

— Ovozingni o‘chir! Men gapiryapman, haddingdan oshma, bola! Sen xotining o‘ldirilganini, u yoqlarda yurib kelganingni unut. Ammo Asadbek akangni unutma! Asadbek akang, Xudoga shukr, tirik. Mabodo u o‘lib qolsa, o‘ligidan ham qo‘rq. Men go‘rimda ham tinch yotmayman. Atrofingda kimlar bor?
    Bunday ochiq savdoni Elchin kutmagan edi. «Bilib turib so‘rayaptimi yo taxminan mo‘ljalga olyaptimi? Qizi yo‘qolganidan keyin yigitlari izg‘ib hid olishgan bo‘lsa-chi? Unda nima uchun qizidan gap ochmayapti?» Elchin arqonni uzunroq tashlash maqsadida o‘zini go‘llikka soldi:
— Ota-onam o‘tib ketishibdi, Xudo rahmat qilsin ularni...
— Chaynalma! Kimlarni so‘rayotganimni bilib turibsan. Sen men bilan mushuk-sichqon o‘ynama. Mayda baliqlar hammavaqt kattalariga yem bo‘ladi. Senlar chivinsanlar, men — burgutman. Farqi bormi?
«Farqi bor, — deb o‘yladi Elchin.— Afsuski, burgut chivinni yeyolmaydi-da».
— Atrofingdagilar o‘zbeklarmi yo o‘sha yoqdan topgan qalang‘i-qasang‘ilaringmi? O‘zbek bo‘lmasa yo‘qot ularni. O‘zimiznikilar ham yetib ortadi. Zerikmasliging uchun besh-o‘nta bolani senga topshiraman.
    «Demak, yonimdagilarni bilmaydi. Qizini kim zo‘rlaganini ham bilmaydi. Taxmin qilyapti. Ishonchi komil bo‘lganda men bilan pachakilashib o‘tirmas edi. Bir otarchi nomusini bulg‘aydi-yu, u safsata sotib o‘tiradimi?»
— Bek aka, men yolg‘izman. Qasos olish niyatim borligi rost. Ammo birovning yordami bilan olinadigan qasos menga tatimaydi. Yonimga odam to‘plamaganman.
— Qasam ich!
— Xudo ursin!

Qayd etilgan