Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 258901 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 ... 51 B


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:15:55

XX  b o b

1

— Hosilboyvachcha deganlari men bo‘laman. Bir tomoni qaynotangiz bilan aka-ukaligimiz bor. Bir tomoni yigitning so‘zi qaytguncha shaytonning bo‘yni uzilsin, deyishadimi?
Shu gapdan keyin Elchin o‘ylanib qoldi. U Hosilboyvachcha deganlarini eshitgan, qo‘chqorlarning biri shu ekanini ham bilardi. Ammo o‘zini ko‘rmagan edi. Ozg‘in yuzidagi katta yumaloq ko‘zlari bolakay chizgan suratni eslatuvchi, qaldirg‘och mo‘ylovli, qirra burunli bu yigit o‘ziga erinmay zeb bergan edi. Kiyimlarining taxi buzilmagan, biron yerda g‘ijimning asorati yo‘q, xuddi u hech yerda o‘tirmaydiganday, suyanmaydiganday edi. Ikkala qo‘lining barmoqlarida bittadan tilla uzuk. Bu odamdan taralayotgan atir hidiga dimoq yorilib ketay deydi. Elchinni hayron qoldirgan narsa bu emas, bunday olifta yuruvchilar ko‘p. Elchin to‘yga aytib kelgan bu yigitni zimdan kuzatib, uning kiprik qoqmasligini ilg‘adi. O‘qday qadalib turgan nigohdan odam bolasida kam uchraydigan sovuq o‘t chaqnab turardi. Bu nigoh «senga yaxshilik qilaman» deb alday olmasdi. U to‘g‘risini aytardi: mendan faqat yomonlik kut!
   Elchin Hosilboyvachchaning taklifini eshitgach, kecha Asadbekning qidirib kelgani sababini angladi. «Demak, Asadbek bu taklifdan ogoh. Demak, bu odamga xizmat qilishimni istamaydi. Nima uchun? G‘ayirligi kelganmi? Obro‘yiga putur yetishini bilganmi? Kimsan, Asadbekning kuyovi Hosilboyvachchaning xizmatida bo‘lsa?!»

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:18:20

— Men noz qilayotganim yo‘q, aka, — dedi Elchin, o‘zidan ikki-uch yosh kichik bo‘lgan Hosilboyvachchaga. — Akaxoningiz sizga qadrdon bo‘lsalar, to‘ylariga zo‘rroq ashulachilarni olib borganingiz yaxshimi, deyman-da. Men ancha chetga chiqib qolganman. Birov eslaydi, birov eslamaydi. G‘ulom kelibdi yo Sherali kelibdi, degan gap qayoqda-yu, almisoqdan qolgan Elchin kelibdi, degan gap qayoqda?
— Bunchalik past ketmang. Arzimasangiz o‘zim kelmas edim.
Elchin bu gapdan «Men uncha-buncha odamni taklif etmayman», degan ma’noni uqdi. U Asadbekning maqsadini anglaganday edi. Ammo shuncha o‘ylasa ham Hosilboyvachchaning asl niyati nima ekanini bilolmadi. Har bir katta-kichik to‘daning, hatto gap yeydigan kichik ulfatning o‘z qo‘shiqchisi bo‘ladi. Elchin Asadbek to‘dasiga tegishli, hatto ular uni o‘z mulkiday ko‘rishar edi. Hosilboyvachchalarning ham o‘z mulki — qo‘shiqchisi bor. To‘yga Hasanali kelarmish, deyilsa, odamlar uning yo‘liga haftalab ko‘z tikishadi. Ana shunday mashhur ashulachi turganida Elchin nimaga kerak bo‘lib qoldi? Elchin taklif zamirida qandaydir qitmirlik yotganini fahmla-di-yu, qisqa fursatda o‘sha «qandaydir» nima ekanini anglay olmadi.
— Katta boshingizni kichik qilib kelibsiz, biz nima derdik. Kasbimiz yaxshilarga xizmat qilish.
Hosilboyvachcha yuzini jilmayish epkini silab o‘tdi. Bu quvonish emas, g‘olib odamning mag‘rur jilmayishi edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:19:49

2

   Elchin to‘yga boribdi?!
   Asadbek bu xabarni eshitib, tutoqib ketdi. U «Elchin sal bo‘lsa-da, esini yig‘ib oldi», deb yanglishganini bildi. «Ko‘zi ko‘r, aqli past ekan, — deb o‘yladi Asadbek, — bu tagi pastga olov bilan o‘ynashishni kim qo‘yibdi?»
— To‘yda ahvol qanaqa ekan? — deb so‘radi Asadbek, o‘zini bir oz bosib olgach.
— Uloq Hasanalidamish. Elchinga pul qistirishmabdi, — dedi Chuvrindi.
— Ha, tulki! — Asadbek o‘rnidan turib, eshik tomon yurdi. — Ketdik.
— Siz bormaganingiz ma’qul, — dedi Chuvrindi, joyidan jilmay. — Men yigitlarni yubordim. O‘zlari tinchitishadi.
   Asadbek to‘yxonaga kunduzi borib muborakbod etib, sovg‘a-salomini berib kelgan edi. Uning kechki ziyofatlarga kelmasligi ko‘pchilikka ma’lum, shu uchun hozir borsa, mag‘lubiyatini bo‘yniga olgan bo‘lib chiqadi. Chuvrindi buni oldindan hisob-kitob qilib qo‘ygan edi. Asadbek uning maqsadini darrov tushunib, joyiga qaytdi.
— Siz tashvishlanmang. Bir jihatdan shunday bo‘lgani ham durust. Burniga suv kirsa, keyin qadringizga yetadi, — dedi Chuvrindi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:20:27

   Asadbek xabarni eshitib, titrab o‘tirgan paytda Elchin to‘yda yonib qo‘shiq aytardi. U davraga birinchi chiqishidayoq bu yerga sharmanda bo‘lish uchun kelganini angladi. Undan oldin Hasanali chiqqanida uni qiyqirib qarshi olishdi. Hasanali o‘rtaga chiqib, xuddi tsirk artistiday bir qo‘lini yuqori ko‘tarib ta’zim qildi. Olqishlar tingach, unga torni ikki qo‘llab uzatishdi. U arzimagan bir odamning maktubini olayotgan podshoday qaddini g‘oz tutib, torga qo‘l uzatdi. Shu onda Hosilboyvachcha unga yaqinlashib, ustidan pul sochdi. Hasanali ashula aytib emas, pul sochishdan, qistirishdan charchadi. Navbat Elchinga yetganida to‘yxonada olqishlar yangramadi. Pullar sochilmadi. Tashqaridan qaragan odam barcha pul avvalgi ashulachiga sarf etilib tugabdi-da, deyishi mumkin edi.
   Elchinga bu usul ma’lum. Ashulachini xor qilishning eng madaniy yo‘li shu. Bundan bir vaqtlar Asadbek ham foydalangan. Elchinni boshlab borib, uning obro‘yini oshirish, to‘y egasi chaqirgan hofizni yer qilish uchun shu usulni qo‘llar edi. Hosilboyvachcha aks yo‘l tutdi: o‘zi aytib kelgan qo‘shiqchini o‘zi xor qildi. U atayin davraga chiqmadi. Xuddi Elchinning ashulasini eshitmaganday ulfatlari bilan chaqchaqlashib o‘tiraverdi. Elchinning raqqosasi — to‘ylarda yuraverib ko‘zi pishgan jonon juvon — Hosilboyvachcha o‘tirgan yerga borib ming muqom qildi, ming ishva bilan suzildi, foydasi bo‘lmadi.
   ...Ana shu paytda Asadbekka xabar ketgan edi...
   Elchin izzati bitganini bilib, to‘ydan chiqib ketmoqchi ham edi. Biroq o‘zini tutdi. Sharmandalik yukini ortmoqlab chiqib ketgandan ko‘ra oxirigacha chidashga qaror qildi. Hozir chiqib ketsa — ularga shu kerak — g‘oliblik jomini sipqorishadi, ketmay o‘tiraversa, chiqib ashulasini aytaversa, ular ajablanishadi, balki xavotirga ham tushib qolishar.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:21:09

   Elchin to‘yxonada o‘zining kalaka qilinayotganidan bir ezilsa, ikki to‘da orasida qo‘g‘irchoq bo‘layotganini anglab, ming ezildi. «Bunga avvalroq aqlim yetishi kerak edi», deb o‘zini o‘zi ayblashdan o‘zga chora topmadi. U davraga ikkinchi marta chiqqach, atayin mungli ashulani ayta boshladi. Shirakayf yigitlar kelib, «sho‘xrog‘idan bo‘lsin», deb qulog‘iga shivirlab ketishsa ham parvo qilmadi. To‘yda yayrab, o‘ynayman, deb kelgan qizlar, yigitlar betoqat bo‘lishdi. Hosilboyvachchaning davrasidagilar ham u tomonga bir-ikki qarab qo‘yishdi. Hozirgina qiziyotgan to‘y soviy boshladi. To‘y to‘yga emas, ma’ruzachining gaplari yoqmay g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir boshlangan majlisga o‘xshab ketdi. Hosilboyvachcha o‘rnidan turib, Elchin tomon bir qadam qo‘ygach, to‘xtadi. Elchin uning to‘xtab qolishi sababini ro‘parasida Jamshid paydo bo‘lgach, angladi. Jamshid ashuladan mast bo‘lgan odamday jilmayib qo‘ydi-da, cho‘ntagidan bir dasta pul chiqarib Elchinning ustidan sochdi. Jamshiddan so‘ng yana ikki notanish yigit sochdi. Ana shunda Hosilboyvachcha cho‘ntagiga qo‘l tiqib o‘rnidan turdi. Ana shunda Elchin ashulani nihoyasiga yetkazmay uzdi-da, joyiga qaytdi.
   Uni to‘y oxirigacha davraga chorlamadilar. U esa o‘zini erkin tutgan bo‘lib, yeb-ichib o‘tiraverdi. Sheriklarining savol nazarlariga «xotirjam bo‘linglar», degan ma’noda im qoqib qo‘yaverdi.
   To‘y tugab, kelin-kuyov kuzatilgach, Hosilboyvachcha Elchin o‘tirgan ustolga yaqinlashdi.
— Qalay, hofiz, urintirib qo‘ymadikmi? — dedi u, Elchinning yelkasiga qo‘l tashlab.
— Maza qildik, aka, — dedi Elchin uning ko‘ziga tik qarab.
— Akaxonni xursand qildingiz, rahmat, — u shunday deb cho‘ntagidan ikki taxlam yuz so‘mlik chiqarib, ustol ustiga tashladi. — Yetadimi?
   Elchin zaharli jilmayish bilan pullarga qaradi. Bir taxlamni olib, yonida o‘tirgan doirachiga uzatdi-da, «O‘zing bo‘lib ber», dedi. So‘ng ikkinchi taxlamni Hosilboyvachchaga uzatdi:
— Akaxon, men xolis xizmatga kelganman.
   Hosilboyvachcha qoshlarini bir chimirdi-yu, ammo sir boy bermadi. So‘ng pulni olib raqqosa oldiga tashladi.
— O‘yiningga besh ketdim.
U shunday deb burilib, iziga qaytdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:23:54

3

   Ko‘chada Jamshid kutib turgan edi. Elchin uni ko‘rmaganday o‘tib ketmoqchi bo‘ldi. Ammo sergaklikda uncha-buncha odamga dars bera oladigan Jamshid uning yo‘lini to‘sdi.
— Siz bu yoqqa chiqing, — dedi, qat’iy ohangda.
«Demak, Asadbek olib kelishni buyurgan», deb o‘yladi Elchin. U bir to‘xtamga kelib ulgurmay, Jamshid orqaroqdagi doirachiga buyurdi:
— Torni mana bu moshinga qo‘ying. Hofiz akangiz biz bilan birga ketadilar.
Elchin Jamshid bilan g‘idi-bidi aytishni o‘ziga ep ko‘rmay, mashinaga o‘tirdi. «Asadbekning ko‘zi uchib turgan bo‘lsa, unga aytadigan ikki og‘iz shirin so‘zim bor», deb qo‘ydi.
Jamshid odatiga sodiq qolgan ravishda jim borardi. Orqa o‘rindiqda o‘tirgan Elchin unga tikilib, o‘ylardi: «Asadbek bu laychasini atay yubordimi? Endi menga nimalar deb sasir ekan? «Hosilboyvachcha Asadbekning kuyovini bir pul qildi», degan andishaga chiday olmas harholda...»
   Elchin qamoqdan chiqib kelgach, o‘zini aqlan to‘lishgan his qilardi. «Atrofimda sodir bo‘layotgan har bir voqeaga, aytilayotgan har bir gap-so‘zga aqlim yetadi, kimga nima deyishni yaxshi bilaman», deb o‘ylardi. Zohiran shunday. Har bir inson yil o‘tgani sayin o‘zini aqlli his qilib boradi. Xuddi shu his uni ko‘pga kulgi qiladi yoinki hayot so‘qmog‘ida chalib yiqitadi, yiqitganda ham bir umr majruh qilib qo‘yadi. To‘g‘ri, Elchin ko‘pni ko‘rdi. Nayrang nima, munofiqlik nima, vahshiylik nima — hammasiga tirik guvoh. Ammo, bu nayrang, bu munofiqlik, bu vahshiylik, odam bolasiga yot jamiki illatlar rangi kundan-kunga turlanib turishini hisobga olishni o‘rganmadi. Buni o‘rganishi ham qiyin. Bugun sariq rangda tuslangan vahshiylik ertaga qaysi rangda jilo beradi? Qorami? Yashilmi?.. U Shilimshiqni o‘ldirmoq istagida yurganida qaysi rangda edi. Bu jingalak sochli yigitga pichoq sanchayotganida qaysi rangni afzal biladi? Buni uning o‘zi ham bilmaydi. U o‘zi sezmagan holda ikki guruh o‘zaro tepib o‘ynaydigan koptok holiga tushdi. Zimdan tayyorlanayotgan olishuv sahnasida bir zarra bo‘lib qolganini u hali tushunib yetmasdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:24:40

   Jamshid shohko‘chadan to‘g‘riga yurmay, chapga burilgach, Elchin ajablandi. «Demak, bugun Asadbek meni ko‘rishni istamaydi. Demak, bu tun o‘ylanadi, reja tuzadi. Asadbek qo‘lida qo‘g‘irchoqqa aylanganingiz muborak bo‘lsin, Elchinboy. Qasoskor erkak sizmi edingiz?» Elchin darvozasi yonida to‘xtagan mashinadan tushib, torini qo‘ltiqlagan holda qoldi. Jamshid xayr ham demay, jo‘nab ketdi. Elchin cho‘ntagidan kalit chiqardi-yu, qulfga solishga qo‘li bormadi. Nima uchundir uyiga kirgisi kelmadi. Kimgadir dardini aytishni istadi. Uning dardini yarim kechada kim eshitadi? Zelixon bo‘lganida eshitardi. Lekin u Farg‘onadan qaytgach, «zarur ishni» bahona qilib, Maskovga jo‘nab qolgan. Elchinning dardini Anvar ham eshitishi mumkin. Lekin uyg‘otib, xotini bag‘ridan chiqib unga quloq tutish malol kelsa-chi? Elchin shu fikrlarni xayolidan o‘tkazib, o‘zini nochor, yolg‘iz sezdi. Atrofda «azizim, birodarim, do‘stim...» deydigan odamlar ko‘p. Ammo dardini eshitadigan inson yo‘q bo‘lsa ham qiyin ekan. «Odamlar qamoqdan qo‘rqishadi, — deb o‘yladi Elchin. — Axir shu yorug‘ jahonning o‘zi turma-ku? Yonma-yon yashaysan, lekin bir-biringga ishonmaysan. Bu Yer deganlari gunohkor bandalarning surgun muddatini o‘tovchi joyi emasmi? Qamoqxonada har bir barak o‘ziga xos bir mamlakat. Har bir barakning o‘z qonuni, o‘z urfi, o‘z podshosi bor. Yer yuzidagi har bir mamlakat qamoqxonalardagi baraklardan nimasi bilan farq qiladi? Dindorlarning gaplari balki to‘g‘ridir? Odam bolasi chindan ham sinov uchun bu dunyoda yashar? Sinovdan o‘tsa — ozodlikka chiqadi, jannatga tushadi. O‘tmasa jahannam azobida qoladi...»

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:26:11

4

   Zaynab erini kutib, uxlamay o‘tirgan edi. Mashina kelib to‘xtaganini bildi. Mashina eshigi tez ochilib, tez yopildi. Mashina shitob bilan qo‘zg‘oldi. Zaynab otarchilar shilta yo‘llardan yuradilar, deb ko‘p eshitgan edi. Erining to‘yga borajagini bilganidan beri, shu yo‘lda yurib keladi, degan fikr unga tinchlik bermayotgan edi. Darvoza eshigi hadeganda ochilmay, eri kiravermagach miyasiga o‘rnashgan gumon haqiqatga aylanaverdi. Nazarida eri o‘ynashi bilan tushib qolib, darvoza oldida quchoqlashib turganday tuyulaverdi. Yelkasiga qalin ro‘molini tashlab, tashqariga chiqdi. Devor oldiga kelib, ko‘cha tomonga quloq osdi. U kutgan hansirashlar, pichirlashlar, hiringlashlar eshitilmadi. «Mashina qo‘shnilarnikiga kelgandir» — Zaynab shu fikrda iziga qaytmoqchi edi, ko‘cha tomonda Elchin yengil yo‘taldi. Zaynab sergak tortib, yana qulog‘ini ding qildi. «Nimaga kirmayaptilar?» deb ajablandi. Qancha o‘ylamasin, savoliga javob topolmadi. Kuta-kuta, oxiri eshikni o‘zi ochdi.
   Torini quchoqlab g‘arib ahvolda turgan erini ko‘rib, hayrati yana oshdi. Elchin qo‘qqis eshik ochilganida bir cho‘chib tushdi. Ayvonda yonib turgan chiroq nuri bu yerga arang yetib kelardi. Shu sababli Elchin xotini ko‘zidagi ajablanishni sezmadi. Zaynab ham erining ko‘zidagi hayronlik alomatini ilg‘amadi.
— Zaynab? Tinchlikmi? — dedi Elchin. Uning tili gapga kelmay, ovozi soqov odamnikiday g‘o‘ldirab chiqdi. Zaynab «mast ekan», degan xayolga borib, past ovozda:
— Tinchlik, — dedi, — kiring...

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:26:47

   «Kutayotgan ekan!» Shu fikr Elchinning ko‘nglini yoritib, yelkasidan bosib turgan dardni quvganday bo‘ldi. Ostona hatlab o‘tib, eshikni yopgach, bir qo‘lini xotinining beliga yuborib, uni o‘pmoqchi bo‘ldi. Zaynab yuzini olib qochdi, o‘ptirmadi. Elchin buni nozli araz o‘rnida qabul qilib, ko‘ngli yanada ravshanlashdi. «Shunchalik kutdimi, shunchalik arazladimi, demak, yaxshi ko‘radi» degan qarorga keldi. Ichkari kirib plashchini yechgach, uni yana quchmoqchi bo‘ldi. Zaynab bir to‘lg‘onib uning quchog‘idan chiqdi-da:
— Avval yuvining, — dedi.
Bu gapdan so‘ng Elchinning ustidan sovuq suv quyilganday bo‘ldi.
— Sen hali... meni shunaqa sayoq... shaltoq deb o‘ylaysanmi?!
Zaynab erining ko‘zlariga qarab bir olam g‘am ko‘rdi. Yana bir gap aytsa, nazarida eri yig‘lab yuboradiganday tuyuldi. Gapi qo‘pol chiqqanini anglab, yumshatishga harakat qildi:
— Faqat sayoq odam yuvinadimi? Begona joylarda o‘tirdingiz, begona odamlar bilan ko‘rishgansiz... Darrov egrilikka olmang-da... — Shunday deb erining yuzini silab qo‘ydi. Elchin bu yumshoq qo‘lning taftini sezmadi. «Bugun o‘zi tuproqqa qorishtiradigan kun ekan», deb hammomga qarab yurdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:27:54

5

   Elchin yuvinayotgan mahalda Anvar shirin uyquda edi. Birdan uyg‘ondi. Uyg‘onganda ham sergak, tiniqqan holda uyg‘ondi. Birpas jim yotdi. Peshonasi qiziy boshlagach, o‘rnidan turib mehmonxonaga chiqdi. Derazadan tushib turgan nurni ko‘rib, shoshib eshikni yopdi.
— Seni biz uyg‘otdik, — degan yoqimli ovoz kelgach, nur ustiga oyoq qo‘ymoqchi bo‘ldi.
— Seni hozir olib bormaymiz, — dedi yana yoqimli ovoz.
— Men Zunnuniy bilan uchrashmoqchiman, so‘raydigan gaplarim bor.
— Yerdagi hayot bilan vidolashganingdan keyin uchrashasan.
— Asqar Qosim bilan-chi?
— U bilan ham... Sen bizning borligimizga ishondingmi?
— Ha.
— Yerdagi hayot bilan xayrlashishga tayyormisan?
— Yo‘q.
— Nima uchun?
— Odam o‘zini o‘zi o‘ldirishi oson emas. Men hayotdan to‘yganim yo‘q.
— Bugun bo‘lmasa ertaga to‘yasan. Xolidiy endi battar avjiga chiqadi. Atrofdagilar seni talashadi. Ko‘z ochirishmaydi. Sen o‘zgarishlarga ishonib xato qilyapsan. Odam egnidagi libos o‘zgaryapti, yurak emas. Shunga aqling yetmaydimi?
— Bilib turibman... lekin menga ozgina muhlat bering.
— Vaqtni cho‘zma. Bilib qo‘y: do‘stingning do‘sti xavf ostida, yo‘ldan qaytmasa, halok bo‘ladi.
— Kim?
— Do‘stingning do‘sti...

Qayd etilgan