Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370701 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 ... 51 B


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:28:56

   Shu gapdan keyin nur chekinib, xona qorong‘ilashdi. Anvar holsizlanib, ustulga o‘tirdi. Nurning jumboqli gapi uni tashvishga soldi. Do‘stimning do‘sti kim ekan, deb o‘ylandi. «Do‘stga o‘xshab yurganlar ko‘p. Hammasini ogohlantirib chiqamanmi? Yo eng yaqin, eng chin do‘stlarnimi? Yo‘ldan qaytmasa halok bo‘ladi... Qanaqa yo‘ldan? Birovi amal talashayotgandir, birovi mol-dunyo qayg‘usi bilan yashayotgandir, birovi boshqasining chiroyli xotinini yo‘ldan urmoqqa kirishgandir... Qaysi biri halok bo‘ladi? Nur nima uchun meni ogohlantirdi? Do‘stimning do‘sti halok bo‘lishini istamadi. Ammo meni shoshiryapti. Men unga «hayotdan to‘ymadim», dedim. Shu gapdan achchiqlanib, darrov g‘oyib bo‘ldimi? Men... hayotdan to‘ymadimmi?..»
   «Hayotdan to‘yish» degan gap tildan osongina uchadi. Shu ikkitagina so‘zdan iborat tushunchaning o‘q ildizini topish esa juda mushkul. Har kim hayotdan har xil lazzat oladi. Kimdir maishatdan, fohishalar davrasida yayrab tun o‘tkazishdan, boshqa birov esa ana shu harom yo‘lga yurmaganidan lazzatlanadi. Kimdir to‘plagan mol-dunyosiga qaragan sayin ko‘zi quvnaydi, boshqasi teshik tog‘oraga qarab, qorin va nafs bandasi bo‘lmagani uchun Yaratganga shukr qiladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:35:38

   Xuddi shunga o‘xshash, hayotdan to‘yish ham turlicha. Birov mol-dunyosidan ayrilsa, hayotdan to‘yadi. Birov haqsiz dunyodagi nayranglardan to‘yadi... Anvar nimadan to‘ysin? Xolidiyning hiylalariga chiday olmaganini oshkor etib, bu dunyodan ketvorsinmi? Dunyoni Xolidiylarga tashlab qochsinmi? Asqar Qosim ketdi. Nima o‘zgardi? Kim insofga kirdi? Kimning ko‘zi ochildi? Uning isyonini kim anglab yetdi?
   Anvarning xayoliga shu gaplar kelib, beixtiyor o‘rnidan turdi. Deraza oldiga borib, osmonga qaradi. Osmon tund. Yulduzlar ko‘rinmaydi. Bulut ortiga yashiringan yulduzni xayolan ko‘z oldiga keltirib, unga murojaat etdi:
— Meni olib ketsalaring yaxshi bo‘lardi. Zunnuniy bilan gaplashardim. Asqar Qosimdan so‘raydigan gaplarim bor edi. O‘zimni o‘ldirishim qochmaydi. Orqamdan chirqirab qoladigan bir etak bolalarim yo‘q. Hayotdan umidim ham  yo‘q. Ammo hozir bir adolatni tiklash imkoni tug‘ilganida, qochib qolish nomardlikda. O‘limdan qo‘rqayotganim yo‘q. O‘lganimdan so‘ng Xolidiylarning xursand bo‘lishlarini istamayapman. Menga fursat bering. Ozgina fursat...

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:37:09

XXI  b o b

1

   Yonib ketgan mashinadan topilgan tunukacha temir yo‘l bekati yukxonasining belgisi ekan. Tunukachaga zarb etilgan raqam bo‘yicha ikkita katta jomadon saqlanardi. Jomadonlar xaridorgir kiyim-kechaklar bilan to‘la edi. Tramvay pattasidagi raqamlarga qarab ish yuritish qiyin bo‘ldi. Nihoyat, avtomat yukxonalardan ikkitasining tilsimi yechildi. Ikkovida bir xil qora sumka turar, ikkovi ham qumli xaltachalar bilan to‘la edi. Tarkibida oltin bo‘lgan qum qaerdan olinganu kimga sotilishi kerak? Mayor Solievni ham, Zohidni ham shu jumboq garang qildi.
— Boyligi million so‘mdan kam emas, — dedi Soliev o‘zicha chamalab. — Bular sotganlaridan qolganlari. Shuncha puli bor odam taksini o‘g‘irlab yurarkanmi?
— Taksoparkdagilarni qo‘rqitib olgan bo‘lsa-chi?
— Unda nima uchun aytishmayapti? Komilovning harakatiga ham tushunib bo‘lmayapti.
— Boylik balki uniki emasdir? U biror kishining yoki guruhning dastyori bo‘lsa-chi?
— Dastyor bo‘lganida boylikning iziga tushishardi. Uy bekasi keldimi, gaplashdingmi?
— Yo‘q. Ikki marta chaqirtirdim. Bugun Tolipovni yubordim, olib keladi.
Zohid ham, mayor ham kalavaning uchini topmoq uchun turli taxminlarni o‘rtaga tashlashar edi. Hozir, boshlari qotib turganida siz borib: «Qotil san’atkor, u o‘chini oldi», desangiz, sira ishonmaydi. Chunki million so‘mlik boylikka ega odam oddiy qasos qurboni bo‘lishi mumkinligi kam uchraydigan hodisa.
   Soliev Zohid bilan xayrlashib, o‘rnidan turgan choqda telefon jiringladi. Hamdam Tolipov Shilimshiq yashagan uyning bekasi uch kun burun, ya’ni tintuvning ertasiga jomadonlarini ko‘tarib ketganini, yo‘lda uchragan qo‘shnisiga «Chet elga ketyapman», deganini ma’lum qildi. Bu xabarni eshitgan mayor Soliev joyiga qaytib o‘tirdi-da, «nima qilamiz?» degan savol nazari bilan Zohidga tikildi. Zohid bunday bo‘lishini kutmagan, chunki Sanginaning xatti-harakati unda shubha uyg‘otmagan edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:37:55

— Bizdan qochadigan darajada ko‘p narsa bilarkanmi? — dedi Zohid past ovozda, xuddi o‘ziga-o‘zi gapirganday.
— U qotillikdan balki bexabardir. Lekin beixtiyor holda qotillar yo‘lini ko‘rsatib qo‘yishi ham mumkin bo‘lgan. Komilovni bu uyga kim joylashtirgan? Shu odamni topish kerak.
— O‘rinbosar-chi? — Zohid shunday deb telefon go‘shagini ko‘tarib, raqam terdi. — Balki uni ham...
    Boshliq Zohidning ovozini tanib, quyuq hol-ahvol so‘radi. Keyin xuddi Zohidning maqsadini bilganday, qo‘shib qo‘ydi:
— Tojimullaevning sal toblari yo‘q shekilli.  Kecha telefon qilib, uzrlarini aytuvdilar. Bugun ham ko‘rinmadilar. Uylaridan so‘rab ko‘raymi?
— Ha. Iloji bo‘lsa, bir kelib ketsinlar, — Zohid shunday deb go‘shakni joyiga qo‘ydi.
— Uyiga borish kerak, — dedi Soliev.
— Hozir, bilaylik-chi? Rostdan tobi qochganmi yo ayyor kasalmikin?
— Kasal bo‘lsa mayli-ya, u ham «chet elga» jo‘nab qolmaganmikin?
Shu payt telefon jiringlab, ularning tusmolli suhbatlarini uzdi. Telefon go‘shagidan Boshliqning xavotirli ovozi eshitildi:
— Uyda yo‘q, kecha «safarga ketdim», deb chiqqan ekan.
— Hozir yetib boramiz. — Zohid go‘shakni joyiga qo‘ydiyu Solievga savol nazari bilan qaradi.
   Sarosimaga tushgan Boshliq xonasiga sig‘may, ularni ko‘chada betoqat bo‘lib kutardi. U salom-alikni ham unutib, yangi xabar bilan qarshiladi:
— Kecha ertalab ishga kelganini farrosh ko‘rgan ekan. Unga ham safarga ketyapman, debdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:38:49

   O‘rinbosarning qabulxonasida yoshi yetmishlarga borib qolgan ozg‘in kampir o‘tirgan edi. Soliev uning yonidagi bo‘sh stulga o‘tirdi. Zohid deraza tomonga o‘tdi.
— Tojimullaevni soat nechalarda ko‘rdingiz?
— Sekkiz bulmag‘on edi. Min ubirat etib yurg‘on edim. Kelib, Ani, chiqib turing‘iz, dedilar. Chiqib turdim.
— Menga soat yetti yarimda qo‘ng‘iroq qilib, tobim yo‘q, devdi...
Soliev Boshliqning luqmasiga e’tibor bermay farrosh bilan suhbatini davom ettirdi:
— Ko‘rinishi qanday edi?
— Normalniy edi.
— Bir narsadan jahli chiqqani sezilmadimi yo shoshib turganmidi?
Kampir biroz o‘ylandi.
— Nemnojko nervnichat etti. Minga «Salom, Ani», dedi, i vsyo. A to, yaxshi surashar edi. Zdrovyamni, semyamni surar edi.
— Ichkarida nima qildi? Masalan, temir javonni ochib-yopgani sizga eshitilmadimi?
— Yo‘q, hich narsa ishitmadim. No‘, chig‘ib ketg‘onlaridan sungra qarasam, seyfda kluchlari turibdi. Min udivlyatsya ettim. Kluchni olib, ustollariga spryatat ettim.
— Qaerga, ko‘rsating.
   Kampir turib, yozuv ustoliga aylanib o‘tib, pastdagi tortmaga qo‘l yubormoqchi bo‘lganida, mayor uni to‘xtatdi:
— Ani, bo‘ldi, qo‘l urmang. Tojimullaev qaysi shaharga ketayotganini aytmadimi?
— Vrode Buxara dedi.
   Mayor Soliev Zohidga savol nazari bilan qaradi. Zohid uning nima demoqchi bo‘lganini anglab, Boshliqqa imlab qo‘yib, qabulxonaga chiqdi-da:
— Telefoningizdan foydalansam maylimi? — deb so‘radi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:40:00

   Sarosimasi bosilmagan Boshliqqa bu iltimos ulug‘ bir lutf bo‘lib tuyulib, xona eshigini ochib, biroz ta’zim qilgan holda «marhamat», dedi. Zohid, eshik ohistagina yopilgach, telefon go‘shagini ko‘tardi. Avval ekspertiza xizmatini chaqirdi. Keyin Hamdam Tolipovni topdi-da, aeroportga borib, Tojimullaevning qay tomonga uchganini aniqlashni topshirdi. O‘rinbosarning xonasiga qaytganida Soliev farroshni hamon savolga tutardi:
— Tojimullaev qanaqa mashinada keldi, ko‘rmadingizmi?
— Vrode taksida keldi, — farrosh shunday deb, «adashmadimmi?» deganday boshlig‘iga qarab qo‘ydi.
— Xizmat mashinasini qisqartirganmiz. Taksida kelgan bo‘lishi mumkin, — dedi boshliq, aniqlik kiritib.
   Soliev kampirni boshqa savolga tutmadi. Unga ijozat ham bermadi. Ekspertlar yetib kelishgach, kampir bilan boshliqning guvohligida temir javon ochildi. Ustolning tortmalari tintib ko‘rildi. Biron-bir ashyoviy dalil topilmagach, Tojimullaevning uyiga yo‘l olishdi. Dang‘illama qilib solingan imorat ichi qashshoq ko‘rinishda edi. Parket pollardagi, devorlardagi izlarga qarab, uzoq vaqt gilam to‘shalgan, osilgan ekanini payqash qiyin emasdi. Devorni enlab turgan xorij javonining tokchalari ham g‘aribgina ko‘rinishda. Garchi chang-chung artilgan bo‘lsa-da, bu tokchalarda nimalar turganini aniqlash ekspert uchun cho‘t emasdi. Solievni hozir bu narsalar qiziqtirmas edi. Shu sababli ularni ishga solmadi. Tojimullaevning xotini avvaliga o‘zini go‘llikka soldi. «Qaydam, bilmayman, qayoqqa ketayotganlarini menga aytmadilar», dedi. Zohid Tojimullaev xavfli o‘yinga aralashib qolganini, hayoti xavf ostida ekanini aytgach, yig‘lamsirab turib:
— Buxorodalar, — dedi. — Bugun telefon qildilar. Xavotir olma, dedilar.
— Qaerda turishlari ma’lummi?
— Ha, xolavachchalarinikida.
— Manzilini ayting.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:40:58

   Zohid ayol aytgan manzilni tez-tez yozib oldi-da, telefon turgan xonaga o‘tdi. Yarim soat o‘tmay, telefon jiringlab, Tojimullaev topilgani ma’lum qilingach, ular idoraga qaytishdi.
— Tez topilganiga hayron bo‘lyapman, — dedi Zohid, yo‘lda bora turib.
— Tojimullaev soddamug‘ambirga o‘xshaydi. U ishdan ishkal chiqishidan qo‘rqmagan. Uni cho‘chitishgan bo‘lishlari mumkin.
— Kim, Komilovni o‘ldirganlarmi?
— Balki.
— Uning qotillikka aralashganiga ishongim kelmaydi.
— Bevosita aralashmagandir. Lekin u bizga Komilov yashagan uyni ko‘rsatib berib nodonlik qildi. Har holda u bizdan qochmagan. Qidirib, topib, qo‘lga olishimizni o‘zi istagan. Bizdan qochganda farroshga «Buxoroga ketyapman», demas edi.
— O‘zining soyasidan ham cho‘chiydigan odamga o‘xshaydi. Birinchi kelishidayoq to‘rvaxaltasini shaylab olgan ekan.
— Shunaqa odamlarni jinim suymaydi. Sichqonga o‘xshab yashashning nima qizig‘i bor. Sichqonni hech kuzatganmisan? Nonni bir cho‘qilaydi, o‘n marta atrofiga qarab oladi. Bir qop bug‘doyni tashib ketadi indamasang. Holbuki unga bir chelagi ham yetib ortadi. Lekin u tashiyveradi, tashiyveradi. Oxiri qopda bir dona bug‘doy qolganida qopqonga tushadi. Endi tasavvur qilib ko‘r: bir qopda million don bormi? Demak, million marta qopqonga tushishdan qo‘rqib yashagan. Tojimullaeving ham shunaqa. O‘g‘ri bo‘l, mard bo‘l-da! Xudo yurakdan bermagan ekan, tinchgina, oziga shukr qilib, maoshingga yashayvermaysanmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:45:14

— Yurak-ku, yo‘q, ammo ko‘z och-da.
— Odamning ko‘zi tuproq bilan to‘yadi. Ungacha «ber, ber», deyaveradi. Mahmadona faylasuflaring jinoyat haqida gapirsa, «siyosiy-ijtimoiy ildizlar» deb miyani achitadi. Hech qanaqa ildiz yo‘q. Hamma balo ko‘zda. Nazar to‘q bo‘lsa, hasad ham, ig‘vo ham, ta’qib ham bo‘lmaydi. Kecha mahallamizda bir chol gapirib qoldi: ko‘z zinosi ham bo‘larkan.
— Bu nima degani ekan?
Soliev «rostdan bilmaysanmi?» degan ma’noda ajablanib qarab qo‘ydi.
— Zino — buzuqlikmi, harom yo‘l bilan to‘shakka yotishmi? Agar bir pokiza ayolga shunday yomon fikr bilan qarab qo‘ysang, ko‘z zinosi bo‘larkan. Buning gunohi harom to‘shakda yotganning gunohidan kam bo‘lmas ekan.
Zohid bu gapni eshitib, kulimsirab qo‘ydi:
— Ko‘chada ko‘zimizni yumib yurarkanmiz-da endi?
— Tojimullaev bilan taksoparkdagilarning xizmati bir, — dedi Soliev, uning haziliga e’tibor bermay. — Ular kimgadir xolis xizmat qilishgan. Taksoparkdan mashina so‘rashgan, ular yo‘q, deya olishmagan. Tojimullaev esa «ishlayapti», deb rasmiylashtirib qo‘ygan. Hozir birov bilan birovning ishi yo‘q. Komilov qamoqdan chiqqan mahallarda bu masalaga qattiq turilardi. O‘g‘rimi, chayqovchimi, bir idoraga ilinib olardi. Endi Tojimullaeving ikki tig‘ orasida tipirchilab qoldi. Bir biqiniga biz tirab turibmiz, ikkinchisiga ular. Komilov yashagan uyni ko‘rsatgani uchun ular Tojimullaevni siquvga olishgan bo‘lsa, u bechoraning yuragi chiqib ketgan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:46:31

— Ularning o‘rnida men bo‘lganimda Tojimullaevga tuhmat qilardim. Komilovning qon tekkan kiyimini uyiga tashlab qo‘yardim.
— Bunaqa ashulalar eskirib qolgan.  O‘qib yurganingda bir gap aytganman, esingdami? — Soliev eslab ko‘rsin, degan maqsadda sukut saqladi.
— Siz menga ko‘p gaplarni aytgansiz.
Soliev miyig‘ida kuldi:
— Qaysi biri esingda?
— Daraxt ko‘chada o‘sgani bilan ildizi ko‘rkam imoratlarning tagiga qarab ketgan bo‘ladi, devdingiz. O‘zingizning esingizdami bu gap?
Soliev picha o‘ylanib, bu savol qopqonidan hazil bilan qutulmoqchi bo‘ldi:
— Bunaqa aqlli gaplarni ko‘p aytganman. Men hozir sendan boshqa narsani so‘ramoqchi edim: senlar oliy ma’lumot olaman, deb besh yil kitob titasanlar. Kitoblarda o‘tgan gaplar yoziladi. Jinoyatchi kitobga tushgan yo‘ldan yurmaydi sira. Bu yo‘lda tez fosh bo‘lishini biladi. U bizdan oldinroqda yuradi. Bizning aqlimiz ham, texnikamiz ham ularning izidan boradi. Usta shaxmatchi raqibining hech bo‘lmasa uch-to‘rt yurishini oldindan bilib turadi. Senga o‘xshaganlar tamom bo‘lgan o‘yinni o‘rganib yuraverasanlar.
— Usta shaxmatchilar ilgarigi o‘yinlarning yurishlaridan ham foydalanishadi. Odam eski ashulani ham ba’zan sog‘inib qoladi.
— Harholda bizning sohada eski ashuladan qo‘rqish kerak. O‘tgan o‘yindagi yurishdan foydalanib, sira kutilmagan, motga olib boradigan zarbaga uchraysan. Chunki sen raqibingning usulini yod olgansan. U buni biladi. Sen «ha, o‘zimiz bilgan yurishda», deb xotirjam bo‘lasan. Shunda u bir zarb beradiki, o‘nglanib ololmaysan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:49:16

   Ular yo‘l-yo‘lakay o‘zlaricha falsafa so‘qib borishardi. Soliev bir jihatdan haq edi. G‘anim tomon besh-olti yil kitob titmagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, erkin fikrlaydi, erkin yurish qiladi, kutilmagan zarba beradi. Solievlarni qiynaydigan yana bir tomoni bor: har qanday polvon kurashga tushganda avvalo o‘z kuchiga ishonadi. Ammo uni «ha barakalla», deguvchi rag‘batchisi, homiysi ham bo‘ladi. Solievlarning homiylari, shubhasiz, shinam xonalarda o‘tirishadi, ularni alqashadi, nishonlar, mukofotlar berishadi, biroq, zimdan raqib tomonga ham xizmat qilishadi. Ulardan qo‘rqishadimi yo ulushlarini olib turishadimi, harholda Solievlarning nozik tomonlarini ularga bildirib qo‘yishadi. Solievga bu yaxshi ma’lum. Shu bois biron jinoyat iziga tushganida daraxtning ildizi qaysi imorat ostida ekan, deb o‘ylaydi. Necha marta ildizni topdi, ammo qirqa olmadi — yo‘l qo‘yishmadi. «Sen daraxt kesuvchisan, ildiz kemiruvchi emassan», deyishadi. Zohid bu o‘yinlarni zohiran biladi. Eshitgan, lekin bu savdolar hali boshiga tushmagan. U ildizga yetib borishiga, bolta urishiga ishonadi. Noumid — shayton, yosh ko‘ngil shu umid bilan yashayversin. Yoshlik — asli umid deb atalgan, afsuski, qumdan yasalgan bir imorat. Uni shamol osongina to‘zitadi, yomg‘ir yuvib ketadi...

Qayd etilgan