Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370443 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 ... 51 B


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:53:02

2

   Buxorodagi qarindoshlarinikida konyak ichib o‘tirgan Tojimullaev uch soat deganda o‘zini katta shaharning jinoyat qidiruv bo‘limida ko‘rdi. Qarindoshlarinikiga milisalar kirib kelishganida «xayriyat» deb qo‘ydi. Ayni choqda, yuragiga g‘ulg‘ula tushib, g‘oyibdan «endi tamom bo‘lding», degan ovoz eshitganday bo‘ldi. Tug‘ilgan odam qachondir o‘lishini bilgandek, u bir kunmas-bir kun qamalishi aniqligini bilardi. U faqat bir narsadan — ne azoblar bilan, misqollab to‘plagan boyligining bir kechada uchib ketishidangina cho‘chirdi. Boyligini balki boshqalar harom der. Ammo u uchun har bir tiyin halol, mehnati bilan topgan. Axir shu yillar ichi u nechta boshliq ko‘rdi? Hammasining tomog‘i teshik edi. Yeb to‘ymasdi. Cho‘ntagini qappaytirib, yana yuqori amallarga ko‘tarilib ketaverardi. U esa mehribon enagaday tirjayib, joyida qolaverardi. Boshliq izidan kelganiga «bu zo‘r odam, ehtiyot qiling», deb ketardi. Lekin biron odam «mening o‘rnimga boshliq bo‘lib qolsin», demasdi. Nomi «o‘rinbosar», biroq, o‘rnini bosa olmadi, ega bo‘la olmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:54:07

   Kurortdagi ayshini uzib, uyiga qaytishi bilan boyliklarini yashirishga kirishdi. U hali nima gap bo‘lganini bilmas edi. Boshlig‘i bilan gaplashishga ham ulgurmadi. Ammo ko‘ngli sezdi. Bir balo bo‘lmasa uni chaqirtirishmas edi. Uyni-ku, amalladi. Nazarida, orqasidan kimdir kuzatib turganday bo‘laverdi. Oxiri jur’at etdi. O‘z ko‘nglida tulkilik qildi. «Ozgina aqcha»ni shu shaharning o‘ziga, ishonchli yerga qo‘ydi-yu, Buxoroga uchdi. Agar gumon qilishsa boylikni Buxorodan qidiraverishadi. Uyida birov daxl qiladigan narsa yo‘q hisob. Uy xotinining nomida, mashina qaynonasining... hammasiga ishonch qog‘ozi bor. Ba’zan kal peshonasini silab o‘ylab qoladi, o‘ylay-o‘ylay, dunyoning o‘zi omonat bo‘lganidan keyin topgan mol-mulk boqiy qolarmidi, degan qarorga kelib, o‘ziga taskin beradi. Misqollab yig‘ib-terganlarining birovlar nomiga zikr etilishi unga ham alam qiladi, ham qo‘rqadi. Ayniqsa mashinadan. Qaynonasi anchadan beri ana ketdi, mana ketdi, bo‘lib yotibdi. Kampirning peshonasida birgina o‘g‘il. Agar kampir omonatini topshirsa, o‘g‘il, ya’ni uning qayin inisi merosxo‘r sifatida mashinaga ega chiqishi hech gapmas. Tojimullaev uning sulloh ko‘zlarini yoqtirmaydi. Yoqtirmasligini xotinidan yashirmaydi. Shu tufayli er-xotin ko‘p san-manga borishgan. Tojimullaev hammasidan ham qaynisining ovqat yeyishiga toqat qilolmaydi. «Ukang buldozerga o‘xshab birpasda laganni tekislab tashlaydi», deb ming‘illaydi. O‘zi buvisining «ko‘p ovqat yesang, ichaging yorilib ketadi», degan gapiga ishonib, kamovqat bo‘lgan. Buvisi qizg‘anganidan emas, yo‘qchilikdan shu gapni to‘qib chiqargan edi. Mo‘l-ko‘lchilik damlariga yetib kelganida, shubhasiz, «men hazillashgan edim», deb gapini qaytarib olarmidi... Nachora, buvisi ko‘p ovqat ichakni yorib yuborajagiga ishontirib ketdi. Tojimullaev esa beqiyos baxil bo‘lib qoldi. O‘g‘lini uylantirgach, kelinning      ovqat yeyishini ko‘rib, yuragi zil ketdi. «O‘zi chigirtkadek bo‘lsa ham balo ekan», deb qo‘ydi. Aksiga olib, kelin tansiq mevalarga boshi qorong‘i bo‘lsami?! Tojimullaevning nazarida butun dunyo qorong‘u bo‘lib ketdi. Nazarida kelini ko‘zi yorigunga qadar bor mol-mulkini yeb bitiradiganday edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 12:56:20

   Buvisi «ko‘p ovqat ichakni yoradi», deganida balki haromdan topilgan ovqatni nazarda tutgandir? Tojimullaev ikki yigit o‘rtasida samolyotga chiqib o‘tirgach, birdan shuni o‘yladi. Samolyotning dumaloq derazasi yonidan joy olgach, yigitlardan biri uning o‘ng qo‘lini o‘rindiq suyanchig‘iga kishanlab qo‘ydi. Kishan zulfining «shirq» etishi jonini olganday bo‘ldi. Xayoli to‘zib ketdi. Hozirgina bayon etilgan gaplar ana shundan keyin xotirasidan o‘tdi.
   Mayor Soliev uni sichqonga o‘xshatdi. Bu ham to‘g‘ri. Ammo keyingi kunlardagi ishi tulkining qilig‘ini eslatardi. Tulki o‘ljasini yashirib, ustiga qumalog‘ini tashlab qo‘yarkan. Boshqa hayvonlar hid olib kelib, qumaloqni ko‘rib qaytib ketaverarkan. Tojimullaev-ku, tulkidir, ammo boylik qidirilguday bo‘lsa, izlaydiganlar nodon hayvonday izlariga qaytishmas? Tojimullaev bu izlovchilarni chalg‘itish uchun xayolidagi gapini puxta qilib olgan edi. U Zohid bilan suhbat qurishni mo‘ljallagan edi. «Yosh yigitni ko‘ndirish osonroq», deb o‘ylovdi. Solievga duch keldiyu ish pachavaligini angladi.
«— Nimaga qochdingiz?
— Meni o‘g‘irlamoqchi bo‘lishdi.
— Kim?
— Mafiya bo‘lsa kerak.
— Qanaqa mafiya?
— Buni sizlar bilsangiz kerak?»
   Nazarida suhbat shu tarzda boshlanishi lozim edi. Biroq o‘zini mayor Soliev deb tanishtirgan odam, indamay, unga qattiq tikilib o‘tiraverdi. «Gipnozchimi, nima balo?» deb o‘yladi Tojimullaev. So‘ng avrab tashlamasin, degan tashvishda o‘ylab qo‘ygan gaplarini ayta boshladi:
— Bu ukamiz hech qayoqqa ketmang, devdilar. Lekin men qo‘rqdim. Qo‘rqitishdi. O‘ldirib ketamiz, deyishdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 13:02:56

   Buvisi «ko‘p ovqat ichakni yoradi», deganida balki haromdan topilgan ovqatni nazarda tutgandir? Tojimullaev ikki yigit o‘rtasida samolyotga chiqib o‘tirgach, birdan shuni o‘yladi. Samolyotning dumaloq derazasi yonidan joy olgach, yigitlardan biri uning o‘ng qo‘lini o‘rindiq suyanchig‘iga kishanlab qo‘ydi. Kishan zulfining «shirq» etishi jonini olganday bo‘ldi. Xayoli to‘zib ketdi. Hozirgina bayon etilgan gaplar ana shundan keyin xotirasidan o‘tdi.
   Mayor Soliev uni sichqonga o‘xshatdi. Bu ham to‘g‘ri. Ammo keyingi kunlardagi ishi tulkining qilig‘ini eslatardi. Tulki o‘ljasini yashirib, ustiga qumalog‘ini tashlab qo‘yarkan. Boshqa hayvonlar hid olib kelib, qumaloqni ko‘rib qaytib ketaverarkan. Tojimullaev-ku, tulkidir, ammo boylik qidirilguday bo‘lsa, izlaydiganlar nodon hayvonday izlariga qaytishmas? Tojimullaev bu izlovchilarni chalg‘itish uchun xayolidagi gapini puxta qilib olgan edi. U Zohid bilan suhbat qurishni mo‘ljallagan edi. «Yosh yigitni ko‘ndirish osonroq», deb o‘ylovdi. Solievga duch keldiyu ish pachavaligini angladi.
«— Nimaga qochdingiz?
— Meni o‘g‘irlamoqchi bo‘lishdi.
— Kim?
— Mafiya bo‘lsa kerak.
— Qanaqa mafiya?
— Buni sizlar bilsangiz kerak?»
   Nazarida suhbat shu tarzda boshlanishi lozim edi. Biroq o‘zini mayor Soliev deb tanishtirgan odam, indamay, unga qattiq tikilib o‘tiraverdi. «Gipnozchimi, nima balo?» deb o‘yladi Tojimullaev. So‘ng avrab tashlamasin, degan tashvishda o‘ylab qo‘ygan gaplarini ayta boshladi:
— Bu ukamiz hech qayoqqa ketmang, devdilar. Lekin men qo‘rqdim. Qo‘rqitishdi. O‘ldirib ketamiz, deyishdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 13:04:27

    Soliev indamadi. «Kim, deb so‘rasa o‘ladimi», deb o‘yladi Tojimullaev.
— Telefon qilishdi. Uyimga xat tashlab ketishdi.
    U shunday deb yon cho‘ntagidan to‘rt buklangan qog‘oz chiqardi. Katak daftarning bir varag‘iga kalla suyagining surati chizilgan edi.
Soliev qog‘ozni olib bir nazar tashladi-da, Zohidga uzatdi:
— Ekspertizaga, — dedi buyruq ohangida.
— Qo‘lqopda chizgan bo‘lishi mumkin, — dedi Tojimullaev.
    U prokuratura tergovchisi bilan jinoyat qidiruv bo‘limining inspektori orasidagi farqni bilmas edi. Shu sababli mayorni shu idoraning ulug‘laridan deb bilib, unga umid ko‘zi bilan qaradi. Uning bu ko‘z qarashi shu tobda pichoq qayrayotgan qassobga qarab turgan qo‘zichoqni eslatardi. Qo‘zichoqning bunday qarashi, mungli ma’rashi qassobni yo‘ldan qaytarolmagani kabi, jinoyatchining bunday mo‘ltirashi Solievni chalg‘ita olmas edi. U Tojimullaevdan qahrli nigohini uzmagan holda yana bir oz jim o‘tirdi. So‘ng, Tojimullaev o‘zi kutmagan savolni eshitdi:
— Komilovni ishga kim joylashtirgan?
Tojimullaev gangib qoldi. Chunki u «Sizni kim qo‘rqitgan bo‘lishi mumkin» degan savolga javob tayyorlab o‘tirgan edi.
— Bilmadim... aniqrog‘i... bu ukamizga aytganman. Oldingi boshliq... arizaga sarxat yozib berganlar...
— Qamalib chiqqan bolani kim ishga kirityapti, deb qiziqmaganmisiz?
— Endi... biz kichkina odammiz.
— Siz aybingizni bilasizmi?
— Aybimmi? Ishga rasmiylashtirib qo‘yganimmi?.. Vaqtida bo‘shatmadim...
— Yo‘q, siz Komilovni oxirgi marta ko‘rgan odamsiz. Uning o‘limida sizni ham ayblashimiz mumkin.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 13:05:16

    Qo‘zichoq yerga yiqilib, oyoqlari bog‘landi. Bo‘g‘ziga pichoq tortilishi aniq bo‘lib qoldi. Ma’sum qarash foyda bermadi. U endi tipirchilab, arqonga chap bermay, qutulib, qochish payiga tushdi.
— Men... Men... nima deyapsiz? Men... yo‘q edim-ku?..
— Samolyotda to‘rt soatli yo‘l, — dedi Soliev sovuq ohangda.
— Kelib-ketish ham shart emas. Bu yoqda sheriklar bor-ku? — dedi Zohid, go‘yo unga e’tiroz bildirganday.
— Xudo... Xudo xayringlarni bersin. O‘g‘ri deng, poraxo‘r deng, lekin bunaqa demang. Xudodan qo‘rqaman.
— Xudodan qo‘rqqan odam birovning haqini yeydimi?
— Gunohkor bandamiz... adashamiz... tirikchilik...
— Sheriklaringiz?
— Jon aka, meni qiynamang, — Tojimullaev shunday deb yig‘lamsiradi. — Otsangiz oting, lekin menga bunaqa ayb qo‘ymang.
— Komilovni kim ishga joylagan?
— Bilmayman.
— U tez-tez kelib turarmidi?
— Yo‘q. O‘n yilcha ko‘rinmadi.
— Qaerda ekan?
— So‘raganimda, Sibirda edim, devdi.
— U yerdan nima olib keldi?
— Men bitta telpak bilan...
— Qum-chi?
— Qanaqa qum?
— Tilla qum.
— Sibirda qum nima qiladi?
— To‘g‘risini aytasizmi?
— Yolg‘on gapirsam, til tortmay o‘lay.
— Sizga qasam ta’sir qilmaydi. Tilla qumni nima qildingiz, to‘g‘risini ayting. Seyfingizning kaliti faqat o‘zingizda turadimi?
— Ha.
— Qani? — Soliev shunday deb qo‘l uzatdi.
— Yo‘qotib qo‘yibman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 13:06:46

Soliev ustol tortmasidan kalit olib ko‘rsatdi:
— Shumi?
— Ha.
— Seyfni ochib tekshirdik. Ekspertiza tilla qum donalarini topdi. Bunga nima deysiz?
— Yo‘q... bilmayman... men undan bitta telpak...
— O‘rningizdan turing. Sizga ruxsat. Uyingizga boravering. Kerak bo‘lsangiz chaqiramiz.
    Jon talvasasidagi qo‘zichoq bo‘g‘ziga pichoq tortilmay, oyoqlari arqon hukmidan ozod etilgach, ajablangan holda, bir necha nafas qimir etmay yotadi. So‘ng irg‘ib turib, nari qochadi. Tojimullaev qo‘zichoq emas, darrov turmaydi, qochmaydi. O‘sha qo‘zichoq nigohi bilan qarab o‘tiraveradi.
— Sizga ruxsat deyapman, ketavering.
— Uygami?
— Xohlasangiz, uyingizga boring, xohlasangiz, ishingizga.
    Tojimullaev bu gapga ishonqiramay o‘rnidan turdi. Ostonaga yetganida «to‘xtang, qayting», degan zardali buyruq kutdi. Dahlizda yurib borayotganida ham, zinalarni bir-bir bosib uchinchi qavatdan tushayotganida ham, hatto ko‘chaga chiqqanida ham orqadan birov kelib yelkasini ushlashini, «qayting», deyishini kutdi. U o‘zicha rejalar tuzganida bunaqa savol-javobni, muomalani, xotimani kutmagan edi. Milisalar haqidagi kinolarda bunga o‘xshash voqeani sira ko‘rmagan edi. Qamab qo‘yishlariga, so‘roq paytida hatto urib-tepishlariga ishonchi komil edi, ammo bunday oson qutulaman, deb o‘ylamovdi. Ishqilib oxiri baxayr bo‘lsin...
    Tojimullaev chiqib ketishi bilan Zohid mayorga ajablanib qaradi. Boyatdan beri qahr niqobida o‘tirgan Soliev kulimsiradi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 13:08:14

— Orqasidan odam qo‘yamiz. Agar chindan ham qo‘rqitishgan bo‘lsa, bugun-erta uni yo‘qotishadi. Nazarimda, o‘zining bahosini sal oshirvorgan. Anavi rasm ham o‘zining ijodi bo‘lishi kerak. Sezdingmi, u kirib kelganida xotirjam edi. Chunki biz u chizgan chiziqdan borayotuvdik. Men chiziqlarini chalkashtirib yubordim. Buni bir-ikki kun kuzatib o‘z holiga qo‘y. shug‘ullanaversin. Bizga Sangina kerak.
— Izini quritishgan bo‘lsa-chi?
Soliev barmoqlari bilan stolni chertib qo‘ydi.
— Bo‘lishi mumkin. Ertaga Sanginaning, indinga ikkita noma’lum kavkazlikning o‘ligini topishimiz ham mumkin.
— U holda bu aniq bir to‘daning ishi bo‘lib chiqadi.
— Mening boshimni shu narsa qotiryapti. Bu bitta to‘da ichidagi gapmi yo to‘dalar orasidagi fitnaning boshlanishimi? Bitta to‘da ichida bo‘lsa boylikni topmay qo‘yishmasdi.
— Boshqa gunohi uchun jazolashgan bo‘lishsa-chi?
— Bunaqa namoyishkorona osib qo‘yishlariga hayronman.
— Unda to‘dalar orasidagi fitnami?
— Fitnaning boshlanishiga picha fursat bor, nazarimda. To‘dalar hozir bizdan oz bo‘lsa-da, cho‘chishadi. Hali hamma kavaklarga kirib ulgurishgani yo‘q. Bizdan qo‘rqmay qo‘yishgach, bir-birlari bilan olishishni boshlashadi. Hozircha, oralarida pinhona adovat bor. Oshkora urush yaqin orada boshlanmasa kerak. Hozir boshlansa, bizga osonroq bo‘lardi, payini qirqardik. Erta-indin qo‘limiz kaltalik qiladi. Kissavurlarni eplasak ham katta gap bo‘lib qoladi.
— Vahimachi bo‘lib boryapsiz, aka, — dedi Zohid kulimsirab.
Mayor bosh chayqab, bir oz sukut qildi.
— O‘lmasak ko‘rarmiz. Katta-kichik idora rahbarlarining jilovi shularning qo‘liga o‘tadi. Ana o‘shanda tomoshalarini ko‘raverasan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 13:12:47

3

   Zohid Sharipov shom qorong‘isida uyiga qaytdi. To‘qqiz qavatli beton uyning ikkinchi yo‘lagi og‘zida xotinini ko‘rib, ajablandi.
— Fotima? Nima qilib turibsan?
— Voy, qayoqlarda yurasiz-a, — Fotima shunday deb erini quchoqladi-da, yig‘lab yubordi. U qalt-qalt titrardi. Zohidning yuragi g‘ashlanib, uning yelkasidan mahkam ushladi:
— Nima bo‘ldi? Abduvohid qani?
— Vohidjon qo‘shnilarnikida, sizni kutaverib sovqotib ketdik.
— Nima bo‘ldi?
— Uyga kelsak... dahlizda ikkita kishi yotibdi. Yuragim chiqib ketdi.
Xotinining «ikkita kishi yotibdi», deyishi Zohidga daf’atan mayorning «indinga ikkita kavkazlikning o‘ligini topishimiz mumkin» degan gapini yodiga soldi.
— Qanaqa kishi? — dedi u shoshilib, — kavkazliklarmi?
— Qayoqdan bilay, qo‘l-oyoqlari bog‘lab tashlangan, basharasiga qarabmanmi, yuragim yorilib, qochib chiqqanimni bilaman.
Zohid xotinini chetga surib yubormoqchi edi, Fotima uni mahkam ushladi:
— Yo‘q, kirmaysiz, qo‘rqaman, — dedi yig‘idan to‘xtamay.
Zohid unga «ko‘chada diydirab turaveramizmi?» deganday qaradi-da, yo‘lka sari qadam qo‘ydi. Xotini uni orqaga tortdi.
— Sen Abduvohidning oldiga kir. Men telefon qilaman. — Zohid shunday deb birinchi qavatdagi qo‘shnisinikiga kirdi. Mayor Soliev hali uyiga ketmagan ekan. Zohidning gapini eshitib, qisqagina buyruq berdi:
— Ichkari kirma. Ikkita odam — o‘sha kavkazliklar bo‘lishi mumkin.
   Soliev it yetaklagan milisa yigit, suratchi, ekspertlarni boshlab kelgunicha oradan yarim soat vaqt o‘tdi. Bu vaqt ichida Zohid xayolan turli-tuman boshi berk ko‘chalarga kirib chiqdi. «Agar ular Komilovni o‘ldirgan kavkazliklar bo‘lsa, menikiga nima uchun tashlashadi. Ularni o‘ldirib tashlashganmi yo tirikmi?»

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 13:14:12

    Mayor Soliev Zohiddan uyning kalitini oldi-yu, to‘qqizinchi qavatga chiqqach, yon qo‘shnilarni chaqirib, eshikni ochdi. Dahlizda qo‘l-oyoqlari chandib bog‘langan, og‘ziga yelimli tasma yopishtirilgan, yoshi o‘ttizlardan oshgan ikki odam yotardi. Ostonada turgan Zohid ularni bir qarashda tanidi: hamqishloqlari. Yanada aniq aytilsa, o‘sha mash’um kechada mushtlashib, akasini o‘ldirib qo‘ygan yigitlar. Zohid ostona hatlamoqchi edi, Soliev uni to‘xtatdi:
— Sen kirmay tur.
— Bularni taniyman.
— Tanisang ham kirmay tur. — Soliev shunday deb engashdi-da, yigitlarning bosh tomonidan bir varaq qog‘oz olib, o‘qidi: — «Erkak bo‘lsang — qasos ol!» Bu xat senga atalgan shekilli?
    Zohid voqeaga tushunganday bo‘lib, ikki qadam tislandi. Milisa ichkari kirib, itiga is oldirdi. It liftga qadar keldi, so‘ng dumini likillatib turaverdi. Barmoq izlarini olish ham samara bermadi. Soliev shunday bo‘lishini oldindan bilsa ham rasmiyatchilik uchun ularni boshlab kelgan edi. U Zohidning uyida Komilovni o‘ldirganlarning murdasi yotibdi, deb qattiq ishongan, shogirdi bir baloga giriftor bo‘lmasligi uchun ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘ygan edi.
    Soliev boshlab kelgan mutaxassislar qaytib, qo‘shnilar ham uylariga chiqib ketishgach, Zohid ichkariga kirdi. Mehmonxonada o‘tirgan akasining qotillari uni ko‘rib beixtiyor o‘rinlaridan turishdi. O‘sha voqeadan keyin Zohid ularni ko‘cha-ko‘yda uchratib qolsa ham salomlashmas edi. Ha, uning ko‘nglida qasos umidi bor edi. Ammo qotillarni o‘ldirish xayoliga ham kelmasdi. Undagi qasos o‘ti haqiqat uchun jon olib, jon berishga undardi.

Qayd etilgan