— Xongirey boshqalarning ishiga aralashmas edi. Senga ham o‘rgatmagan ekan-da, a?
— Uka, omadingni bersin, qo‘l uzatsang osmondan yulduzlarni terib olasan. Men ham rizqimni terib yeyman. Turklar ham och qolmas. Ammo qonning isi kelib turibdi, gunohga botma. Odamlaringni chaqirib ol. U yerlar o‘zingga buyuradi, lekin hozircha tegmay tur. Ko‘nglim yomon narsani sezmasa, oldingga kelmas edim.
— Turklar bizni o‘ldirishadimi?
— Yo‘q. Janjalni senlar boshlaysanlar, qon to‘kishga boshqalar tayyor turishibdi. Ular qonlaringni ichib, g‘oyib bo‘lishadi. Baloga senlar qolasanlar.
— Kim ular?
— Vaqti kelganda bilib olasan.
— Shunaqami?.. Men chechenlar mard bo‘ladi, deb eshitardim. Quyonyuraklari ham bo‘larkan-da, — dedi Hosilboyvachcha ijirg‘anib.
Zelixon ko‘zidan uchqun chaqnadi.
— Chechenlarga til tekkizma! Sen men bilan gaplashyapsan. Agar men senga qarab turib, «o‘zbeklar lattachaynar ekan», desam yoqamanmi?
— Okaxon, men sizni odam deb gaplashishga rozi bo‘ldim. Hamma narsaning chegarasi bor. Xongireyga tanishman, deb o‘zingizdan ketmang.
Zelixon Xongirey tanish emas, shogirdi ekanini aytmoqchi edi-yu, hamma sirni oshkor etish shart emas, degan qarorga kelib, tilini tiydi. U Hosilboyvachchaga aytadiganini aytib bo‘lgan, endi turib chiqib ketishi ham mumkin edi. Zelixon shahardagi kattalarning biri Hosilboyvachcha ekanini dastlab eshitganida uni dadil, cho‘rtkesar yigitdir, deb o‘ylovdi. Bir necha daqiqa burun barmoqlariga tilla uzuklar taqqan, o‘ziga zeb bergan kibor yigitni ko‘rgach, hafsalasi pir bo‘ldi. U mard odamlarni yoqtirardi. Ro‘paradagi yigit sher emas, tulki ekanini fahmlab, suhbatning boshidayoq Xongirey nomini tilga olib yanglishmagan edi.