Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370657 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 B


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 13:48:35

5

Asadbek Zelixonning gaplarini diqqat bilan eshitdi.
— Bu ishga mening nima aloqam bor? — dedi picha mulohaza qilgach.
— Hosilboyvachchani siz yo‘lga solishingiz mumkin.
— Menmi? Kim aytdi buni sizga?
— Shaharning zo‘ri uchta. Uchinchisi Markanyan. U aralashmaydi. Ikki urushqoq podshoning kuchi qirqilsa unga yaxshi.
— Hosilga so‘zim o‘tmaydi. U o‘zinikini ma’qullaydigan bola. Unga Xongirey bir narsa desa balki...
— Xongirey ham aralashmayman, deyapti. Xongireyni hukumatning odamlari ogohlantirib qo‘yishganga o‘xshaydi.
«Xongireyni ogohlantirishgan bo‘lsa... demak... biz aralashguday bo‘lsak, hukumat bizni ham omon qo‘ymaydi. Istasa, bir kechada yakson qilib tashlaydi, — deb o‘yladi Asadbek. — Bu chechen nimaga tipirchilab qoldi? To‘rtta o‘zbek bilan turk urushsa unga nima? Sibirdagi qamoqxonalardan kallakesarlar qochgan bo‘lsa, o‘zbek bilan turkning urushiga nima aloqasi bor? Ular kimga xizmat qiladi?..»
    Asadbek Zelixonga tikildi. Bu chaqchaygan, o‘tkir qarashli ko‘zlarda munofiqlik uchquni bormi-yo‘qmi, aniqlamoqchi bo‘ldi. Bir necha nafaslik nigoh buni aniqlash uchun kifoya etmadi. Asadbek qattiq tikilsa, uncha-buncha ko‘zlar dosh berolmasdi. Zelixon esa «o‘qilon» deb nom chiqargan bu odamdan zarracha tap tortmay o‘tiraverardi. Aslini olganda, jinoyatchilar olamining yozilmagan qonuniga ko‘ra, ular bir-birlariga dushman edilar. Zelixon Asadbekdan yomonlik ko‘rmagan, unga da’voi ham yo‘q, uni dushman deb bilmaydi. Shuning uchun ham bu yerga dadil keldi. Elchin bilan Asadbek orasidagi dushmanlik to‘ydan keyin kamaygan degan fikrda. Biroq, Asadbekka Zelixonning kim ekani ma’lum, keyingi oylar ichi ko‘rgan tashvishlari shu odam tufayli ekanini, qizini o‘g‘irlab zo‘rlashda ham, Shilimshiqni o‘ldirishda ham Elchinning yolg‘iz bo‘lmaganini endi aniq biladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 13:49:12

    Elchin qo‘ng‘iroq qilganidan so‘ng Anvar bilan suhbatini davom ettirgan bo‘lsa-da, xayolining bir cheti «ularning maqsadi ne ekan?» degan savolga javob topish bilan band edi. Zelixon voqeani bayon qilayotganida ham, hozir ham shu savolga javob izlardi. Zelixonning to‘g‘ri gaplariga ishona qolmasdi.
    Asadbek shu paytgacha ko‘nglini ranjitgan odamni kechirmagan. Tiz cho‘kib tavba qilganlar ham uning g‘azabidan benasib qolishmagan. Yo‘q, u gunohkorlarni bir chetdan o‘limga hukm qilavermas edi. O‘lim — so‘nggi chora. Bu chorani kamdan-kam hollarda qo‘llardi. U joriy etgan o‘ziga xos jazo usullari mavjud. Sulaymonovning taqdiri, Shilimshiqning surgun qilinishi ana shu usullardanki, siz bunga guvohsiz. Asadbek keyingi paytda ko‘ngli bo‘shlik qilyaptimi yo ehtiyotkor bo‘lib qolganmi, har nechuk jazo usullarini yumshatdi. Ro‘parasida o‘tirgan chechenni uch-to‘rt yil avval bo‘lganida o‘ylab o‘tirmay o‘limga hukm qilib yuborardi. Hozir esa uning maslahatlariga quloq tutib o‘tiribdi. Uning gunohini kechirish mumkinmi? Gaplariga ishonish kerakmi? Maqsadi Hosilboyvachcha bilan urushtirib qo‘yish bo‘lsa-chi?..
— Men o‘sha tomonlarning tuzini ichganman, — dedi Zelixon, oradagi sukutni buzib. U bu yoqqa kelayotganidayoq Asadbekni ishontirish oson emasligini bilgan edi. Asadbekning o‘yga tolganini ko‘rib, fursatdan foydalandi — o‘tmishdan so‘z ochdi. — O‘g‘irlikni ham o‘sha yoqda o‘rganganman. Bir kun ustam bilan boyvachcha odamning uyini urdik. Hamma narsasini shilib ketayotganimizda ustamning ko‘zlari bir xaltaga tushib, menga «qara-chi, nima ekan», dedilar. Qorong‘ida nimaligini bilmay, yalab ko‘rsam, tuz ekan. Ustamga «tuz ekan», desam, «qaydan bilding?» dedilar. «Yalab ko‘rdim», dedim. «O‘, padarla’nat, kasofat», dedilar-da, to‘plagan mol-matohni uy ichiga qaytardilar. «Bu xonadonda tuz ichganday bo‘libmiz, molini o‘g‘irlasak, gunohga botamiz», deb, qup-quruq chiqib ketdilar.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 13:50:48

    Asadbek bu hikoya nima uchun aytilganini aniq tushunmay:
— Ha, shunaqa mard odamlar bor edi, — deb qo‘ydi.
    Zelixonning hikoyasi yodiga ustozini soldi. U odam ham g‘oyat mard edi. Ular egasiz hovlida oshiq tepishardi. Asadbek bolalarga qo‘shilib tamoshaga kelardi. Qimorbozlarning ular bilan ishlari yo‘q. Keyinchalik Asadbekni qanotiga olgan Sadirbekkina bolalarni haydagani haydagan edi. Sadirbek buning sababini ancha keyin, Asadbek uylanayotgan mahalda tushuntirdi:
— Qimorbozdan Xudo bezor, bolam, — degan edi u. — Qo‘limdan million-million so‘m pul o‘tdi. Ammo birim sira ikki bo‘lmadi. Seni bolam deganman. Vaqti kelsa, bolam bo‘lib, bir parcha kafanga o‘rab ko‘mib qo‘ysang bas. Esingdami, bolaligingda nuqul senlarni haydardim. O‘shanda men qimorni o‘rganishlaringni istamasdim. Peshonangda bor ekan, sen qo‘shilib qolding. Bizni Xudo urgani yetarli... Senga aytadigan gapim bitta: nikohingning ertasigayoq qimorni tashlaysan. Ko‘ngil uzolmasang, qozilik qil. Tirikchiliging o‘tib turadi. Ammo qimor o‘ynama. Sen bir kuni «nima uchun uylanmaysiz?» devding. Savolingga endi javob beray: bir qizni suyib uylangan edim. Yigirma kunlik kuyovman, ulfatlarim «supraqoqdi»ga kelishdi. Birpasda bor narsamni yutqazdim. Kelinning devorga yoyilgan latta-luttalari ham ketdi. Yigirma kunlik kelin «erimning o‘rtoqlari kelibdi», deb xizmat qilib yuribdi. Bir mahal u samovor ko‘tarib o‘tib qolmaydimi, ko‘zim unga tushib qolmaydimi, shayton «xotiningni tik», dedi, shartta tikib yubordim. Yutqazdim. Men yalindim, xotinim dod dedi, qayoqda, qiy-chuvga parvo qilmay, otga o‘ngarib olib ketdi. Shu xotinning uvoli tutadi meni...
Yig‘lamsirab aytilgan bu gaplar Asadbekning yuragiga mixlanib qoldi. Qimorni tashladi. Ammo ustasini odam qatorida dafn qilish unga nasib qilmadi. Rusiya tomonlarga ketganicha qaytib kelmadi. Sheriklari ham tayinli javob aytishmadi...
    Hozir Asadbek shuni esladi. Esladi-yu, ammo tiliga chiqarmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 13:52:06

— Men o‘sha joyning tuzini ichganman, — dedi Zelixon, gapini takrorlab. — Urushda bizni haydab kelishgan. Biz tig‘ ko‘tarib kelmadik. Bo‘sh qo‘l, och qorin bilan keldik. Onam ham, buvam ham o‘sha yoqda yotibdilar. Kafanlikni ham o‘zbeklar berishgan. Men kichkina bola edim. Itday xor qilib haydab kelishgan. Turklarning boshiga ham shu kun tushgan. Xorlik nimaligini bilaman. Buvam ichgan tuzingni oqla, deganlar. O‘g‘ri bo‘lib ketdim. Buvamning vasiyatlarini bajarmadim. Endi ham qarab tursam yarashmaydi. Siz gaplarimga ishonmayapsiz.
— Ha, — Asadbek shunday deb o‘rnidan turdi.
— To‘g‘ri qilasiz, — dedi Zelixon, — darrov ishonsangiz, sizni nodon derdim.
— Men o‘ylab ko‘raman. Sizdan bir iltimosim bor. Elchin ko‘proq sizga suyanadi. Gapingizga quloq soladi. Unga tayinlang, jim yursin. Haddidan oshmasin. U ashulachi, ashulasini aytib yuraversin.
— Siz haqsiz. Men ham unga shunday dedim.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 19:13:54

XXIII  b o b

1

— To‘yxonami o‘zi, bu? — dedi Zelixon, Ahadbey bilan quchoqlashib ko‘rishib. — Nimaga jimjit? Mana, o‘zbekning eng zo‘r ashulachisini olib keldim. To‘yingni gullatib beradi. To‘yingning dovrug‘i butun Farg‘onaga taralmasa, basharamga tupurasan.
Ahadbey oshnasining gaplaridan kulimsirab, Elchin bilan ko‘rishdi.
— Mana, sizlar keldingiz, to‘y endi boshlanadi-da, — deb ularni ichkari boshladi.
Pastak deraza oldida o‘tirgan Ismoilbey ularni ko‘rgan edi. Mehmonlar ostona hatlab uyga kirmay turib, ularga peshvoz chiqdi.
— Omon keldingmi, bolam, ko‘zim to‘rt bo‘lib o‘tiruvdim.
— Samolyot vaqtida uchmay, xunob qildi. Elchin, yetmishga kirgan kuyov bola shu kishi bo‘ladi. Qani ota, qo‘lni uzating, — Zelixon shunday deb Ismoilbeyning barmog‘iga tilla uzuk taqdi. Ikkinchi uzukni cholning kaftiga qo‘ydi. — Bunisi xolamga, o‘zingiz taqib qo‘ying. Ahadbey, oshna, sen bilan men baxtli odammiz. Ota-onasining oltin to‘yini ko‘rish hammaga ham nasib qilmaydi. — Zelixon yon cho‘ntagidan taxi buzilmagan bir dasta pul chiqarib, Ahadbeyga uzatdi.— Hozir bitta buqa topib ag‘darasan. Qozonning kattasini os. Oshdan yeganlarning hammasi shu yoshga yetsin, oltin to‘ylarni ko‘rsin. Mikrofonlarni o‘rnat, hofiz tinmasdan ashula aytadi. Elchin kelganini bilsa uyingga odamlar sig‘may ketadi. O‘zbeklarga o‘zbekchasini, turklarga turkchasini aytadi. Chechenchasini bilmaydi bu xumpar, bilsa uni ham aytardi. Bu hofizga yetadigani yo‘q, olamda!

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 19:15:17

— Bolam, kel o‘tir, — dedi Ismoilbey, bosiq ohangda. Shu ohang Zelixonning tantanavor kayfiyatidagi hovurni o‘chirdi. Ota-bolaning ko‘zlarida shodiyona uchquni ko‘rinmaganidan ajablanib, chol ko‘rsatgan tomonga o‘tib o‘tirdi. Ismoilbey pichirlab duo o‘qib, yuziga fotiha tortdi.
— Nima gap, tinchlikmi o‘zi? — dedi Zelixon.
— Tinchlik, — dedi Ismoilbey, keyin o‘zicha nimadir deb pichirlab, ko‘zini yumdi. Bir necha tundan beri u tushida dengizni ko‘radi. To‘lin oy dengiz adog‘iga yonboshlab, mavjlar uzra uzun nurli poyandoz yozadi. U shirintoy o‘g‘lini yelkasiga o‘tqazib, shu poyandoz ustida yurib boradi. Birdan oy yuzini bulut parchasi to‘sadi. Poyandoz yo‘qolib u suvga sho‘ng‘iydi. Qancha tipirchilamasin, suv qa’riga tortaveradi. Bu manzarani bir marta ko‘rsa, suv yorug‘lik degan ta’birni eslab qo‘ya qolardi. Ketma-ket ko‘rayotgani uchun hayron... Kechagi voqeadan so‘ng ko‘ngliga xavotir oraladi.
— Maskovdagi vakillar kelishdimi? — deb so‘radi Zelixon. U ota-bolaning noxush kayfiyatiga shu ta’sir etdimikin, deb o‘yladi.
— Qaytishdi, — dedi Ahadbey, otasiga bir qarab olib. — Tarvuzlari qo‘ltiqlaridan tushib qaytishdi. Maskovning qaytargisi yo‘q.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 19:16:19

— Duch kelgan yerlarda yashab ketaveradigan odamlar Vatanning qadriga yetarmidi? Qorin dardidagi odam Vatan dardiga tushuna olmaydi. Bormanglar, devdim, quloq solishmadi, — Ismoilbey shunday deb xo‘rsindi. — Vatanga qaytaradigan niyati bo‘lsa, o‘shanda haydab chiqarishmas edi. Yaxshilik bilan bitadigan ish emas bu.
— Xohlasangiz, O‘zbekiston ichida muxtor viloyat tashkil etib beraylik, deyishibdi.
— Bundan foyda bormi? — dedi Zelixon Ahadbeyga qarab.
— Ularga naf bordir. Na turklar, na o‘zbeklar bir naf ko‘radi bundan.
— Bizga muxtor viloyat emas, Vatan tuprog‘i kerak, — dedi Ismoilbey. — Maskovga umid bilan ketdilar-u, jonga halovatli xabar keltira olmadilar. Bu yurakda endi na quyosh bor, na nur, na hayot qo‘shig‘i bor. Daryodagi yolg‘iz qayiqday, mayoqsiz suzamiz. Yurt g‘aflat uyqusida bejon va behush. Qo‘rqinch bulutlari daf bo‘lib, oydin chiqar, deb yanglishibmiz...
Zelixon tizzasiga shapati urdi.
— Maskov bugun ko‘nmagan bo‘lsa, ertaga ko‘nadi. Shunga motam tutib o‘tiribsizlarmi? To‘y to‘ydek bo‘lsin!
Ismoilbey asta o‘rnidan turib, qaddini mashaqqat bilan tikladi-da, uydan chiqdi.
— Oqsoqolni xafa qilib qo‘ydimmi? — dedi Zelixon, Ahadbeyga ajablanib qarab.
— Yo‘q, xafa bo‘ladigan gap gapirmading. Bir-ikki kundan beri ko‘ngillari nima uchundir xijil bo‘lib yuribdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 19:16:39

— O‘zing-chi? Sen nimaga tumshug‘ingni osiltirib olgansan? Nimaga odamlar ko‘rinmaydi? To‘y bugunmi yo ertagami?
— To‘y... to‘yni qoldirdik, oshna.
— Nima uchun?
— O‘tgan kuni Quvasoyda janjal chiqqan.
— O‘zbeklar bilanmi?
— Ha. Pivoxonada boshlanibdi.
— Fedya o‘sha yerda ekanmi?
— U ko‘rinmay qoluvdi. Ammo...
— Oxiri nima bo‘ldi?
— Bir yigitni otib qo‘yishibdi.
— Yigit kim, o‘zbekmi, otgan — turkmi?
— Otganni o‘zimiz ushlab topshirdik. Tez sud qilib hukm chiqaringlar, deb talab qilib turibmiz. O‘zbeklar orasida g‘alati gap-so‘zlar tarqalyapti.
— Qanaqa?
Ahadbey jimgina o‘tirgan Elchinga bir qarab olib, past ovozda dedi:
— Turklarning vahshiyligi haqida.
— Demak, boshlanibdi...— dedi Zelixon, xuddi o‘ziga o‘zi gapirganday. — To‘yni to‘xtatib to‘g‘ri qilibsan. Elchin, sen uyingga qaytaver.
— Siz bilan birga qolsam-chi?
— Xohishing... Qani, Ahadbey, o‘rningdan tur, ketdik.
— Qayoqqa?
— Selimnikiga.
    Selim ularni xushchaqchaqlik bilan kutmadi. Uning qarashida xavotir ham sezilmadi. Aksincha, kutilmagan mehmonlarga hushi yo‘qligini yashirmadi. Uyga kirishlari bilan Zelixon shart orqasiga o‘girilib, uni yoqasidan oldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 19:17:33

— Otgan bola kim? — dedi g‘azab bilan.
— Tanimayman.
Selim so‘zini tugatmay, qornidan musht yedi.
— Cho‘pchagingni enangga aytasan, — dedi Zelixon ikkinchi mushtni tushirib. — Kim deyapman, sening odamingmi?
— Yo‘q, bu janjalga biz aralashmadik. U bola hech kimning odami emas.
— Qaerda o‘tiribdi, Farg‘onadami?
— Yo‘q, shu yerda.
— Hozir olib borasan, uchrashtirasan.
— Milisaga gapim o‘tmaydi.
    Qorniga tushgan uchinchi musht zarbi kuchliroq bo‘ldimi, harholda Selim milisaga so‘zi o‘tishi mumkinligini eslab qoldi.
    Milisaxonadagilar Selimning iltimosini rad etolmay, «qotilning amakisi bo‘lmish» Zelixonga besh daqiqalik uchrashuvga ruxsat berishdi. To‘s-to‘polonda uyidan miltiq chiqarib o‘q uzgan yigitni ko‘rgan odam uni birov bilan urushadigan holi bor, deb o‘ylamas edi. Muk tushib yotgan yigit Zelixonni tergovchi deb o‘ylab, erinibgina qaddini ko‘tardi. Yigitning yuz-ko‘zida ko‘kargan yoki tirnalgan joy yo‘q edi. Ko‘zlarida ham azob uchqunlari sezilmasdi. «Nahot, urib-tergashmagan bo‘lsa...». Zelixon tik bostirib borib, dahani ostiga mushtini tiradi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  20 Oktyabr 2007, 19:18:25

— Mening umrim qamoqda o‘tgan, — dedi u dabdurustdan.— Shu sababli sen bilan pachakilashib o‘tirmayman. To‘g‘risini aytmasang, ichagingni boshingga salla qilib o‘rab ketaman. Miltiqni senga kim berdi?
— O‘zim oldim. Uyda turgan edi.
— Nimaga otding?
— Quvlab kelishdi.
— Tergovchiga shunday dedingmi?
— Ha.
— Men tergovchi emasman. Menga to‘g‘risini aytishing kerak, tushundingmi?
— To‘g‘risini...
    Yigit qorniga musht tushib, bukchayib qoldi. Zelixon kekirdagidan chimchilab, uni qaddini rostlashga majbur etdi.
— Nasha chekasanmi?
— Yo‘q.
— Nashani kimdan olding o‘sha kuni?
— Chekmayman, dedim-ku?
Zelixon uning qorniga yana bir musht urdi. Bukchaygan qaddini bu safar rostlamadi.
— Kim berdi, Selimmi?
    Yigit og‘riq zo‘ridan ingradi, ammo javob bermadi. Zelixon uni qulog‘idan cho‘zib, boshini ko‘tardi. Yigit qo‘rqib ko‘zini olib qochdi. Zelixon ikki barmog‘ini ombur qilib uning kekirdagini qim-   chidi.
— Selim berdimi?
— Ha...— yigit shunday deb o‘qchib yubordi.
Zelixon boplab bir tepsammi, deb xezlandi-yu, «buni urgandan nima foyda», deb o‘zini tiydi.

Qayd etilgan