— Uning joyi qaerda ekan?
— Birinchi qatorda. Qoqqan qoziqdek o‘tiradi.
— Siz xijolat chekmang, Tolibjon. Agar xo‘p desangiz, bir ish qilamiz. Bu nusxa kontsertda chiqmasin, dedi-a? Men tanaffusda ikkita ashula aytib beraman. Siz tanaffus e’lon qiling-u, darrov pardani yopmang. Chiqqanimdan keyin yopasiz. Xiralik qilsa, men bilmadim, deb turavering.
Tolibjon picha o‘ylangach, tavakkal, deganday qo‘l siltadi.
— «Paxta raqsi»dan so‘ng tayyor turing.
Tanaffus e’lon qilinib, besh-o‘n odam o‘rnidan qo‘zg‘olishga ulgurmay, sahnaga Elchin chiqib keldi. Uni taniganlar birdaniga qiyqirib, hushtak chalib yuborishdi. Shu zahoti shoshqich ravishda parda yopilib, Elchin sahna chekkasida tamoshabinlar bilan yuzma-yuz qoldi. O‘rinlaridan turganlar «tanaffus e’lon qilinishi hazil ekan-da», degan xayolda qayta o‘tirdilar. Birinchi qatordagi obkom vakili esa shart turib, sahna ortiga olib boruvchi zina tomon yurdi.
Muxlislar hayajoni tingach, Elchin yengil ta’zim qilib, so‘z boshladi:
— Meni unutmaganingiz uchun qulluq, azizlarim. Urushdan oldin Yusufjon qiziqqa «siz ramkadan chiqib ketyapsiz», deb tanbeh berishgan ekan. Shundan so‘ng usta keyingi tomosha paytida bo‘yinlariga bir rasmning ramkasini solib chiqibdilar. «Menga shunday deyishgan edi, endi ramkadan chiqmay gapiraman», debdilar. — O‘tirganlar kulib, qarsak chalishgach, Elchin o‘zini yengil sezdi. — Men bu tomoshaga mehmonman. Shu sababli tanaffus paytida ramkadan chiqmay ikkitagina ashula qilib beraman. Bu ashulalar Vatandan uzoqda, ozodlikni qo‘msab yurgan paytlarda tug‘ilgan. Men haqimda siz turli gap-so‘z eshitgansiz. Gapning to‘g‘risi shuki, gunohim uchun jazolashgan. Haqli jazoni o‘tab, huzuringizga qaytdim.