Qizi o‘qishga bormayotganini aytganida Manzura «o‘zing bilasan», deb qo‘ygan edi. Bugun kelib indamay o‘tiraverishini ko‘rgach, «o‘qishingga borganing durust ekan, qizim, dugonalaringni ko‘rib ko‘ngling yoziladi», dedi. Zaynab bu gapni eshitmaganday javob qaytarmadi. Ayvonning o‘ymakor ustuniga suyanib, hovliga o‘ychan tikilib turaverdi.
Zaynab shu hovlida Kumush bo‘lib yashagan edi, xayolidagi Otabegi uni shu hovlida quchgan, yonog‘idan bo‘sa olgan edi... Endi nazarida bu hovlidan nur qochgan, g‘unchalari to‘lib erta-indin ko‘z ochaman, deb turgan atirgullar ham xunuk, marmar favvora ham o‘lik... Quyosh bor-u, fayz yo‘q, xonadon qorong‘u. Xonalarda hayot kezib yuribdi, ammo baxt yo‘q...
Faqat boloxona... Baxt o‘sha yerda berkinganmi?.. Uning ko‘ngil qo‘ygani o‘sha yerda. Orzulari dafn etilgan bu xonadonga faqatgina uni ko‘rgani keladi. Ko‘rish nasib etsa, ko‘ngli battar ezilib, uyiga qaytadi. Homiladorligini bilganidan beri eri uni boshida ko‘tarib yurguday bo‘ladi. Elchin uni suyib-quchgani sayin u Jamshidni ko‘proq o‘ylaydi. Yolg‘iz qolganida to‘lishib borayotgan qorniga qarab, hali tug‘ilmagan boladan nafratlanadi. Nazarida uni baxtsiz qilgan, umidlarini chil-chil sindirgan — shu bola. Xayriyatki, nafrat qo‘zigan paytda onalik mehri ham uyg‘onib, uni yomon xayollardan qaytaradi.
Manzura qizidan ko‘z uzmay, xo‘rsindi.
— Yotib qola qol, qizim, — dedi o‘ksik ovozda.
Zaynab onasining dili pora-pora bo‘lib ketayotganini sezmadi. Hovli uzra bemaqsad kezib yurgan nigohini yig‘ib, unga qaradi.
— Buguncha qola qol, — deb takrorladi Manzura.
— Yo‘q, ketaman, — u shunday deb hovliga tushdi. Chiqib ketgunicha boloxonaga ikki-uch qarab qo‘yganini Manzura sezdi.