Ketma-ket ovqat kiritilaverib suhbatning beliga tepdi. Hozirgina mazmunli ma’ruzaga mahliyo bo‘lib o‘tirganlar bir necha nafas ichida qorin bandalariga aylandilar...
Asadbek uyiga xuftonga yaqin kirib keldi.
— Ertalabki samolyotda ketamiz, — dedi u hovliga kirib kelgach. — Chiqib so‘ra-chi, Jamshidni topishibdimi?
Chuvrindi boloxonaga chiqib, dam o‘tmay qaytib tushdi.
— Kelgan ekan, Zaynab chaqiribdi.
— Nimaga chaqiribdi?
— Sababini bilishmaydi.
— Ketmay tur, — Asadbek shunday deb uy tomon tez-tez yurdi. Ro‘parasidan chiqqan Manzuraning salomiga alik olmay, savolga tutdi. — Qizing qani?
— Uyida, — dedi Manzura, xavotirlanib. — Nimaga so‘rayapsiz? Hali kelib ketuvdi.
— Kuyoving yo‘qligini bilarmiding?
— Yo‘q... aytmadi-ku?
— He, noshud. — Asadbek shunday deyishga dediyu ketidan o‘zicha «men aytmagan bo‘lsam, qaerdan bilsin», deb uni oqlab ham qo‘ydi.
Jamshid Zaynabnikiga ketdi, deganda dastlab ko‘ngliga xavotir oralagan edi. Hozir kuyovi yo‘qligini eslaganida birdaniga shubha uyg‘ondi. Xotiniga boshqa gap aytmay, uyiga kirib, telefon go‘shagini ko‘tardi-da, raqam terdi. Narigi tomondan anchagacha javob bo‘lmadi. Go‘shakda eshitilayotgan uzun du-dudlash uni dam xavotir, dam shubha chohi sari tortardi. Nihoyat, javob bo‘ldi. Qizi yig‘lamsirab, ozgina zarda bilan «Ha» dedi. Asadbek gapirmay turaverdi.
— Ha, gapiring! — dedi Zaynab zarda bilan. Keyin go‘shak qo‘yildi.