Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370542 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 51 B


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:25:27

    Elchin taqvo degan narsani, qasamning qadri degan narsani bilmas edi. Bolalar bir-birlarini ishontirish maqsadida kunda yuz marta «xudo ursin» deyishadi. Elchin hozir xuddi bola kabi o‘ylamay-netmay «xudo ursin» deb yubordi. Asadbek osonlik bilan ichilgan bu qasamga ishonmasa-da, bir oz taskin topganday bo‘ldi.
— Sen tezroq uylan. To‘yingga o‘zim bosh bo‘laman.
    Asadbek shunday deb jim bo‘ldi. Elchin gap tugaganini anglagan bo‘lsa-da, bir oz turdi. So‘ng «ketaveraymi?» deb so‘radi. Asadbek sovuqqina qilib «ha», deb qo‘ydi. Elchin uning g‘azabga to‘lgan nigohini qorong‘ida ko‘rmadi.
    Elchin Asadbek «uylan» deganida, «qizini menga beradi endi» deb o‘ylagandi. Elchinning nazarida Asadbek uchun eng to‘g‘ri yo‘l shu edi. Bu yo‘l Elchinni maqsad sari tezroq olib borardi. Ammo u yanglishdi. Qo‘shiqchi eplab raqsga tusholmagani, raqqosa esa eplab ashula aytolmagani kabi u jinoyatning hadisini olmagan edi. U xayolan ish pishitishga usta edi. Asadbeklar xayolda emas, amalda bajarardilar. Asadbek qizini qamoqdan chiqqan otarchiga berganidan ko‘ra o‘ldirib yuborishi mumkinligini Elchin hisobga olmagan edi.
    Elchin Anvarga «Asadbekning qizini olyapman» deb yanglish gap aytdi. Xayolidagi ishini haqiqatga aylantirib yubordi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:27:19

II b o b   

1

    Qayta qurish sharofati bilan depara qidiruv bo‘limining inspektori, leytenant Zohid Sharipovning yelkasiga oftob tegdi. «Halolligi, o‘z ishiga vijdonan munosabatda bo‘lganligi» tufayli uni shahar prokuraturasiga ishga olishdi. Jumlaboshini qo‘shtirnoq orasiga olganimga, kinoya qilyapti, demang. Bu jumla depara ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining tavsiyanomasidan ko‘chirmadir. Zohid chindan ham halol, vijdonli yigit. Uning aynan shu fazilati boshliqqa yoqmas edi. Boshliq «qayta qurish, oshkoralik degan balo qayoqdan chiqdi!» deb norozi bo‘lib yurganida, aynan shu qayta qurish joniga ora kirdi: yoshlarni ko‘tarish masalasi kun tartibiga qo‘yilganda shartta Zohidning nomzodini ko‘rsatdi.
    Mahmadona leytenantning har majlisda bir igna sanchib olishi, haqiqat talab etishi boshliqning esini teskari qilib yuborgan, majlis desa ko‘ngli ag‘dariladigan, ko‘z oldiga Zohid keladigan bo‘lib qolgan edi. Zohid ketgach, atrofidagi ikki-uch haqiqatparvarlarning o‘z-o‘zidan tinchishiga ishonardi. Boshliq Zohidni «mening ko‘richagim», deb piching qilardi. Osongina tashrih tufayli bu ozorli darddan qutulganiga shukr qildi. Lekin Zohid ko‘richak emas, buyrakdagi tosh ekan. O‘qtin-o‘qtin qo‘zg‘ab, bezovta qilib turishi mumkin ekan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:28:40

    Zohid prokuraturada vazifasini o‘tashga kirishgan kuniyoq uning qo‘liga shu deparaga oid ish berildi. Kecha tantana bilan kuzatilgan leytenant bugun yana boshliq huzurida paydo bo‘ldi. Ilgari boshliq unga baqirib, hatto chiqarib yuborishi mumkin edi. Endi esa jilmayib ko‘rishishga majbur. Boshliq Zohidni butunlay yo‘q bo‘lib ketadi, deb hisoblamagan. Biroq bunchalar tez kelar, deb o‘ylamovdi.
    Usti choynak izlaridan dog‘ bo‘lib ketgan bitta stol, oshiq-ma’shug‘i arang ilinib turgan kitob javoni turgan tor xona Zohidga meros bo‘lib qoldi. Stol tortmasidan «VT» sigaretasining bo‘sh qutisi, besh-olti dona cho‘pi qolgan gugurt bor edi. Zohid ularni olib simto‘rxaltaga tashladi-da, stol ustini changdan tozalash uchun uch-to‘rt bora qattiq pufladi. Shu puflash oqibatida qo‘qqis uyg‘onib ketgandek telefon jiringladi.
— Sharipov, — dedi u, telefon go‘shagini qulog‘iga tutib.
— Lola ko‘chasidagi o‘n yettinchi uydan qoradori topilgan. Qidiruv guruhi jo‘nadi. Bu ish sizga topshiriladi.
    Buyruq qisqa va qat’iy edi. Zohid shoshilmay o‘rnidan turdi-da, go‘shakni joyiga qo‘yib, tashqariga yo‘l oldi. U Lola ko‘chasini bilardi. O‘zi xizmat qilgan militsiya bo‘limiga yaqin, mahalla guzaridan chapga burilishdan shu ko‘cha boshlanardi. Bu mahalla tinch, yilda bir-ikki mushtlashish bo‘lib turishi hisobga olinmasa jinoyatdan ancha yiroq edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:31:19

    Mahallaning osoyishtaligi militsiya bo‘limi yaqin joylashgani uchun emas. Milisaxona ko‘chib kelmasidan oldin ham mahalla tinch edi. Bu yerdagilarning aytishicha, biz tilga olgan «bir-ikki mushtlashuv» ham milisaxona ko‘chib kelganidan so‘ng boshlangan. Bu qanchalik to‘g‘ri yo noto‘g‘ri — Yaratganga ma’lum. Mahallaning osoyishtaligiga sabab, bu yerdagi odatlarga na «turg‘unlik» deb nom olgan yillar ta’sir o‘tkaza olgan, na qayta qurish degan gaplar. Mahalla azaldan qariyalar hukmiga bo‘ysunib kelgan. Umri adosiga yetgan qariyalar eng yaxshi odatlarni o‘zlari bilan olib ketmay, ortlarida qolayotganlarga meros qoldirishgan. Kimga yolg‘on, kimga chin, shaharda bo‘kib ichib, oyoqda turolmaydigan darajaga yetgan odam ham mahalla hududiga qadam bosishi bilan sergak tortib qolarkan. Salomni kanda qilmay guzardan o‘tib, uyiga yetib olarkan.
    Zohid mahallaning odamlarini yaxshi bilgani uchun ham boshi qotdi: qoradori bilan kim shug‘ullanishi mumkin?
    Biron joyda jinoyat sodir bo‘lsa qidiruvchilarning ko‘z oldiga dastlab yaqin orada qamoqdan qaytganlar keladi. Bir uyni o‘g‘ri urib ketgan bo‘lsa, avval o‘g‘irlik usuli bilan qiziqishadi. Yozuvchining o‘ziga xos uslubi bo‘lganidek, jinoyatchilarning ham o‘z uslublari mavjud. Ali o‘g‘rining ishi hech mahal Vali o‘g‘rining ishiga o‘xshamaydi. Ba’zan jinoyatchilarning o‘zlari militsiyaga yordam berishadi: uslub kimniki ekanini aytishadi. Qora dorining topilishi ham shunday «xolis xizmat» oqibati bo‘lishi mumkin.
    Lola ko‘chasidagi o‘n yettinchi uy oldida ikkita yengil va bir tez yordam mashinasi turardi. Hangomatalablar ham to‘planishib qolishgan edi. Uy tashqi tomondan qaraganda xarobgina ko‘rinadi. Yondagi imoratlar ko‘krak kerib turgani uchunmi, chiroyli peshtoqsiz bu uy oddiy bostirmaga o‘xshardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:32:15

    Zohid ichkari kirdi. Uzunasiga ellik qadamcha keladigan hovli ishkomdan iborat edi. Tashqarisidan g‘aribgina ko‘ringan uy ichkarisi ham shu ahvolda ekan. O‘rtada dahliz, dahliz to‘rida obrez. Chap tomonda kichikroq uy kimyogarlikka oid turli-tuman idishlarga to‘la. O‘ng tomonda kattaroq xona — yotoq ham, yemakxona ham shunda mujassam.
    Jinoyat qidiruv bo‘limining xodimlari — Zohid-ning kechagi hamkasblari shu yerda. O‘rtada dumaloq stol. Stol ustida oq kukunli shaffof xaltachalar — tanish manzara. Deraza yonidagi kursida yosh juvon boshini ushlab o‘tiribdi. Yig‘layverib shishib ketgan. Xona to‘rida — divan. Divanda bir yigit behush yotibdi. Qidiruvchilar boshlig‘i — Hamdam Tolipov axborot berdi.
— Uy egasi Sharif Namozov — anavi yotgan yigit, vino zavodida bosh muhandis ekan. Bir xalta portfelidan chiqdi. Qolganlari narigi xonada. Tajribaxonasi emish.
— O‘zi mastmi?
— G‘irt mast. Bilagida igna izi bor. Hozir qon olishdi, natijasini aytib qolishadi. Anavi ayol xotini ekan. Hech nimani bilmayman, deydi.
— Iziga qanday tushdinglar?
— Ikkita giyohvand yigitni tutuvdik. Qaerdan oldilaring, desak, shu yerni aytishdi.
— Osongina aytishdimi yo qiynadinglarmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:33:16

    Hamdam «meni bilasan-ku», deganday kulimsirab qo‘ydi. Zohid bo‘sh stulni olib, ayolning ro‘parasiga o‘tirdi-da, o‘zini tanishtirdi.
— Ismingiz nima?
— Nasiba, — juvon shunday deb unga najot ko‘zi bilan tikildi.
— Eringiz nima ish qiladilar?
— Vino zavodida ishlaydilar. Ikki oygina bo‘ldi, ko‘tarishuvdi. Portugaliyaliklar bu kishining ishlarini sotib olishgandan keyin odamlarning o‘zlari saylab qo‘yishdi. Ko‘nmasalar ham zo‘rlashdi. Boshliq bo‘lishga sirayam toqatlari yo‘q edi.
— Portugaliyaliklar qanaqa ishni sotib olishdi?
— Musallas qilishning yangi usulini topganlar. Besh yildan beri sarson edilar. O‘zimiznikilar hech o‘tkazishmadi. Ular qayoqdandir eshitib qolishib, atay kelib tekshirib ko‘rishdi.
— Eringiz ko‘p icharmidilar?
— Yo‘-o‘q, bunaqa ichmasdilar. Sinash uchun bir ho‘plam-bir ho‘plam ichardilar, xolos. Bunaqa ahvolda hech ko‘rmaganman. O‘zim ham qo‘rqib ketdim.
— Soat nechada kelgan edilar?
— O‘n ikkilarda. Bunaqa kech yurmasdilar. To‘yga borsalar ham vaqtli qaytardilar.
— O‘zlari yurib keldilarmi?
— Bilmadim, — Nasiba o‘ylandi. — Mashinada keldilar shekilli. Ha, avval mashina to‘xtadi. Keyin qo‘ng‘iroq chalindi. Chiqsam, devorga suyanib o‘tiribdilar. Uyga zo‘rg‘a olib kirdim.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:35:12

— Bular qaerdan keldi? — dedi Zohid stol ustidagi xaltachalarni ko‘rsatib.
— Bilmadim... Bular kelishdi. Uyni tintishdi. Men anqayib turaverdim.
Zohid o‘rnidan turib, dahlizda chekayotgan Hamdamga yaqinlashdi.
— Tintuvga ruxsatnomangiz bor edimi? — dedi.
Hamdam kulib qo‘ydi.
— Ruxsatnoma olguncha bular kutib o‘tirishmaydi. Tintib, topib qo‘yibmiz-ku?
    Zohid uning ish uslubini bilardi: Hamdam hamisha shoshilib ishlardi. Ba’zan qonun-qoidalarga rioya ham qilmas edi. Javobdan bo‘yin tovlayotgan jinoyatchining qorniga bexos musht tushirib qolishni yaxshi ko‘rardi. Musht yegan odam bukchayib, ixranayotganida u xotirjam sigaret tutatardi. Zohidga uning bunday usulllari yoqmas edi. Lekin halolligi, jinoyatchiga beshafqat bo‘lgani uchun uni hurmat qilardi.
— Giyohvandlarning surati bormi?
Hamdam ko‘krak cho‘ntagidan beshta surat chiqarib, ikkitasini ajratdi:
— Mana bular. Ko‘rsatdim, tanimadi.
— Bu yerga qachon kelishgan ekan?
— Uch kun oldin.
Zohid suratni olib, iziga qaytdi.
— Mana bularga diqqat bilan qarang. Shoshilmang. Birontasi uyingizga kelganmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:36:48

Ayol sinchiklab qarab, bosh chayqadi.
— Yaxshilab eslang. Balki birontasi uch kun oldin kelib eringizga uchrashgandir?
— Kelsa bilardim. Adasiga uchrashishlari mumkin emas. Uch kun oldin u kishi Yerevanda edilar.
— Qachon keldilar?
— Kecha ertalab kelib, choy-poy ichib keyin ishga ketdilar.
— Bu yerga notanish odamlar kelib turisharmidi, masalan, bir narsa so‘rabmi?
— Yo‘q, odam kam bo‘ladi uyimizda. U kishi doim ish bilan bandlar. Bekordan-bekorga gaplashib o‘tirishni yoqtirmaydilar.
— Musallas so‘rab kelishmaydimi?
— Qo‘ni-qo‘shnilar chiqib turishadi.
    Dahlizga oq xalatli ayol kirib, Hamdamga nimadir dedi. Hamdam ichkari kirib Zohidning qulog‘iga shivirladi:
— Qonidan qoradori topilgan.
Zohid o‘rnidan turib dahliz tomon boshladi.
— Giyohvand yigitlaringiz qaerda?
— O‘zimizda.
— Yuring, ular bilan gaplashishim kerak.— Zohid shunday deb tashqariga yo‘naldi.
    Giyohvand yigitlardan birining pastki labi osilgan, ko‘zlari chaqchaygan, ikkinchisining qarashlari sovuq, o‘ng yuzida uzun tirtiq bor edi.
— Bilagingni ko‘rsat, — dedi Zohid tirtiqqa.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:38:15

    U «shu ham ishmi?» deganday erinibgina kurtkasini yechib, ko‘ylagining yengini shimardi. Labi osilgan yigitning bilagida ham igna izlari bor edi. Ularning giyohvandligiga Zohidda shubha qolmadi.
— Kukunni qaerdan olardilaring? — deb so‘radi Zohid.
— Bratanga etganmiza, qayoqdan oganuvzani,— dedi labi osilgan yigit.
— Menga ham ayt.
— Lola ko‘chasida... o‘n... yettinchi uyda turadigan Sharif aka degan kishi.
— Ikkoving birga borganmisan?
— Bir xil paytda man borardim, bir xil paytda u borardi, bir xil paytda ikkalavuza borardik.
Zohid hali Hamdamdan olgan suratlarni cho‘ntagidan chiqarib, uchtasini ajratib oldi-da, stol ustiga yoyib, labi osilganini chaqirdi.
— Qara, Sharif akang qaysi biri?
Yigit o‘rdakka o‘xshab lapanglab kelib suratlarga uzoq tikildi-da, bittasini ko‘rsatdi.
— Joyingga o‘tir, — Zohid shunday deb suratlarning joyini almashtirdi-da, tirtiqni chaqirdi. U boshqa suratni ko‘rsatdi.
— Oxirgi marta qachon boruvdilaring? — deb so‘radi Zohid.
— Uch kun bo‘ldi.
— Balki to‘rt kundir?
— Vey bratan, man o‘zim borganman. Soqqa yo‘g‘idi, qarzga bergan. Nishtyak odam u. O‘zini laboratoriyasi bor. Ayn moment tayyorlab beradi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:39:29

— Laboratoriyasiga kirganmisan?
— Kirganman-de. Shundoq chap tomonda.
— Ayvondan o‘tgandami?
— Ha-de, bilib turib so‘ruvrasizmi?
Zohid «bu yog‘iga nima deysiz?» deb Hamdamga qaradi.
— Ayvonning oldi rommi?
Labi osilgan yigit o‘ylanib qoldi.
— Rom bo‘lsa kerak, — dedi ikkilangan holda.
— Yolg‘on gapirma! — dedi Hamdam baqirib.
— Bratan, aldavotganim yo‘q.
Hamdam unga yaqinlashib, yoqasini changallab o‘rnidan turg‘izdi.
— Yolg‘on gapirma, xunasa, uyida bo‘lmagansan. Ayvoni yo‘q uning.
Labi tirtiq birdan tutqanog‘i tutgan odamdek baqirib yubordi:
— Qo‘yvoring! Men kechasi borganman. Ayvoniga qarabmanmi, o‘zi zo‘rg‘a turuvdim.
— Borganmisan?!
— Ha, borganman!
— Uch kun oldinmi?
— Ha, uch kun oldin.
— Juda yaxshi! — Hamdam uni qo‘yib yubordi. — Menga shu kerak edi. Yozib qo‘ying, o‘rtoq prokuror. Borganini tan oldi. Endi bilib qo‘ylaring: uch kun oldin u uyida o‘ldirilgan!

Qayd etilgan