Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370400 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 51 B


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 22:09:58

    Zohid bundan behad xursand edi. Go‘yo oliy bilimgohni bitirib kelganday quvongandi. Biroq, muallimi tushmagur ishni buzdi.
— Zohid endi Maskovga bormaydi, o‘rtoq professor. Bilimgohingizda O‘zbekiston uchun nechta o‘rin ajratilgan? — deb so‘radi. — Bittami? Bu yil kim kirdi? Sizga yolg‘on, menga chin — ministrning o‘g‘li kirdi. Karra jadvalni biladimi yo yo‘qmi, menga qorong‘i. Lekin u imtihonlarni «besh»ga topshirdi. Siz tuzgan masalani ham zo‘r qilib yechib bergandir. O‘zbekistonda ministr deganlari ko‘p, ularning bolalari ko‘p. Har yili bittadan sigir sotishga bizning qurbimiz yetmaydi. Kambag‘alning bolasi qadimda ham o‘qiyolmagan, hozir ham o‘qiyolmaydi. Katta olimlar, katta odamlar tarjimai holida kambag‘aldan chiqqanman, yetimxonada o‘sganman, deb yozishadi. Bari yolg‘on! Hammasi boyning bolalari. Hammasi otasining oltinlari tufayli o‘qib odam bo‘lgan!
    Muallimning bu gaplari Zohidning otasiga ma’qul kelib, «o‘g‘lim Maskovda o‘qisin» degan umididan voz kechdi.
   Ketmonini tinchgina chopib yurganida, kelgusi yoz boshlarida Habib Sattorovich degan odam yana kelib, eski gapni qo‘zg‘adi. Uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng tomonlar sulhga kelishdilar — Zohid Maskovda emas, Toshkentda o‘qishga rozi bo‘ldi. «Mayli, oliy ma’lumotni Toshkentda olsin, biroq, aspiranturani albatta Moskvada o‘qiydi», dedi Habib Sattorovich. O‘qishning ikkinchi yiliyoq, Zohid olimlar nazariga tushdi. Uning imkoniyatlari, kelajagi haqida umidli gaplar boshlangandi. Biroq, akasining o‘limi, tergovchilar, hakamlarning nomardligi barcha imkoniyatu umidni parchalab tashladi. Zohidning yelkasiga bir shayton minib olib «bu o‘qishni tashlaysan, huquq ilmini olasan, bu ablahlarga qarshi kurashasan, adolatni tiklaysan, bechoralarga suyanchiq bo‘lasan», deb ming‘irlayverdi. Zohid bu gaplarga ko‘ndi. To‘ng‘ich o‘g‘li dardida qaddi bukilgan otaga ham shu fikr ma’qul keldi.
   Mana, oradan yillar o‘tib, riyoziyotchilar umid bilan qaragan yigit shahar turmasining so‘roqxonasida yolg‘iz o‘tirib, raqamlarga raqamlar ulayapti: qo‘shuv, bo‘luv, oluv, so‘ng ildiz ostidagi raqamlar... Bularni yechish unga cho‘t emas. Ammo adolat formulasiga tishi o‘tmayapti. Ne-ne allomayu donishmandlar yecha olmagan masalaga uning qurbi yetarmikin?


Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 17:09:31

III  b o b

1

    Shahar markazidagi e’tiborli idoraning yerto‘lasida videobar ochishdi. Yerto‘laga imoratning biqinidan tushiladi. U ochilmasidan ilgari yerto‘lada idoraning eski-tuskilari saqlanardi. Ikki yil muqaddam idora yerto‘lani ta’mirlash uchun katta miqdorda mablag‘ ajratdi. Ayrim mahkamalar eshiklarini bo‘yatish uchun pul topolmay sarson yurganida bu idoraga ikki yuz ming so‘m ajratilishi hukumatning xotamtoyligimi yoinki  idoraning erkaligimi, bilib bo‘lmadi. Qayta qurish degan narsa bilan bog‘liq voqealar shunchalar shiddatli edi-ki, «xalq arang tirikchilik qilayotganida yerto‘lani ta’mirlashga balo bormi» deydigan odam topilmadi. Zimdan qaraganda xalq g‘amini chekib yuruvchi bu idora xodimlari ham go‘yo oyoqlari ostida nimalar sodir bo‘layotganidan bexabar edilar. Yerto‘la ta’mir etilib, Asadbek ixtiyoriga o‘tgach ham «xalq fidoyilari»da ajablanish uyg‘otmadi. Ular olamshumul ishlar bilan — xalqqa ozodlik berish o‘yi bilan band edilar. Oyoqlari ostida nimalar bo‘layotgani esa ularni qiziqtirmasdi.
    Asadbekning qarorgohi uchun joy lozim ekan, tuzukroq imoratga qahat kelibdimi?    Ayniqsa idoralar soni qisqarayotgan damda biron imoratni ijaraga olishdan osonroq ish yo‘q. Shahar ijroqo‘mining rahbarlaridan biri bu yumush bilan shaxsan shug‘ullanib, Asadbekning yangi idorasi uchun ko‘p joylarni tavsiya etdi. Asadbek barcha qulayliklarga ega imoratlardan voz kechib, shu yerto‘lani tanladi. Yerto‘laga imorat ichidan yo‘l bor edi. Asadbek ixtiyori bilan imorat biqini kavlanib, zinapoya qilindi, qalin poydevor teshilib, eshik ochildi. Yerto‘laga ikki tomondan kirib-chiqish imkoni tug‘ildi — shunisi bexavotirroqda. Davlat ajratgan ikki yuz ming so‘m bilan bir ishning uddasidan chiqish mushkul. Asadbekning besh yuz ming so‘mi xarob yerto‘lani o‘n ikki xonalik shinam saroychaga aylantirdi. Uning bir xonasi videobar, qolganlari ish yuritishga, hordiq chiqarishga mo‘ljallangan edi. Maishatxona, hatto hammom ham nazardan chetda qolmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 17:12:40

    Yuqorida xalqparvarlar majlisdan bo‘shamay tomoq yirtishadi. Pastda esa Asadbek o‘z ishini yuritadi. Hammaning nazari yuqorida. Past bilan birovning ishi yo‘q. Videobarda choy, qahva, sharbatdan bo‘lak ichimlik yo‘q. Ochilganidan beri biron marta ham xorij filmini ko‘rsatmadi. Bisotida uch-to‘rt multfilm, eski hind filmlari, Sheralining, G‘ulomning kontsertlari... Bu yerga kunda beshta odam kirsa kiradi, bo‘lmasa yo‘q. Bular — kunduzning manzarasi.
    Tunda videobar o‘zgacha manzara kasb etadi. Soat o‘n birlarga yaqin imorat oldida ikkita militsioner paydo bo‘ladi. So‘ng oppoq «Volga»lar bir daqiqaga to‘xtab o‘tishadi. Undan tushgan sipo odamlar atrofga alanglab olib, yerto‘laga sho‘ng‘ishadi. Majlislardan xorigan xalqparvarlarning yetakchilari ko‘cha tomondan emas, ichkaridagi zinadan tushib boradilar. Tun hukmi zaptiga olganida oq «Volga»lar yana birin-sirin paydo bo‘ladiyu egalarini olib jo‘naydi. Shundan keyin militsionerlar ham g‘oyib bo‘lishadi. Tongga yaqin usti berk yuk mashinasi idora orqasidagi darvozadan hovliga kiradi. Bo‘sh shishalarni ortib jo‘naydi. Uning izidan «RAF» kelib to‘xtaydi. Biri biridan shirin qizlar mashinaga ildam chiqib o‘tirishadi. Soatga qaragan kishi yuk mashinasining uch, «RAF»ning bir daqiqada ish bitirib jo‘naganiga guvoh bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 17:13:45

    Idorada qorovullik qiluvchi yosh, chapdast yigitlar barcha ishni vaqtida, aniq bajarilishini ta’minlaydilar. Qayta qurish sharofati bilan barcha idoralardagi keksa xodimlar o‘rnini iqtidorli yoshlar egallaganidek, pensiya puli tirikchiligiga yetmay, shu qorovullik maoshiga ko‘z tikuvchi qariyalar tantana bilan kuzatilib, ular o‘rniga tog‘ni bexosdan urib  talqon qilib yubormasliklari uchun kamtarinroq ishni istagan yigitlarni olishdi. Bu yigitlar idoraga kiruvchi har bir kimsaga salom berguchi, bag‘oyat odobli ham edilar.
    Asadbek har uch yilda qarorgohini o‘zgartirardi. Dastlab guruhboshi bo‘lib ish boshlaganida Eski Jo‘vadagi pastqam uyni ijaraga olgan edi. Vassajuft, qorasuvoq uyda tuni bilan aroq ichib, chekib chiqilardi. Lekin ertasiga bu uyga kirgan odamning dimog‘iga qo‘lansa hid urilmasdi. Shuning uchun ham Asadbek o‘sha dastlabki qarorgohini ko‘proq yoqtirardi. Oradan yillar o‘tib, qarorgohlarini ko‘p o‘zgartirdi. Mana bu yangisi xon saroyidek bezaldi. Lekin ko‘ngil qurg‘ur baribir o‘sha qorasuvoq uyni qo‘msab qoladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 17:15:21

2

    Yangi yil kutish bahonasida tunni bedor o‘tkazgan shahar tongni ko‘zda uyqu bilan kutib oldi. Kimdir tuni bilan televizor ko‘rib, kimdir ulfatlari bilan to‘yib ichib, kimdir jononlar bilan to‘yib maishat qilib, endi hordiq chiqarar edi. Bunday bayramlar Asadbekning odamlari uchun harom, u bayram kunlari yayrashni, maishat qilishni qat’iyan ta’qiqlaydi. Uning nazarida aynan shunday kunda qopqonga tushib qolish mumkin. Odamlari bunga ko‘nikib ketgan. Asadbek vaziyat va imkoniyatga qarab e’lon qilgan bayram kunlari yayrab olishadi.
    Yangi yilning birinchi kuni shahar uyqudan turmay, videobar eshiklarini ochdi. Boshqa kunlardan farqli o‘laroq, bu tun videobar ishlamadi. Oq «Volga»lar ham to‘xtab o‘tmadi.
Videobar og‘asi, chaqchaygan ko‘zlaridan biron-bir ma’no uqish mushkul bo‘lgan, qalin mo‘ylovi turtib chiqqan tumshug‘iga husn berish o‘rniga battar xunuklashtirgan barzangi yigit xorijning qizil duxoba qoplangan yumshoq kursisiga yastanib olgan edi. U go‘yo teleekrandagi multfilmni tomosha qilar, xayoli esa yon kursida o‘tirgan, bashang kiyingan, ko‘zlarida sarosima suzayotgan odamda — vino zavodi boshqoni Qilich Sulaymonovda edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 17:16:46

    Boshqon sahar chog‘i videobar eshigi ochilishi bilan paydo bo‘ldi. Videobar og‘asi ham, peshtaxtani artayotgan xushbichim qiz ham unga «nima uchun keldingiz?» demadi. O‘n sakkizni qoralagan xushbichim qiz vazifasini aniq biladi: choy, qahva qaynatish, kelgan-ketganlarga e’tibor bermaslik, videobar egasi imo qilgan odamga qarab shirin jilmayib qo‘yish. Videobar og‘asi ham vazifasini aniq biladi: salom-alikni joyiga qo‘yish, kelgan odamlarning, tanishmi yo notanishmi baribir, harakatini sinchiklab kuzatish, ortiqcha gaplashmaslik, savol bermaslik. Ana shu vazifasiga amal qilgani uchun ham, Qilichni yaxshi tanisa-da, salom-alikdan nariga o‘tmadi. So‘fi tahorat qilishga ulgurmay bu odam yetib kelibdimi, demak, sababi bor. Demak, a’yonlar, so‘ng xo‘jayin ham keladilar. U ichkarini tayyorlab qo‘ygan. Bundan ko‘ngli to‘q. Videobar yangi yil kechasida tashqaridan zulfinlanganday ko‘rinsa-da, ichkarida harakat to‘xtamagan edi. To‘rtta telefon qo‘yilgan xonadagi ikki qiz, peshtaxta ortidagi xushbichim qiz go‘yo xuru g‘ilmon singari videobar egasiga bir kechalik jannatni berishgan, bazm qurishgan edi. Tongga yaqin bazm eng shirin yerida barham topgan, xonalar sarishta qilib qo‘yilgan edi. Bazm isi xo‘jayin dimog‘iga yetib borsa, qay kunlarga tushishlarini bilishsa-da, bu tun shayton yo‘rig‘idan chiqisholmagandi. Ularga birov kelib «bu gunohingiz yaratganga ma’qulmas, endi jazolaydi», desa «tavba qilamiz, xudo kechiradi», deyishlari mumkin. Ammo «Asadbek bu ishingizdan xabar topdi» desa, yuraklari yorilib o‘lishlari hech gap emas. Chunki Asadbekning kechirmasligini barchalari bilishadi. Bila turib o‘zlarini tiyisholmadi. Nima qilishsin, tirik jon...

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 17:17:38

    Qilich ikkinchi piyoladagi choyni ichib ulgurmay eshik ochilib, jussasi kichik, eti ustixoniga yopishgan, qaldirg‘och mo‘ylabi o‘ziga yarashgan odam ko‘rindi. Bu odamni yaxshilab tanib oling: Haydar Asrorov, laqabi Kesak polvon. Asadbekning o‘ng qo‘l a’yoni. Ozg‘in, chayir bo‘lgani uchun Kesak polvon, deb atashgandir, desangiz yanglishasiz. Har bir jamoaning ichki tartibi, rasm-rusumi bo‘lganidek, bu olamning ham o‘ziga yarasha qonun-qoidasi bor. Shulardan biri — bu olamga qadam qo‘ygan har bir tirik jonga laqab beriladi. Laqab osmondan olinmaydi, balki xatti-harakati, fe’liga qarab topiladi. Jussasiga qarab tanlanganida Haydar Kesak emas, Toshpolvon yoki Temir polvon bo‘lishi kerak. Uning panjalarini Xudo suyakdan emas, temirdan yaratgan. Garchi sigir yilida tug‘ilgan bo‘lsa-da, Asadbek hazillashib buning muchali mushuk, deydi. Bunga sabab, yoshlik chog‘larida, hali «karate», «ushu» degan gaplar yo‘q paytida Kesak polvon mushtlashguday bo‘lsa mushukday sapchib, uch-to‘rt davangirga bas kela olardi. Kesak polvon anchadan beri o‘zi mushtlashmaydi. Yonida birgina imosiga mahtal bo‘lib turgan o‘zi singari chayir yigitlari bor.
    Kesakpolvon xonaga kirib, Qilich bilan so‘rashib olgunicha bir-ikki daqiqa vaqt o‘tadi. Salom-alik chog‘ida e’tiborga molik gap-so‘z bo‘lmagani uchun, vaqtdan foydalanib Haydarga Kesak polvon laqabi berilishining tarixini bayon qilay:

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 17:18:31

    Bu voqea ellik sakkizinchi yilda bo‘lib o‘tgan edi. Haydar Asadbek bilan yangi tanishgan kunlar. Ertalab ko‘proq temir yo‘l bekati atrofida «ov» qilar edi. Poezdda kelgan odamlarni zimdan kuzatib, puli bor, deb gumon qilinganlarining izidan tushardi. Bir kuni Haydar Namangandan kelgan ikki odamni mo‘ljalga oldi. Yaktagi ustidan qo‘shbelbog‘ bog‘lagan o‘rta yashar kishi uning e’tiborini tortdi. Ikkala odamning qo‘lida arzirli yuk yo‘q, belbog‘ esa do‘mpayib turibdi. Demak, bular bozorga meva-cheva olib keluvchi dehqonlardan emas. Pulni belboqqa bog‘lab to‘y-po‘y tashvishi bilan shaharga tushishgan. Haydar bunaqa odamlarning fe’lini biladi. Pulni yo mahsi qo‘njiga yo belboqqa yashirishadi. Ko‘pchilik belbog‘ni ma’qul ko‘radi: pul belga darmon, deyishsa kerak-da. Haydarning «mijoz»lari, aksiga olganday, tramvayga chiqishmadi. U yoqqa tentirab, bu yoqqa galdirab, uch vagonli tramvaylar bemalol bo‘lib qoldi. Endi ishni tramvayda eplashtirishning hech iloji yo‘q edi. Haydar ularning iziga tushib, Oloy bozoriga qadar bordi. Lozim bo‘lganida himoya qilish maqsadida Asadbek unga soyadek ergashdi. Cho‘ntak, belbog‘ kesishga Haydardan o‘tadigani yo‘q edi. Xullas, belbog‘ kesildi. Kesishga kesdiyu og‘irligidan hayron bo‘ldi. Panaroqqa o‘tib qarasaki, belbog‘da sariq chaqa ham yo‘q — besh-oltita kesak hafsala bilan terib qo‘yilgan. Haydar «bu qishloqi ko‘zni shamg‘alat qilmoqchi ekan», deb o‘yladi. Aslida shaharni bir tomosha qilib kelay, deb yo‘lga otlangan bu dehqon «tahoratga kesak topiladimi yo‘qmi» deb har ehtimolga qarshi belbog‘iga tugib olgan edi. O‘shanda alamdan bo‘zarib turgan Haydarga qarab turib Asadbek rosa kuldi. Laqab ham o‘shanda tug‘ildi. Ikki oshna bu voqeani tez-tez eslab, miriqib kulishadi.
    Kesakpolvon Qilich bilan omonlasha turib, peshtaxta ortidagi xushbichim qizga qarab oldi. Qiz unga shirin jilmaydi. Videobar egasi bu qarashning ma’nosini darrov ilg‘adi.
— Okaxon, gap yo‘q, shkalad yeganday bo‘lasiz, — dedi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib.
Haydar ichkari kirib ketgach, xuddi kelishib olinganday Ehsonov paydo bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 17:19:38

    «Chuvrindi» degan laqab barvasta, yuzlari hamisha qip-qizil, ovozi temir jarangiday bu odamga uncha mos kelmaydi. Yoshligida olgan bu laqabiga ko‘nikib ketgan. Asadbek bilan Haydar Andijondan kelgan o‘n uch yoshli chuvrindi bu bolani oltmishinchi yilda qanotlariga olib yanglishmagan edilar. Kamgap, sermulohaza, urishganda esa otasini ham tanimaydigan beayov edi bu Chuvrindi.
    Haydar biron-bir masala xususida fikr yuritilganda tez, ammo sayozroq xulosa chiqarardi. Mahmud esa aksincha edi. Asadbek shuning uchun ham ko‘proq Mahmudga suyanardi.
A’yonlar ichkariga kirib ketishgach, oradan yarim soat o‘tib, telefon jiringladi. Qiz go‘shakni qulog‘iga tutib, videobar og‘asiga ko‘z tikdi.
— Xo‘jayin kelmas ekanlar. Begavotga ketibdilar, — dedi aybdor odamning ovozi bilan.
    Bu gapni eshitgan Qilich «ketaversammikin?» deganday videobar og‘asiga qaradi. Yigit qizning xabariga ham, Qilichning savol-nazariga ham e’tibor bermadi. Chunki bu xabarning siri xushbichim qizga va Qilichga noma’lum, videobar og‘asiga esa oyday ravshan edi. «Xo‘jayin kelolmaydilar» deb qo‘ng‘iroq qilindimi, demak, Asadbek yarim soatlardan keyin paydo bo‘ladi. Hozir ichkari xonaga o‘rnatilgan to‘rttala telefon ham jiringlab shunday xabar eshitilgan. Asadbek, ko‘ngli notinch mahallarda ana shunday nayrang ishlatib turardi. Birontasi izimga tushsa, poylab turgan bo‘lsa chalg‘iydi, deb shu usulni qo‘llaydi. Bu nayrang faqat eng ishonchli odamlargagina ma’lum. Asadbekning belgilangan joyga, belgilangan soatda kelmasligi, yo yarim soat avval, yo keyin paydo bo‘lishi ham unga ayon.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Oktyabr 2007, 17:21:16

    Videobar og‘asi beparvo bo‘lgani uchun Qilich ham noiloj multfilmga tikilib o‘tiraverdi. Yarim soatda yuragi siqilib, joni halqumiga keldi. Oxiri chiday olmadi:
— Men ketaveraymi? — deb so‘radi.
— Okaxon, o‘tiribmiza-de chaqchaqlashi-ib... Choydan oling. Bugun oddix bo‘lsa, shoshib qayoqqayam borasiz. Hozir Sherni qo‘yib beraman. Bir mazza qiling, — u shunday deb xushbichim qizga qaradi. Teleekran pirpirab o‘chdi. Dam o‘tmay pirpirab yorishib, torini qo‘ltiqlab olib qo‘shiq aytayotgan Sherali ko‘rindi. Sherali uchinchi ashulani aytayotganda Asadbek keldi. Salomga alik oldiyu hol-ahvol so‘rashmasdan, indamay o‘tib ketdi. Videobar egasi Qilichga «Okaxon, ahvolingiz chatoq, xo‘jayinning fe’li aynigan», deganday qarab qo‘ydi. Qilich befahm odamlardan emas,   Asadbekning rangi-ro‘yiga qarab, ahvoli yomonligini o‘zi ham bildi.
    Asadbek keng xonaga kirib a’yonlari bilan salomlashgach, o‘rtada turib atrofga sinchiklab qaradi. U ichmas ham, chekmas ham edi. Shundanmi, dimog‘i har qanday isni ilg‘ab, ajrata olardi. Haydar ham, Mahmud ham yarim soatdan mo‘lroq vaqt shu xonada o‘tirib hech nimani sezishmagan edi. Asadbek xonani ko‘zdan kechirgach:
— Bo‘tqa! — deb baqirdi.
Bo‘tqa — videobar egasi Kenjaning laqabi. U Asadbek kirib ketgach, joyiga borib o‘tirmay, eshik og‘zida turgan edi. Xo‘jayinning qahrli ovozini eshitgach, shoshilib kirdi.
— Labbay, okaxon, — dedi qo‘l qovushtirib.

Qayd etilgan