— Senga ijozat, — dedi Asadbek, yumshoq ohangga o‘tib. — Aytilgan ishni qil. Sharifning o‘rnini sovutma.
Qilich «xato eshitmadimmi?» degan ajablanish bilan Asadbekka boqdi. Asadbek yumshoqroq ohangda gapirgan bo‘lsa-da, qarashi o‘sha-o‘sha o‘tkir, sovuq edi. «Sharifning o‘rnini sovutma, deb nimani nazarda tutdi? Vazifasiga tiklab qo‘y, dedimi yo qamoqdagi o‘rnini sovutma, demoqchimi?» Qilich singan tishlarini ro‘molchasiga tupurib, shu muammoni oydinlashtirish maqsadida so‘radi:
— Joyida ishlayversinmi?
— Qaerda ishlashini bizga qo‘yib ber. Sen uning o‘rnini sovutma.
«Demak, qamoqdagi o‘rnini... Bir jihatdan shu durust. Bulardan bir-ikki yil nari yashaysan...» Qilich jonini qaytarib bergan hotamtoy akalariga ta’zim qildi. Ta’zimga javob bo‘lmagach, chiqib ketishi lozimligini uqdi. Tislanib yurib eshikka yaqinlashdi.
— Bir umr qulingiz bo‘lmasam, kalomullo ursin, ko‘zim ochildi, aka!
Bu gapdan ular quvonib ham ketishmadi, ajablanishmadi ham.
Qilich quvonib ketganidan yoki mehri tovlanganidan ichmadi bu qasamni. Uning nazarida qirqqa kirib, lahadga tushib chirib yotgandan ko‘ra qolgan yigirma yilmi, o‘ttiz yilmi, umrini yorug‘ olamda, qullikda o‘tkazgani ma’qul edi. Yer yuzidagi odamlar turfa xil umid bilan umr o‘tkazadilar. Birovlar Vatan uchun jonni tikadilar, ba’zilar din pokligi, yana ayrimlar fan rivoji uchun... Qilichlar alohida toifaga mansub — ular shirin jonlari uchun Vatanni ham, dinni ham... tikib yuboradilar. Shunday ekan, joni foydaga qolgan damda bitta qasam ichib yuborsa, osmon uzilib yerga tushibdimi?